Shaftoli – ko’pchilik navlari namli sharoitga talabchan hisoblanadi. Lekin, ba’zi navlari tuproqda nam yetishmasligiga hamda havoning quruqligiga nisbatan chidamli bo’ladi. Havo juda nam bo’lganda zamburug’ kasalliklari bilan zararlanadi.
Olxo’ri – asosan ildiz tizimi yuza joylashganligi sababli tuproq hamda havo namligiga talabchan hisoblanadi. Quruq tuproqda hamda havo quruq bo’lganda sust o’sadi va mevalari mayda bo’lib qoladi, ular ko’pincha to’kilib ketadi. Olxo’rilar ichida tog’olcha qurg’oqchilikka ancha chidamli hisoblanadi.
Gilos – havo namligiga uncha talabchan emas, biroq mevalari pishayotgan davrda yoqqan yomg’ir ularning yorilib ketishiga sabab bo’ladi. Yer osti suvlarining yuza joylashishi gilosga salbiy ta’sir ko’rsatadi.
Yong’oq – nam yetarli bo’lgan tuproqlardagina yaxshi o’sadi; quruq va sernam tuproqda yaxshi o’smaydi. Tuproq namligi yetarli bo’lganda havoning quruqligidan uncha zararlanmaydi.
Bodom - qurg’oqchilikka chidamli, kuruq toshloq tuproqlarda erkin o’sa oladi.
Anor - qurg’oqchilikka chidamli. Ammo uni suv bilan yaxshi ta’minlangan yerlardagina o’stirish mumkin. Suv yetishmasligi ayniqsa, iyuldan oktyabrgacha bo’lgan davrda hosildorlikni kamaytiradi, mevalarning sifati pasayadi.
Anjir - qurg’oqchilikka chidamli, biroq quruq tuproqlarda novdalar yaxshi o’smaydi va mevalari kam bo’ladi. Bu mevalarning bir qismi quriydi va yetilmasdan to’kilib ketadi.
Xurmo – qurg’oqchilikka nisbatan chidamli. Yaxshi o’sishi va hosil berishi uchun ko’p sug’orishni talab etadi.
Chilonjiyda (unabi) - qurg’oqchilikka chidamli o’simlik.
Rezavor mevalar - qulupnay, malina, qora smorodina namsevar hisoblanadi.
Meva va rezavor mevalarning hayot kechirishi uchun havo, ayniqsa kislorod va karbonat angidrid katta ahamiyatga ega.
Urug’li mevalarning mevalari, danak mevalilardan esa o’rik, shaftoli, olxo’ri shamoldan ancha zarar ko’radi (to’kiladi). Olcha, bodom, yong’oq mevalari shamolga ancha chidamli hisoblanadi. Navlarning chidamliligi ham har xil. Yirik mevalar ko’proq to’kiladi. Urug’li mevalardan olmaning Renet Simirenko, Delishes, Jonatan, Parmen zimniy zolotoy, nok navlaridan esa Bere Bosk, Olivye de Serr, Lyubimisa Klappa shamol ta’siriga ancha chidamli hisoblanadi. Kandil Sinap, oq Rozmarin olma navlari, Bere Ardapon, Bere Dil, Bere Ligelya, Dekanka zimnyaya nok navlari shamoldan to’kiluvchan hisoblanadi.
Tuproq tarkibidagi havo o’simliklarning hayoti uchun katta ahamiyatiga ega. Bu yerda u suv bo’lmagan hamma teshikchalarni to’ldiradi, tuproq havosida karbonat angidrid gazi atmosferadagiga nisbatan ancha ko’p, kislorod esa bir oz kam bo’ladi. Tuproq aerasiyasi yomon bo’lganda ildiz tukchalari quriydi va bu bilan o’simlikning ildizi ham yer ustki qismi zararlanadi. Natijada barglar xlorozi, shoxlarning qurishi va nekrozi yuz berishi mumkin. Tuproq aerasiyasini yaxshilash uchun yer maxsus pluglar bilan haydaladi, tuproq chuqur yumshatiladi, begona o’tlarga qarshi kurashiladi va organik o’g’itlar beriladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |