6-Mavzu: Bank tizimi - bozor infratuzilmasining tarkibiy qismi sifatida.
Reja:
Bank tizimi va uning asosiy vazifalari.
Bank turlari va ular tomonidan amalga oshiriladigan operatsiyalar.
Mamlakatimizda bank tizimini rivojlantirish bo‗yicha amalga oshirilayotgan islohotlar.
Bank tizimi va uning asosiy vazifalari.
Kredit, ya‘ni pul qarz berish ikki usulda yuz berishi mumkin: birinchi usul bevosita bo‗lib, bunda qarz beruvchi to‘g‘ridan-to‘g‘ri qarz oluvchiga ma‘lum miqdordagi mablag‘ni qarzga beradi. Bundan tashqari, mahsulotni nasiyaga sotish ham mazmunan qarzga berishning bir ko‘rinishidir. Nasiyaga sotish ham ma‘lum muhlat va haq to‗lash asosida yuz beradi, ya‘ni tovar bahosiga ustama qo‗yilib, tovar nasiyaga sotiladi. Rivojlangan mamlakatlarda tovar va xizmatlarga to‗yingan bozor sharoitida avtomobil, turar joy, yaxta, video va boshqa shu kabilar keng miqyosda kreditga sotiladi, ya‘ni bo‗lajak daromad hisobiga sotilib, tovar haqi bo‗lib-bo‗lib foiz bilan to‗lanadi.
Ikkinchi usul bilvosita bo‗lib, qarz berish vositachilar orqali, ya‘ni uchinchi subyekt ishtirokida amalga oshadi. Bunda alohida kredit muassasalari, banklar orqali qarz berish jarayoni amalga oshadi.
Pul munosabatlarining rivojlanishi banklarning paydo bo‘lishiga olib kelgan. Bank iqtisodiy munosabatlar ishtirokchilarining pul yuzasidan bo‗ladigan aloqalariga xizmat qiluvchi institut (muassasa)dir. Pul bilan bog‗liq xizmatlarni ko‗rsatuvchi tashkilotlar ko‗p, ammo ularning markazida banklar turadi. O‗zbekiston Respublikasining «Banklar va bank faoliyati to‗g‗risida» gi qonunida, bankka quyidagicha ta‘rif berilgan:
Bank - tijorat tashkiloti bo‗lib, bank faoliyati deb hisoblanadigan faoliyat turlari majmuini amalga oshiradigan yuridik shaxsdir.
Banklar juda qadimiy muassasa bo‘lib, hatto u qadimiy Bobilda ham mavjud bo‗lgan. Bank paydo bo‗lishiga oltinni ishonchli joyda saqlashga bo‘lgan ehtiyoj turtki bo‗lgan. Dastlab zargarlar bankirlik faoliyati bilan shug‘ullanganlar.
Banklar kredit munosabatidagi ikki tomonni bir-biriga bog‗laydi, ular o‗rtasidagi zarur aloqalarni amalga oshiradi. Bo‗sh pul egalari va pulga ehtiyoji bo‘lganlar bank orqali o‗z muammolarini hal qiladilar. Amalda bank faoliyati tufayli bundagi subyektlar bankka pul qo‗yuvchi va qarz oluvchilarga aylanadilar. Bank pul qo‗yuvchilarga foiz to‗lasa, pul oluvchilardan foiz oladi. Bu foizlar o‗rtasidagi farq bank daromadini shakllantiradi.
Banklar moliyaviy resurslarni saqlovchi va kredit beruvchi bosh bo‗g‗indir. Davlat emissiyasi ham bank orqali amalga oshadi. Umuman, banklarning kredit, moliyalashtirish sohasidagi faoliyati juda keng bo‗lib, bozor iqtisodiyotining shakllanishi va rivojlanishi ko‗p jihatdan banklar faoliyatining keng ko‗lamliligi hamda banklar tizimining rivojiga bog‗liqdir.
Banklar faoliyatidagi eng muhim tomonlardan yana biri shuki, ular o‗z mijozlari o‗rtasidagi pul muomalalari, o‗zaro to‗lovlar va boshqa shunga o‗xshash xizmatlarni ham bajaradi. Ma‘lumki, iqtisodiy aloqalarni amalga oshirishda to‗lovlar asosiy o‗rin egallab, tovarlar harakati, ularning bir egalikdan ikkinchisiga o‗tishida, ya‘ni takror ishlab chiqarish jarayoni ishlab chiqarish va tovar-pul muomalasining to‗xtovsiz harakatini ta‘minlashda hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Chunki, to‗lovlardagi uzilish tovar harakatining to‗xtab qolishiga, iqtisodiy aloqalarning buzilishiga olib keladi. Qulay to‗lov usullarini qo‗llash, mijozlar o‗rtasidagi ishonchni kuchaytirish ko‗p jihatdan banklar ish faoliyatiga bog‗liqdir. Banklar pul oqimini harakatga keltiruvchi vosita bo‗lib, pul bilan bo‗ladigan hisob-kitoblarni amalga oshiradi. Deyarli hamma pul to‗lovlari (transferlar) banklar orqali o‗tadi.
Banklar quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
pul va qimmatli buyumlarni omonatga olib, saqlab beradi;
pul bilan bo‗ladigan hisob-kitob opretsiyalarini bajaradi;
o‗z ixtiyoridagi pulni kredit tamoyillari (muddatlilik, ta‘minlanganlik, to‘lovlilik, qaytarishlik, maqsadlilik) asosida unga ehtiyoji bor bo‘lganlarga qarzga beradi, ya‘ni, kredit berish bilan shug‗ullanadi;
o‗z puliga aksiya sotib olib, uni boshqa sohaga joylashtiradi;
biznes yuzasidan maslahat beradi va hokazo.
Moliya va kredit operatsiyalarining asosiy qismini qamrab oladigan kredit tizimining hal qiluvchi bo‗g‗ini bank tizimidir. Banklar juda qadimiy va ancha keng tarqalgan kredit muassasalari guruhi bo‗lib, ular kredit-moliya xizmatlarining aksariyatini bajaradi hamda mohiyatiga ko‗ra, keng sohali muassasa hisoblanadi.
Hozirgi vaqtda dunyoda zamonaviy bank tizimi murakkablashib, yiriklashib bormoqda. Unda banklar faoliyatiga xos klassik xususiyatlar boshqa moliya muassasalarining xususiyatlari bilan qo‗shilib ketmoqda.
Banklarning rivoji butun dunyoda davom etayotgan iqtisodiy integratsiya tamoyilini aks ettiradi. Bu jarayonning bank ishida namoyon bo‗lishi natijalarini rivojlangan mamlakatlar misolida o‗rganish orqali o‗z bank tizimini endigina vujudga keltirayotgan mamlakatlar xatolarga yo‗l qo‗ymay, bundan keyingi taraqqiyot konsepsiyasini oqilona amalga oshirishlari mumkin.
Banklarning bozor iqtisodiyotida tutgan o‗rni juda katta, shu sababli ularning faoliyati doimiy ravishda hukumat e‘tiborida bo‗ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |