Demokrit (mil. avv. 460-370 y) o’z ta’limotida tarbiyada bola tabiatini hisobga olish tamoyilini asoslab bergan. Bundan tashqari uning fikricha, bola tarbiyasini yoshligidan boshlamoq kerak.
Aflotun (mil. avv. 423-347 y) ilk marotaba davlat va tarbiyaning o’zaro munosabati g’oyasini ilgari surgan. Uningcha, tarbiya davlatning eng muhim vazifasi bo’lgan.
Arastu (mil.avv. 384-322y.) antik dunyoda tarbiyaning to’liq nazariyasini ishlab chiqqan. Aflotundan farqli o’laroq, u inson tarbiyasida asosiy urg’uni davlatga to’liq bo’ysundirishga emas, balki insonning o’z manfaatlariga qaratadi. SHaxsning jamoa bilan uyg’un rivojlanishi to’g’risidagi g’oya ham unga tegishlidir.
Mark Fabiy Kvintilian (mil. avv. 42-118 y) notiqlik san’atining qadimgi yunon nazariyotchisi, pedagog. “Notiqning tarbiyasi haqida” deb nomlangan ilk pedagogik asar unga tegishli bo’lib, unda tarbiyaning muhim g’oyalari, ta’lim metodikasi bayon etilgan. Kvintilianning asosiy g’oyalari –o’z “men”ini saqlab qolish, “o’z ustidan” hukmronlikka erishish kabilarni tashkil etadi.
Feodalizm davri tarbiyasining o’ziga xos xususiyatlari asketizm, dunyo dinlari qoidalariga qat’iy amal qilish bo’lgan. Asketizm(yunoncha)- tuyg’u va istaklarni cheklash yoki bostirish, azob tortish, hayot ne’matlaridan voz kechish degan ma’noni anglatadi. O’sha davrning (VI-XII asrlar) ijtimoiy-pedagogik g’oyasini yaratuvchilari o’sib kelayotgan avlodga singdirmoqchi bo’lgan axloqiy qadriyatlar orasida hamdardlik, yaqinlarga yordam xususan, kasallar va nochorlarga yordam kabilarni targ’ib etadilar.
XV-XVI asrda avval Italiyada, so’ngra Yevropaning boshqa davlatlarida kapitalistik munosabatlar rivojlana boshladi. Paydo bo’layotgan yangi toifa vakillariga, xususan, ziyolilarga asketizmning tamoyillari begona edi. Yangi burjua madaniyati shakllana boshlagan bir paytda uni tavsiflash uchun odatda insoniylashtirish va qayta tiklash tushunchalari qo’llanilgan. Gumanizm (insoniylik) tushunchasi yangi madaniyat markazida ilohiylik emas, inson shaxsi turishidan guvohlik berardi. Uning o’zi ham qalban, ham jisman go’zal bo’lishi lozim. Inson faqatgina o’z ongi, kuchi, muvaffaqiyatiga ishonchi, faolligi, irodasi tufayli barcha qadriyatlar va o’z baxtining yaratuvchisiga aylana oladi. Shu bilan birga gumanistlar cherkovga qarshi ochiq qarshi chiqmaganlar. Ular xudoga buyuk yaratuvchi sifatida qarashgan.
XIV-XVI asrlar gumanistlarining aksariyati o’zlari pedagog bo’lishgan yoki pedagogik nazariyaga murojaat qilishgan. Gumanizm g’oyasi pedagogikada xuddi ana shu davrlardan boshlab o’rnasha boshlagan.
Asl tarbiya o’z mohiyatiga ko’ra doim go’zallik haqida, uning kelajagi haqidagi g’amxo’rlikni bildirgan. Uyg’onish davrida ijtimoiy gumanizm g’oyalarini amalga oshirila boshlanishi mashhur italiyalik pedagog-gumanist Vittorino de Genotre (1378-1446) tomonidan ilk marta “Quvonch uyi” nomli internat maktabning yaratilishi bilan bog’liq. SHuni ta’kidlash joizki, ta’riflanayotgan davrda din, pedagogika va ijtimoiy-pedagogika bir-biri bilan uzviy bog’liq holda rivojlangan.
Diniy qarashlarda asosiy e’tibor umuminsoniy qadriyatlarga qaratilgan. Diniy rivoyatlarda, muqaddas kitoblarda, oyatlarda axloqiy o’gitlar, insonlararo munosabatlar, qavm-qarindoshlarga, bolalarga g’amxo’rlik haqida ko’p gapirilgan. Bu asosda ko’pgina avlodlar tarbiya topishgan va bu borada Yevropada cherkov uzoq vaqt mobaynida “nogiron bolalar rahnamosi ” bo’lgan. Unga nafaqat ruhiy yordam so’rab, balki tibbiy, moddiy yordam so’rab, adolatsizlikdan himoya so’rab murojaat qilishgan. Bu borada butun dunyoda diniy tashkilotlarning boy ana’nalari mavjud. Masalan, Yevropada antik davrlardan buyon ota-onasiz qolgan bolalarni ibodatxonalar eshigi oldiga qo’yib ketishgan. Manbalarga ko’ra, ota-onasiz qolgan bolalar uchun ilk tarbiya uylari IV asrda Kesariya shahrida yepiskop Vasiliy Kesariyning tashabbusi bilan paydo bo’lgan. 787 yilda bunday muassasa Milandagi soborda ham paydo bo’lgan. Uzoq vaqt u Yevropada yagona tashkilot bo’lib qolavergan va faqat XIV asrga kelib tarbiya uylari soni o’ttiztagacha ko’paygan. Qizig’i, endi unda faqat tarbiya bilan shug’ullanishmagan, ularda amaliy ishlar ham olib borilgan: onalarga yordam berilgan, bolalarni oilalarga berishgan, ularning tarbiyasini nazorat qilishgan. Keyinchalik ham bolalar uylari ruhoniylar tomonidan boshqarilgan. Parijda 1640 yil ruhoniy Vintsentom Depolen tomonidan asos solingan tarbiya uyi juda mashhur bo’lgan. U tarbiya uyini qirol Lyudovik XIV tomonidan moliyalashtirishga erishgan. Mehribonlik bilan shug’ullanuvchi uyushmalar - yirik cherkov tashkilotlari ham tuzila boshlagan.
Do'stlaringiz bilan baham: |