Pedagogik kvalimetriya ta’lim sifatini nazorat qilish va samarali boshqarish maqsadida qo‘llaniladi. Bunda turli darajadagi testlar, muammoli vaziyatlarni hal qilish (keyslarni yechish) asosida shaxsning kreativlik sifatlari va ijodiy faoliyatni tashkil eta olish ko‘nikmalariga egaligi, ularning darajasi o‘rganiladi hamda baholanadi.
Bolalar ijodini o‘rganish metodi - bolalarning muayyan yo‘nalishlardagi layoqati, qobiliyati, ma’lum fan sohalari bo‘yicha BKM darajasini aniqlash maqsadida qo‘llaniladi. Uni qo‘llashda bolalarning ijodiy ishlari – ikki varaqli kundalik, insho, yozma ish, kichik esse, referat, kurs ishi, bitiruv malakaviy ishlari, pedagogik amaliyot hisobotlari muhim vosita bo‘lib xizmat qiladi. Metod ma’lum bolaga xos bo‘lgan individual imkoniyatni ko‘ra olish, baholash va uni rivojlantirish uchun zamin yaratadi.
Bolalar ijodini o‘rganishda:
fan olimpiadalari;
tanlovlar;
maktab ko‘rgazmalari;
festivallar;
musobaqalar va h.z.larning natijalarini tahlil qilish, samaradorligini baholash orqali shaxsning muayyan ma’naviy-axloqiy sifatlar va amaliy faoliyat ko‘nikmalariga egaliklari baholanadi.
Ekspert baholash metodi zamonaviy sharoitda deyarli barcha sohalaro olib boriladigan tajribalar jarayonida qo‘llaniladigan va keng ommalashgan ilmiy- taqiqot metodlardan biri sanaladi. Ko‘p holatlarda shaxsda kreativlik sifatlari va ijodiy faoliyat ko‘nikmalarining shakllanganlik darajasini aniqlash psixolog, pedagog va bevosita kreativlikka dahldor sohalarning vakillari – malakali mutaxassislar ishtirokida amalga oshiriladi. Ammo ta’lim jarayonida hamkorlik ta’limi tamoyillariga muvofiq bolalarning o‘rtasida ham ularning o‘quv topshiriqlarini bajarishga nisbatan kreativ yondashuvlarining samaradorligini baholash maqsadida ekspert guruhi shakllantirilishi ham mumkin. Bu guruh bolalar tomonidan tayyorlangan ijodiy mahsulotlar va ularning sifatini baholaydi.
Shunday qilib, zamonaviy sharoitda ta’lim va tarbiya jarayonlarining sifatli, samarali tashkil etilishi ijtimoiy zaruriyat sifatida kun tartibiga qo‘yilmoqda. Mazkur zaruriyatning qondirilishi pedagoglarning yuqori darajada kasbiy kompetentlik, mahorat va malakalarga ega bo‘lishlarini taqozo etadi. Pedagoglarning ta’lim jarayoniga kreativ yondashuvlari bolalarda bilim olishga bo‘lgan qiziqishni yuzaga keltiradi, ularning o‘quv-bilish faoliyatlarini faollashtirishga yordam beradi.
“Tarbiyachi kreativligi va kompetentligi ” fanining asoslari talaba (o‘quvchi) bolalar va pedagoglarda kreativlik sifatlari va ijodiy faoliyat ko‘rsatish malakalarini samarali shakllantirishga xizmat qiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |