9-Mavzu:Korrupsiyaga qarshi kurash fuqorolik jamiyatini rivojlantirishning ustuvor sharti
Ma’lumki “korrupsiya” tushunchasi lotin tilidagi “corruptio» suzidan olingan bulib, mazmuni “buzish, sotib olish” ma’nosini beradi va uning grammatik bir ildizli ma’nosi yana “korroziya” suzi ya’ni “chirish” yoki “zanglash” degan mazmunni xam beradi. Shundan kelib chikib bu suzni ijtimoiy kurinishi xokimiyatni buzish, chiritish orkali sotib olish” degan ma’noni beradi.
Korrupsiya tarixi insoniyat tarixi kabi ko‘hnadir. Qadimgi yunon faylasufi Aristotel shunday degan edi: ―Har qanday davlat tuzumida eng muhimi – bu qonunlar va tartib-qoidalar vositasida ishni shunday tashkil etishki, mansabdor shaxslar qing‘ir yo‘l bilan boylik orttira olmasin‖. Pora olish va berish Qadimgi Rimda amal qilgan 12 jadval qonunlarida tilga olingan. Ibtidoiy va ilk sinfiy jamiyatlarda kohinga, qabila oqsoqoliga yoki harbiy boshliqqa muayyan imtiyozni qo‘lga kiritish uchun haq to‘lash tabiiy bir hol sifatida qaralgan. Davlat apparatining murakkablashuvi va professionallashuviga qarab vaziyat o‘zgarib borgan. Oliy martabali amaldorlar quyi turuvchi―xizmatchilar‖ faqat tayinlangan maosh bilan qanoatlanishlarini talab qilganlar. Quyi daraja amaldorlar esa, aksincha, o‘z xizmat vazifalarini bajarganlik uchun arzgo‘ylardan yashirincha qo‘shimcha haq olishni (yoki talab qilishni) ma’qul ko‘rganlar.
Korrupsiya haqidagi eng qadimgi qaydlardan biriga qadimgi Bobilning mixxatda yozilgan bitiklarida duch kelingan. Miloddan avvalgi uchinchi ming yillikning o‘rtalariga taalluqli bo‘lgan matnlarda aytilishicha, shumer podshosi Urukagin o‘sha zamonlardayoq qonunga xilof haq olishga ruju qo‘ygan sudyalar va amaldorlarning qonunbuzarliklariga chek qo‘yish muammosini yechish yo‘llarini izlagan.
Shunga o‘xshash masalalarga qadimgi Misr hukmdorlari ham duch kelgan. Arxeologik tadqiqotlar jarayonida topilgan hujjatlar miloddan avvalgi 597-538 yillarda, yahudiylar Bobil podshosi tomonidan asirga olinganidan keyingi davrda, Ierusalimda korrupsiya ayniqsa avj olganidan dalolat beradi.
Professional davlat amaldorlari hali mavjud bo‘lmagan antik jamiyatlar tarixining ilk bosqichlarida (qadimgi yunon shahar-davlatlari, respublika Rimi) korrupsiya deyarli bo‘lmagan. Bu hodisa antik davr tanazzulga yuz tutgan bosqichdagina vujudga kelgan. Bu davrda korrupsiya domiga ilingan davlat amaldorlari haqida: ―U boy viloyatga kambag‘al bo‘lib kelib, kambag‘al viloyatdan boy bo‘lib ketdi‖, deyishgan. Ayni shu davrda rim huquqida "corrumpire" degan maxsus atama paydo bo‘lgan, u ―buzish, ―pora evaziga og‘dirish iboralarining sinonimi hisoblangan va mansab mavqeini suiiste’mol qilishning har qanday ko‘rinishlarini ifodalashga xizmat qilgan.
Markaziy hukumat hokimiyati zaif bo‘lgan joylarda (masalan, ilk o‘rta asr davrida Yevropada) xizmat mavqeidan aholidan o‘z cho‘ntagiga haq undirish uchun foydalanish aksariyat hollarda umum e’tirof etilgan me’yorga aylangan.
Davlat markazlashgani sari u fuqarolarning mustaqilligini qattiqroq cheklagan va shu tariqa quyi va oliy bo‘g‘in amaldorlariga qattiq nazoratdan qutulishni istagan fuqarolar foydasiga qonunni xufyona buzishga turtki bergan. Korrupsiya domiga ilingan amaldorlarni boshqalarga dars bo‘lsin uchun olomon ko‘z o‘ngida jazolashlar odatda hech qanday samara bermagan, chunki amaldan chetlatilganlar (lavozimidan olinganlar yoki qatl etilganlar) o‘rnini yangi poraxo‘rlar egallagan. Markaziy hokimiyat amaldorlar faoliyati ustidan yalpi nazorat o‘rnatish uchun odatda zarur kuch va vositalarga ega bo‘lmagani bois, u korrupsiyaning o‘ta xavfli ko‘rinishlarinigina jazolash bilan kifoyalangan.
O‘rta asrlarda O‘zbekiston hududida joylashgan davlatlarda qabul qilingan odat huquqi me’yorlari asosan zamirida islom madaniyati prinsiplari yotuvchi qonunchilik an’analari bilan belgilangan. Xususan, Amir Temur davlatida amaldorlar ishini tartibga solish maqsadida vaqti-vaqti bilan so‘roq, tekshirish, taftish, tergov o‘tkazib turilgan. O‘z amalini suiiste’mol qilish, poraxo‘rlik, doimiy ravishda ichkilik ichish, maishiy buzuqlik kabi qilmishlar og‘ir gunoh hisoblangan va qattiq jazolangan. Tarixiy manbalarda keltirilishicha, Amir Temurning o‘g‘li Mironshoh, nevaralari Pirmuhammad va Halil Sultonlar yuqorida zikr etilgan me’yorlarni buzganlik uchun xalq oldida jazoga tortilganlar.
O‘sha davrda O‘zbekiston hududidagi feodal jamiyatlarda hozirgi talqindagi korrupsiya uchun javobgarlik nazarda tutilmagan. Shunga qaramay, O‘zbekiston Rossiya tomonidan istilo qilingan davrgacha korrupsiya qonuniylashtirilgan institusional shakllarda namoyon bo‘lgan, xususan hukmron davralarning vakillariga u yoki bu tarzda haq berish feodal majburiyat xususiyatini kasb etgan. Masalan, oddiy dehqonlardan xonlar, sultonlar, biylar va zodagonlarning boshqa vakillari foydasiga muntazam ravishda ―ushur‖ solig‘i – hosilning o‘ndan bir qismi undirilgan. Chorvadorlar ―zakot‖ solig‘i to‘laganlar – bu soliq miqdori u yoki bu turdagi chorva molining muayyan boshiga teng bo‘lgan. Bundan tashqari, zodagonlarning vakillariga va oqsoqollariga har xil turdagi sovg‘a-salomlar berilishi lozim bo‘lgan.
Mamlakatimizda demokratik qadriyatlar qaror topib borayotgan, globallashuv jarayonlari avj olib borayotgan bir vaqtda korrupsiya atalmish dahshatli illatning bir davlat emas, balki butun bir mintaqa yoki jahon taraqqiyotiga tahdid solayotganligi xavotirli. Ta’kidlash lozimki, korrupsiya demokratiya va huquq ustuvorligi asoslariga putur yetkazadi, inson huquqlarining qo‘pol ravishda buzilishiga olib keladi, iqtisodiyotni izdan chiqaradi, jamiyat va davlat uchun o‘ta xavfli bo‘lgan uyushgan jinoyatchilik va terrorizmning keng yoyilishiga sharoit yaratib beradi.
Bugungi kunda jahon hamjamiyati shunga amin bo‘lmoqdaki, korrupsiya illati, odam savdosi, terrorizm, giyohvandlik vositalari savdosi, qurol- yarog‘ savdosi kabi xalqaro jinoyatlar bilan bevosita bog‘liq. Umuman olganda, korrupsiya ularni moliyaviy qo‘llab-quvvatlayotgan bo‘lsa, boshqa tomondan qaraganda huquqni himoya qilish organlarining faoliyatiga jiddiy putur yetkazadi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish, uni bartaraf etish ko‘p hollarda unga sabab bo‘luvchi omillarni, holatlarni va shart-sharoitlarni aniqlashdan va ularni bartaraf etishdan, shuningdek unga qarshi kompleks kurashishdan iborat bo‘ladi.
Korrupsiyaga yo‘l ochadigan omillar sirasiga hokimiyat organlari tizimining murakkabligi, buyruqbozlik taomillarining ko‘pligi, davlat hokimiyati organlari apparatining faoliyati ustidan tashqi va ichki nazo-ratning yo‘qligi kabi holatlarni kiritish mumkin. Tashkiliy tushunmov chiliklarni fuqarolarning korrupsion xulq- atvorini rag‘batlantirishdan farqlash ba’zan juda qiyin kechadi. Taqiqlar, ruxsat berish tartiblari sonining haddan tashqari ko‘pligi, davlat hokimiyati organlari faoliyatiga jalb qilingan fuqarolarning manfaatlarini himoya qilish mexanizmining yo‘qligi ham korrupsiyaga yo‘l ochadi.
O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligiga erishgan dastlabki kunlardan boshlab, sobiq totalitar tuzumdan meros bo‘lib o‘tgan illat – korrupsiyaga qarshi keskin va murosasiz kurashib kelmoqda. Mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida mustahkam huquqiy asos yaratilgan. Xususan, 1997 yilda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining Milliy xavfsizlik konsepsiyasida korrupsiya mamlakatning milliy xavfsizligiga tahdidlardan biri, deya e’tirof etildi. “Jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish Milliy dasturi”da ham korrupsiyaga qarshi kurashish masalalari belgilangan. Mamlakatimiz 2008 yil 7 iyulda BMTning “Korrupsiyaga qarshi” Konvensiyasiga (Nyu-York, 2003 yil 31 oktabr) qo‘shildi. Davlatimiz 2010 yil mart oyida Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish tashkiloti doirasida qabul qilingan korrupsiyaga qarshi kurashishning Istanbul rejasiga (2003 yil 10 sentabr) qo‘shilgan. Shuningdek, Oliy Majlis tomonidan Jinoiy daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha Yevroosiyo guruhi to‘g‘risidagi bitimi (Moskva, 2011 yil 16 iyun) 2011 yil 13 dekabrda ratifikatsiya qilingan. O‘zbekiston mintaqamizda birinchilardan bo‘lib “Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonunni qabul qildi.
Ushbu tadbirlarning mantiqiy davomi sifatida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev tomonidan 2017 yil 3 yanvar kuni imzolangan “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonun muhim ahamiyat kasb etadi. Hujjatda korrupsiyaga qarshi kurashishning asosiy tamoyillari sifatida qonuniylik; fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari ustuvorligi; ochiqlik, shaffoflik va tizimlilik; davlat va fuqarolik jamiyatining o‘zaro hamkorligi; korrupsiyadan ogohlantirish va javobgarlikning muqarrarligi bo‘yicha choralar ustuvorligi keltirib o‘tilgan. Shu bilan birgalikda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha faoliyatni bevosita amalga oshiruvchi davlat organlari belgilangan bo‘lib, bu organlarga O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi; O‘zbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmati; O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi; O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi; O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Soliq, valyutaga oid jinoyatlarga va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish departamenti kabi davlat organlari kiradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |