2. Lug’atlar bilan ishlash
“O‘zbek tilining izohli lug‘ati”
Yangi izohli lug‘at o‘zbek adabiy tilida iste’molda bo‘lgan 80 mingdan ortiq so‘z va so‘z birikmalarini, fan, texnika, san’at va madaniyat sohalariga oid terminlarni, tarixiy va eskirgan atamalarni o‘z ichiga oladi.Prezidentimiz Islom Karimov ta’kidlaganidek, o‘zlikni anglash, milliy ong va tafakkurning ifodasi, avlodlar o‘rtasidagi ruhiy-ma’naviy bog‘liqlik til orqali namoyon bo‘ladi. Jamiki ezgu fazilatlar inson qalbiga, avvalo, ona allasi, ona tilining betakror jozibasi bilan singadi. Ona tili – bu millatning ruhidir. Istiqlol arafasida va mustaqillik yillarida boshqa sohalar qatori til borasida, xususan, o‘zbek tilining hayotimizdagi o‘rni va ta’sirini kuchaytirish, uni tom ma’nodagi milliy qadriyatga aylantirish yo‘lida ulkan ishlar amalga oshirildi. Yurtboshimiz rahnamoligida o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilishi, Davlat tili haqidagi qonun qabul qilinishi va mazkur qonun moddalarida qayd etilgan yo‘l-yo‘riq va vazifalar o‘zbek tili taraqqiyotida yangi davrni boshlab berdi.1992 yil 8 dekabrda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida davlat tilining maqomi huquqiy jihatdan mustahkamlab qo‘yildi. Shu tariqa o‘zbek tili mustaqil davlatimizning Bayrog‘i, Gerbi, Madhiyasi, Konstitutsiyasi qatorida turadigan, qonun yo‘li bilan himoya qilinadigan muqaddas timsollaridan biriga aylandi.Keyingi davrda, bir tomondan, o‘zbek tili taraqqiyoti jarayonida uning o‘z ichki imkoniyatlari asosida rivojlanishi qonuni erkin va to‘la amal qila boshlagan bo‘lsa, ikkinchi tomondan, mamlakatimiz hayotining barcha sohalarida yuz berayotgan zalvorli o‘zgarishlar tilimizga, uning leksikasiga sezilarli ta’sir ko‘rsatdi. Shuningdek, o‘zbek tilining xalqaro miqyosda faol muloqot vositasiga aylanib borayotgani ham alohida e’tiborga molikdir.Ana shunday omillar va o‘zbek tili lug‘at tarkibida yuz bergan jiddiy o‘zgarishlar tilimizning izohli lug‘atini tuzish va chop etishni talab etdi. Vazirlar Mahkamasining 1996 yil 10 sentabrdagi qaroriga muvofiq ushbu lug‘atni yaratish vazifasi O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Alisher Navoiy nomidagi Til va adabiyot instituti zimmasiga yuklandi.Mazkur institut mutaxassislarining qayd etishicha, besh jildli ushbu lug‘at leksikografiyaning yangi yutuqlarini hisobga olgan holda yaratilgan mutlaqo yangi fundamental ishdir.Yangi lug‘atda berilgan so‘zlarning amalda qo‘llanishi o‘zbek adabiyoti va matbuotidan olingan misollar bilan dalillangan. Lug‘at “O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi” Davlat ilmiy nashriyotida nashrga tayyorlangan.O‘zbek tilshunosligi bo‘yicha mutaxassislar, adiblar, tarjimonlar, ommaviy axborot vositalari xodimlari, oliy ta’lim muassasalarining o‘qituvchilari va talabalari, keng o‘quvchilar ommasi uchun mo‘ljallangan va Mustaqillik ayyomi arafasida nashr etish ishlari yakunlangan ushbu besh jildli lug‘at lug‘atshunos va noshirlarimizning xalqimizga munosib bayram tuhfasi bo‘ldi. Yangi nashr keng o‘quvchilar uchun muhim qo‘llanma bo‘lishi barobarida, o‘zbek adabiy tili me’yorlarining mustahkamlanishiga va nutq madaniyatining yanada yuksalishiga xizmat qilishi shubhasiz.
Do'stlaringiz bilan baham: |