Hozirgi o„zbek tili asrlar davomida qo„llanib kelgan yagona o„zbek tili
taraqqiyotining yuqori formasi, milliy tilning ishlangan shaklidir. Hozirgi o„zbek
tili davlat va ijtimoiy tashkilot, fan va maktab, matbuot va badiiy adabiyot, xullas,
o„zbek millatining ilmiymadaniy tilidir. O„zbek xalqining millat bo„lib
shakllanishi va rivojlanishi milliy adabiy tilning shakllanishi va rivojlanishidir.
Hozirgi o„zbek tili o„zbek xalqining yagona umummillat tilidir. O„zbek milliy
adabiy tili umumxalq tilining yuqori va takomillashgan bosqichidir.So„nggi qariyb
bir asr mobaynida o„zbek xalqining yagona milliy tili har tomonlama o„sdi va
yuksaldi, uning fonetik tizimiga ma‟lum darajada o„zgarishlar kiritildi-unlilar
tarkibi ixchamlashdi, undoshlar tarkibiga ba‟zi bir yangi fonemalar kelib qo„shildi,
tilning lug„at tarkibi yangi so„z va iboralar hisobiga boyidi, so„z ma‟nolari
kengaydi, eskirib qolgan so„zlar istemoldan chiqib ketdi, o„zbek tilining grammatik
qurilishi takomillashdi.O„zbek milliy adabiy tili turli burjua millatchi oqimlariga
qarshi kurashda o„sdi, mustahkamlandi va voyaga yetdi. Ayniqsa, XX asrning
birinchi yarimlarida ular o„zbek adabiy tilini to„g„ri va ravon rivojlanish yo„lidan
chetga burishga qattiq urinib ko„rdilar: hozirgi o„zbek milliy adabiy tilini eski kitob
tili asosida qurishni, istemoldan chiqib ketgan eski so„z va iboralarni qayta
tiklashni, qipchoq dialektini yagona umummillat tiliga asos qilib olishni, adabiy til
tarkibidagi har bir dialektni mustaqil til darajasiga ko„tarishni taklif qildilar. Lekin
ular qanchalik urinmasin, o„z maqsadlariga erisha olmadilar. Hozirgi o„zbek tili
o„zining asosiy taraqqiyot yo„lidan og„ishmay borib, o„z yuksaklish yo„lida davom
etdi. Hozirgi o„zbek tilining rivojlanishiga o„zbek olimlari, shoir va adiblari,
tarjimon va matbuot xodimlari katta hissa qo„shdi.
Hozirgi o„zbek tilining rivojlanishi yo„li:
1)
uning yagona umummillat va mahalliy dialektlarga munosabati;
2)
tayanch va yetakchi o„zbek shevalarining fonetik tizimi;
3)
umumxalq tili lug„at tarkibining son va sifati, qo„llanish doirasi va
mazmuni;
4)
grammatik qoidalarning hajmi va mohiyati;
5)
uslubiy bo„linishga ko„ra belgilanadi.
Hozirgi o„zbek tili 6 unlili fonetik tizimga ega. So„nggi yillarda o„zbek
tilining undoshlar tizimida ham ma‟lum o„zgarishlar bo„ldi. Bunga o„zbek tiliga
rus tilidan ko„plab yangi so„zlarning kirib kelishi ham sabab bo„ldi. Bunday
olinmalar tarkibidagi ayrim tovushlarning o„zbek tili fonetik qoidalariga mos
kelmasligi, ularni o„z fonetik tizimiga muvofiqlashtirish o„zbek tilining tovushlar
tizimida ayrim o„zgarishlarning kelib chiqishiga sabab bo„ldi.
Ma‟lumki, tilning leksikasi uning eng o„zgaruvchan qismidir. Shuning
uchun keyingi qariyb bir asr davomida o„zbek tili leksikasi juda katta
o„zgarishlarga uchradi. Bu o„zgarishlarni quyidagicha sharhlash mumkin:
a) Hozirgi o„zbek tilida ko„pgina so„zlarning ma‟no doirasi kengaydi,
ko„pgina so„zlar o„z ma‟nosi bilan birga yangi, qo„shimcha ma‟nolar kasb etdi,
so„z ma‟nosida kengayish va torayish yuz berdi: vatan-uy, hovli; mamlakat,
onaVatan kabi,
b) ayrim so„zlarda ma‟no jihatdan differensiyalanish (farqlanish) yuz berdi:
yonilg„i (suyuq modda: neft), benzin; yoqilg„i (o„tin, ko„mir) kabi;
c) sinonimlarda kengayish yuz berdi: zo„r, buyuk, katta, ulkan-gigant kabi;
d) yangi tipdagi barqaror so„z birikmalarining ko„lami kengaydi: oq oltin,
tinchliksevar xalqlar kabi;
e) rus tilidan qabul qilingan so„zlar o„zbek tilining lug„at tarkibini boyitish
bilan birga ayrim so„zlarning lug„at tarkibidan chiqib ketishiga ham sabab
bo„ldi.
Hozirgi o„zbek tilidagi so„zlarning morfologik tarkibida, so„z birikmasi va
gap qurilishida, umuman tilning grammatik qurilishida ham ma‟lum o„zgarishlar
sodir bo„ldi. Masalan, XX asr o„zbek adabiyotining, ayniqsa, proza janrining
ravnaqi Hozirgi o„zbek tilida qo„shma gaplar, xususan, ergash gapli qo„shma
gaplar va murakkab gaplar qurilishini tubdan o„zgartirdi. O„zbekiston
respublikasining uzoq kutilgan Mustaqillikka erishishi, istiqlol sharofati bilan
o„zbek tiliga Davlat tili maqomi berilishi hozirgi o„zbek tili taraqqiyotida nur
ustiga a‟lo nur bo„ldi: davlat idora ishlari o„zbek tilida olib borila boshladi; lotin
grafikasi asosida yangi yozuv tizimi, qabul qilindi. Bularning barchasi Hozirgi
o„zbek tili taraqqiyotini yangi izga soldi.
Do'stlaringiz bilan baham: