Mehnat sohasidagi nizolarni hal etish yo`llari.
Mehnat nizolarini hal qilish–bu ularning sabablari va oqibatlariga barham beradigan jarayon yoki aniq maqsadga qaratilgan faoliyatdir.
Mehnat nizolarini hal qilishning quyidagi aniq andozalarini ajratib ko`rsatish mumkin:
1.Agar kelishmovchi tomonlar muammoni hal etish yo`llarini topa olmasalar, ular tashkilotda yoki tashkilotlar o`rtasida ijtimoiy sulhni saqlash maqsadida o`zlarining da`volaridan o`zaro voz kechadilar.
2.Nizolashayotgan tomonlardan biri o`z da`volaridan voz kechadi, ularni unchalik muhim emas, deb hisoblaydi.
3.Nizolashayotgan tomonlar murosamadoraga kelish variantini qidiradilar, kelishish maqsadida o`z da`volarining bir qismidan voz kechadilar.
4.har ikkala tomon o`z da`volarini amalga oshirishi mumkin; agar yangi resurslar topilsa, agar nizo muammosi qandaydir uchinchi tomonga bog`liq bo`lsa, ya`ni anna shu uchinchi tomon hisobiga hal etilsa, shunday bo`ladi.
Binobarin, nizoni hal qilishning quyidagi turlari mavjud:
1.Alohida tur. Bunda ijtimoiy-mehnat munosabatlari jarayonnida nizolashuvchi tomonlar muammoni mustaqil ravishda o`z vazifalari va funktsiyalari doirasida bartaraf etishga qadir bo`ladi.
2.Umumtashkiliy tur, bunda mehnat nizosi tashkiliy o`zgarishlar natijasida hal etiladi.
3.Mustaqil tur, bunda nizolashuvchi tomonlar o`z imkoniyatlari, istak va qobiliyatiga tayanib, muammoni hal etadi.
4.Ommaviy tur, bunda muammoni hal etishda yon-atrofdagilar qatnashadi, ular hayrihohlik bildiradilar, maslahat beradilar, ma`qullaydilar yoki qoralaydilar.
5.Ma`muriy tur, bunda muammoni tartibga solish faqat ma`muriyat aralashuvi va tegishli qarorlar qabul qilishi bilan hal etiladi.
O`z navbatida, mehnat nizolarini hal qilishning quyidagi shakllari mavjud:
1.Qayta tashkil etish-kelishmovchiliklarni keltirib chiqargan tashkiliy-mehnat tartibini o`zgartirish, nizolashuvchi tomonlarga nisbatan kurashib ko`ndirishga urinib o`tirmaslik.
2.Axborot shakli, ya`ni nizolashuvchi tomonlar ongida vaziyat tarzini qayta qurishga, kelishmovchilikka nisbatan to`g`ri qarashga erishishga qatartilgan ijtimoiy-psixologik tartibga solish, mazkur aniq holatda hamjihatlikka erishishning foydasini targ`ib qilish.
3.O`zgartirish shakli, ya`ni nizoni foydasiz dushmanlik holatidan muzokara olib borish holatiga ko`chirish.
4.Chalg`itish-nizolashuvchi tomonlar diqqat-e`tiborini boshqa muammolarga burish yoki ular munosabatlarining ijobiy tomonga ko`chirish.
5.Uzoqlashtirish-nizolashuvchi tomonlarni umumiy tashkiliy-mehnat munosabatlaridan xoli qilish, masalan, boshqa ish o`rniga, boshqa bo`limlarga o`tkazish, kadrlarni almashtirish.
6.E`tibor bermaslik-kelishmovchilik o`z-o`zidan hal bo`lishi uchun yoki nizoga e`tibor qaratilishi uning keskinlashuviga ta`sir qilmasligi uchun unga pisandsizlik bilan qarash.
7.Bosib qo`yish-bu shunday vaziyatki, unda kelishmovchilik sabablari bartaraf etilmaydi, lekin har qanday nizoli muomala bitta yoki har ikkala tomon uchun ma`muriy do`q-po`pisa bilan taqiqlanadi.
8.Komform afzallik-muammoni ko`pchilik foydasiga hal etish, ijtimoiy jihatdan ancha kuchli bo`lgan tomon manfaatlarini qondirish.
Jamoalarga doir mehnat nizolarini hal qilish tartibi.
Amaldagi qonunlarni qo`llash, jamoa shartnomalari va bitimlarida yangi mehnat va turmushning ijtimoiy-iqtisodiy shart-sharoitlarini o`zgartirish masalalarini o`zgartirish masalalari xususida mehnat jamoalari bilan korxona, muassasa, tashkilotlar ma`muriyati yoki tarmoq boshqaruv organlari o`rtasida mehnat nizolari ziddiyatlari kelib chiqishi mumkin. Yuqorida ko`rsatilgan masalalar yuzasidan mehnat jamoasining talablari umumiy yig`ilishda ko`pchilik ovoz bilan tarkib topadi va tasdiqlanadi. Talablar yozma ravishda bayon qilingan bo`lishi va tasdiqlanganidan keyin uch kundan kechimay ma`muriyatga topshirilishi lozim. Agar mehnat jamoasining talablarini hal qilish ma`muriyat huquq doirasidan tashqarichiqsa, u xudi shu muddat ichida bu talablarni ko`rib chiqish uchun tegishli organga yo`llashi kerak. Mehnat jamoasining talablari rad qilingan yoki qondirilgan hollarda bu talablar kelishtiruvchi komissiyaga ko`rib chiqish uchun taqdim qilinadi. Kelishtiruvchi komissiyada bir to`xtamga kelinmagan yoki uning qarorlari ijro qilinmagan taqdirda taraflar mehnat arbitrajiga murojaat etishga haqlidirlar.
Mehnat arbitraji a`zolarining soni va shaxsiy tarkibi taraflarning kelishuvi asosida belgilanib, uning tarkibiga xalq deputatlari, yuqori turgan kasaba uyushmasa organlarining, mehnat va ijtimoiy masalalar bilan shug`ullanuvchi organning vakillari kiradi. Mehnat arbitrajining raisi taraflarning kelishuvi asosida arbitraj a`zolari orasidan tayinlanadi. Mehnat arbitraji ariza tushgan kundan e`tiboran etti kun muddat ichida qaror qabul qilishi lozim. Uning qarorini bajarish taraflar uchun majburiydir.
Basharti kelishtiruvchi komissiya va mehnat arbitraji taraflarning kelishmovchiligini bartaraf qila olmasa, buning sabablaridan jamoa xabardor qilinadi. Bunday holda jamoa o`z talablarini qondirish uchun qonunda nazarda tutilgan to ish tashlashgacha tashlashgacha bo`lgan jamiki choralarni qo`llashga haqlidir. Ish tashlash jamoaga doir mehnat nizosini hal etishning so`nggi chorasi bo`lib, uni o`tkazish to`g`risidagi qaror jamoa yig`ilishida yashirin ovoz berish yo`li bilan qabul qilinadi va mazkur jamoa a`zolari konferentsiya delegatlarining kamida uchdan ikki qismi uning uchun ovoz bergan taqdirdagina u qabul qilingan hisoblanadi.
Ish tashlash odamlarning hayoti va sog`lig`ini xavf ostida qoldirishi mumkin bo`lgan hollarda, shuningdek, temir yo`l va shahar jamoat transporti, shu jumladan metro, fuqaro aviatsiyasi, aloqa, energetika, mudofaa tarmoqlari korxonalarida, davlat organlarida, Respublikaning mudofaa qobiliyatini, huquq-tartiboti va xavfsizligini ta`minlash vazifalarini bajarish zimmasiga yuklangan korxonalar va tashkilotlarda, to`xtatib qolishi og`ir va xavfli oqibatlarga olib kelishi mumkin bo`lgan uzluksiz ishlaydigan ishlab chiqarishlarda ish tashlashga yo`l qo`yilmaydi. Ish tashlashda qatnashuvchi xodimning umumiy va uzlunsiz ish staji, davlat ijtimoiy sug`urtasi bo`yicha ta`minot olish huquqi saqlanib qoladi, mann etilmagan ish tashlashlarda qatnashuvchi xodimlarning esa ish joyi ham saqlanib qoladi. Ish tashlashda qatnashuvchi xodimlarning ish haqi saqlanmaydi. Ish tashlashda qatnashmagan, ammo ish tashlash tufayli o`z ishini bajarish imkoniga ega bo`lmagan xodimlarga korxona, muassasa, tashkilot xodimning aybsiz bekor turilgan vaqt uchun to`lanadigan ish haqini saqlab qolish shart.
Do'stlaringiz bilan baham: |