Asosiy tushunchalar: O’zbekistonda meva daraxtlarini kesish kuzda hazonrezgilikdan boshlanib, erta bahorda tanasida shira harakati boshlanguncha davom ettiriladi. Ayniqsa, erta bahorda kesish yaxshi samara beradi. -10-12 oS sovuqda daraxt shox-shabbasini butash tavsiya qilinmaydi. Gilos, o’rik, shaftoli, olmaning Renet Simirenko navini bahorga yaqin fevralning ikkinchi yarmi va mart oyida kesgan ma’qul.
Meva daraxtlarini kesish ikkiga bo’linadi. Birinchisi shox va butalarni qisqartirish, ikkinchisi shox-shabbani siyraklashtirishdan iborat. Qisqartirish usuli qo’llanilganda, shu yili o’sgan novdalarning yoki ko’p yillik shoxlarning bir qismi kesib tashlanadi. Siyraklashtirishda esa novda, shox yoki butoqlar tanaga tutashgan joyidan qirqib tashlanadi. Meva daraxtlarini kesishda ikkala usul ko’proq qo’llaniladi.
Daraxtlar birinchi va ikkinchi davrlarda, ya’ni hosilgacha uzun yangi novdalar chiqaradi. Agar ular butalmasa, bundan ularning pastki qismi yon shoxlardan alohida bo’lib qoladi. Daraxt hayotining uchinchi va to’rtinchi davrlarida novdalarning jadal o’sishi sekinlashadi, so’ngra esa to’xtaydi, bachki novdalar paydo bo’ladi Butash orqali turli yoshdagi shoxlarning o’zaro nisbati tartibga solinadi, shox-shabba ichiga yorug’likning me’yorda tushishi va havo o’tadigan bo’lishi ta’minlanadi. Shoxlar va novdalarning o’sishi kuchayadi. Bunga novdalarni o’rtacha qisqartirish va shox-shabba hamda halqali meva shoxlarini siyraklatish orqali erishiladi.
Daraxt hayotining beshinchi, oltinchi va yettinchi davrlarida novdalar o’sishdan to’xtaydi. O’suv shoxlari, daraxtning uchki novdalari qurib qoladi, ayrim asosiy shoxlar quriydi, bachki novdalar hosil bo’ladi. Bu davrdagi butashdan maqsad daraxtning hayotini uzaytirish- uni yoshartirish, eski asosiy va o’suv shoxlarini yangilariga almashtirish, meva berishini tartibga solishdir.
Meva daraxtlarini kesishda ularning yoshi, tur va nav xususiyatlari hisobga olinadi. Bog’larda kesish ishlari danakli turlardan va meva beradigan urug’lik daraxtlardan boshlanadi, chunki ular kuzgi o’sishni erta tugallaydi. Yosh daraxtlar kechroq, mumkin qadar bahorga yaqin qattiq sovuqlar o’tgandan keyin butalgani ma’qul.
Meva daraxtlarini ko’pincha qishda sovuqqa chidamsiz turlari va navlari bahorga yaqin kesilishi kerak. Bu birinchi navbatda shaftoli, gilos, yong’oqqa, olmalardan Renet Simirenko nav olmasiga taalluqlidir. Kam hosil beradigan yilda kamroq kesish yo’li bilan ilgari chiqqan gul kurtaklarni saqlab qolish lozim, aks holda kelasi yili uchun mo’l hosil olish kuzda ko’proq kesish yoki bahorda shoxlarni siyraklashtirish yo’li bilan gulkurtaklar sonini kamaytirish kerak.
Yangi novdalarni qisqartirishda kurtakni to’g’ri kesish zarur. Kesish shoxning qarama-qarshi tomonidan, kurtak asosidan boshlab uning uchida tugallanadi Shoxlarni ortiqcha qiyalatib kesishiga yo’l qo’ymaslik kerak, chunki bunda kurtak qurib qolishi mumkin. Yon shoxni butunlay kesib tashlayotganda, halqali meva shoxning ingichka qismini bo’rtma qoldirmasdan “halqa” shaklida kesish kerak. Yo’g’on shoxlarni dastlab pastdan arralab, keyin qolgan qismi yuqoridan olib tashlanadi. Ingichka shoxlar o’tkir va toza tok qaychi va bog’ pichog’i bilan kesib qisqartiriladi.
Gullayotgan bog’larni bahorgi sovuqlardan himoya qilish bog’lardan yuqori hosil olish uchun eng muhim tadbirdir. Kelib chiqishi jihatidan sovuqlar ikki xil: adventiv va radiasion tipda bo’ladi. Birinchi (adventiv) tip sovuq (arktik) havo oqimi bosib kelishidan paydo bo’ladi. Ular keng hududni qamrab oladi, nisbatan uzoq vaqt davom etadi (2-3 kun va undan ko’proq), harorat keskin pasayadi, havoning absolyut namligi pasayadi, shamol kuchayadi, bulut kamayadi. Bu xavfli bo’lib, unga qarshi kurashish qiyin bo’ladi. Ikkinchi (radiasion) tip sovuqlar tuproqdagi issiqlikning chiqishi va daraxtlar kunduzi olgan issiqlikni chiqarishi natijasida ayrim joylarda bo’ladigan tungi sovuqdan iboratdir. Ularning paydo bo’lishi va zarari, havo ochiq, bulutsiz bo’lganda, 1 soatga yaqin, shamolsiz va quruq havoda kuchayadi. Bulut yerdan va daraxtlardan oladigan issiqni ushlab turadi. Sovuqlarning bunday tipi juda tez-tez bo’lib, 3-4 soat davom etadi.
O’zbekistonda bahorgi sovuqlar mart oyida juda ko’p, aprelda kamroq bo’ladi. Bu sovuqlar, ayniqsa, erta gullaydigan meva daraxtlari – bodom, o’rikka zarar yetkazadi, ba’zan, shaftoli, olxo’ri, olcha, gilos, yong’oqni va kech gullaydigan daraxtlardan nok va olmani ham zararlantiradi.
Erta sovuqlarning gullarga yomon ta’siri haroratning pasayish darajasigagina bog’liq bo’lib qolmay, balki gullarning rivojlanish fazasiga ham bog’liq bo’ladi: ular qancha ko’p rivojlangan bo’lsa, sovuqlardan shuncha kuchliroq zararlanadi. Shuning uchun sovuqlar qancha kech bo’lsa, u shuncha ko’p zarar keltirishi mumkin, o’simlik yosh organlarining birmuncha rivojlanishiga to’g’ri keladi (kurtaklar, g’unchalar, gullar, tugunchalar). Keyin bo’ladigan bahorgi har bir sovuq, kam kuchli bo’lsa ham, birinchi sovuqlarga qaraganda ko’proq zarar keltirishi mumkin.
Olcha, shaftoli va o’rik gullari sovuqlarga birmuncha chidamli bo’ladi.
Meva daraxtlarining gullarini 2-3 0C haroratda 5 soat davomida sovuqqa qoldirilganda ularning nobud bo’lish foizi quyidagicha bo’lgan:
Xitoy xurmosi (unabi), xurmo, yong’oq va do’lana – 100 %, o’rik, tog’olcha va behi – 94-96 %, olcha va olma 89-90 %, olxo’ri – 77 %, shaftoli -70 % va nok – 65 %.
Nok, olxo’ri, olma va yong’oq gullari qisqa muddatli–2,2-2,8 oS, o’rik – 4 0C, shaftoli, bodom – 4,5 0C sovuqqa bardosh beradi.
Gullar ayrim qismlarining past haroratga chidamliligi turlicha bo’ladi. Gulning geniseyi (urug’chi va og’izchali tugunchasi) sovuqqa juda ta’sirchan bo’ladi. Ba’zan tugunchalar harorat - 1 0C dan pasayganda ham zararlanadi. Tog’olcha, nok, olma va olxo’rining tugunchasi past haroratlarga birmuncha chidamli bo’ladi. Changchi tugunchalarga nisbatan ancha past haroratga ham chidaydi. Masalan, gul changi, hatto -200C haroratda ham unuvchanligini saqlaydi. Qora sovuqlardan, ba’zan, urug’kurtaklar zararlanadi, natijada partenokarpik (urug’siz) mevalar hosil bo’ladi, bular, ko’pincha mazkur nav uchun xos bo’lmaydi. Mevalarda cho’zinchoqlik, yara-chaqa, pishganda esa po’kak xalqa, chatnash va g’uddalar paydo bo’ladi. Ko’pincha urug’li meva daraxtlarining tugunchalarini sovuq urishi natijasida ularning mevalari burishib qoladi.
Sovuqlar tuguncha va gullarga ko’proq, g’unchalarga birmuncha kamroq ta’sir qiladi. Yopiq g’unchalar faqat 3-50C gacha bo’lgan kuchli sovuqlardan zararlanadi. Uncha qattiq bo’lmagan (-10C), lekin meva tugish davrida uzoq vaqt davom etadigan sovuqlar hosilni yo’qqa chiqarishi mumkin.
O’simliklar 00C dan past haroratda zararlanganda hujayralari suvsizlanadi va muz protoplazmani mexaniq shikastlantiradi. Protoplazma shu darajada suvsizlanib qoladiki, natijada u qovjiraydi, bujmayadi va qurib qoladi. Hujayra sovuqdan to’liq jarohatlanmaganda hujayralar orasidagi suv hujayraga o’tib, uning turgori tiklanadi va o’simlik hayotini davom ettiradi.
Agar sovuqdan keyin o’simlik quyosh nurlari ta’siriga duch kelsa, bunda hujayralardan hujayra oralariga o’tgan suv tezda bug’lanib ketadi va o’simlik yoki uning qismlari suvsizlikdan (qurib) nobud bo’ladi. Agar erish soya joyda sekin o’tsa, bunda hujayra turgor holatga kelib, o’simlik tiklanadi. Shuning uchun sovuqlarga qarshi kurash o’simlikdagi muzning asta-sekin erishi uchun sharoit yaratishga qaratilgan bo’lishi kerak.
Daraxtlarni himoya qilishning ikki usuli – profilaktik va bevosita himoya qilish mavjud.
Profilaktik tadbirlar: bog’ barpo qilishda tur va navlarni tanlash, bog’ uchun joy va tuproq tanlash, qo’llaniladigan agrotexnika o’simliklarni qora sovuqlarga chidamliligini oshiradigan daraxtlarni oziqlantirishni kuchaytirish va hokazolardan iborat.
Yana asosiy tadbirlardan biri, meva daraxtlarining o’sishini mumkin qadar kechiktirish, bahorgi sovuqlar o’tib ketguncha ularning gullashini kechiktirish. Bunda daraxtni va bog’ni quyosh nuridan saqlash orqali erishish mumkin. Ana shu maqsadda kuzda va yanvar, fevral oxirlarida daraxtlarga yoppasiga – yuqori qismidan asosigacha ohak eritmasi purkash tavsiya etiladi (1 litr suvga 80 g ohak, 5 g sovun va 30-35 g tuproq solib tayyorlanadi). Eritma purkalgandan keyin daraxt yuzasi quyoshning tik nurlarini yaxshi qaytaradi, natijada kurtak va boshqa shox-shabba kamroq qiziydi, daraxt “majburiy tinim” holatida bo’ladi. Bu usul bir oz samara bersa-da, kurtaklarning yozilishini 2-6 kunga kechiktirishi mumkin.
Tuproq qizishining oldini olish va nam to’plash maqsadida bog’lar kuz va qishda yoppasiga mo’l qilib bostirib sug’oriladi. Namning tuproq orqali bug’lanishi, uning va yaqinidagi havo qatlamining haroratini pasaytiradi. Natijada bog’lardagi daraxtlarning gullashi 5-6 kunga kechiktiriladi.
Ikkinchi asosiy vazifa – daraxtlarni qora sovuqlardan saqlash yoki hyech bo’lmaganda ularning yomon ta’sirini bo’shashtirishdan iborat.
