Iqtisodiy inqirozlar. Olimlar A.V.Vohobov, N.H.Jumayev va E.A.Hoshimovlar tomonidan iqtisodiy va moliyaviy inqirozlar haqida fikrlar bildirilgan. Ularning fikricha, iqtisodiy inqiroz resessiyaga tenglashtirilgan. Inqirozlarni miqyosi jihatidan ikki turini ajratib ko‘rsatish mumkin: makro va mikro darajadagi inqirozlar. Makrodarajadagi inqirozlar moliya va iqtisod sohasidagi qarorlar real iqtisodiy qonuniyatlardan farqli ravishda qabul qilinganda muammolar ko‘zga ko‘rinmagan holda to‘planib borib katta “BUM” bilan boshlanadi. Bunga dunyodagi eng yirik inqirozlarni o‘rganib guvohi bo‘lish mumkin. Bugungi kunda, dastlabki inqirozlar qaysi davlatlarda sodir bo‘lganligi va uni bartaraf etish mexanizmlarini izohlash bo‘yicha olimlar o‘rtasida ixtiloflar mavjud. Ba’zi iqtisodchilar inqirozni bundan 2200 yil avval Qadimiy Rimda bo‘lgan deb ta’kidlasalar, boshqalari AQShda XIX asrda dastlabki inqirozlar paydo bo‘lgan deb tushuntiradilar. Lekin bir narsani tan olib aytish kerakki, agar tarixiy chuqurlashib borilsa, Odam Ato va Momo Havolarning jannatdan quvilishini eng dastlabki insoniyatning inqirozi deb atash mumkin. Ammo masalani bunday tushunish ishni chigallashtiradi xolos. Shu sababdan, inqirozlarning tarixini o‘rganishda AQShda 1857 yilda bo‘lib o‘tgan inqirozdan boshlash maqsadga muvofiq deb hisoblaymiz. Bu qarashni “Finansoviy direktor” jurnalidan olingan ma’lumotlar ham tasdiqlagan. Demak, eng birinchi inqiroz 1857 yil kuzda AQShda fond bozoridagi kotirovkalarning pasayishi natijasida vujudga kelgan. Inqiroz shu yilning o‘zida Angliyani va keyingi yili esa Germaniyagacha bo‘lgan hududni qamrab olgan. Bu inqirozning sababi ham bank tizimini asosiga shakllangan. Qisqa muddat ichida 200 ga yaqin banklar 6 oyga yopilgan. 1857 yilning 13 oktyabr kuni banklar ertalabdan tushgacha bo‘lgan davrda ishlagan va tushdan keyin o‘zlarini bankrot deb e’lon qilganlar. Shuningdek inqirozdan yengil sanoat korxonalari va mashinasozlik sanoati korxonalari eng katta zarar ko‘rgan. 1858 yillar oxiriga borib AQSH iqtisodiyoti inqirozdan qutulib o‘sa boshlagan. Angliya banklari esa dastlab inqirozdan qutulish uchun qayta moliyalash stavkasini 2 baravarga oshirishga harakat qilganlar, bu ijobiy natija bermagach qo‘shimcha banknotalarni emissiya qila boshlaganlar va bu 1858 yilning kuziga borib inqirozdan qutulish uchun imkon yaratgan.