SHaxsning iqtisodiy mustaqillik mas’uliyati. Oila ma’naviy muhiti. SHaxs, millat, bashariyat
SHaxs ma’naviyatining turli qirralari bor. Ularning har biri xususida alohida to‘xtalish, alohida tahlil zarur. Ammo bu mavzularni bir kitobda qamrab olish imkondan tashqari, zero shaxs ma’naviyatining mufassal tahlili katta-katta risolalarni talab etadi. Biz bu o‘rinda, ham namuna sifatida, ham bugungi sharoitda nihoyat darajada dolzarbligini nazarda tutib, faqat bir muammoga to‘xtalib o‘tamiz. SHaxs ma’naviyatining bosh belgisi, ilgari ham aytib o‘tganimiz, mas’uliyat tuyg‘usidir. Mas’uliyat tuyg‘usining turli jihatlari, darajalari mavjud. Ularning eng asosiysi va bugungi kun voqeligida eng muhimi, nazarimizda, shaxsning iqtisodiy mustaqillik mas’uliyatidir.
O‘zlikni anglashning pog‘onalari bor. SHaxsning o‘zligini anglashi uning o‘z insonlik mohiyatini anglay borishi bilan belgilanadi. Inson moddiy vujud ekan, avvalo, o‘zini moddiy makonsiz mavjud bo‘la olmasligini anglab etsa va unga nisbatan ko‘nglida mas’uliyat uyg‘onsa, ushbu mas’uliyat ma’naviyat atalmish botiniy quvvatga dastlabki tutashuvni hosil qiladi. Insonni SHaxsga aylantiruvchi ma’naviy kamolotning birinchi pog‘onasi shudir. Ayni shu pog‘onada vatan tuyg‘usi shakllanadi. Biz bu haqda oldingi bobda batafsil gapirdik.
SHaxsning moddiy vujud ekanligi, undan shu moddiy vujudni himoyalash, tirikligini saqlash, ya’ni o‘z mavjudligini ta’minlash ehtiyojini paydo qiladi. Inson — hayvon emas, ammo farishta ham emas. Unga faqat biologik mavjudot deb qarash etarli bo‘lmasa-da, ammo moddiy mavjudligini ta’minlash ehtiyoji va o‘zidan so‘ng zurriyot qoldirish vazifasi har bir insonda mavjud ekanligini ham inkor etib bo‘lmaydi. Inson o‘z moddiy mavjudligini umr bo‘yi, uzluksiz ta’minlab borishga majbur, busiz u o‘zga hech qanday vazifani bajara olish imkonini topmaydi. Ahli bashar naslining vorisiyligini ta’minlash ham inson bo‘ynidagi qarzdir.
Ma’lumki, bu ikki ehtiyoj boshqa jonzotlarda-o‘simlik va hayvonlarda ham mavjud. Ular ham o‘z moddiy mavjudligini ta’minlab, o‘zidan keyin nasi qoldirishga urinadi. Zohirbin moddiyunchi xuddi ana shu o‘xshashlikka asoslanib muayyan xulosalar hosil qiladi. Ammo imon egasi uchun bu o‘rinda inson va o‘zga moddiy mavjudotlar orasida jiddiy farq ko‘zga tashlanadi. Hayvon topganini eydi. Uning uchun «o‘zga haqqiga xiyonat», «halol» va «harom» tushunchalari yo‘q. O‘zligini anglab etgan, Haqni tanigan inson esa, halol mehnat bilan rizqi ro‘z yaratadi. U xoh dehqon, xoh kosib, xoh tijoratchi tadbirkor bo‘lsin, tirikchilik yo‘lida urinar ekan, bir o‘zi va ahli oilasigagina emas, butun jamiyat, o‘zi singari barcha insonlarga manfaat keltiradi, halol mehnati natijasiga ko‘ra ezgulik yo‘lida riyozat chekadi. Agar har bir hayvon zoti o‘zi