Bunday usullar bir qancha. Ulardan asosiylari quyidagilar:
Bog’larni tutunlatish – tutun narsalar uyumini, tutun parda hosil qiladigan shashkalarni tutatib va samolyotdan bog’ ustiga tashlanadigan qator kimyoviy birikmalar yordamida hosil qilinadi.
Tutun uyumlari axlat, go’ng, yaroqsiz nam poxol, shox kesiklari, qipiq, barg va boshqa ko’p tutun hamda bug’ chiqarib yonadigan materiallardan hosil qilinadi. Uyumning katta-kichikligi 1-1,5 m balandlikda va 1,5-2 m kenglikda bo’ladi. Tagida quruq va yengil alangalanib yonadigan materiallar, ustiga nam, tutaydigan, yonayotganda ko’p tutun va bug’ chiqaradigan materiallar solinadi. Uyum ustiga 2-3 sm qalinlikda tuproq solinadi, yuqorisida esa tutun chiqishi uchun teshik qoldiriladi. Bog’lardagi harorat pasayib 1-00C tushib qolganda uyumlar shamol esayotgan tomondan yondiriladi. Takroriy qora sovuqlar bo’lib qolishini nazarda tutib, ularning yarmini qoldirib, ya’ni uyum oralatib yondiriladi. Yongan uyumlardan chiqqan issiqlik havo haroratini gradusini bir necha o’n ulushidan 0,75-1,00C gacha isitishi mumkin. Kuchsizroq sovuqlarda haroratning bunday oshishi ham ijobiy natija beradi. Uyumlar hosil qilishdan asosiy maqsad – ko’proq quyuq, barqaror tutun va bug’ chiqarish, ularning bog’ ustiga yoyilib, yerning va daraxtlarning nur tarqatishini kamaytirishidan iborat.
Tutunlarning havo harorati isiy boshlagunga qadar davom etishi va quyosh chiqishidan 1-2 soat keyin tugatish lozim.
Bog’larni isitish uchun daraxtlar tagiga qizil fosfor yoqish ham tavsiya etiladi (I.I.Tumanov va boshqalar), bular juda ko’p tutun hosil qilib yonish xususiyati bilan farq qiladi. Fosfor bilan tutunlatish 2-5 soat davomida 3,8-60C issiqlik berishi mumkin. Lekin, bu usul faqat kichik maydonlar va alohida qimmatli navlar uchungina qo’llanilishi mumkin, chunki u juda qimmatga tushadi.
Bog’larda sovuqqa qarshi kurashish uchun maxsus grelkalarda (isitgichlar) neft va toshko’mirdan qilingan briketlar yoqiladi. Bulardan asosan sitrus mevalar yetishtiriladigan bog’larda foydalaniladi. Ular havo haroratini 30S gacha ko’taradi, 150 grelka 1 ga bog’da haroratni 4-4,50C gacha oshiradi. Katta bog’larda ulardan foydalanish birmuncha qiyin, hamma vaqt ham kutilgan samarani bermaydi.
Sovuqlar vaqtida bog’larni qondirib sug’orish ham ular ta’sirini bir muncha kamaytiradi. Yer beti suv bilan qoplangunga qadar ko’llatib sug’oriladi. Bunda suv harorati havo haroratidan yuqori bo’lganligi uchun bog’larning suv isitgichi hisoblanadi. Ikkinchi tomondan hosil bo’lgan suv bug’lari yerning va daraxtlarning nurlanishini kamaytiradi hamda havo haroratini pasayishiga yo’l qo’ymaydi.
So’nggi yillarda sovuqlarga qarshi kurashda bog’lar ustini yomg’irlatish tavsiya etiladi. Gullayotgan daraxtlarga suv purkashni harorat – 20C gacha pasayganda boshlash lozim. Suv sovigan havoni isitadi.
AQSh va Fransiyada qora sovuqlarga qarshi kurashda ventilyator va vertolyotlar yordamida (30 km tezlikda vaqti vaqti bilan10 minut) bog’ ustida 10 metr balandlikda havo qatlamlarini aralashtirish keng qo’llanilmoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |