10.2.Hisob-kitob muomalalari hisobi Ma’lumki xo‘jaliklarni boshqa korxona, tashkilot va muassasalar bilan bo‘ladigan hisob-kitoblari naqd pulsiz ko‘rinishida amalga oshiriladi.
O‘zbekiston Respublikasi hududida naqd pulsiz hisob-kitoblar O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvi tomonidan 1995 yil 4 sentabrda qabul qilinib 2002 yilni 12 yanvarida hamda 2013 yil 2 iyunida tegishli o‘zgartirishlar kiritilgan “O‘zbekiston Respublikasida naqd pulsiz hisob-kitoblar to‘g‘risida Nizom” asosida olib boriladi.
Ushbu Nizom asosida mablag‘lar bir hisob raqamidan ikkinchi hisob raqamiga naqd pul ishtirokisiz, pul o‘tkazish yo‘li bilan amalga oshiriladi.
Bu o‘z navbatida xo‘jaliklarni banklarda o‘z hisobraqamlari bo‘lishligini taqozo etadi. Yuridik shaxs sifati faoliyat ko‘rsatayotgan va mustaqil balansiga ega bo‘lgan korxonalar tijorat banklaridan birida o‘zlarining hisob–kitob schyotini ochadilar.
Bu bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2009 yil 16 martdagi 7/2 qarori asosidagi “O‘zbekiston Respublikasi banklarida ochiladigan bank hisobvaraqlari to‘g‘risidagi yo‘riqnoma”ga binoan mijozlar banklarda quyidagi turdagi bank hisobvaraqlarini ochishlari mumkin:
– bank hisobvarag‘i
– jamg‘arma depozit hisobvarag‘i
– muddatli depozit hisobvarag‘i
– ssuda hisobvarag‘i
– talab qilib olinguncha depozit hisobvarag‘i
Banklarda hisob-kitob hisobvaraqini ochish uchun xo‘jalik quyidagilarni taqdim etish lozim:
– hisobvaraqni ochish haqida ariza
– korxonani davlat ro‘yhatidan o‘tganligi haqida hujjat
– korxonaning notarius tasdiqlagan ustavi (Nizomi) nusxasi
– imzolar namunalari va muhr nusxasi tushirilgan, varaqcha va boshqa tegishli hujjatlar
Hisob-kitob schyotida korxona o‘z pul mablag‘larini saqlaydilar va turli tashkilotlar bilan naqd pulsiz hisob-kitoblar olib boradilar. Korxonaning pul mablag‘lari hisob-kitob schyotida saqlanganligi uchun bank ma’lum miqdorda foiz to‘laydi.
Korxonaning hisob-kitob schyotidagi pul mablag‘lari quyidagi xo‘jalik operatsiyalari natijasida ko‘payishi mumkin:
asosiy xo‘jalik faoliyatidan boshqa daromadlar tushganda.
Hisob-kitob schyotiga tushadigan pul mablag‘lari bank qoidalariga muvofiq namunaviy hujjatlar asosida rasmiylashtiriladi. Misol uchun, sotilgan mahsulot, bajarilgan ish va ko‘rsatilgan xizmatlar uchun tayyorlov tashkilotlari va boshqa xo‘jaliklardan tushadigan pullarni bank bu tashkilotlarning o‘z qarzlari uchun pul o‘tkazishi to‘g‘risidagi hujjatlariga asosan o‘tkazadi. Korxona kassadagi naqd pulini bankdagi hisob-kitob schyotiga «Naqd pulni olib borish e’loni»ga asosan topshiradi. Bunda bank pul qabul qilinganligi to‘g‘risida kvitansiya beradi. Ayrim hollarda tovar operatsiyalariga doir pul mol yuboruvchining hujjatlariga asosan ham undirilishi mumkin. Bunday hollarda korxona o‘ziga xizmat ko‘rsatuvchi bankka maxsus hujjat «To‘lov talabnomasi» yozib topshiradi. Bank shu hujjatga asosan hisoblangan pullarni to‘lovchi schyotidan mol yuboruvchining schyotiga o‘tkazadi.
Korxonaning hisob-kitob schyotidagi pul quyidagi to‘lovlar hisobiga kamayishi mumkin:
boshqa tashkilot va korxonadan olingan mol va moddiy boyliklar hamda ko‘rsatilgan xizmatlar uchun pul to‘laganda;
mehnatga haq to‘lash va turli xo‘jalik ehtiyojlari uchun kassaga naqd pul olib kelinganda;
davlat byudjeti va sug‘urta organlariga majburiyat yuzasidan pul o‘tkazib berilganda;
bankdan olingan ssudalar va ularning foizi qaytarilganda;
xo‘jalik faoliyatiga doir boshqa to‘lovlar to‘langanda.
