3. Jahon iqtisodiy inqirozi yillarida AQSH.
1929 yil oktabr oyida mamlakatdaiqtisodiy inqiroz boshlandi. AQSH 1929-1933 yillardagi jahon iqtisodiy inqirozning asosiy o‘chog‘i bo‘lib qoldi. 1929-1933 yillar iqtisodiy inqirozi AQSH sanoat mahsulotini 56 % kamaytirib, 1905-1906 yillardagi ishlab chiqarish darajasiga tushirib qo‘ydi. Po‘lat quyish 76 % qisqardi, ya’ni 1901 yilgi darajaga tushib qoldi. Sanoat ishlab chiqarishi deyarli yarmiga qisqardi, avtomobillar chiqarish 80 % ga, eksport, import, chakana savdo aylanmasi ikki barobarga kamaydi. Ushbu inqiroz «Buyuk depressiya» deb nomlandi.
Qishloq xo‘jaligidagi vaziyat ham keskin yomonlashdi. Qishloq xo‘jalik mahsulotlarining xarid narxlari tushib ketganligi fermer xo‘jaliklarining ommaviy inqiroziga sabab bo‘ldi. Inqiroz yillarida milliondan ortiq fermer xo‘jaliklarining bor-budi sotib yuborildi. Ularning egalari esa ishsizlar safiga qo‘shilishdi. Ishsizlik amerikaliklar uchun haqiqiy ofatga aylandi. 1933 yili mamlakatda 17 mln. ishsiz bo‘lib, har uchinchi ishchi ish haqidan mahrum edi.
Buyuk depressiya ommaviy ish tashlashchilik harakatiga turtki berdi, ishchilar va fermyerlarning chiqishlari boshlandi. 1931 yil dekabrida va 1932 yili ishsizlarning Vashingtonga yurishlari tashkil etildi. Ular «ocharchilik yurishlari» deb nomlandi. G‘alayonlar qishloq xo‘jalik hududlariga ham tarqaldi.
Inqiroz va sinfiy kurash eng kuchaygan 1932 yili navbatdagi prezident salovi o‘tkazildi. Uning natijalariga ko‘ra demokratlarpartiyasining tajribali va tadbirli siyosatchisi Franklin Ruzvelt prezident etib saylandi.
F.Ruzvelt AQSHning o‘ttiz ikkinchi prezidenti hamda Amerika tarixidagi eng mashhur prezidentlardan biri edi. U 1932 yildan 1945 yilgacha prezidentlikka to‘rt marta saylangan yagona prezident ham edi. Ruzvelt prezident bo‘lgach, Amerika iqtisodiyotida «yangi yo‘nalish» sifatida shuhrat qozongan keng miqyosli islohotlarni boshladi. Bu yo‘lning mohiyati ishlab chiqarish vositalariga xususiy mulkchilik to‘liq saqlangan holda davlat boshqaruvini iqtisodiyotga va ijtimoiy munosabatlarga keng joriy etishdan iborat edi. Ruzvelt hamda uni quvvatlovchi siyosiy arboblar dadil qadam tashlay olishdi - mamlakat iqtisodiyotini boshqarishning davlat dastaklarini qo‘llash ko‘zda tutilar, mehnat huquqini jiddiy qayta ko‘rish, ishsizlikka qarshi kurashga katta mablag‘lar ajratish va ijtimoiy sug‘urta asoslarini yaratish (pensiyalar, kasallik bo‘yicha nafaqalar, sog‘liqni saqlash, xalq ta’limi tizimini takomillashtirish) rejalashtirilgandi. Shunday qilib, Ruzveltning «yangi yo‘nalish»idagi asosiy vazifa davlatning iqtisodiy faoliyat jarayoniga faol aralashuvi yo‘li orqali mamlakatni inqirozdan chiqarishdan iborat edi.
Ruzveltning «Yangi yo‘nalishi» AQSHdagi ijtimoiy munosabatlarni liberallashtirish uchun ijtimoiy qonunchilik sohasida muhim siljishni amalga oshirdi. 1935 yili AQSH Kongressi «Vagner qonuni»ni qabul qildi, mazkur qonun bo‘yicha ishchilar jamoaviy shartnomalar tuzish huquqiga va ish tashlash huquqiga ega bo‘lishdi. Bundan buyon ish tashlashda qatnashganligi uchun ta’qib qilish man qilindi. Xuddi shu yili AQSH tarixida birinchi marta ijtimoiy sug‘urtalash haqidagi qonun qabul qilindi. Bu qonunda keksalarni ta’minlash va ishsizlik bo‘yicha kompensatsiya to‘lash, ko‘zi ojizlarga, majruhlarga, yolg‘iz onalarga va yetimlarga yordam berish ko‘zda tutildi.
AQSH kongressi 1933 yilda 3,5 oy ichida 70 ta qonun qabul qildi. Bular orasida ayniqsa «Milliy sanoatni tiklash to‘g‘risida akt», «Qishloq xo‘jaligini tartibga solish to‘g‘risida akt» («Fermyerlarga yordam berish to‘g‘risida qonun») muhim qonunlar edi. Ruzvelt hukumati sanoat, savdo va transport kompaniyalarini, banklarni, sug‘urta jamiyatlarini halokatdan qutqarishga urindi va shu maqsadda ssuda (qarz)lar berildi. Hukumat qishloq xo‘jalik mahsuloti narxlarini oshirishni ham ko‘zda tutdi.
Do'stlaringiz bilan baham: |