2. Ijtimoiy sheriklik haqidagi g‘oyalar evolyusiyasi
Insoniyat paydo bo‘libdiki, adolatli va erkin jamiyat barpo etish orzusi bilan yashab kelmoqda. Eng qadimgi davrdan hozirgi kunga qadar qanchadan-qancha alloma va mutafakkirlar bu haqda bosh qotirganlar, ko‘plab davlat arboblari, olimu fuzalolar, odamlar ahil va inoq, baxtli va farovon yashaydigan ana shunday hayot sharoitiga erishish uchun harakat qilganlar. Veda va upanishadlar, “Avesto” va “O‘zgarishlar kitobi” kabi manbalardan boshlangan ilk SHarq an’anasiga ko‘ra bu mavzu olam va odam, koinot va inson, adolat va ezgulik masalalari tahlilining tarkibiy qismi bo‘lgan. Xususan, “Avesto”dagi fikr-mulohazalar bugungi kun uchun ham o‘z qadrini yo‘qotmaganligi diqqatga sazovor. CHunonchi, “Qaerda ikki tan bir-birini qo‘llasa, o‘sha erda ish yurishadi”, “O‘zgalarni yaxshilikka yo‘llay olgan odamnigina yaxshi odam deyish mumkin”, “Tangri rostgo‘ylar va haqiqat yo‘lida hamkor bo‘lganlarning nigohbonidir” va hokazo. “YAsna”da ta’kidlanganidek, jamiyatni, davlatni boshqarib turgan rahbar hamisha jamoa manfaatini himoya qilishi, jamoa tomonida bo‘lishi shart. U o‘zi mansub bo‘lgan odamlar guruhi, toifasi bilan birga nafas olmog‘i, ularning quvonchlariyu tashvishlari bilan yashamog‘i, jamoa dushmanlariga nafrat bilan qaramog‘i darkor1.
“Avesto”dan keyin ham bu SHarq an’anasi davom etgan. Xususan, Moniyning falsafiy-axloqiy qarashlari, moniychilarning tavbanomasi –“Xuastuanift” asarida bu yanada yaqqolroq namoyon bo‘ladi. Unda ta’kidlanganidek, insonning o‘zgalar bilan hamkorlikdagi ongli faoliyati ezgulikka baxshida etilsa, ezgulik, albatta, yovuzlik ustidan g‘alaba qiladi. Buning uchun jamiyatda barcha odamlar teng bo‘lishi, ular orasida sodir bo‘ladigan turli munosabatlar ijtimoiy adolat tamoyillariga asoslanishi darkor. Odamlar bir-birlariga nihoyatda suyanib yashashga muhtoj bo‘lgan o‘sha davrlarda keng tarqalgan bunday g‘oyalar ifodalangan “Xaustuanift” Moniy ibodatxonalarida ommaviy ravishda qiroat bilan o‘qilgani bejiz emas21.
“Fuqarolik jamiyati” tushunchasining Aflotun va Arastuga borib taqaluvchi qadimgi Evropa an’anasida u erkin va ozod, teng huquqli hamda yagona siyosiy hukumatga bo‘ysunuvchi odamlar uyushmasi sifatida tushuniladi. Antik davrda “fuqarolik” va “siyosat” tushunchalari bir xil ma’noda tushunilgan3.333. Keyinroq esa u “davlat” tushunchasiga qarama-qarshi qo‘yilgan bo‘lsa-da, asosiy muammo sifatida davlat va jamiyat o‘rtasidagi munosabatlarga e’tibor qaratilgan. Aflotunning bu boradagi qarashlarida davlat va jamiyatning o‘zaro hamkorligi odamlar qiziqishlari, xududi va undagi tartibning himoyasi, shakllanishi va taraqqiyoti, qolaversa, kundalik ehtiyojlari qondirilishini ta’minlashga qaratilganligi bilan alohida ajralib turadi. Arastu g‘oyalarida esa davlat va jamiyatning o‘zaro sheriklikda faoliyat olib borishi davlatning o‘ziga xos hukmronlik va itoatkorlik munosabatlari asosida amalga oshirilishi kerak bo‘ladi4.334. SHuning uchun ham bu faylasuflar polis (davlat)larning o‘zaro hamkorlikda tuzilgan munosabatlarini mukammal o‘rganib chiqib, bunday sheriklik ideal nazariya sifatida, politiyani (monarxiya, aristokratiya va demokratiya belgilari chambarchas bog‘lanib ketgan davlat tuzilmasini) mustahkamlashga xizmat qilishini ta’kidlab o‘tishadi.
