Nazorat savollari:
Mesopotamiya sivilizatsiyasining shakllanishida geografik omilning o’rniga baho bering.
Shumer sivilizatsiyasi ikkidaryo oralig’i sivilizatsiyasining taraqqiyotida qanday rol o’ynadi?
Mesopotamiya sivilizatsiyasining yutuqlarini sanab bering.
4-mavzu. Qadimgi Misr sivilizatsiyasi
Asosiy savollar:
1. Qadimgi Misr sivilizatsiyasining asoslari.
2. Misr sivilizatsiyasining taraqqiyot bosqichlari.
3. Misr sivilizatsiyasining yutuqlari va uning jahon sivilizatsiyaisda tutgan o’rni.
1-savolning bayoni:
Sivilizatsiya tug’ilgan qadimgi markazlardan biri Afrikaning shimoli-sharqiy qismida shimoldan janubga tomon oquvchi sersuv Nil daryosi vodiysi bo’lgan. Nil vodiysi aholisi o’z yerlarini Ta kemet (Qora yer) deb atashgan. Qadimgi yunonlar Memfisning nomlaridan biri bo’lgan, qiyin talaffuz etiladigan Xet-ka-Ptaxni Aygyuptos (Egipet) deb o’zgartirishgan. Qadimgi yunon tarixchisi Gerodot ta’rifiga ko’ra: “Misr – Nil tuhfasi”. Misr sivilizatsiyasining o’ziga xos xususiyatlari ko’p jihatdan uning taqdirida ushbu daryoning o’ynagan alohida roli bilan bog’liq.
Nil daryosining o’ziga xos suv rejimi, uning vaqti-vaqti bilan o’zanlaridan toshi turishi katta xo’jalik ahamiyatiga ega bo’lgan. Nil vodiysida yillab yomg’ir yog’magan, quyosh nuri yerni va o’simliklarni qovjiratib yuborgan, iyun oyiga kelib daryo kengligi sezilarli kichraygan. Ammo iyul oyi boshida daryo toshib, butun vodiyni suv bilan qoplagan. Avgust-sentyabr oylarida suv toshqini o’zining avj nuqtasiga yetgan, suvning sathi 14 metrgacha ko’tarilgan. Noyabr oyida daryo o’z o’zaniga qaytganda, yerda serhosil loyqa qolgan. Nil daryosining minglab yillar davomidagi faoliyati natijasi bo’lgan mana shu yer Misr sivilizatsiyasining boyligi va gullab-yashnashiga asosidir.
Eng qadimgi sivilizatsiyalardan biri qulay tabiiy – geografik joylashuvga, boy tabiiy resurslarga ega bo’lgan, savdo, siyosiy va madaniy aloqalar chorrahasida joylashgan yerda vujudga kelgan. O’rta yer dengizi Misrni Old Osiyo qirg’oqlari, Kipr, Egey dengizi orollari va Bolqon yarim oroli bilan bog’lab turgan. Nil daryosi Yuqori va Quyi Misrni hamda butun mamlakatni antik mualliflar Efiopiya deb atagan Nubiya bilan bog’lab turuvchi kemalar qatnovini ta’minlovchi arteriya bo’lgan.
Misr sivilizatsiyasini yaratgan qadimgi misrliklar Shimoli-sharqiy Afrikaning turli qabilalarining aralashuvi jarayonida shakllangan. Misrliklar bir tilning turli lahjalarida so’zlashganlar, bu esa Misrning birlashish va yagona davlatning shakllanish sur’atlariga ijobiy ta’sir ko’rsatgan.
Sivilizatsiyaning moddiy asosini yaratish uchun zarur bo’lgan barcha narsalar Misrning o’zida yoki unga yondosh yerlarda mavjud bo’lgan. Metallar, xususan mis Arabiston sahrolari va Sinay yarim orolidan, oltin Efiopiyadan, kumush va temir asosan Kichik Osiyodan keltirilgan. Qizil dengiz bo’ylaridan rux va qo’rg’oshin, Nilni g’arbdan sharqqa tomon o’rab turuvchi tog’lardan chaqmoqtosh, Qohira atrofidagi Tur tosh konlaridan ohaktosh, Asuan yaqinidan marmarning qimmatbaho navlari qazib olingan. Mamlakatning o’simlik va hayvonot dunyosi ham boy bo’lib, misrliklarning xo’jalik hayotida muhim o’rin tutgan.
Ilk odamlar Nilning qayirlarida neolit davrlarida paydo bo’lishgan. Bu yerga ularni tashqi sharoit boshlab kelgan: iqlim quruqlashib, sahro bostirib kela boshlagan. Dastlab Nil vodiysi chekkalariga joylashgan odamlar dehqonchilik, chorvachilik, ov, baliqchilik va termachilik bilan shug’ullanishgan. Ilk dehqon jamoalari m.a. VI-V ming yillikda Quyi Misrdagi Fayum vodiysida mavjud bo’lgan. Fayum manzilgohida g’alla ekinlari ekilgan, yirik va mayda qoramol boqilgan va baliq tutilgan.
Vohaning qulay tabiiy sharoiti tufayli manzilgohlar rivojlanib, ularning aholisi turmushi farovonlashib borgan. Ilk dehqonchilik madaniyati shakllangan. Bunga misol tariqasida Badariy madaniyatini ko’rsatish mumkin. Yuqori Misrdagi Badariy madaniyati (mil. av. IV ming yillik) ga mansub aholi o’troq tarzda, urug’ jamosi bo’lib yashab, chorvachilik va dehqonchilik bilan shug’ullanganlar. Yerga motiga bilan ishlov berilib, kichik kanallar qazilgan. Ov va baliqchilik ham shug’ullanishgan. Badariylar hunarmandchilik sohasida katta yutuqlarni qo’lga kiritganlar.
Mis va misdan yasalgan mehnat qurollarining paydo bo’lishi bilan Nil vodiysini o’zlashtirish boshlangan. M.a. IV ming yillikning birinchi yarmida misrliklar havza sug’orish tizimini yaratishgan. M.a. IV ming yillikning II yarmida sun’iy sug’orishga asoslangan dehqonchilikdan hunarmandchilik ajralib chiqqan. Urug’chilik munosabatlari emirilib, ilk ijtimoiy tabaqalanish yuz bergan, ilk ibtidoiy qulchilik paydo bo’lgan.
Mashaqqatli kechgan Nilni bo’ysundirish jarayonida misrliklar hayotida jiddiy o’zgarishlar sodir bo’ldi. Mehnat sharoitlari o’zgardi, uni tashkil etish bilan asosan qabila boshliqlari va kohinlar shug’ullanishgan. Bu esa mulkiy tengsizlikni boshlab berdi. Har bir sug’orish xo’jaligi insonlarni yagona hududiy birlikka, o’ziga xos qo’shnichilik jamoasiga – nomlarga birlashtirdi. Davlat tashkil etilishidan oldingi davrda Misrda 40 ga yaqin shu kabi nomlar mavjud edi. Ularning birlashtirilishi oqibatida o’zaro raqobatchi ikki podsholik – Yuqori va Quyi Misr vujudga keldi.
Ular o’rtasidagi uzoq davom etgan kurash Quyi va Yuqori Misrning homiylari bo’lgan xudolar Gor va Set o’rtasida borgan kurash to’g’risidagi diniy afsonada o’z aksini topgan. Misr sivilizatsiyasi tarixi davomida mavjud bo’lgan ikki mamlakat fir’avni unvoni va davlat ma’muriyatining ikkiga bo’linishi ham Yuqori va Quyi Misrning alohida podsholik sifatida uzoq muddat mavjud bo’lganligini ko’rsatadi. Misrning bu ikki qismining birlashishi bilan ularning ramzi bo’lgan qizil va oq ranglardan iborat toj Misr sivilizatsiyasining yakuniga qadar podsholik ramziga aylandi.
Har ikkala podsholik butun mamlakatda hukmronlik uchun kurash olib borar ekan, o’z navbatida iqtisodiy jihatdan bir-birini to’ldirgan. Yuqori Misr dehqonchilikning markazi bo’lgan bo’lsa, Quyi Misr – chorvachilik, uzumchilik va bog’dorchilik markazi edi.
Do'stlaringiz bilan baham: |