uchun buyurilgan doirada ko‘katlar yoki o‘zga jonivorlarni tutib eb, o‘z nafsini qondirsa, inson, birinchi navbatda, yaratuvchi. U er haydab, urug‘ tikadi, niholni parvarishlab, hosil undirib, rizqini mehnati bilan halollab iste’mol qiladi. Agar inson ushbu eng birinchi vazifasini yuksak mavqeyiga muvofiq bajarmasa, faqat rohatini o‘ylab, har qanday yo‘l bilan bo‘lsin, nafsini qondirish payida bo‘lsa, u tezda hayvondan ham tubanlashib ketishi hech gap emas. Barcha maxluqot Alloh buyurganini bajaradi, bunga shak yo‘q. Ammo hayvonot va nabotot olamida har bir jins va tur Haq tomonidan qat’iy belgilangan vazifasini og‘ishmay bajarsa, inson iroda erkinligi tufayli hayotdagi vazifasini imon-e’tiqodidan kelib chiqib o‘zi ixtiyoriy belgilaydi. Ayni shu iroda erkinligi insondan o‘z hatti-harakatiga ongli yondoshuvni taqozo qiladi. O‘zligini anglashga urinmasa, nafsiga erk bersa, bani odam uchun nafaqat mechkay, aroqxo‘r va nashavand, balki o‘g‘ri va muttaham-kazzob, fohisha va qotilga aylanish xavfi doim tahdid solib turadi. SHunday razolatlardan insonni hayo va andisha, insof va ornomus singari sof insoniy xislatlar saqlaydi, imon-e’tiqod nuri uni solihlar yo‘liga undaydi.
Demak, barcha jonzotlardan farqli ravishda insonning har bir qadami ma’naviy o‘lchamlarda baholanadi. Uning moddiy ehtiyoj va intilishlarining ham ma’naviy mezonlari mavjud bo‘lib, moddiy hayotni davom ettirish maqsadida eydigan bir burda noni ham «halol-harom»lik jihatidan baho oladi va taqdiriga ta’sir ko‘rsatadi.
Bahouddin Naqshband hazratlari Payg‘ambarimizning quyidagi hadislariga ko‘p ishora etmishlar: «al ibodatu asharatu ajzoin, tis’atun minho talab ul haloli va juz’un vohidun minho soir ul-ibodoti», ya’ni «ibodat o‘n qismdur, uning o‘ndan to‘qqizi halol rizq topish harakatida, bir qismi esa boshqa ibodatlardadir»110. Demak, halol rizq yo‘lida urinish Allohga qulchilikning, Haq yo‘lidagi ibodatning asosiy qismini tashkil etar ekan.
Har bir inson zimmasida iqtisodiy mustaqillik mas’uliyati bor. Hech kim o‘zga bir kishi meni boqishi (iqtisodiy jihatdan ta’minlashi) kerak deb hisoblashi kerak emas. Lekin buning ba’zi shartlari ham mavjud. Har bir inson o‘z iqtisodiy mustaqilligini ta’minlashi uchun, mulkni erkin tasarruf etish imkoniyatiga ega bo‘lishi kerak. Sovet davrida xususiy mulk huquqining yo‘q qilinishi aynan ana shu imkoniyatdan insonlarni mahrum etdi va natijada har bir insonning mustaqil shaxs bo‘lib shakllanishi uchun eng muhim omil bo‘lgan iqtisodiy mustaqillik mas’uliyati tuyg‘usi qattiq zarbaga uchradi. Mulkni erkin tasarruf qilish huquqidan ajralgan inson shaxs sifatida shakllanishning asosiy zaminini qo‘ldan bergan, fazoda muallaq qolgan mavjudot ahvoliga tushgan edi. Mustaqillik bizni shunday xataru holatdan olib chiqib ketdi.
