Xalqaro lizing shakllari. Xalqaro lizing, bir vaqtning o’zida moliyalash va yangi texnologiyalarni xarid qilish masalalarini hal etish, aylanma mablag’larni to’ldirish hamda boshqa ehtiyojlar uchun mablag’larni ozod qilish imkoniyatini beruvchi moliyaviy vositalarning eng muhim shakllaridan biridir.
Xalqaro amaliyotda xalqaro lizing shartnomalarining quyidagi shakllari ishlab chiqildi.
Xalqaro lizing shakllarini tahlil qilishda uning eng keng tarqalganlarini (lizing oluvchi va lizing beruvchi o’rtasidagi munosabatlarni hisobga olib), bevosita (to’g’ridan-to’g’ri) va bilvosita (egri) lizing turlarini ajratishimiz mumkin.
bevosita lizingda, lizing beruvchi bo’lib - bevosita mulk egasining o’zi bitimni amalga oshirilishida ishtirok etishi shart.
bilvosita lizingda, ijaraga berilayotgan mulk egasi - uchinchi tomonning ishtirok etishi shartdir.
Xalqaro lizingni kreditlash usuli bo’yicha muddatli va qayta tiklanuvchi lizinglarga ajratish mumkin.
Muddatli lizingda ijara bir marotaba amalga oshiriladi. Qayta tiklanadigan lizingda esa, lizing shartnomasi bitimning birinchi muddati tugashi bilan qayta tiklanadi.
Shuningdek, xalqaro lizingni operatsion va moliyaviy lizinglarga bo’lish mumkin.
Operatsion lizingda korxonalar asbob-uskunaga mulk huquqini olmasdan turib, undan foydalanish uchun shartnoma tuzadilar.
Moliyaviy lizing deb, asbob-uskunani ijaraga olayotgan firma keyinchalik uni qoldiq qiymatda to’la sotib olishiga aytiladi.
Andozali (standart) lizing. Lizingning bu shaklida asbob-uskunani ishlab chiqargan shaxs uni lizing kompaniyasiga o’zi mustaqil tarzda sotadi. Lizing kompaniyasi asbob-uskunani iste’molchiga ijaraga beradi. Asbob-uskunani ishlab chiqaruvchi va uni lizingga oluvchi o’rtasidagi lizing shartnomasi bo’yicha huquqiy munosabatlar o’rnatilmaydi. Bu erda asbob-uskunaga texnik xizmat ko’rsatish masalasi to’liq hal etilmagan. Bu holda, asbob-uskunani ishlab chiqargan shaxs bilan, lizing oluvchi, o’ziga xizmat ko’rsatish uchun alohida bitim tuzishi lozim. Bunga asosiy sabab, lizing kompaniyasi texnik xizmat ko’rsatish masalalariga aralashmaydi.
“Sof” lizing. Bunda asbob-uskunalardan foydalanish bilan bog’liq asosiy majburiyatlar lizing oluvchi bo’yniga tushadi. U soliqlar va har-xil yig’imlarni, to’lovlarni hamda asbob-uskunalardan foydalanish bilan bog’liq barcha xarajat va sug’urta to’lovlarini to’laydi. Lizing oluvchi asbob-uskunani ishga soz holatda saqlashi lozim. Shu bilan birga, u ijara muddati tugaganda, lizing beruvchiga asbob-uskunani o’rtacha eskirishini hisobga olib, yaxshi holatda qaytarishi shartdir. Lizing beruvchi, lizing oluvchi olgan mulkdan foydalanishi bilan bog’liq harakatlarga javob bermaydi. Lekin, u asbob-uskuna ishlatilayotgan mamlakatdagi hukumat va boshqa tashkilotlar tomonidan bo’lishi mumkin bo’lgan salbiy ta’sirlar uchun javobgardir.
Do'stlaringiz bilan baham: |