2. Qurilishda boshqarishning maqsadi, vazifalari va xususiyatlari
Yuqorida aytib o‘tilganidek, qurilish – bu dinamik tizimdir. Bu tizimning faoliyat ko‘rsatishi va rivojlanishi ham ichki imkoniyatlar va resurslarga, ham tashqi muhitga bog‘liq. Amaliyotda tashqi muhit avvalambor qurilish tashkilotlarining buyurtmachilar mablag‘lariga bog‘liqligi tizim sifatida boshqarish samaradorligiga ta’sir qiladi. Bu esa o‘z navbatida, qurilishdagi boshqarishning maqsadi va funksiyalariga jiddiy ta’sir ko‘rsatadi, ko‘p hollarda boshqarishning oldindan berilgan parametrlariga ma’lum o‘zgarishlar kiritishni talab qiladi. Lekin bu bilan qurilishni boshqarishni maqsadi va funksiyalari o‘zgarmaydi. Tabiiyki, maqsad va vazifalarsiz boshqarish bo‘lmaydi. Boshqarish doim fan xususiyatlariga ega bo‘ladi.
Bundan kelib chiqib, boshqarish maqsadi deganda, nafaqat qurilish balki, bugun jamiyat amaliyotida, erishilishi zarur bo‘lgan qandaydir ideal, oldindan berilgan natijani tushunish kerak. Qurilishda – bu ob’ektni ekspluatatsiyaga berish, uni buyurtmachi (investor)ga topshirish va ko‘zlangan foydani olish. Bu maqsad esa biz hohlaganimizdek oson, tez va muammolarsiz hal bo‘lmaydi.
Gap shundaki, bu maqsaddan tashqari ishchilarga ish haqi, qurilish materiallari va qurilmalar harajatlarini, soliqlarni to‘lash, qurilishning yuqori sifatini ta’minlash va boshqa shu kabi masalalar ham hal qilinadi. SHuning uchun qurilishda boshqarish ko‘p maqsadli xususiyatga ega bo‘ladi.
Har bir maqsadga ma’lum talablar qo‘yiladi, ularga quyidagilarni kiritish mumkin:
Maqsadning ilmiy va amaliy asoslanganligi;
Maqsadning aniqlanganligi, ifodalanganligi va yo‘naltirilganligi;
Amalga oshirish imkoniyatlari va sharoitlarini hisobga olinishi, ya’ni qo‘yilgan maqsadni amalga oshirilganlik darajasi.
Amaliyotda qo‘yilgan maqsad uni bajarish usullari sifatida namoyon bo‘ladigan masalalar bilan aniqlashtiriladi. SHuning uchun boshqaruv echimlarini aniqlashda maqsad va masalalar yonma-yon keladi, bir birini to‘ldiradi. O‘z mohiyatiga ko‘ra esa masala (masalalar) – bu echilishi kerak bo‘lgan, shuningdek bu echim uchun zarur bo‘lgan sharoitlar to‘plamidir.
Qurilishda boshqarishning asosiy masalalari quyidagilardan iborat:
Ilmiy-texnika taraqqiyotini tezlashtirish va ishlab chiqarishga mahalliy va xorijiy qurilish amaliyotining zamonaviy yutuqlarini tadbiq qilish;
Mashina texnikasi va zamonaviy texnologiyalarni keng qo‘llash va shu asosda qurilishda qo‘l mehnati hissasini qisqartirish;
qurilayotgan binolarning industrial darajasini, sifatini oshirish va qurilish muddatlarini qisqartirish;
resurslar tejamkorligini ta’minlash va har qanday yo‘qotish xamda noishlab chiqarish harajatlarini kamaytirish;
kapital qurilishning texnik-iqtisodiy ko‘rsatkichlarini yaxshilash.
Boshqarishning maqsad va masalalaridan uning vazifalarini farqlash kerak. Boshqarish vazifalari - boshqarish mexnizmining taqsimlanishi jarayonidagi faoliyati turlaridan iboratdir. Boshqacha qilib aytganda, boshqarish, tizim sifatida, faqat boshqarish vazifalari bajarilgan holdagina muvaffaqiyatli amal qiladi.
Ilmiy tasniflashga muvofiq qurilishdagi boshqarish vazifalariga quyidagilar kiradi:
1.Rejalashtirish qurilish ishlab chiqarishini rivojlantirishning maqsadi va masalalari tizimini aniqlab olish;
2.Prognozlashtirish - qurilishni amal faoliyati va rivojlanishining ehtimoliy maqsadlarini aniqlash;
3.Tartiblash - qurilish sanoati korxonalari va tashkilotlari faoliyatidagi chetlanishlarni yo‘qotish jarayoni;
4.Tashkillashtirish – boshqaruvchi va boshqariluvchi tizim elementlarini asoslash va tanlab olish, shuningdek ular orasida mutanosiblikni o‘rnatish;
5.Nazorat – faoliyatning joriy ko‘rsatkichlari va o‘rganilgan masala va dasturlarning mos kelish darajasini aniqlash;
6.Hisob va tahlil – ma’lumotlarni yig‘ish, saqlash va qayta ishlash, shuningdek, xulosalar chiqarish xamda ishlab chiqarish tizimi faoliyatini baholash.
7.Ijobiy yutuqlarni qo‘llab-quvvatlash.
Yuqoridagi umumiy vazifalardan tashqari qurilishda ishlab chiqarish sikllari, qurilish jarayonlari, yo‘nalganligi - faoliyat ko‘rsatish va perspektiv rivojlanishga qaratilgan aloqalar - ichki va tashqi va boshqa qurilishni boshqarishning maxsus funksiyalari umumiylarini to‘ldiradi va rivojlantiradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |