2. Yong’inga qarshi suv ta’minoti.
- Har bir obyektdagi yong‘in o‘chirish nasos stansiyasida va yong‘in o‘chirish stansiyasining xonasida yong‘inga qarshi suv rezervuarlari (suv olish mumkin bo‘lgan joylar), gidrantlar, klapanlar, suv quvurlari tarmog‘i qismlaridagi quvurlar diametrlari ko‘rsatilgan yong‘inga qarshi suv ta’minoti umumiy sxemasi bo‘lishi kerak. Yong‘in o‘chirish nasos stansiyasi xonasida yong‘inga qarshi suv ta’minotining umumiy chizmasi hamda nasoslarning bir-biriga ulanish chizmasi osib qo‘yilishi lozim.
-Yong‘inga qarshi suv ta’minotini tashkil etishda quyidagilar taqiqlanadi:
a) suv ta’minoti tarmog‘ining qismlarini yong‘in o‘chirish gidrantlari va ularga o‘rnatilgan kranlardan o‘chirish, shuningdek, yong‘inni o‘chirish uchun zarur bo‘lgan tarmoqdagi bosimni pasaytirish (nasos stansiyalarining ishlamay qolishi, ta’mirlash ishlari yoki avariya yuz bergan taqdirda, tegishli yong‘in-qutqaruv bo‘linmalari bu haqda darhol ogohlantirilishi kerak);
b) loyihalash hujjatlarini ishlab chiqmasdan va kerakli oqimni ta’minlash uchun tashqi sinovlarni o‘tkazmasdan, suv sarfini ko‘paytirish va tarmoqdagi bosimning pasayishi bilan bog‘liq bo‘lgan yong‘inga qarshi suv ta’minoti tarmog‘iga qo‘shimcha ulanishlarni amalga oshirish;
v) yong‘inni o‘chirish gidrantlari va kranlarini demontaj qilish;
g) yong‘inni o‘chirish gidrantlari lyukining qopqog‘ini asfalt, beton va boshqa qoplamalar bilan qoplash.
- Obektdagi tashqi va ichki yong‘inga qarshi suv ta’minoti tizimining holatini tekshirish kamida 6 oyda bir marta (tashqi tizim uchun — bahor-yoz va kuzning boshlanishida, suv chiqarish yo‘li bilan tekshirish), shuningdek, har bir mukammal ta’mirdan so‘ng rekonstruksiya qilingan yoki yangi iste’molchilar dalolatnoma tuzilgan holda komissiya orqali suv ta’minotiga ulanganda o‘tkazilishi kerak.
- Tashqi va ichki yong‘inga qarshi suv ta’minoti tizimining holatini nazorat qilish mas’ul shaxslar tomonidan quyidagilar amalga oshirilishi lozim:
a) yong‘inni o‘chirish jo‘mraklarining to‘plamni tashqi ko‘rikdan o‘tkazish hamda suvning chiqishini (yong‘inni o‘chirish sprinkler purkagich moslamasining ta’minot quvurlariga ulangan kranlardan tashqari) tekshirish;
b) ixtiyoriy shakldagi dalolatnomani tuzgan holda berkitish armaturalarini ko‘zdan kechirish, yong‘inni o‘chirish yenglari o‘ramalarini quritish (zarur hollarda) va qayta o‘rash;
v) yong‘inni o‘chirish gidrantlari (lyuk, quduq, yong‘inga qarshi gidrant) korpusi mavjudligi, ishga yaroqliligi va holatini, o‘rnatilgan yong‘in xavfsizligi belgilarining mavjudligini tekshirish;
g) yong‘inga qarshi nasoslar zarur bosimni ushlab turishi va asosiydan zaxira nasosga (agar mavjud bo‘lsa) o‘tishning ishonchliligini har oyda kamida bir marta dalolatnoma tuzish orqali tekshirish;
d) yong‘inga qarshi rezervuarlarni, sig‘imlarni zarur suv sathini, suv olish vositalari mavjudligi va ularning sozligi, qiyaliklar, yong‘in-qutqaruv mashinalari, shamollatish moslamalari va boshqa jihozlarni o‘rnatish uchun kirish yo‘llari va maydonlar mavjudligini tekshirish, suv havzasini (rezervuarni) atrof muhitning salbiy haroratida ishlatilishini ta’minlash choralarini ko‘rish.
- Yong‘inni o‘chirish moslamasi o‘rnatilgan suv ta’minoti tizimi zarur bosimni va yong‘inni o‘chirish uchun suvning yetarli miqdorini ta’minlashi kerak.
