DUNYOQARASHNING BILISH FUNKSIYASI insonda qiziqish uyg‘otuvchi barcha savollarni, shuningdek muayyan yo‘l bilan topuvchi javoblarni o‘z ichiga oladi. Bilish odamlar dunyoqarashini boyitadi va kengaytiradi, u jamiyatning rivojlanishiga qarab yanada teranroq va mazmunan boyroq bo‘lib boradi.
DUNYOQARASHNING QADRIYATLARGA MUNOSABAT FUNKSIYASI –
insonnning hayotni va o‘zini oliy qadriyat deb hisoblagan holga shakllanadi. Zero, o‘z qadrini bilmagan inson o‘zgalar qadrini bilmaydi va hayotda o‘z o‘rnini topa olmaydi.
DUNYOQARASHNINNG XULQ ATVORNI BELGILASH FUNKSIYASI –
insonda o‘z-o‘zini tarbiyalash, ma’naviy madaniyatini takomillashtirish va faqat o‘zining ma’naviy dunyosiga munosib muhit tanlash malakalarini shakllantiradi.
Ammo dunyo juda rang-barang bo‘lib, muttasil o‘zgarish jarayonini boshdan kechiradi, qoniqarli javoblarga ega bo‘lmagan savollar esa, uzil-kesil javob berish mumkin bo‘lgan savollarga qaraganda, ko‘proqdir. Shu bois, muammolarga nisbatan muayyan tarzda yondashadigan har bir odamning dunyoqarashi, savollari va javoblari doim shaxsiy o‘ziga xoslik bilan ajralib turadi va hech bo‘lmasa shu sababga ko‘ra boshqa odamlar dunyoqarashiga hech qachon o‘xshamaydi.
Dunyoqarashda intellektual, emotsional va ruhiy asoslar uzviy bog‘liq bo‘lib,
ular jamuljam holda har bir inson uchun mutlaqo muayyan, individual xususiyatlar sifatida amal qiladi.
Intellektual, emotsional va ruhiy asoslar iroda bilan uyg‘unlikda e’tiqodlar – odamlar faol qabul qiladigan, ularning ong darajasi va hayotdagi mo‘ljallariga mos keladigan qarashlarni yuzaga keltiradi. Dunyoqarashga sub’ektning yoshi, jismoniy va ruhiy holati, fe’l-atvori xususiyatlari, odatlari va e’tiqodlari, shuningdek milliy
madaniyat tipi, etnos xususiyatlari va ijtimoiy-madaniy omillar o‘z ta’sirini ko‘rsatadi. Dunyo haqidagi tasavvurda ob’ektiv va sub’ektiv tomonlarni ajratish ham o‘rinli bo‘ladi.
Dunyoqarashning shakllanishi natijasi o‘laroq sub’ektning e’tiqodlari,
qilmishlari va harakatlari majmui vujudga keladi. Dunyoqarashda inson va insoniyat o‘z o‘zligini namoyon etadi. Dunyoqarash inson xulq-atvori, uning barcha harakatlari va qilmishlari uchun fon sifatida amal qiladi. Dunyoqarashning mental mezoni sifatida ongning mujassamlashuvini aks ettiruvchi ishonch va e’tiqod maydonga chiqadi. Dunyoqarash umumiy va shaxsiy ahamiyatga molik mo‘ljal tarzida namoyon bo‘lishi mumkin.
