Eski o„zbek adabiy tilining yuzaga kelishi o„zbek xalqining tashkil topishi
va qabila tillarining xalq tiliga aylanish jarayoni bilan mahkam bog„liq, chunki
xususan XI-XII asrlarga kelib, turli qabila va xalqlarning tarixan o„zbek xalqi
bo„lib tashkil topishi uchun yetarli shartsharoitlar vujudga keldi. XII-XIII asrlarga
kelib eski o„zbek adabiy tili shakllana boshladi. Eski o„zbek adabiy tilining XIV-
XV asrlarga oid namunalari sifatida Xorazmiyning “Muhabbatnoma”, Durbekning
“Yusuf va Zulayho” asarlarini ko„rsatish mumkin. Lutfiyning o„tkir she‟rlari,
Navoiy va uning zamondoshlari Sakkokiy va Atoiy g„azallari eski o„zbek adabiy
tilining yuksalganligini ko„rsatuvchi dalillardir.Alisher Navoiyning badiiy
adabiyotning turli janrlaridagi asarlari, adabiyotshunoslik va tilshunoslik
sohasidagi ilmiy ishlari XV asrda eski o„zbek adabiy tilini yuqori taraqqiyot
cho„qqisiga ko„tardi. Alisher Navoiy yuksaltirgan bu adabiy til to XX asr
boshlariga qadar, o„z mavqeini yo„qotmadi, aksincha ta‟sir doirasini tobora
kengaytirib, Hozirgi o„zbek tili uchun mustahkam zamin yaratdi. XV asr eski
o„zbek tilining hamma xususiyatlarini aks ettiruvchi Alisher Navoiy asarlari tili
“O„zbek tili tarixi” kursida atroflicha bayon qilinadi. Shunday bo„lsa ham, bu davr
tili haqida gapirganda, Alisher Navoiyning o„zbek adabiy tili taraqqiyotiga
qo„shgan hissasini ta‟riflamay, chetlab o„tib bo„lmaydi.Alisher Navoiy asarlari
tilining
prof.A.K.Borovkov
izohlab
bergan
muhim
belgilari
tubandagichadir.Alisher Navoiy asarlari tili fonetik jihatdan unli fonemalar
tizimiga ko„ra Hozirgi o„zbek tili tarkibidagi Andijon shevasi unlilariga yaqin 8
unliga ega bo„lgan: 4 ta til orqa (a, o„, o„, u) va 4 ta til oldi ( ә, i, ө, o„).
Qadimturkiy va hozirgi o„zbek tilidan boshqa turkiy tillardagi kabi o„ unlisi
fonematik (ma‟noni farqlovchi) tabiatga ega bo„lmagan. Demak, eski o„zbek
adabiy tili ham huddi shunday to„rtta lablangan (o, o„, u, o„) va to„rtta lablanmagan
(i, ә, a, o„) unliga ega bo„lgan.
Undosh fonemalar Alisher Navoiy asarlari tilida (demak, eski o„zbek adabiy
tilida ham) Hozirgi o„zbek tilidagi undoshlardan farqlanmagan, chunki Navoiy
asarlarida o„g„iz tillariga xos k//g, t//d, qipchoq tillariga xos sh//s, q//v kabi tovush
almashinishlari uchramaydi, so„z boshida, so„z o„rtasida va so„z oxirida undosh
tovushlarning qo„llanishi Hozirgi o„zbek tilidagi shu xususiyatlardan farqlanmaydi.
Leksik jihatdan Alisher Navoiy asarlarining tili, garchi asos e‟tiboriga ko„ra
hozirgi o„zbek milliy adabiy tilining lug„at tarkibi bilan teng bo„lsa ham, ayrim
farq va tafovutlardan ham holi emas. Bu farq va o„xshashliklar eski o„zbek adabiy
tili yoki Navoiy yashagan davr tili nuqtai nazaridan Alisher Navoiyning o„zi
tomonidan uning “Muhokamatul lug„atayn” asarida batafsil ko„rsatib berilgan.
Navoiy o„zi yashagan davr tili leksikasi haqida fikr yuritar ekan, bu davr leksikasi
ma‟no ifodalashda rangbarang xususiyatlarga ega ekanligi (yig„lamsinmoq,
ingramoq, singramoq, siqtamoq, o„jarmoq fe‟llari orqali), bu tilning omonim va
sinonimlarga juda boyligi, so„zning ko„p ma‟noliligini, juda boyligini ko„plab
misollar orqali aniq yoritib beradi.Morfologik jihatdan Navoiy asarlari tilida
o„zbek tilining morfologik belgilari bilan bir qarorda qisman o„g„iz guruh tillariga
xos bo„lgan mish affiksi orqali yasalgan sifatdosh formasi (o„lmisham-
bo„lganman, bog„lamishman-bog„laganman kabi), fe‟lning borurali, istaram,
qilmon kabi turli zamon ma‟nolarini anglatuvchi formalar ham uchraydi. XV asr
tilida uchraydigan bu kabi formalar, ayrim turkshunos olimlar taxmin qilganidek,
bu Navoiyning o„g„izlar bilan qandaydir yaqinlik belgisi emas. Buni quyidagicha
izohlash mumkin:
1)
bu qadimturkiy yo eski o„zbek tiliga
xos umumiy xususiyat;
2)
o„zbek xalq ijodining qadimgi namunalarida o„zbekxorazm dialekti
bilan ozarbayjon va turkman tillarini yaqinlashtiruvchi elementlar bo„lib,
Navoiy asarlariga o„g„iz elementlari folklor orqali o„tgan bo„lishi mumkin.
3)
o„tgan adabiymadaniy merosdan keng foydalanish munosabati bilan
xorazm adabiyoti an‟analarining Navoiy asarlari tiliga o„tgan bo„lishi
ehtimol.
Bu farazlardan qat‟iy nazar, Alisher Navoiy adabiyotda shunday
keskin burilish yasadiki, u o„zining adabiy faoliyatida uyg„ur tili
an‟analaridan yuz o„girdi, o„g„uz tili unsurlarini cheklay bordi va mumtoz
o„zbek adabiy tilining taraqqiyotida yangi davrni boshlab berdi. Shuning
uchun o„zbek tilining grammatik qurilishiga oid faktlar, shu jumladan,
morfologik unsurlar, o„g„uz tili unsurlariga qaraganda ustun turadi va
Navoiy asarlari tilida asosiy o„rinni egallaydi.
Shunday qilib, Alisher Navoiy asarlari tilida hozirgi o„zbek tilining
grammatik qurilishiga to„la ravishda mos keladigan ko„pgina grammatik
belgilar bilan bir qatorda undan farq qiladigan ba‟zi bir morfologik unsurlar
uchraydiki, bular eski o„zbek adabiy tilining morfologik xususiyatlarini aks
etdiradi.
Do'stlaringiz bilan baham: