2-savolning bayoni:
Mesopotamiya – jahon sivilizatsiyasi va qadimgi shahar madaniyatining ilk o’choqlaridan biri. Bu madaniyatning ilk asoschilaridan biri shumerlar bo’lib, ularning yutuqlarini bobilliklar va Ossuriyaliklar o’zlashtirib, davom ettirdilar. Mesopotamiya madaniyatining manbalari m.a IV ming yillikda shaharlar paydo bo’lishi bilan boshlandi.
M.a. IV-III ming yilliklarda shumer yozuvi paydo bo’ldi. Taxminlarga ko’ra bu yozuv shumerlar Mesopotamiyaga kelganga qadar noma’lum xalq tomonidan kashf qilingan. Shumerlar bu yozuvni sivilizatsiya xizmatiga qo’ydilar. Dastlab shumer yozuvi piktografik shaklda alohida buyumlar, tasvirlar tarzida ifodalangan. Dastlab 1500 ga yaqin belgidan iborat piktografiya juda sodda bo’lib, haqiqiy yozuv emas edi, u so’zlarni ifodalamas edi. Shunday yozuvdan m.a. III ming yillikdan boshlab akkadlar ham foydalanishgan. Sekin-asta bu yozuv mixxatga aylandi. Dastlabki shumer mixxatlari tarixiy hodisalar yoki hukmdorlar hayotini emas, oddiy xo’jalik hisob-kitoblarini qayd etgan.
Shumerliklar foydalangan mixxat dastlab 800 atrofidagi belgilardan iborat bo’lib, ular so’z yoki bo’g’inni tasvirlagan. Ularni eslab qolish qiyin edi, biroq shumerlar mixxati ko’plab qo’shni xalqlar tomonidan qabul qilingan. Yangi Bobil davriga kelib mixxat belgilar 300 dan salgina ortiq bo’lgan.
Akkad tili janubiy Mesopotamiyada m.a III ming yillikning ikkinchi yarmida paydo bo’ldi. Shumer va akkad tillari bir-biridan ko’pgina so’zlarni o’zlashtirib oldi. M.a. III ming yillikning oxirida qadimgi Shumer–akkad lug’atlari tuzilgan. Akkad tili Old Osiyo xalqaro diplomatiya tiliga aylandi. M.a. VII asrdan boshlab oromiy tili va yozuvi kirib kelgan paytda mixxat yozuvlari muomaladan chiqa bordi.
Mesopotamiyatsivilizatsiyasima’lumotlikishilarnitayyorlashbo’yichailktajribalarniamalgaoshirdi. Yirik ibodatxonalar, hukmdorlar saroylari, maktablar, shuningdek xususiy shaxslar qo’lida sopol taxtachalardan iborat kitoblar to’plangan. M.a. II ming yillikdan boshlab Ur, Nippur shaharlarida adabiy va ilmiy matnlardan iborat ilk kutubxonalar paydo bo’ladi. Qadimgi Sharqning eng mashhur kutubxonasi Oshshurbanipalning (m.a. 669-635 yillar hukmronlik qilgan) Nineviya shahrida to’plangan 30.000 taxtachadan iborat kutubxonasi bo’lgan.
Qadimgi Shumer va keyingi Bobil maktablarida asosan davlat va ibodatxonalar uchun kotiblar tayyorlangan. Maktablar ta’lim va madaniyat o’chog’i bo’lgan. Maktabda asosan shumer tili va adabiyoti o’qitilgan. Yuqori sinf o’quvchilari kelajakda tor mutaxassislashuvga qarab grammatika astronomiya va matematikadan bilim olganlar. O’zini fanga bag’ishlamoqchi bo’lgan o’quvchi bo’lsa huquq, astronomiya, tibbiyot va matematikani o’rgangan.
Qadimgi Mesopotamiya arxivlar makoni bo’lgan. Eng qadimgi arxivlar m.a. III ming yillikning birinchi choragiga tegishli. Bu davrda arxiv ma’lumotlari yozilgan taxtachalar namlikdan saqlash uchun mumlangan savatlarda saqlangan. M.a. XIX asrga oid Ur shahri arxivi, m.a. XVIII asrga oid arxiv Mari podshosi saroyidan, Uruk shahridan m.a. VIII-VI asrlarga oid 2500 xo’jalik hujjatlari arxivi topilgan.
Shumer adabiyotiga oid epik asarlar, afsonalar, madhiya, doston, ertak va maqollar to’plami bizgacha yetib kelgan. Shumer shahrini qo’shni qabilalar hujumlari natijasida halokati to’g’risida ma’lumot beradigan asarlar alohida o’rin tutadi. “Ur shahri aholisining falokati motam yig’isi” (m.a. XX asr oxiri) asarida ayollar, qariyalar va bolalarning ochlikdan qiynalishi, yong’indan qolgan uylarda halok bo’lganlarni tafsilotlari batafsil tavsiflagan.
Shumer adabiyotining eng mashhur-namunasi afsonaviy qahramon Gilgamesh to’g’risidagi epik afsonalar to’plamidir. Bu asar akkad tilida qayta ishlangan nusxada to’laroq ko’rinishda Oshshurbanipal kutubxonasida topilgan. Bobilda falsafiy, diniy g’oyalar aks etgan asarlar yaratilgan.
Shumerliklar va so’ngra akkadlar dunyoqarashida dehqonchilik uchun muhim ahamiyat kasb etgan tabiat kuchlarini - osmon, нer, suvni ilohiylashtirish muhim rol o’ynagan. M.a. IV-III ming yilliklar chegarasida Shumerda batafsil ishlab chiqilgan, keyinchalik Bobilda o’zlashtirilib, rivojlantirilgan teologik tizim yuzaga keladi. Оsmon xudosi Anu, yer xudosi Enlil, suv xudosi Enki yoki Ea kabi ilohlar tabiat kuchlarini aks ettirganlar. Oliy xudo va Olamning yaratuvchisi Marduk sanalgan. Har bir shahar o’z xudo - homiysiga ega bo’lgan. Dehqonchilik, hosildorlik va farzand tug’ilishining homiysi bo’lgan ona ilohaga katta ehtirom bilan munosabatda bo’lingan. Shumer panteonidagi ayol ilohalar orasida markaziy o’rinni Uruk ilohasi Inanna egallagan. Mesopotamiya aholisining diniy tuyg’ulari pessimistik kayfiyat bilan sug’orilgan. Shumer va akkadlar u dunyoga ishonganlar. Ularning tasavvurida u dunyo soyalar podsholigi, qaysiki, o’liklar ochlik va chanqoqlikdan qiynaladilar.
Mesopotamiya rasmiy va xalq e’tiqodlarida sehrgarlik amaliyoti keng tarqalgan. Folbin-munajjimlar, bashoratchilar, tush ta’birchilarining roli katta bo’lgan.
Qadimgi Bobil sivilizatsiya tarixidailk bor huquqiy tizimni yaratdi. XX asrda Suzada fransuz arxeologilari tomonidan topilgan va bugungi kunda Luvrda saqlanayotgan Xammurapi qonunlari ikki metrli bazalt ustunga o’yib yozilgan. Ushbu qonunlar insoniyat tarixida ilk bor xususiy mulk himoyasiga qaratildi. Begona mulkiga ko’z olaytirish, patriarxal oila negizlariga daxl qilingandagi kabi qattiqqo’llik bilan jazolangan. Jazoni belgilashda ko’pincha aybdorning ijtimoiy holati hisobga olingan. Qullar ayniqsa shafqatsizlik bilan jazolangan. Xammurapi qonunlari qadimgi Sharq tsivilizatsiyalari qonunchiligi taraqqiyotiga katta ta’sir ko’rsatdi.
Qadimgi Mesopotamiyada dunyoni ilmiy bilishda ma’lum yutuqlarga erishildi. Bobilda ayniqsa, matematika fanlari amaliy maqsadlar uchun yuzaga kelib, yuqori darajada rivojlanadi. Qadimdayoq bobilliklar zikkuratlarning yuqori qavatlaridan turib osmon jismlarini muntazam kuzatganlar. Ana shu ko’p asrlik kuzatishlari natijasida matematik astronomiya vujudga keldi. Bobilda ko’p sonli astronomik jadvallar vujudga kelgan. Shu davrda Bobilda mashhur astronomlar Naburian va Kiden yashaganlar. Naburian oy fazalarini aniqlash tizimini ishlab chiqdi. Kiden quyosh yilini 365 kun, 5 soat 41 minut va 41,6 sekund hisobladi. U yil hisobi davomiyligida bor yo’g’i 7 minut, 17 sekundga xato qilgan. Astronomiya astrologiya bilan bog’langan edi.
Bizgacha juda ko’p Bobil tibbiyot matnlari yetib kelgan. M.a. III ming yillikdayoq mesopotamiyaliklar Hindistonga boradigan yo’lni, m.a. I ming yillikda Efiopiya va Ispaniyaga boradigan yo’lni bilganlar. Bizgacha yetib kelgan xaritalar bobilliklarning o’z geografik bilimlarini tizimga solishga harakat qilganliklarini ko’rsatadi.
Qadimgi Mesopotamiyaning san’atini shakllanishi va keyingi taraqqiyotiga shumerlarning badiiy an’analari hal qiluvchi rol o’ynaydi. Tosh o’ymakorlik m.a. III ming yillik boshlarida shakllandi. Toshga naqshlar o’yish (gliptika) m.a. I asrigacha yuksak darajada rivojlandi. M.a. XXIV-XXIII asrlarda Mesopotamiya yagona davlat bo’lib, birlashgan paytda podsholarning ideallashtirilgan portret-tasvirlari paydo bo’ladi.
M.a. II ming yillik boshlaridan qurbonlik keltirish, saroy hayoti manzaralari tasvirlangan freska san’ati rivojlanadi. Mesopotamiya san’ati m.a. VIII-VII asrlarda Ossuriya davlatining gullab-yashnagan davrida o’zining yuqori cho’qqisiga chiqadi. Bu asosan relyef san’atida o’z aksini topgan. Bu davrda ulug’vor saroy va ibodatxonalar barpo qilina boshlandi.
M.a. I ming yillikda Mesopotamiyada yirik savdo-hunarmandchilik madaniyat markazlari bo’lgan katta shaharlar paydo bo’ladi. Mesopotamiyaning ilmiy bilimlari, san’ati, me’morchiligi, dini, yozuvi va adabiyoti, qadimda ko’pgina Sharq xalqlari madaniyati ravnaqining o’lchov mezoni bo’lib xizmat qildi.
Do'stlaringiz bilan baham: |