Naqd pul hisob-kitob schyotidan pul chekiga asosan beriladi. Korxonaning farmoyishi bilan to‘lanadigan boshqa barcha naqd pulsiz to‘lovlar «To‘lov topshirig‘i»ga asosan rasmiylashtiriladi. Bu hujjat uch nusxada tuzilib bankka topshiriladi. To‘lov topshirig‘ining 2-nusxasini bank olib qoladi, 3 nusxasiga pul to‘langanligi to‘g‘risida belgi qo‘yib korxonaga qaytarib beradi. Bank korxonaning hisob-kitob schyotidan mustaqil ravishda mol yuboruvchining to‘lov talabnomasiga asosan haqdor tashkilotga pul o‘tkazishi mumkin. Bunday vaqtda to‘lovchi korxonadan hech qanday farmoyish hujjatlari talab qilinmaydi. Korxona haq to‘lashini belgilangan tartibda asosli rad etgan vaqtdagina bank pul o‘tkazib bermaydi. Ba’zi hujjatlarga asosan bank korxonaning hisob-kitob schyotidan so‘zsiz (to‘lovchining rozi bo‘lishi yoki bo‘lmasligiga qaramasdan) pul oladi. Bunday hujjatlarga sudning ijro varaqalari, davlat arbitraji organlarining buyruqlari kiradi. Bunday hujjatlarga asosan kreditor tashkilot to‘lov talabnomasi yozib bankka topshiradi. Bank bu pulni so‘zsiz undirib beradi. Korxonaning hisob-kitob schyotidan sarflanadigan pulni bank tomonidan hujjatlarning kelib tushish ketma-ketligiga qarab to‘laydi. Korxonaning o‘z hisob-kitob schyotidagi pul mablag‘lari harakati ustidan nazorat qilib turish uchun bankdan vaqti-vaqti bilan «Bank ko‘chirmasi»ni olib turadi. Bu ko‘chirma hisob-kitob schyoti bo‘yicha bankda yuritiladigan shaxsiy schyotning ikkinchi nusxasi hisoblanadi. Ko‘chirmada hisob-kitob schyotiga tushgan va undan to‘langan hamma pul mablag‘lari ko‘rsatiladi. Pul mablag‘lari xo‘jalikning buyrug‘idan tashqari hisob-kitob schyotidan sarflangan hollarda ko‘chirmaga tegishli hujjatlar ilova qilinadi. Bunda shuni e’tiborga olish kerakki, bank uchun korxonaning hisob-kitob schyotlari passiv schyot bo‘lib hisoblanadi. Shuning uchun uning kreditida ko‘payishi, debetida kamayishi aks ettiriladi. Banklar (Korxona bilan kelishgan holda) ko‘chirmani berish muddatini belgilaydi, shu bilan birga ko‘chirmani tekshirish muddati, ya’ni bank yozuvlariga norozilik bildirish muddati ham belgilanadi. Ko‘chirmalarni tekshirish paytida aniqlangan xatolar hisob-kitob schyotida bank tomonidan yozilgan summada aks ettiriladi.
Korxonaning bankdagi hisob-kitob schyotidagi pul mablag‘larining mavjudligi va harakati to‘g‘risidagi axborotlarni umumlashtirish 5110-«Hisob-kitob schyoti»da amalga oshiriladi.
5110-«Hisob-kitob schyoti»ning debeti bo‘yicha korxonaning hisob-kitob schyotiga pul mablag‘larining kelib tushishi, kreditida korxonaning hisob-kitob schyotidan pul mablag‘larining hisobdan chiqarilishi aks ettiriladi. Bank ko‘chirmasini tekshirish natijasida korxonaning hisob-kitob schyoti debeti yoki kreditiga xatolik bilan olib borilgan summalar 4860-«Da’volar bo‘yicha olinadigan schyotlar» yoki 6960-«Da’volar bo‘yicha to‘lanadigan schyotlar» bilan bog‘langan holda aks ettiriladi.
Buxgalteriya hisobida hisob-kitob schyoti bo‘yicha operatsiyalar bank ko‘chirmalari va ularga ilova qilinadigan pulli va hisob-kitob hujjatlari asosida aks ettiriladi.
Hisob-kitob schyotidagi pul mablag‘larini hisobga oluvchi schyotlar (5100) bo‘yicha analitik hisob milliy valyutadagi pul mablag‘larini saqlash uchun banklarda ochilgan har bir schyot bo‘yicha yuritiladi.
5110-«Hisob-kitob schyoti»ning korrespondensiyasi.