O‘rta asrlar SHarq falsafasida alohida o‘rin egallagan islom falsafasining asoschisi Abu Nasr Forobiy esa o‘zining «Madina al-Fozila», «Fuqarolik siyosati», «Baxt-saodatga erishuv haqida»gi asarlarida ijtimoiy sheriklik muammosini keng tahlil qilgan. Bu asarlarda ijtimoiy sheriklik, ezgu axloqiy qadriyatlarga asoslangan, kishilarni baxt-saodatga eltuvchi davlat, etuk xislatlar sohibi va fuqaro tomonidan saylanadigan boshqaruvchilarga ega bo‘ladigan jamiyat to‘g‘risida o‘sha davr tafakkuriga ta’sir ko‘rsatgan fikrlar qayd etiladi. Allomaning ijtimoiy sheriklik mohiyatini izlashdan maqsadi – eng ezgu ma’naviy-axloqiy qadriyatlar, ilm-fan, odamzot qadri, ongi, tafakkurining ahamiyati baland bo‘lgan jamiyatni qaror toptirishdan iborat bo‘lgan335. Forobiy ta’kidlashicha, shahar, davlat va jamiyatning barcha tarkibiy qismlari bir inson vujudining turli a’zolari faoliyati kabi, o‘zaro muvofiqlashgan, uyg‘unlashgan, tartibli, tizimlashgan bo‘lishi zarur. Tabiiy mavjudotlardagi mutanosiblik shahar (davlat) jamiyatida ham bo‘lishi zarur. Jamiyatning barcha a’zolari har biri o‘z mavqeidagi ishlari, harakatlari bilan shahar birinchi boshlig‘ining (davlat, mamlakat farovonligini oshirish yo‘lida) maqsadini amalga oshirishda o‘z hissalarini qo‘shishlari kerak. Jamiyat adolatli qonunlarga amal qilganida, jamiyat va shaxs munosabatlari pozitiv, konstruktiv, ijobiy bo‘lganida, ziddiyatlar va qarama-qarshilik ming yillar davomida to‘plangan tajriba, milliy an’ana va urf-odatlarga muvofiq hal etilganida shaxs – kamolotga, jamiyat – taraqqiyotga erishadi336.
Abu Rayhon Beruniy esa o‘z asarlarida ijtimoiy sheriklik kishilarning ruhiy va moddiy ehtiyojlari – jamiyat vujudga kelishi negizida yotishini alohida ta’kidlab o‘tadi. Uning fikricha, “Ehtiyojlarning turi ham, soni ham ko‘p, uni faqat ko‘pchilik bo‘lib birlashgan kishilargina bajo keltira oladi. SHuning uchun inson to‘p-to‘p bo‘lib yashashga muhtojdir”337. YA’ni, odam ehtiyojining ko‘pligi, uni himoya qilish quroliga ega bo‘lmaganligi, bir-birini yovvoyi hayvon va dushmanlardan himoya qilish zarurligi, o‘zi va boshqalarni moddiy ta’minlash uchun biror ishni bajarish lozim bo‘lganligi tufayli qarindosh-urug‘lari bilan jamiyatda o‘zaro birlashishga majbur bo‘lgan. SHuningdek, davlatning paydo bo‘lishi ham kishilarning zaruriy ehtiyojlarini qondirish bilan bog‘liq. Boshqacha qilib aytganda, odamlar dushmanlardan himoya qilinish, ijtimoiy adolatli tartib va qoida o‘rnatish uchun davlatga birlashadilar, degan g‘oyani ilgari suradi. U “Mineralogiya” asarida kishilarning ehtiyojlari turli-tuman bo‘lishini, faqat kishilar maqsadli hamkorligi ularni qondirishi mumkin, deb hisoblaydi.
