1-mavzu: Avtomobil transportida harakat xavfsizligini ta'minlashning huquqiy asoslari
Reja:
O‘zbekiston Respublikasining “Avtomobil' transporti to‘g‘risida”gi qonuni.
O‘zbekiston Respublikasining “Avtomobil' transporti to‘g‘risida”gi qonunida harakat xavfsizligi masalalari.
Avtotransport vositalari konstruksiyasiga qo‘yiladigan xavfsizlik talablari.
Avtotransport vositalarini standartlash, metrologiya jihatidan ta'minlash va sertifikatlash.
Avtomobilda tashishlarni lisenziyalash.
Kalit so‘zlar: Qonun. Transport to‘g‘risidagi qonun. Avtomobil transporti to‘g‘risidagi qonun. Xavfsizlik masalalari. Avtotransport vositalari. Avtotransport vositalari xavfsizligi. Xavfsizlik talablari. Standartlash. Metrologiya jihatidan ta'minlash va sertifikatlash.
9.08.2021 yildagi “Transport to‘g‘risida”gi O‘RQ-706-son Qonun transportga oid faoliyatni tijorat asosida amalga oshirish chog‘ida yuzaga keladigan munosabatlarni tartibga soladi.
Qonunning amal qilishi:
quvur transporti faoliyati va elektr uzatish liniyalari orqali elektr energiyasining olib o‘tilishi;
transportga oid bo‘lmagan ishlarni bajarish uchun mo‘ljallangan maxsus transport vositalari faoliyati;
idoraviy yo‘lovchi tashish transportining, shuningdek beg‘araz asosda tashishlarni amalga oshiradigan korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning faoliyati;
harbiy, harbiy-yordamchi, chegarani qo‘riqlaydigan kemalarning, shuningdek respublika hududi orqali maxsus yuklarni va harbiy tarkiblarni tranzit tashishlarni amalga oshirish faoliyati;
eksperimental va davlat aviatsiyasining faoliyati;
xususiy mulk huquqi asosida yoki boshqa qonuniy asoslarga ko‘ra, tashishlarni o‘zlariga tegishli bo‘lgan transport vositalaridan foydalangan holda beg‘araz asosda va shaxsiy ehtiyojlarini qanoatlantirish uchun amalga oshiradigan jismoniy shaxslarning faoliyati bilan bog‘liq munosabatlarga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Qonunda asosiy tushunchalar qo‘llaniladi: tashish, mijoz, tashuvchi, tashish hujjati, tranzit transport yo‘lagi, aralash tashish, aralash tashishlar operatori, transport infratuzilmasi ob’ektlari, transport logistikasi, transportga oid faoliyat va boshqalar.
Avtomobil, havo, temir yo‘l, suv, elektr transporti, metropoliten va transport infratuzilmasi ob’ektlari respublikaning yagona transport tizimini tashkil etadi.
Transportga oid faoliyatning asosiy prinsiplari qonuniylik, xavfsizlik, ekologik tozalik, transport xizmatlaridan foydalana olish, ochiqlik va shaffoflikdan iborat.
Transport sohasida qonun bilan quyidagilar belgilandi:
davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari;
Vazirlar Mahkamasi, Transport vazirligi, mahalliy davlat hokimiyati organlari va davlat nazorati organlarining vakolatlari;
ular jumlasiga avtomobil transportida yo‘lovchilarni shaharda, shahar ichida, shahar atrofida, shaharlararo, xalqaro tashishlar hamda yuklarni xalqaro tashishlar, yo‘lovchilarni va yuklarni temir yo‘l transportida tashishlar kiradigan litsenziyalanadigan faoliyat turlari va boshqalar.
Shuningdek hujjatda quyidagilar yozilgan:
yo‘lovchilarni, bagajni, yuk bagajini, yuklarni, pochta va kurerlik jo‘natmalarini tashish, transport-ekspeditorlik xizmatlarini ko‘rsatish tartibi;
aralash va tranzit tashishlarni tashkil etish tartibi;
mijoz va tashuvchining huquq va majburiyatlari;
transport logistikasining asosiy vazifalari;
tashishlar xavfsizligini, transport vositalaridan va transport infratuzilmasi ob’ektlaridan foydalanish xavfsizligini ta’minlashga doir chora-tadbirlar va boshqalar.