- Klapanlar va nasoslar korxonaning yong‘inga qarshi suv ta’minotining umumiy sxemasiga mos keladigan raqamlarga ega bo‘lishi kerak. Texnik qayta jihozlash, rekonstruksiya qilish va boshqa ishlar bilan bog‘liq suv ta’minoti tizimidagi o‘zgarishlar tegishli texnik hujjatlar va sxemalarda aks ettirilishi kerak.
- Yong‘inni o‘chirish nasos stansiyasining kirish eshiklari yopiq holatda saqlanishi kerak. Eshiklarda kalitlarning joylashuvi haqida ma’lumotlar ko‘rsatilishi lozim.
- Yong‘inga qarshi rezervuarlar (yer osti va yarim yer osti) ikki qopqoqli lyuk bilan jihozlangan bo‘lishi kerak, ularning orasidagi bo‘shliq qishki mavsumda issiqlikni izolatsiyalovchi materiallar bilan to‘ldirilishi kerak (qipiq, mayda bo‘laklar, siqilgan somon va boshqalar).
- Suv minoralari yilning barcha fasllarida yong‘in-qutqaruv texnikalariga suv olish uchun moslashtirilgan bo‘lishi kerak. Suv minorasidan suvni avtotsisternalar va yong‘in-qutqaruv texnikalariga olish uchun suv olish moslamasi qishda isitilishi kerak.
- Yong‘inni o‘chirish gidrantlari, suv xavzalari raqamlangan bo‘lishi kerak, amaldagi normativ hujjatlarga muvofiq ko‘rsatkich belgilariga ega bo‘lishi kerak. Yong‘inni o‘chirish gidrantlari va suv xavzalari joylashgan joylarini tungi vaqtda aniqlash uchun mo‘ljallangan yorug‘lik yoki lyuminessent ko‘rsatgichlar ko‘rinadigan joylarga 2,0 — 2,5 m balandlikda joylashtirilishi kerak.
- Yong‘inni o‘chirish gidrantlari qish sharoitida ishlashga tayyorlanishi kerak (gidrant va quduqdan cuv chiqarilan, quduqlarning qopqoqlari doimo qor va muzdan tozalangan va isitilgan bo‘lishi kerak).
- Yong‘inni o‘chirish kolonkasi yong‘inni o‘chirish gidrantlariga to‘sqinliklarsiz o‘rnatilishi kerak. Gidrant qudug‘i quruq, chiqindilardan tozalangan bo‘lishi va uning qopqog‘i oson ochilishi kerak. Yong‘inni o‘chirish gidrant quduqlarining qopqog‘ida (qopqoqning tepasida) transport vositalarini to‘xtatish taqiqlanadi.
- Obyektning hududida va uning tashqarisida joylashgan yong‘inni o‘chirishga mo‘ljallangan suv manbalariga yong‘inni o‘chirish texnikalarini o‘rnatish va ulardan yilning barcha fasllarida suv olish uchun kirish yo‘llari va qattiq qoplamali maydon tashkil etilishi kerak. Yong‘inni o‘chirish gidrantlari, suv xavzalari, rezervuarlari, suv minoralari va boshqa yong‘inga qarshi suv ta’minoti manbalariga hamda quruq quvurlarga kirish va o‘tish yo‘laklari doimo bo‘sh bo‘lishi kerak.
- Yong‘inni o‘chirish yoki o‘quv mashg‘ulotlari uchun ishlatilgan suv zaxirasi zudlik bilan qayta to‘ldirilishi kerak.
- Yong‘inga qarshi rezervuarlardan suv oqishi aniqlanganda ularni zudlik bilan ta’mirlash va suv bilan to‘ldirish choralarini ko‘rish kerak.
- Gradirnyalarga borish yo‘llari qattiq qoplamaga ega bo‘lishi va uning hovuzidagi suvdan yong‘in o‘chirish maqsadida ishlatish imkoniyati yaratilgan bo‘lishi kerak.
- Ichki yong‘inga qarshi suv ta’minoti tizimidagi yong‘inni o‘chirish jo‘mraklari yong‘inga qarshi shkaflar ichiga o‘rnatilgan, yong‘inni o‘chirish yenglari va dastaklari bilan jihozlangan bo‘lishi kerak. Ichki yong‘inni o‘chirish jo‘mraklaridagi yong‘inni o‘chirish yenglari quruq, juft o‘ramaga o‘ralgan, jo‘mrakka va dastakka ulangan bo‘lishi lozim.
- Yong‘inni o‘chirish jo‘mraklaridan doimo foydalanish sharoiti mavjud bo‘lishi kerak.
Do'stlaringiz bilan baham: |