Har bir er kishi o‘z oilasini (rafiqasi, balog‘at yoshiga etmagan farzandlari, keksa ota-onalari, ba’zan yosh uka-singillari yoki boshqa yaqin qarindoshlarini) iqtisodiy jihatdan ta’minlash harakatida bo‘lmog‘i kerak. Biroq, oila a’zolari o‘z boquvchisini oshrtiqcha xarajatlarga majbur qilmasliklari ham talab etiladi.
Sovet davrida bizda erkak va ayol teng huquqligi mavjud deb jahonga jar soldik. Asli shu to‘g‘rimi? Qonun oldidagi haq-huquq nuqtai- nazaridan to‘g‘ri. Ammo teng huquqlilik har jihatdan jo‘n talqin etsa bo‘ladigan tenglik emas. Ayol va erkakni Alloh taolo ko‘p jihatdan farqli qilib yaratgan. SHu sababli jo‘n talqin etiladigan "tenglik" ko‘p o‘rinda ayolning zarariga ishlaydi.
Ayolning mohiyati mehrga oid, ayol ruhi va jismi mehr bilan yo‘g‘rilgan. SHu sababli tabiatan farzandning onada haqi ko‘p. Onasiz farzandni tasavvur etib bo‘lmaydi. Go‘dak to o‘smir yoshiga etguncha onaning etovida bo‘ladi. Hatto 5—6 yoshli bolaning ham tilini tushunib, ko‘nglini ola biladigan, go‘dak uchun har jihatdan ona o‘rnini bosa oladigan otalar hayotda uncha ko‘p uchramaydi. Erkak — ko‘chaning odami. Ularda odatan his-tuyg‘udan ko‘ra alq-idrok, mantiqiy tafakkur kuchliroq. O‘g‘il bola o‘smir bo‘lib, o‘zligini taniy boshlagach, otaga intilishi kuchayadi.
Ayol avvalo ona, uy bekasi, mehribon hamshira, egachi singil, jonsarak buvi, ya’ni mehr chashmasidir. Uyning sarishtaligi undan, erkakning ko‘ngil xotirjamligi, farzand ko‘zining nuri ayol tufaylidir.
Ammo 70 yillik sovetlarcha "tenglik" davrida ayol shaxtyor bo‘ldi, mexanizator bo‘ldi, yo‘l quruvchi, beton quyuvchi bo‘ldi, jazirama saratonda paxta chopiq qildi, toy-toy paxtani terdi, tashidi, chuvidi. Otilib chiqqanlari, haqini taniganlari pionerlikdan-komsomolga, komsomoldan-partiyaga o‘tib, qo‘l siltab erkaklarga va’z o‘qidi. Ammo ayollikdan ularni birov ozod qilmadi, illo, Alloh buyurganini bandasi bekor qila olmaydi, uy bekaligini, onaligini, oshpazligi, kirchiligini "ikkinchi smena" da bajardi. Erkak-ayol "tengligi" shu edimi?
Ammo falokatning asosi bunda emas. Ayolni o‘ziga "teng" bilgan erkak "ola-xurjun"ning og‘irroq qismini ayolga yuklashni mashq qila boshladi. Oilaning iqtisodiy, moliyaviy ta’minotining "teng" yarmini ayolga yuklashni o‘ziga ep ko‘rishga o‘rgandi.
Axir Alloh er kishini behuda "salti suvoy" qilib qo‘yibdimi? Ayol farzandlarini eplab, xonadon sarishtaligini ta’minlasa, er kishi ko‘chadan topib-tutib kelishni bo‘yniga olishi lozim emasmi? Inson tug‘ilib voyaga etgach, balog‘at yoshidan birinchi navbatda o‘zining iqtisodiy mustaqillik mas’uliyatini bo‘yniga olmog‘i, er kishi oila qursa, ahli ayoli, norasida farzandlari ta’minotini tashkil etmog‘i — ham qarzu ham farz emasmi? Ba’zi xotini, bolasini bozorga chiqarib qo‘yganlar balki nochordir, ammo tanijoni sog‘ bo‘lsa, butun imkoniyatlarini ishga solib, o‘zini bu sharmandalikdan qutqarmoqning astoydil harakatiga tushmog‘i kerak emasmi?
Kim "xotin kishi ishlamasin" desa bekor aytibdi. Rag‘bat bo‘lsa, iste’dod bo‘lsa ishlasin, elga nafi tegsin. Ammo ayol kishining ishlashi, pul topishi ixtiyoriy bo‘lmog‘i kerak, erning mas’uliyatsizligi natijasi emas. YAna bir aybimiz o‘g‘il farzandimiz o‘ttizga kirsa ham "bola" deb qaraymiz. Bu ham yangi "o‘zbekchilik" kasalliklaridan, ammo "milliy ma’naviyat"ga bunday "erkalik"larning aloqasi yo‘q.
Bozor iqtisodi farzandlarimizni erta ulg‘aytira boshladi. Bunga ming shukrona aytsak arziydi. Albatta, sigaret, saqich, "muzdek ayron" sotish nuqtai nazaridan emas, balki o‘z kelgusi hayotini to‘g‘ri qurishga mas’ullik hissi teranlashayotgani ko‘zni quvontiradi.
Ayol kishining mas’uliyati esa, birinchi navbatda, uning iffatida, hayosida, sarishtaligida, hayotdagi o‘z vazifasini chuqur tushunib, unga muvofiq yo‘l tanlashi, o‘zini farzand tarbiyasiga, bekalikka, onalikka to‘g‘ri tayyorlab borishida ko‘rinadi.
Ayollarimiz o‘ta iste’dodli. Ularni qadrlashimiz, iste’dodi kamol topishiga imkon yaratishimiz lozim. Ammo "ola-xurjun"ni, marhamat qilib, o‘z elkangizga oling, omon bo‘lgur alp yigitlar!
Ammo oila iqtisodini ta’minlash hali kamoli ma’naviyat emas. Ma’naviyat ahli oilani halol rizq bilan boqishda. Demak, taqvoning boshlanishi halol rizqdan. Agar inson besh vaqt namozni kanda qilmasa, ro‘za tutsa, zakot bersa haj ziyoratiga ham etishsayu, rizqiga harom aralashtirsa, kishi haqqiga xiyonat qilsa, birovni aldab pul topsa, tamagirlik bilan kun o‘tkazsa natija ma’lum. Alisher Navoiy "Nasoyim ul — mahabbat" asarida yod etgan aksari mashoyihlar luqma halolligiga alohida ahamiyat berganlar, ter to‘kib kasbu kor qilib o‘z maishatlarini ta’minlaganlar. Afsuski, 70 yil davomida halol mehnat qilganlar emas, "yo‘lini topganlar" ayshini surdi va insonlar ongida bu vaziyat juda og‘ir asorat qoldirdi. Haromdan qo‘rqmaydigan odam-jamiyat uchun xavfli odamdir. Haromdan qo‘rqmaslik yoki jaholat, yoki munofiqlikdir.
Inson iqtisodiy mustaqillik mas’uliyatini his qilmasa, halol rizq izlamasa, undagi qolgan barcha yaxshi xulqlar, go‘zal odob o‘z tarovatini, samimiyatini, qiymatini yo‘qotadi. Ammo inson topganini uyiga tashigani bilan ma’naviy yuksaklik kasb etmasligi aniq. Har ishda me’yor tuzuk. O‘zidan, ahli oilasidan orttirib, millat xizmatini gardanga olish chinakam mardonalik belgisidir. Faqat bir sharti bor. Men millatga xizmat qilayapman, mening tirikchiligimni davlat ta’minlab qo‘ysin, deb da’vo qilish, hatto ko‘ngildan o‘tkazish ma’naviy ojizlikka ishoradir. Ahli oilaga, bolachaqa, ota-onaga, millatga, bashariyatga xizmat holis va samimiy bo‘ladi. O‘tmish allomalar ibrati, bobolar vasiyati bu.
Do'stlaringiz bilan baham: |