O‘zbekiston Respublikasining “Avtomobil transporti to‘g‘risida”gi 674-I-son qonuni 1998 yilning 29 avgustda qabul qilingan. Qonun 31 ta moddadan iborat.
Mazkur Qonunning maqsadi O‘zbekiston Respublikasida avtomobil transporti faoliyatining huquqiy asoslarini shakllantirishdan iboratdir.
Mazkur Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi:
avtomobil transporti — tarkibiga yuridik va jismoniy shaxslar kiruvchi, iqtisodiyot va aholining yo‘lovchilar, bagaj va yuklarni, shu jumladan pochtani (bundan keyin — yo‘lovchilar, bagaj va yuklar deb yuritiladi) avtomobilda tashishga bo‘lgan ehtiyojlarini ta’minlovchi ishlab chiqarish-texnologiya majmui;
avtotransport vositalari — yo‘lovchilar, bagaj, yuklar tashishga hamda maxsus ishlarni bajarishga mo‘ljallangan avtomobillar, shatakchi avtomobillar, tirkama va yarim tirkamalar;
tashuvchi — mulk huquqi yoki boshqa ashyoviy huquqlar asosida avtotransport vositasiga ega bo‘lgan, tijorat asosida yo‘lovchilar, bagaj, yuklar tashish xizmatini ko‘rsatadigan hamda bunga maxsus ruxsatnomasi (litsenziyasi) bo‘lgan yuridik yoki jismoniy shaxs;
mijoz (yo‘lovchi, yuk oluvchi, yuk jo‘natuvchi) — tuzilgan tashish shartnomasiga muvofiq tashuvchining xizmatlaridan foydalanuvchi yuridik yoki jismoniy shaxs.
Avtomobil transporti to‘g‘risidagi qonunchilik ushbu Qonundan va boshqa qonunchilik hujjatlaridan iboratdir.
Qoraqalpog‘iston Respublikasida avtomobil transporti sohasidagi munosabatlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi qonunchiligi bilan ham tartibga solinadi.
Shahar yo‘lovchilarini tashish sohasidagi munosabatlar O‘zbekiston Respublikasining «Shahar yo‘lovchilar transporti to‘g‘risida» gi Qonuni bilan ham tartibga solinadi.
Yo‘lovchilar, bagaj va yuklar tashish, harakat xavfsizligini ta’minlash qoidalari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
Agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida O‘zbekiston Respublikasining avtomobil transporti to‘g‘risidagi qonunchiligida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan bo‘lsa, xalqaro shartnoma qoidalari qo‘llanadi.
Avtotransport vositalari yo‘lovchilar avtotransporti, yuk avtotransporti va maxsus avtotransport vositalariga bo‘linadi.
Yo‘lovchilar avtotransporti vositalari jumlasiga avtobuslar, mikroavtobuslar, yengil avtomobillar, yo‘lovchilar tashiladigan tirkamalar va yarim tirkamalar kiradi.
Yuk avtotransporti vositalari jumlasiga yuk avtomobillari, shatakchi avtomobillar, tirkamalar va yarim tirkamalar kiradi. Konstruktiv jihatlariga hamda qay maqsadlarda foydalanilishiga ko‘ra yuk avtotransporti vositalari umumiy va maxsus transport vositalariga bo‘linadi.
Maxsus avtotransport vositalari jumlasiga turli maxsus ishlarni, ko‘proq notransport ishlarini bajarishga mo‘ljallangan avtomobillar, tirkamalar va yarim tirkamalar (o‘t o‘chirish avtomobillari, kompressor qurilmali avtomobillar, avtokranlar, supurish-sidirish hamda chiqindi tashish avtomobillari va hokazolar) kiradi.
Tashuvchi yo‘lovchilar, bagaj va yuklarni tashish, fuqarolar hayoti va sog‘lig‘i, harakat xavfsizligini hamda atrof muhit muhofaza qilinishini ta’minlashi shart.
Avtotransport korxonalari, avtovokzallar, avtobekatlarning transport vositalari harakati va yuk ortish-tushirish ishlari amalga oshiriladigan hududlari o‘ta xavfli tegralar hisoblanadi. O‘ta xavfli tegralarda bo‘lish va unda ishlarni amalga oshirish qoidalari qonunchilik bilan belgilanadi.
Zaharlovchi, portlovchi, alangalanuvchi, radioaktiv, zaharli va boshqa xavfli yuklar faqat bunday yuklarni tashish qoidalariga muvofiq tashilishi lozim. Mijoz va tashuvchi ularning bexatar tashilishi, ortilishi va tushirib olinishini ta’minlashlari shart. Xavfli yuklarni qo‘riqlash va kuzatib borish yukni jo‘natuvchilar yoki oluvchilar tomonidan butun yo‘l davomida ta’minlanadi.
Xavfli yuklar ro‘yxati va ularni tashish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
Avtotransport vositasini boshqarish huquqi tegishli malakaga ega bo‘lgan va tibbiy tekshiruvdan o‘tgan jismoniy shaxsga beriladi. Avtotransport vositasini boshqarish huquqi belgilangan namunadagi hujjat bilan tasdiqlanadi.
Salomatligiga ko‘ra avtotransport vositasini boshqarishga yaroqli yoki yaroqsiz ekanligi mezoni O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan belgilanadi.
Avtotransport vositalarini boshqarishga doir malaka talablari qonunchilik bilan belgilanadi.
Avtotransport vositalari xavfsizlik, mehnatni muhofaza qilish, ekologiya talablariga, shuningdek standartlar va texnik shartlarga, tibbiy-sanitariya va yong‘inga qarshi normalarga muvofiqlik sertifikatiga ega bo‘lishi lozim.
Avtotransport vositalarini standartlash, metrologiya va sertifikatlash ishlarini tashkil etish, muvofiqlashtirish va ta’minlash O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbekiston davlat standartlash, metrologiya va sertifikatlash markazi hamda boshqa davlat organlari tomonidan qonunchilikka muvofiq amalga oshiriladi.
Sertifikatlashdan o‘tmagan va belgilangan tartibda ro‘yxatga olinmagan avtotransport vositalaridan foydalanishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Avtomobilda tashishlar tashuvchilar tomonidan maxsus ruxsatnoma (litsenziya) asosida amalga oshiriladi.
Avtomobilda tashishlar uchun litsenziya berish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Nazorat savollari
O‘zbekiston Respublikasining “Transport to‘g‘risida”gi qonuni qachon qabul qilingan?
“Transport to‘g‘risida”gi qonun nimani tartibga soladi?
Transportga oid faoliyatning asosiy prinsiplari nimalardan iborat?
O‘zbekiston Respublikasining “Avtomobil transporti to‘g‘risida”gi qonuni qachon qabul qilingan.
O‘zbekiston Respublikasining “Avtomobil transporti to‘g‘risida”gi qonuning maqsadi nima?
Avtomobil transpoti deganda nimani tushinasiz?
Tashuvchi deganda nimani tushinasiz?
Mijoz (yo‘lovchi, yuk oluvchi, yuk jo‘natuvchi)deganda kimni tushinasiz?
Avtomobil transporti to‘g‘risidagi qonunchilik nimalardan iborat?
Avtotransport vositalari qanday turlarga bo‘linadi?
Qanday hududlar o‘ta xavfli tegralar hisoblanadi?
Avtotransport vositasini boshqarish huquqi kimlarga beriladi?
Avtotransport vositalari qanday sertifikatlarga ega bo‘lishlari kerak?
Avtotransport vositalarini standartlash, metrologiya va sertifikatlash ishlarini tashkil etish, muvofiqlashtirish va ta’minlash qanday amalga oshiriladi?
Do'stlaringiz bilan baham: |