2.Mustaqillik davrida davlatning yoshlarga oid siyosatini rivojlanishi va uni amalga oshirilishi
O‘zbekistonda mustaqillikning dastlabki kunlaridan boshlab Birinchi Prezident I.A.Karimov boshchiligida amalga oshirilayotgan farovon demokratik davlat va jamiyatni barpo etishga yo‘naltirilgan tub islohotlar siyosatining o‘ziga xos xususiyati – bu uning aniq ijtimoiy yo‘naltirilganligi bo‘ldi. Hozirgi davrda O‘zbekiston aholisining 60 foizdan ortig‘ini yoshlar tashkil etadi. SHuning uchun ham mamlakatimizda amalga oshirilayotgan barcha ijobiy o‘zgarishlar zamirida har tomonlama barkamol – jismonan sog‘lom, aqlan etuk, nafaqat ko‘plab bilimlarni, hozirgi davrda talab katta bo‘lgan kasb-hunarlarni egallagan, ayni paytda, mustaqil va ijodiy fikrlashga qodir, intellektual salohiyati yuksak yosh avlod to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qilishdek ustuvor maqsad mujassam ekani tabiiydir.
Mamlakatda yuritilayotgan kuchli yoshlar siyosati o‘zining mustahkam huquqiy asoslariga egadir. Bu siyosat O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qoidalarida, ushbu sohaga tegishli 22 qonunda o‘z ifodasini topgan. Mamalakatimiz mustaqillikka erishganidan so‘ng qabul qilingan dastlabki qonun hujjatlaridan biri – bu 1991 yil 20 noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatining asoslari to‘g‘risida”gi qonundir. Ayni paytda, bu davrda ko‘plab maqsadli davlat dasturlari ham hayotga muvaffaqiyatli tatbiq etildi. Bu boradagi ishlarning yuqori samaradorligi davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari hamda jamoat tuzilmalari, shu jumladan, o‘z saflarida 5,5 million yigit-qizni birlashtirgan “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati, “Mahalla” xayriya jamoat fondi va boshqa tashkilotlar o‘rtasida tobora kengayib borayotgan ijtimoiy hamkorligi natijasida ta’minlanmoqda.
Mamlakatda o‘sib kelayotgan yosh avlodning har tomonlama rivojlanishi uchun barcha qulay shart-sharoitlarni yaratib berish borasida olib borilayotgan kompleks chora-tadbirlar xalqimizga xos xususiyat bo‘lib, milliy tabiatimizning uzviy qismiga aylandi. Har bir oilada, har bir mahallada, eng avvalo, yoshlarning salomatligini ta’minlash, ularga yaxshi bilim berish, ayni paytda yuksak ma’naviy va ahloqiy fazilatlarga ega munosib shaxslar etib voyaga etkazish azaldan muhim masala bo‘lib kelgan. Mustaqillik yillarida ushbu vazifalar O‘zbekistonda davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi va bu esa barcha sohalarda yuksak yutuqlarga erishish imkonini bera boshladi.
Salomatlikni ta’minlash, uzluksiz ta’lim va barkamol yosh avlodni tarbiyalash bo‘yicha mamlakatimizda yaratilgan milliy modellar butun dunyoda yuksak baholanmoqda. Jumladan, 2011 yilning noyabrida “O‘zbekistonda ona va bola salomatligini muhofaza qilishning milliy modeli: “Sog‘lom ona – sog‘lom bola” mavzuida Toshkentda bo‘lib o‘tgan xalqaro simpoziumda nufuzli xalqaro tashkilotlar tomonidan bu borada amalga oshirilgan ishlarga yuqori baho berildi va ular boshqa mamlakatlar uchun namuna sifatida e’tirof etildi. 2012 yilning fevralida poytaxtimizda o‘tgan “YUksak bilimli va intellektual rivojlangan avlodni tarbiyalash – mamlakatni barqaror taraqqiy ettirish va modernizatsiya qilishning eng muhim sharti” xalqaro konferensiyasida O‘zbekistonda yaratilgan uzluksiz ta’lim va tarbiya milliy tizimi boshqa davlatlar uchun namuna deb e’lon qilindi362.
Mustaqillik yillarida demokratik va bozor o‘zgarishlari talablariga mos ravishda ta’lim va kadrlar tayyorlash tizimida tub islohotlar amalga oshirildi. Ushbu nihoyatda muhim sohadagi chuqur islohotlar 1997 yil 29 avgustda qabul qilingan “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonun, ayni paytda ko‘lami, qamrovi va maqsadlariga ko‘ra o‘ta noyob Kadrlar tayyorlash milliy dasturi asosida amalga oshirildi. Mamlakatimizda ta’lim shaxs, jamiyat va davlatning iqtisodiy, ijtimoiy, ilmiy-texnik va madaniy ehtiyojlarini ta’minlaydigan ustuvor soha, deb e’lon qilindi. Mavjud ta’lim muassasalarini davr talablarini hisobga olgan holda isloh qilishdan tashqari MDH davlatlarida o‘xshashi yo‘q yangi turdagi o‘quv yurtlari – kasb-hunar kollejlari va akademik litseylar tashkil etildi. SHu tarzda iqtisodiyot va ijtimoiy sohaning barcha tarmoqlari uchun yuqori malakali, raqobatbardosh kadrlar tayyorlashga, yoshlarni ma’naviy-ahloqiy va har tomonlama ijodiy rivojlantirishga yo‘naltirilgan uzluksiz o‘quv-ilmiy-ishlab chiqarish ta’limining noyob yaxlit tizimi shakllantirildi.
2003 yil 1 iyulda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining istiqbolli yosh pedagog va ilmiy kadrlar malakasini oshirish “Iste’dod” jamg‘armasi tuzilib, u keng ko‘lamli ishlarni amalga oshirib kelmoqda. Uning faoliyati mamlakatimizda ta’lim tizimini yanada takomillashtirishga, barcha hududlarda o‘quv jarayoniga zamonaviy axborot va pedagogik texnologiyalarni joriy etish, yosh pedagoglar va olimlarning kasbiy bilimlari va ko‘nikmalarini oshirishga yo‘naltirildi. Oliy, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari va maktablar xodimlari uchun o‘nlab kunduzgi va masofaviy ta’lim dasturlari ishlab chiqildi. Hozirgi paytgacha jamg‘armaning faqat kunduzgi kurslarida 10 mingdan ziyod pedagog va ilmiy kadrlar o‘z malakasini oshirdi.
Mamlakatimizning jahon maydonidagi nufuzi va raqobatbardoshligini oshirish ko‘p jihatdan yoshlarning intellektual va ijodiy salohiyatini yuksaltirishga bog‘liqdir. SHu sababli iqtidorli yoshlarni aniqlash va rag‘batlantirishga, yosh avlodning zamonaviy dunyoqarashini, ijodiy va shaxsiy xususiyatlarini milliy va umuminsoniy qadriyatlar asosida shakllantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti ta’sis etildi, unga o‘qishda, ijodiy va jamoat ishlarida katta yutuqlarga erishayotgan qizlar munosib ko‘riladi. San’at sohasidagi yutuqlari uchun eng iqtidorli yosh raqqosalar, musiqachilar va xonandalarga “Nihol” mukofoti berish an’anaga aylandi.
O‘zbekistondagi yoshlar siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biri iqtidorli yoshlarni ilm-fanga keng jalb etishdir. Hozirgi davrga kelib o‘quv yurtlari, birinchi navbatda kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarini ish bilan ta’minlash masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Muayyan ishlab chiqarish korxonalari va tarmoqlar uchun maqsadli ravishda kadrlar tayyorlash keng qo‘llanilmoqda, o‘quv yurtlari, korxonalar va o‘quvchilar o‘rtasida uch tomonlama shartnomalar imzolanmoqda va bu bitiruvchilarning kelgusida ish bilan ta’minlanishini kafolatlaydi. SHu maqsadda kasb-hunar kollejlarining ish beruvchi korxonalar bilan kooperatsiya aloqalarining boshqa shakllaridan ham foydalanilmoqda. Mamlakatimizda har yili minglab ish o‘rinlari tashkil qilinadi, bunda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning rivojlanishi muhim o‘rin tutadi.
Mamlakatda mustaqillik yillarida yoshlarning har tomonlama rivojlanishi uchun yanada qulay shart-sharoit va imkoniyatlar yaratib borildi. Jumladan, mustaqil hayotga qadam qo‘yayotgan yosh oilalarga zarur yordam ko‘rsatish, amaliy rag‘bat va barqaror daromad manbalarini shakllantirish mexanizmini yaratish, ularning turar-joy va maishiy shart-sharoitlarini yaxshilash maqsadida 2007 yil 17 mayda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “YOsh oilalarni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi. Har bir hududda yangi ish o‘rinlari tashkil etish, yoshlarni kichik biznes va xususiy tadbirkorlikka faol jalb qilish, yosh oilalarga o‘z biznesini tashkil etishi uchun mikrokreditlar ajratish ishlari kuchaydi. Bugun O‘zbekistonda yosh oilalarga ipoteka va iste’mol kreditlari ajratish orqali uy-joy sotib olish yoki qurishda, ro‘zg‘orini butlashda har tomonlama yordam ko‘rsatilmoqda363.
Mamalakatdagi yoshlarga oid davlat siyosati muhim siyosiy yo‘nalish sifatida izchil jarayon bo‘lib, u yoshlar mavqei va hayoti bilan bog‘liq bo‘lgan voqelikning bosh xususiyatlarini o‘zida mujassam etadi. SHu nuqtai nazardan, yoshlarga oid davlat siyosati siyosiy yo‘nalish sifatida O‘zbekistonning mustaqillik yillari tarixida yuz bergan hamda davlat tomonidan maqsadli amalga oshirilgan yoshlarga oid barcha ijtimoiy o‘zgarishlar, tub islohotlar, transformatsiya jarayonlarini bosib o‘tdi. YA’ni yoshlarga oid davlat siyosati yoshlar hayotini demokratik tamoyillar asosida ijtimoiy tashkillashtirish, yoshlar va davlat o‘rtasidagi munosabatlarni pozitiv asosda qurish, yoshlar manfaatlari va qadriyatlarining davlat manfaatlari bilan muvofiqligini ta’minlash uchun olib borilgan sa’y-harakatlar va maqsadlar majmuini tashkil qiladi.
YOshlarga oid davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari quyidagilardan iboratdir:
-yoshlarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash;
-yoshlarning hayoti va sog‘lig‘ini saqlash;
-yoshlarning ma’naviy, intellektual, jismoniy va axloqiy jihatdan kamol topishiga ko‘maklashish;
-yoshlar uchun ochiq va sifatli ta’limni ta’minlash;
-yoshlarni ishga joylashtirish va ularning bandligi uchun shart-sharoitlar yaratish;
-yoshlarni vatanparvarlik, fuqarolik tuyg‘usi, bag‘rikenglik, qonunlarga, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida, zararli ta’sirlar va oqimlarga qarshi tura oladigan, hayotga bo‘lgan qat’iy ishonch va qarashlarga ega qilib tarbiyalash;
-yoshlarni axloqiy negizlarni buzishga olib keladigan xatti-harakatlardan, terrorizm va diniy ekstremizm, separatizm, fundamentalizm, zo‘ravonlik va shafqatsizlik g‘oyalaridan himoya qilish;
-yoshlarning huquqiy ongi va huquqiy madaniyati darajasini yuksaltirish;
iqtidorli va iste’dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash hamda rag‘batlantirish;
-yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish;
-yoshlarda sog‘lom turmush tarziga intilishni shakllantirish, shuningdek yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish va yoshlar sportini ommaviy rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish;
-yosh oilalarni ma’naviy va moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, ular uchun munosib uy-joy va ijtimoiy-maishiy sharoitlarni yaratish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar tizimini amalga oshirish;
-yoshlarning huquqlari va erkinliklarini ro‘yobga chiqarish sohasida faoliyatni amalga oshiruvchi xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni rivojlantirish.
O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosati borasida olib borilayotgan tadbirlarning barqarorligiga ta’sir etuvchi omillarni tahlil etish, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan yoshlarga oid davlat siyosatining yo‘nalishlarini aniqlashtirib olishni talab etadi. Bular quyidagilarni qamrab oladi:
1. “Barkamol avlod” yo‘nalishi;
2. “O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi” yo‘nalishi;
3. “YOshlar va ijtimoiy himoya” yo‘nalishi;
4. “YOsh oila” yo‘nalishi;
5. “YOshlar professionalizmi” yo‘nalishi;
6. “YOshlar axborot makonida” yo‘nalishishi364.
Do'stlaringiz bilan baham: |