Dunyoqarash serqirra hodisa hisoblanadi. Ko‘p qavatli uyda bo‘lganidek, uning turli qavatlaridan o‘z ratsional-irratsional elementlariga ega bo‘lgan hayotga oid, mifologik, diniy, badiiy, siyosiy, ilmiy qarashlar o‘rin oladi. Dunyoqarashning
amaliy darajasi stixiyali tarzda shakllanadigan dunyoqarashdir (unga misol tariqasida oddiy, kundalik dunyoqarashni keltiradilar). Unda dunyoning manzarasi
rolini hayot haqidagi tipik tasavvurlar to‘plami o‘ynaydi. Bu to‘plam ko‘pincha kundalik hayotda ayniqsa ko‘p uchraydigan vaziyatlardan, mazkur muhitga xos bo‘lgan ko‘nikmalar, munosabatlar va odatlardan tarkib topadi. Bunday dunyoqarashga uning egasiga xos bo‘lgan kasbiy mo‘ljallar ayniqsa kuchli ta’sir
ko‘rsatadi. Xulq-atvor reaksiyalari tipining shakllanishida sub’ektning kasb-kori (amaldor, savdo xodimi, ofitser, uy bekasi, shifokor va h.k.) hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Oddiy dunyoqarash egasi dunyoga munosabatning o‘z muhitiga ayniqsa xos bo‘lgan andozalarini umumlashtirib, ularni harakatlar va qarashlarning o‘zgartirish oson bo‘lmagan muayyan mezoniga aylantiradi. «Oddiy dunyoqarash» kategoriyasining sinonimlari sifatida «kundalik dunyoqarash», «amaliy dunyoqarash», «noilmiy dunyoqarash» tushunchalari amal qiladi.
Hayot tajribasi va empirik bilimlar asosida shakllanadigan dunyoqarash oddiy dunyoqarash deb ataladi va insonning dunyo haqidagi tasavvurlarining tizimsiz majmui sifatida amal qiladi. U har qanday dunyoqarashning negizi hisoblanadi va odamlarga kundalik hayoti, faoliyatida yo‘l ko‘rsatib, ularning xulq-atvori, aksariyat qilmishlarini belgilab, muhim regulyativ funksiyani bajaradi.
Falsafa borliq va inson tafakkurining asosiy tamoyillarini ifodalash orqali dunyoni anglab etish barcha shakllarining ma’naviy asosi sifatida maydonga chiqadi.
Hozirgi zamon fundamental falsafasi dunyoqarashning eng oliy, nazariy darajasidir,
desak, aslo mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz.
Nazariy dunyoqarash asrlar osha davom etgan individning ijtimoiylashuvi jarayoni mahsuli hisoblanadi. Bunda individ o‘zining voqelikka bo‘lgan munosabatida jamiyatdan olinadigan ne’matlarni bevosita o‘zlashtirishdan tarixiy bunyodkorlik va insoniy qadriyatlar mazmunini tushunishga qadar bo‘lgan yo‘lni
bosib o‘tadi.
Dunyoqarashning nazariy darajasini voqelikning bevosita in’ikosi sifatida tasavvur qilish to‘g‘ri bo‘lmaydi. Uning tarkibiga ideallar va konseptual modellar kiradi. Aynan ideallarning mavjudligi dunyoqarashni oddiy in’ikos sifatida emas, balki ildam in’ikos sifatida, hali mavjud bo‘lmagan hodisa – kelajakni shakllantiruvchi va belgilovchi ideal kuch sifatida tavsiflaydi.
Dunyoqarashni shakllantirish muammosining mohiyati shu bilan belgilanadiki, nazariy darajaning izchil rivojlanishi serqirra mavjudot sanalgan insonda amalda mavjud bo‘lgan dunyoqarashning boshqa qatlamlarini, xususan mifologik dunyoqarash qoldiqlari yoki kundalik dunyoqarash unsurlarini bekor qilmaydi.
Shunday qilib, dunyoqarashning har bir darajasi inson hayot faoliyatida o‘z vazifalarini hal qiladi. Ularning ahamiyati va o‘ziga xosligi ham shundadir. Tanqid faqat u yoki bu (diniy, oddiy, pragmatik yoki ssientistik) dunyoqarash universallikni
asossiz ravishda da’vo qilgan holda o‘rinli bo‘ladi. Dunyoqarashning muhim elementi SHUBHA bo‘lib, u insonni dogmatizm, ya’ni biryoqlama, notanqidiy fikrlash, u yoki bu qoidani shak-shubhasiz haqiqat deb qabul qilishdan asraydi. Dogmatizmning qarama-karshisi skeptitsizm bo‘lib, bunda shubha mutlaqlashadi, fikrlashning asosiy omiliga aylanadi, bilish va borliqni idrok etishning bosh tamoyili sifatida amal qiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |