Kuzatuv – tanlab olingan insonlar guruhi hatti-harakatini turli vaziyatlarda ularning amallarini yozib borish orqali birlamchi axborotlarni yig‘ish hisoblanadi, masalan xaridorlarning do‘kondagi xatti-harakatlari. Kuzatuv usuli ham ko‘pincha boshqa marketing usullari kabi qo‘llaniladi. Kuzatuv o‘rganilayotgan obyektni ochiq yoki yopiq tarzda kuzatish, o‘rganishdan iborat. Masalan, xaridorni sotib olish xulq – atvorini kuzatish, sotuvchini sotish jarayonini, iste’molchini tovarga jalb qilish jarayonini kuzatish va shu kabilar kuzatuv obyekti bo‘lishi mumkin.
Dala kuzatuvlari va laboratoriya kuzatuvlari ham o‘tkaziladi. Sotsiologiya va psixologiyada o‘tkaziladigan kuzatuv usullari marketing tadqiqotlarida ham qo‘llaniladi. Masalan, talabalar guruhida kompyuterga bo‘lgan ehtiyojni aniqlash maqsadida kuzatuv o‘tkazish kompyuter ishlab chiqaruvchi firma uchun qanday kompyuterlarni, qanday narxlarda, qanday dasturlar asosida ishlab chiqarishga asos bo‘ladi. Kuzatuv predmeti bo‘lib individiumlarning xususiyatlari va xatti-harakatlari (xaridor, o‘quvchi, sotuvchi), jarayonlar (xaridorlar oqimini o‘rganish, turli asbob-uskunalarning qo‘llanilishini kuzatish) hisoblanadi.
Kuzatuv quyidagi jarayonlarda qo‘llaniladi:
Tovar sotib olishda xaridorning xulq- atvori.
O‘zaro muloqotdagi lahzali vaziyatlar.
Psixologik holatlarning fiziologik o‘lchovlari.
O‘quvchining xatti-harakati.
Xaridorning xatti- harakati.
Qoniqish samarasi.
Tekshiruv – odamlardan ularning bilim darajasiga, mahsulotga bo‘lgan munosabati, nimani ko‘proq afzal ko‘rishi va xaridorlik xattiharakatlariga asoslanib to‘g‘ridan to‘g‘ri so‘rov yo‘li bilan birlamchi axborot yig‘ish. Tajriba bir yoki bir necha omilning o‘zgarishini kuzatish va o‘lchash, qolganlarini esa o‘zgarishsiz qoldirish imkonini beradi (masalan, yangi o‘ram tovarni sotish hajmini oshirish imkonini beradi).
Imitatsiya turli marketing omillarini haqiqiy real sharoitda emas, balki qog‘ozda yoki EHM xotirasida shakllantirish va baho berish imkonini beruvchi iqtisodiy-matematik modellar tuzish va undan foydalanishni ko‘zda tutadi. Kompyuterlashgan dastur-savolnomalar mavjud bo‘lib, ular iste’molchilarga supermarketda “aylanib yurish” va xarid uchun tovarlar tanlash imkonini beradi. Kompyuter ular xaridini qayd qiladi va ularning narxlar, o‘ram rangi va shaklining o‘zgarishiga javobini o‘rganadi.
Birlamchi ma’lumotlar qator afzalliklarga ega: axborot tadqiq etilayotgan muammoga mos ravishda to‘planadi, eng yangi hisoblanadi va avvaldan berilgan batafsillik darajasiga ega; barcha olingan ma’lumotlarga firma yetisha oladi, zarur bo‘lganda ularni raqobatchilar uchun sir saqlanishini ta’minlay oladi; agar istalsa to‘plangan ma’lumotlarning ishonchlilik darajasi miqdoran aniqlanishi mumkin.
Birlamchi ma’lumotlarning asosiy kamchiligi shundaki, ularni yig‘ish ko‘p vaqt, mablag‘ talab qilishi, yoki firma mustaqil ravishda birlamchi ma’lumotlarni yig‘a olmasligi mumkin.Birlamchi axborotni yig‘ish so‘rovning panel usulidan foydala-nish asosida ham amalga oshirilishi mumkin.
Panel – takror tadqiqot o‘tkazilayotgan, so‘rovga tortilayotgan shaxslarning tanlanma to‘plami.Tanlanma rejani ishlab chiqish va tanlov hajmini aniqlash. Bu bosqichda a’zolari o‘rtasida marketing tadqiqotlari olib boriladigan “guruh” parametrlari to‘g‘risida axborot olish zarur. Masalan, marketingni boshqaruvchi kampaniya mahsulotlarining turli xildagi chakana do‘konlar (“guruh” – populyatsiya (Aholi)) orqali sotilish hajmi to‘g‘risida ma’lumot olishni istaydi. Aholining o‘rganilayotgan qismi tanlanma, deyiladi, uning hajmini ham tadqiqotchilar aniqlashlari lozim.
Do'stlaringiz bilan baham: |