XV asrning 2-yarmida Movaraunnahr va Xuroson. Temuriylar saltanatining inqirozga yuz tutishi
O‘zaro toju-taxt uchun kurash Abdullatifni razillik botqog‘iga botirib uni o‘z otasining qotiliga aylantirdi. Garchi u taxt egasi bo‘lsa-da, xalq uni «padarkush» (otasining qotili) sifatida la’natlar, Ulug‘bek tarafdorlari unga dushmanlik ko‘zi bilan qarar edi. Bunday bir paytda Abdullatif xurofotchi din ahllari, darveshlar guruhi bilan ham yaqinlashishga harakat qildi. Biroq qotil padarkush taxtda uzoq o‘tira olgani yo‘q. 1450 yilning 8 mayida, shahar handag‘i yonida, Bog‘inavdan nariroqda unga qarshi suiqasd qilinib o‘ldiriladi. Bu xususda so‘z yuritgan tarixchi Mirxond fitnachilar tap tortmasdan harakat qilib, uning kesilgan boshini Registondagi Ulug‘bek o‘zi qurdirgan madrasa peshtog‘iga namoyishkorona tarzda ilib qo‘yadilar, deb ta’riflagan edi. Bu qotillikdan so‘ng, tezda Samarqand taxtiga temuriylardan biri Mirzo Ulug‘bekning jiyani hamda kuyovi Mirzo Abdullo o‘tiradi. Buxoroda esa hokimiyat Mironshohning nevarasi Sulton Abu Said qo‘liga o‘tadi. Mirzo Abdullo o‘zining bir yillik hukmronlik davrida mamlakatda barqarorlikni tiklashga, Mirzo Ulug‘bekning madaniy sohadagi ishlarini davom ettirishga, markaziy hokimiyatni kuchaytirishga harakat qiladi. U taxt uchun da’vogarlar Alouddavla va Abu Saidlar bilan kurash olib borib, Samarqandga qarshi yurish qilgan Abu Said qo‘shinini tor-mor keltiradi. Abu Said Sirdaryo ortiga qochib, Dashti Qipchoq o‘zbeklari xoni Abulxayrxondan (1428-1468) taxtni egallash uchun yordam so‘rab murojaat qiladi. 1451 yili yozida Samarqand yaqinidagi SHeroz qishlog‘idagi qattiq jangda Mirzo Abdullo o‘ldirilib, taxt Sulton Abu Said Mirzo (1451-1469) qo‘liga o‘tadi. Temuriylar davlatining Xuroson erlari SHohruhning boshqa bir nevarasi, Boysunqurning o‘g‘li Abulqosim Bobur qo‘lida saqlanib qolib, u to vafoti (1457) ga qadar Hirot taxtini boshqarib turadi. Bu vaqtga kelib o‘zaro siyosiy tarqoqlik yanada avj oladi. Birgina Xurosonning o‘zi o‘ndan ortiq qismga bo‘linib ketadi. O‘zaro taxt uchun muttasil kurashlar mamlakat iqtisodiy va madaniy hayotiga katta zarar etkazib, inqiroziy holatlarga sabab bo‘la boshladi. Abulqosim Bobur Xurosonni o‘z qo‘li ostida birlashtirishga, SHohruh davlatidagi madaniy hayotni tiklashga harakat qildi. Lekin 1454 yili uning Samarqandga yurishi muvaffaqiyatsiz tugab, 40 kunlik shahar qamalidan keyin u yana orqaga qaytishga majbur bo‘lgan edi.
1457 yili Abulqosim Bobur Mashhadda vafot etgandan so‘ng Hirot taxti, Xuroson erlari uchun kurash yana avj oldi. Bunday vaziyatdan ustalik bilan foydalangan Movarounnahr hukmdori Sulton Abu Said Mirzo 1457 yili Xurosonga yurish qilib Hirotni egallaydi. SHu tariqa Abu Said temuriylar davlatining ikkala qismini birlashtirishga muvaffaq bo‘ladi. Sulton Abu Said Mirzoning (1451-1469) hukmronlik davrida davlat hududlari kengayib, uning chegaralari SHarqiy Turkistondan to Iroqqacha, Sirdaryodan to Hindiston chegaralarigacha bo‘lgan erlarni o‘z ichiga oldi. O‘z hukmronligi davrida Abu Said doimiy ravishda hokimiyatini mustahkamlashga, isyonkor amaldor-noiblarni jazolashga asosiy e’tiborini qaratdi. SHuningdek, u birmuncha iqtisodiy va madaniy tadbirlar o‘tkazishga ham urindi. Lekin, uning bu sohadagi ishlari o‘zining yaxshi natijasini bera olmadi. Ma’rifat va madaniyat Ulug‘bek davridek gullab yashnamadi. SHuningdek, Abu Said Xuroson, Eron, Xorazmdagi siyosiy tarqoqlikni ham butkul tugata olmadi. Hirot taxtiga da’vogarlardan biri Umarshayxning evarasi, yosh temuriy shahzoda Sulton Husayn (1438-1506) Abul Qosim Bobur vafotidan (1457 y.) keyin Xuroson mulki uchun o‘z harakatlarini boshlab yuborgan edi. U XV asr 60-yillaridan katta harbiy otryadga bosh bo‘lib, 1461-1464 yillarda Hirot, Obivard, Niso, Mashhad va Xorazmda hokimiyat uchun goh muvaffaqiyatli goho muvaffaqiyatsiz kurashlarni olib bordi.
1469 yili erta bahorda temuriylarga avvaldan tegishli bo‘lgan G‘arbiy Eron erlarini qaytarib olish maqsadida Sulton Abu Said Oqqo‘yunlo‘ turkmanlariga qarshi yurishni boshlaydi. Biroq, oqqo‘yunlo‘lar hokimi Uzun Hasan (1453-1478) tomonidan Ozarbayjonning Mug‘on dashtida jang vaqtida o‘ldiriladi. Abu Saidning o‘g‘illari Sulton Husayn bilan toju-taxt uchun kurashishga botina olmay, Movaraunnahrga qaytib ketadilar. Sulton Husayn esa 1469 yil 24 martda tantanali sur’atda Hirotga kirib keladi. Natijada temuriylar saltanati yana ikki qism: Xuroson va Movaraunnahrga bo‘linib ketadi. Movaraunnahr esa ketma-ket sulton Abu Saidning o‘g‘illari Sulton Ahmad (1469-1494), Sulton Mahmud (1494-1496) hamda Mahmudning o‘g‘li Sulton Ali Mirzo (1496-1501)lar tomonidan mustaqil ravishda boshqarildi. Lekin ko‘p holda ayniqsa Sulton Ahmadning davlat boshqaruvidagi kaltabin, uquvsiz va sustkashligi, Sulton Mahmud va Sulton Ali Mirzolarning davlat ishlarining o‘z holiga tashlab, aysh-ishratga mukkalaridan ketganligi bois ushbu hukmdorlar davrida o‘zaro tarqoqlik yanada kuchayadi. Ayrim viloyat noiblari, amirlarning ta’siri o‘sib, ko‘pincha ular mustaqil faoliyat yo‘liga o‘tib ola boshlaydilar. Siyosiy hayot, ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlarda ruhoniylarning, ayniqsa so‘fiylarning ta’siri yanada kuchayadi. Xususan, shu davrning ko‘zga ko‘ringan diniy arbobi Xoja Ubaydulloh Ahror (1404-1490), mamlakatda ta’sirli shaxsga aylanib, o‘zaro kurash nizolar vaqtida mamlakat tinchligini saqlash yo‘lida bir necha marotaba bu kurashlarni to‘xtatib qolishga muvaffaq bo‘ldi. El-yurt tinchligi, osoyishtaligi yo‘lidagi uning faoliyati, vatanparvarligi, albatta, e’tiborga sazovordir.
Temuriylar davlatining janubida ahvol o‘zgacha edi. Sulton Husayn (Boyqaro) (1469-1506) davlati o‘z tarkibiga Xorazm, Xuroson, Eronning bir qismini olgan bo‘lib, u temuriylar tarixida oxirgi yirik davlat arbobi bo‘lib qoldi. Uning deyarli 40 yillik hukmronlik davri ham o‘zaro kurashlardan xoli bo‘lmasa-da, lekin mamlakatda iqtisodiy va madaniy hayot yuksak darajada saqlanib qoldi. Mamalakat obodligi, farovonligi, iqtisodiy hayotning bir me’yorda kechishi, fan-madaniyatning yuksalishida o‘z davrining tadbirli va oqil hukmdori Sulton Husaynning roli nihoyatda katta bo‘ldi.
Do'stlaringiz bilan baham: |