Abu Ali ibn Sino o‘zining “Ishorat va tanbihat” asarida odamlarning o‘zaro sheriklik munosabatlari to‘g‘risida fikr yuritib, “Inson o‘z shaxsiy talablari jihatdan boshqalardan ajralgan holda yashay olmaydi, chunki u insoniyatning boshqa vakillari bilan munosabatdagina ularni qondira olishi mumkin. Jamoaning barcha a’zolari mehnat bilan shug‘ullanmog‘i zarur”338, deydi. U jamiyatda kishilar o‘zaro bir-birlariga yordam berishlari asosida yashashlari kerak, deydi. Olim yana quyidagicha fikr bildiradi: “O‘zaro hamkorlik va yordamlashish uchun qonun va adolat kerak, qonun va adolatning amal qilishi uchun shunday shaxs zarurdirki, u qonun va adolat qoidalarini tartibga solib, bajarilishini ta’minlay olsin. SHu bilan birga, u odamlarni yumshoq, ta’sirchan so‘zlar bilan qabul qilingan, o‘rnatilgan qonunlarga rioya qilishga da’vat eta olishi kerak”339. Bundan tashqari, jamiyat a’zolarining hammasi bu qonunlarga itoat etishlari zarur. Jamiyatda qonunlarni buzish va adolatsizlik jazolanishi lozim. Adolatli, fanni sevuvchi aqlli hukmdor insonparvarlik munosabatlarini adolat bilan tartibga solishi lozim. Agar hukmdor “adolatsiz bo‘lsa, jamiyat unga qarshi kurashni maqbul hisoblaydi”340.
YAngi davrda J.Lokk, T.Gobbs, SH.L.Monteske, I.Kant, Gegel, M.Fuko, N.Berdyaev kabi faylasuflar ijodida “fuqarolik jamiyati” tushunchasi mukammal tahlil etilgan yoki fuqarolik jamiyati jamiyat antitezisi doirasida ko‘rib chiqilgan341. XVII-XVIII asrlarda shakllangan nazariyalarda “sheriklik” tushunchasi davlat va fuqarolar munosabatlarini muvofiqlashtiruvchi samarali omillardan biriga aylandi. Bu J.Lokk, T.Gobbs va I.Kant kabi faylasuflarning qarashlarida, ayniqsa, yaqqol namoyon bo‘ladi. Jon Lokkning asosiy siyosiy asari hisoblangan “Davlat boshqaruvi to‘g‘risida ikki traktat”da monarxlar absolyutizmini qayta qurishga yo‘naltirilgan qarashlar ilgari surilgan. Jumladan, Jon Lokk birinchi traktatida siyosiy hukmronlikning patriarxal ildizlarini rad qilgan. Uning fikricha, insonning Xudo oldidagi burchi ham, tabiat qonunlariga ko‘ra, o‘ziga xos insoniy sifatlar – aql va iroda erkinligidan foydalanishdan iborat bo‘lishi lozim.
"De Cive" ("Fuqaro") va "Leviafan" (1651y.) asarlarida Tomas Gobbs fuqarolik jamiyati “ilmi” yaratilgan, deb aytadi. T.Gobbs ilgari surgan ijtimoiy “tartib muammosi” g‘oyasi sotsiologiyada markaziy muammo sanaladi. Uning loyihasi geometrik-deduktiv mulohazaga asoslangan, birlamchi tamoyillari esa ham mexanistik, ham materialistik falsafa bilan yo‘g‘rilgan. Uning nazariyasiga ko‘ra, jamiyat inson kabi mashina. Uning qanday ishlashini tushunish uchun alohida detallarini aniq tasavvur qila olishimiz lozim, buning uchun uni eng sodda elementlarga bo‘lib, keyin komponentlarning harakat qonuni asosida yana qayta yig‘ib olishimiz kerak bo‘ladi. T.Gobbsning axloq tamoyiliga ko‘ra, kishilar davlat va jamiyat o‘rtasidagi o‘zaro sheriklikka o‘zlarining tabiiy huquqlarini o‘rnatish va mutlaq suveren hukumatga bo‘ysunish, deb yondashishlari lozim.
Ba’zi olimlar T.Gobbs qarashlari I.Kantning “axloqiy burch” haqidagi tasavvuriga yaqin deb hisoblaydilar. I.Kantning dastlabki asaridan biri “Umumiy tarix g‘oyasi butunjahon fuqaroligi miqyosida” asarida davlatning kelib chiqishi va ideal fuqarolik jamiyati haqida fikr-mulohazalar yuritiladi. Bundagi qat’iy imperativni “SHunday qilginki, toki sening xatti-harakatlaring umumaxloq qonuni namunasi sifatida qabul qilinsin” yoki “O‘ylab ko‘r, agar hamma ham xuddi shunday yo‘l tutsa, nima bo‘ladi” kabi iboralari bilan ta’riflash mumkin. SHuning uchun ham keyinchalik N.A.Berdyaev “Erkinlik insonni tashqi tarafidan emas, balki ichki holati, ruhiga qarab ta’riflamoq yoki ta’rif bermoqni bildiradi. Insonning ruhiyati va ma’naviyati haqiqiy erkinlikdir. Insonning mavjud ruhiyatini inkor qilish erkinlikni inkor qilishdir”342 deb yozgan edi. T.Gobbsdan farqli I.Kant “umumiy”, ya’ni umuminsoniy fuqarolik jamiyati haqida gapiradi343. U Erdagi butun aholini qamrab oladi. I.Kant nafaqat alohida xalq va davlatlar uchun ichki siyosiy munosabatlar, balki muvaffaqiyatga asoslangan tashqi siyosiy munosabatlarga erishishlari uchun o‘zaro sheriklik munosabatlari yaratiladi, deb aytadi, “u ham fuqarolik jamiyati kabi, avtomatik ishlab, mustaqil mavjud bo‘ladi”. I.Kantning bu g‘oyasi uning “Nazariya uchun to‘g‘ri kelsada, amaliyot uchun yaroqsiz” (1793y.) maqolasida va maxsus traktati “Mangu olamga” (1795y.) kabi asarlarida kengaytirilgan holda davom ettiriladi.
Bu qarashlardan ma’lum bo‘ladiki, ijtimoiy sheriklik tizimi an’anaviy jamiyatda ko‘p asrlik madaniy an’analarga, milliy qadriyat va boy ma’naviyatga ega xalqlarning ahloqiy normalariga kirib borgan, ularning o‘zaro sherikligiga oid bahsli masalalarda murosaga erishishga yo‘naltirilgan. Bu jarayonda esa nafaqat o‘zaro sherikchilikka asoslangan ijtimoiy-iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy hodisalar bilan, balki mavjud an’analar bilan hisoblashish kerak bo‘ladi. SHuning uchun M.Veber “Ijtimoiy munosabatlarning ratsional asoslarini belgilovchi ijtimoiy tartib dualistik xususiyatga ega. CHunki u, bir tomondan, individlar uchun ob’ektiv bo‘ladi, shuning uchun ular xatti-harakatlarining bosh nazoratchisi hisoblanadi. Ikkinchi tomondan esa, u “maqsadli ittifoq” ishtirokchilarining bir qator ko‘rsatkichlar bo‘yicha o‘zaro roziligi natijasidir, bunday ijtimoiy sheriklikning o‘rnatilishi va uzoq muddatli bo‘lishi tomonlarning o‘zaro maqsadli va manfaatli faoliyati bilan belgilanadi”,344 deb ta’kidlaydi.
Ijtimoiy sheriklik ijtimoiy tartibning mohiyatan o‘zaro kelishuvga asoslangan shakli bo‘lib, uning yangicha ma’no-mazmunga ega bo‘lishi keskin vaziyatlarda ham integratsiyalashgan yaxlitligini saqlab qolishni talab etadi. CHunki o‘z davrida T.Parsons ham “Ijtimoiy sheriklikni ta’minlashda maqsadlarning institutsionallashtirilgan shakli, mohiyatan sheriklikning barqaror modellari hisoblanadi va ijtimoiy tizim asosini tashkil etadi”,345 deb yozgan edi. SHubhasiz, ijtimoiy sheriklik prinsiplarini amaliyotga tatbiq etish – murakkab vazifa. Bu jarayon zalvarli natijalarga olib keladi: jamiyatning qutblarga bo‘linishi barham topadi, jarayonning barcha ishtirokchilarida faollik oshadi, siyosiy va ijtimoiy barqarorlik kuchayadi, taraqqiyot uchun mustahkam asos yaratiladi.
Bunday fundamental maqsadlarga o‘z-o‘zidan erishilmaydi, bu borada muayyan tajriba to‘plangani yuqoridagilardan ko‘rinib turibdi. Tarixiy nuqtai nazardan dastlabki sheriklik sub’ektlari ikki tomonni tashkil etadi: ishchi va ish beruvchi (ishlab chiqarish vositasi egalari). Bunday ikki tomonlama sheriklik keyinchalik «bipartizm» nomini oldi. SHundan so‘ng sheriklar tarkibi sezilarli darajada o‘zgardi, chunki muzokaralar jarayonida davlat ham ishtirok eta boshladi. Natijada yuzaga kelgan uch tomonlama sheriklik «uchpartizm» (tripartizm) deb nomlandi. Uch tomonlama kelishuv modeli Xalqaro Mehnat Tashkiloti (XMT) konvensiyasida 144-raqam bilan belgilab qo‘yilgan346. Mazkur konvensiyaga ko‘ra, davlatlar ham o‘zaro ijtimoiy sherikka aylanadilar va ishchilar hamda ish beruvchilar uyushmalari bilan bir qatorda umummilliy sheriklik – kelishuv shartnomalarini imzolaydilar. Nihoyat, ijtimoiy sheriklik sub’ektlari tarkibi yanada murakkablashdi – ko‘p darajali sheriklik joriy etildi. Bu esa uchpartizm prinsipiga nafaqat umummilliy darajada, balki tarmoq va korxona darajasida ham amal qilinishi lozimligini bildirardi.
Ushbu ijtimoiy sheriklik mexanizmining bosh elementi tomonlar o‘rtasidagi muzokara jarayonidir. Bu shu qadar muhimki, qolgan elementlar o‘z mohiyatiga ko‘ra, faqat unga xizmat qilib, samaradorlikni oshiradi, xolos. Mexanizmning keyingi elementi sheriklarning pozitsiyalarini aniqlash va muvofiqlashtirish texnologiyasidir. Bunga misol qilib sheriklar manfaati va munosabatini aniqlashga xizmat qiladigan «nuqta»larni topish uchun maxsus komissiyalar tuzishni sanab o‘tish mumkin. Mexanizmning yana bir muhim elementi – sheriklarning umumiy shartnomaga kiritadigan talab-takliflarini baholash va tahlil qilish maqsadida o‘tkaziladigan ekspertiza.
Nihoyat, bu mexanizmda uning samaradorligini ta’minlab turish uchun arbitraj vazifasini bajaradigan element ham o‘z o‘rnini topishi kerak. YUqorida sanab o‘tilgan elementlar bir tizimga birlashgan holdagina sheriklikning bosh maqsadi bo‘lgan ijtimoiy barqarorlik va tinchlikni ta’minlay oladi. Ayni shu ma’noda, ijtimoiy sheriklik mehnat munosabatlari nuqtai nazaridan jamoa shartnomalari ish beruvchilar va xodimlar vakili bo‘lmish kasaba uyushma qo‘mitalari o‘rtasida imzolangan muhim lokal hujjat sifatida yangicha ma’no-mazmun kasb etmoqda. Kasaba uyushmalari faoliyatining asosini ham aynan ijtimoiy sheriklik tamoyillari tashkil etadi.
Ijtimoiy sheriklik tizimining bugungi bosqichidagi asosiy elementlardan biri unga erishishning strategiya va taktikasidir. Bu esa ijtimoiy-iqtisodiy maqsadga erishishning uzoq muddatga mo‘ljallangan yo‘nalishi, ya’ni strategiyani ko‘zda tutishni hamda unga erishishning taktikasini anglatadi. Ijtimoiy sheriklik tizimining to‘rtinchi elementi ularning mexanizmidan iborat. Bu tarkibiy qism shunchalar muhim va o‘ziga xoski, alohida ko‘rib chiqishni taqozo etadi. Nihoyat, zamonaviy ijtimoiy sheriklik tizimining beshinchi elementi sifatida sheriklarning madaniyati va axloqini qayd etib o‘tamiz. Bu tushunchalar ortida sheriklarning bir-biriga hurmat bilan qarashi, halolligi, ishonchi, yuksak mas’uliyati yotadi va ularsiz jamiyatda haqiqiy sheriklikni amalga oshirib bo‘lmaydi.
Ijtimoiy sheriklikning tarixiy taraqqiyotiga e’tibor qaratsak, u dastlab rivojlangan G‘arb mamlakatlarida legitimlashtirilganligiga guvoh bo‘lamiz. CHunki dastlab sheriklik kasaba uyushmalari tashabbusi bilan yuzaga kelgan, asosan, tashkilotlar hamda kasaba uyushmalari o‘rtasidagi munosabatlarni tartibga solish maqsadida shakllangan. Keyinchalik sheriklikning doirasi kengayib, tashkilot doirasidan yirik sub’ektlar hamkorligiga nisbatan tatbiq etish amaliyoti yuzaga keldi. Ijtimoiy sheriklik natijasida nodavlat notijorat tashkilotlari yoki fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari davlat yoki uning muayyan organiga teng hamkor sifatida maydonga chiqadi. Bunday hamkorlik inson manfaatlarini har tomonlama ta’minlashga yo‘naltiriladi. SHu kabi munosabatlarda davlat nodavlat notijorat tashkilotlariga yordam, ko‘mak beruvchi sub’ekt sifatida etakchi mavqeda turgan bo‘lsa, bugun nodavlat tashkilotlar davlatning teng hamkoriga aylanmoqda. SHubhasiz, bu ularning bugungi jamiyat hayotidagi roli va o‘rnini yanada mustahkamlaydi.
Hozirgi kunda bu modellar jahonda keng tarqalgan yollanma ishchilar va ish beruvchilar o‘rtasida davlatning bevosita yoki bilvosita ishtiroki bilan ijtimoiy-mehnat munosabatlarining tartibga solinishi ko‘rinishidagi ijtimoiy sub’ektlarning o‘zaro ta’sir jarayoni – individlar yoki ijtimoiy guruhlarning ehtimolli nizolarini hal etishga yordam bermoqda. Bugungi kunda xorij amaliyotida ijtimoiy sheriklik turli shakllarda namoyon bo‘layotganligini ko‘rish mumkin. Ko‘pgina ilmiy adabiyotlarda ijtimoiy sheriklikning German (Avstriya, Germaniya, SHveysariya), Skandinav (SHvetsiya, Norvegiya, Daniya) va Amerika (AQSH, Angliya) modellari haqida so‘z boradi.
Mazkur masalani retrospektiv nuqtai nazardan o‘rganish hozirgi davrda ushbu sohaga oid adabiyotlarda ijtimoiy sheriklikning quyidagi uch modeli alohida qayd etilishidan dalolat beradi:
Do'stlaringiz bilan baham: |