Shakllarda pleonazm va tejamkorlik. Bir so‘zda ma’nolari bir xil yoki yaqin bo‘lgan qo‘shimchaning takrorlanishi (ikki, ba’zan uch) affiksal pleonazm deyiladi. Pleonazm affikslarda bir necha ko‘rinishga ega. Masalan, bir affiksning aynan o‘zi yoki tashqi shakli har xil bo‘lgan – ma’nodosh affikslar takrorlanadi: takrorlangan bu affikslar:
a) zich, ketma-ket holda (ayting-iz-lar) ham;
b) ajralgan holda ham bo‘lishi (ish-da -lig-im-da) mumkin.
Affiksal pleonazm har xil sababga ko‘ra yuzaga keladi. Bir affiks o‘zak bilan juda ham zichlashib, o‘zakning tarkibiga singib ketadi, bunda o‘zak o‘z mustaqqilligidan mahrum bo‘ladi, natijada so‘zga shu qo‘shimchaning ma’nodoshlaridan biri qo‘shilishi mumkin, qo‘shimcha arxaiklashib, undan keyin tildagi iste’molda bo‘lgan qo‘shimcha qo‘shiladi (ichkariga), (tashqariga), (nariga), (beriga), (barisi) kabi). Takrorlanayotgan sinonim affikslarning barchasi «tirik» bo‘lsa, ular ta’kid, kuchaytirish kabi uslubiy vazifani o‘z zimmasiga oladi (sizlar aytingizlar kabi). Boshqa tildan kirgan affiks tushunarli va keng iste’molli bo‘lmaganda ham uning tilimizdagi ma’nodoshi qo‘llanadi (yor-on-lar kabi). Qo‘shimcha qo‘shilishi natijasidagi tovush o‘zgarishi ham ma’nodosh affiksning qo‘shilishiga sabab bo‘ladi: (yarmisi), (kichkinagina), (unisi), (anavinisi), (qaysinisi), (singlisi), (toychoqcha) kabi.
Pleonazm aksariyat hollarda til evolyutsiyasi bilan bog‘liq hodisa. Bunga o‘zbek tilining akademgrammatikasida ayrim izoh berilgan: 1. Ot va sifat yasovchi (-lik) affiksi farqlanib, vazifasi ajralishi [-li] sifat yasaydi, [-lik] ot yasaydi) natijasida ular ketma-ket qo‘llanadigan bo‘lgan: (aqllilik), (ifodalilik), (bilimlilik). 2. Og‘zaki so‘zlashuv nutqida ba’zan uchrab qoladigan (mashshoqchi), (xodimchi) kabi so‘zlarda «bajaruvchi» ma’nosi ikki marta ifodalangan: ichki fleksiya (arab tilida [mashshoq] – mashq qiluvchi shaxs, [xodim] – xizmat qiladigan shaxs) va [-chi] affiksi orqali. 3. Bir xil ma’nodagi ikki affiks qo‘shma affiks maqomini oladi: [yog‘ingarchilik], [namgarchilik], [rasvogarchilik] kabi. 4. Kelishik va egalik affikslarining ikki marta ifodalanishi (kitobni uch so‘mdanga oldi, romanning so‘zboshisi) ham pleonazmning o‘ziga xos ko‘rinishi. 5. Bir qo‘shimchaning o‘zi takrorlanganda, ko‘pincha ular morfema fonetik variantlarining qator kelishi tusida bo‘ladi (fonetik, uslubiy qulaylik): qistalang ([-ta], [-la]), shoshilinch ([-l], [-n]), tiqilinch ([-l], [-n]) kabi. 6. Bir ma’nodagi ikki affiksning ketma-ket qo‘llanishi analogiya natijasida tug‘ilishi ham mumkin. Masalan, biri - birisi, yig‘loq- yig‘loqi, sayroq- sayroqi, o‘ynoq-o‘ynoqi.
Tejam – plenonazmning ziddi. Tildagi tejam tamoyili so‘zlovchi (individ) ning ruhiy, psixofiziologik quvvatini til birliklarini qisqartirish, tushirib qoldirish orqali tejash, kommunikatsiyaga ketadigan vaqtni kamaytirish, tildagi ortiqchalikni bartaraf etish ehtiyojidan kelib chiqib, zohir bo‘ladigan umumlisoniy qonuniyat. Op keling (olib keling), buyam (bu ham), qong (qoling) kabi hodisa bunga misol bo‘ladi. Tejamkorlikning fonetik, morfologik ko‘rinishi mavjud. Morfologik tejam asosida fonetik tejam yotadi. Yirik-irik, yigit-igit, yiroq-iroq qisqaruvi fonetik tejamga misol. Olib ber - ober, bizim - bizning, sizing - sizning kabilar morfologik qisqaruvga misol. Olib ber - ober, bizim - bizning, sizing - sizning tejalishlari – nutqiy qisqaruv.
Tejam o‘z maqomiga ko‘ra yo lisoniy, yo nutqiy bo‘lishi mumkin. Masalan, jo‘nalish kelishigi shakli dastlab [-qaru] ko‘rinishida bo‘lgan, bugungi kunda u qisqarib, [-ga] shakliga kelib qolgan. Bu – tejamning lisoniylashuvi. Olib, er - ober, bizim - bizning, sizing - sizning tejalishi nutqiy qisqaruv. Chunki, masalan, sizing so‘zshaklidagi (-ing) lisonda [-ning] shaklida yashaydi. Tilshunoslikda faqat nutqiy qisqaruvlarnigina tejam sifatida tan olishga moyillik kuchli. Tejam o‘z mohiyatiga ko‘ra nutqiy aloqani osonlashtirishga xizmat qiladi, biroq axborot ko‘lamiga salbiy ta’sir ko‘rsatmaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |