Edafik-tuproq omillari. Tuproq yerning ona jinsi bo‘lib, yerning mustaqil qobig‘i hisoblanadi. Tuproq biosferaning energiya balansida muhim rol o‘ynaydi. Tuproq turli xil ta’sirlar natijasida yer yuzasida ro‘y beradigan nurashlar, o‘zgarishlar hisobiga hosil bo‘ladi. Tuproqda eng asosiysi unumdorlik xususiyati bo‘lganligi uchun ham juda ko‘plab o‘simlik turlari o‘sadi. Shuning uchun ham o‘simliklar hayoti tuproq bilan chambarchas bog‘liq, Tuproqning mexanik va ximiyaviy tarkibi, suv rejimi o‘simlikning o‘sishi uchun katta ahamiyatga ega. Tuproqning issiqlik rejimi hududning relyefiga, yon bag‘irligiga, qiyaligiga, iqlim sharoitiga bog‘liq bo‘ladi. Tuproqlar ham tuzilishiga ko‘ra har xil tipda bo‘ladi. Tuproq tiplariga qarab ham o‘simlik turlari tarqalgan bo‘ladi.
Qumli tuproqlarda o‘sadigan o‘simlik turlari o‘ziga xos tuzilish va xususiyatga ega bo‘lib bularni psammofit turlar degan umumiy nom bilan ataladi. Bu turlar, odatda, zich va qalin tarmoqlangan ildiz sistemasiga ega bo‘lib, qumlarni ko‘chib yurishdan asraydi. Tuproqdagi cheklangan omil bo‘lgan namlikni yaxshi saqlaydi. Psammofit turlarning o‘ziga xos xususiyatlaridan biri anemoxorlikdir. Ya’ni mevalari shamollar yordamida tarqaladi. Psammofit turlarda rezavor tipdagi mevalar bo‘lmaydi. Psammofit turlarga cho‘llarda o‘suvchi juzgun, iloq, rovoch, selin, chair, yaltirbosh kabi o‘simliklar misol bo‘ladi.
Shunday tur o‘simliklar ham borki, tuproqning tarkibiga farqsiz bo‘ladi. Bunday turlarni indeferent turlar deyiladi. Indeferent turlarga landish, botqoq binafshasi, betaga misol bo‘la oladi. Ba’zi bir o‘simliklar, dastarbosh, ayiqtovon, yorongul kabi turlar nordon tuproqlarda o‘sishga moslashgan bo‘ladi.
Yuqori kislotali tuproqlarda yaxshi o‘sib rivojlanadigan turlarga atsidofillar gruppasi deb atalib, bularga, otquloq, g‘ozpanja, chernika kabi turlar misol bo‘ladi.
Oqso‘xta, ajriqbosh, hilol, beda va sebarganing ba’zi turlari, lavlagi kislotali tuproqlarda yaxshi o‘sadi va rivojlanadi. Shuning uchun ham bu gruppa o‘simliklarni netrofil o‘simliklar deyiladi.
Bazofil o‘simliklar guruhi ishqoriy tuproqda yaxshi o‘sib, rivojlanadi. Bunday turlarga qiltiqsiz yaltirbosh,dukkakdoshlarning ba’zi vakillari misol bo‘ladi. Ma’lum bir gruppa o‘simliklar ma’lum bir tuproq sharoitida o‘sgani uchun ham ular shu tuproq nomi bilan ataladi. Sho‘r tuproqli yerlar O‘rta Osiyoda ko‘p bo‘lib bu yerlarda qorasho‘pa, qizilquyonjun, boyalish, oqboyalish, baliqko‘z, sho‘rbo‘ta, buyurgin, nayzaqora kabi bir yillik o‘to‘simliklar va butalar misol bo‘ladi. Bunday tur o‘simliklarga galofitlar deb ataladi. Bu turlar sho‘rlangan tuproqli muhitda yaxshi o‘sib hujayra shirasining osmotik bosimi ancha yuqori bo‘ladi. P.A.Genkel galofitlarni uch guruhga bo‘lgan.
1. Eugalofitlar — tanasida 10%gacha tuz to‘plovchi turlar (qorasho‘ra, qorabargo‘t).
2. Kriogalofitlar — tuz ajratuvchi turlar (yulg‘un, karmak, jayrono‘t.
3. Glikogalofitlar — hujayra shirasining baland osmotik bosimi tuzlarga emas, organik moddalar, ayniqsa uglevodlarga bog‘liq bo‘lgan turlar (shuvoq, jiyda). Galofit turlarning poya va barglari ko‘p hollarda etli, sersuv bo‘ladi. Bular ichida ko‘plab sukkulent turlar ham mavjud. Bundan tashqari karbonatli tuproqda o‘sadigan turlar ham mavjud bo‘lib, bunday turlarni kaltsefillar guruhi deb ataladi. Bunday turlarga dobulg‘i, rus bo‘tako‘zi, chalov, kunjut, g‘o‘za, tok va boshqa turlar misol bo‘ladi.
Kalsiy tuzlariga o‘ta farqli o‘simliklar turi kaltsefoblar guruhi deb atalib, bularga oqmox, bagulnik, golubika, veresk kabi turlarni misol ketirish mumkin. Shunday o‘simlik turlari ham borki bular faqat chirindiga boy, serunum, hosildor tuproqlarda yaxshi o‘sadi va rivojlanadi. Bunday turlarni evroflar deb ataladi va bunga eman daraxti misol bo‘la oladi. Bundan tashqari tuprog‘i toshli bo‘lgan muhitda yaxshi o‘suvchi o‘simlik turlariga kalkofillar guruhi deb atalib, bularga qoqio‘t, tovsag‘iz kabi turlar misol bo‘ladi. Tuprog‘i toshli muhitda yomon o‘suvchi o‘simliklarni kalkofob o‘simliklar guruhi deyiladi. Tuproq tarkibida mineral oziq moddalari kam bo‘lgan sharoitda o‘suvchi o‘simliklar guruhiga oligotrof o‘simliklar guruhi deyilib, bunga qarag‘ayni misol qilib ko‘rsatish mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |