SHariat va islom axloqi. Mintaqa ma’naviyatida Rasululloh ibrati
Sunna bosqichining ikkinchi ulug‘ muvaffaqiyati islom axloqining mintaqada puxta shakllanuvidir. Payg‘ambarimiz hadislarining eng muhim va salmoqli qismi kishilarda yuksak insoniy fazilatlarni shakllantirishga qaratilgan. Undagi ota-onaga munosabat, ilmga munosabat, sabr-bardosh, shukronalikka da’vat, o‘zaro mehr, inoqlik, mehmondo‘stlik, etimparvarlik, vafo va sadoqat, mehnatsevarlik va halol luqmani sharaflash, kamtarlik, kamsuqumlik, samimiyat va rostgo‘ylik xislatlarining birinchi o‘ringa qo‘yilishi insoniyat uchun bebaho ma’naviy qadriyatlar silsilasini tashkil etadi. Qolaversa, islom axloqi ma’naviy qadriyatlarning tasodifiy to‘plami emas, balki munazzam va mukammal bir tizim holiga keltirilgani bo‘lib, albatta, bunda buyuk muhaddislar, birinchi navbatda, yurtdoshimiz Imom Buxoriyning xizmatlari beqiyosdir. Payg‘ambarimiz sunnatlarining ibratli o‘rinlari nihoyatda ko‘p. Misol tariqasida u zotning ahli ayolga munosabatiga e’tibor beraylik.
Ibn Umar raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: "Biz, janob Rasululloh hayotlik vaqtlarida, "Tag‘in, biror baloga giriftor bo‘lib qolmaylik!" deb xavotirlanganimizdan, ayollarimizga biror (qattiq) so‘z aytib, bemalolroq muomala qilishdan qo‘rqar edik. Janob Rasululloh (s.a.v.) vafot qilganlaridan so‘ng, ayollarimizga (qattiq) gapirib, bemalolroq muomala qiladigan bo‘ldik". Ushbu hadis mazmunidan ko‘rinib turibdiki, Payg‘ambarimiz ayollariga aslo qo‘pol muomala qilmaganlar, natijada boshqa sahobalar ham o‘z ahli ayollariga ehtirom va yumshoqlik bilan muomala qilishni o‘rganib borganlar. Darhaqiqat, Muhammad (s.a.v.) biror ayolning ko‘ngliga zarra ozor berganlari, xafa qilganlari haqida hech bir hadisda biror ishora yo‘q, aksincha, ayollar payg‘ambarimizga nisbatan ba’zan ozor beruvchi xatti-harakatga yo‘l qo‘ysalar ham u zot nihoyatda halimlik bilan javob qilganlar. Albatta, u kishi har bir inson singari ayollarning ham o‘ziga yarasha kamchiligi bor ekanini sezganlar, ammo urish-so‘kish, qattiq gapirish, izza qilish orqali bu kamchiliklarni aslo tuzatib bo‘lmasligi, faqat sabr, yumshoq muomala va shaxsiy namuna bilan ta’lim berilsa, ta’sirli bo‘lishi mumkinligini yaxshi bilgan va bu odobga izchil amal qilganlar. Demak, sunnaga amal qilgan kishi, ko‘p xotin olish haqida emas, ahli ayol ko‘nglini ranjitmaslik haqida qayg‘urishi islom axloqiga munosibdir. Jismoniy va ma’naviy poklikka intilish islom axloqining, Rasululloh hadislarining yana bir muhim mavzu yo‘nalishidir. Tahorat, g‘usl masalalari, misvokdan foydalanish (ya’ni, tishni toza tutish) tashqi ozodalik talablari bo‘lsa, haromdan, yolg‘on so‘z, g‘iybat, tuhmat, zinokorlik, o‘zga haqiga xiyonat, nohaqlik va zulmga yo‘l qo‘ymaslik, ulardan qat’iy saqlanish ichki, ma’naviy poklikka oid talablardir. Bular barchasi ham Qur’oni karimda, ham Rasululloh sunnatlarida juda qat’iy qilib qo‘yilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |