Samarqand kashtachiligi yorqin va o‘ziga xosligi bilan alohida ahamiyatga ega. Buxoro, Nurota, Shahrisabz kashtachiligi an’analariga yaqin bo‘lishiga qaramay, Samarqand kashtachilik maktabi o‘zining badiiy mahobatliligi, ranglarning qat’iyligi va tozaligi, shakllari harakatchanligi bilan alohida ajralib turadi. Samarqand kashtalari Nurota va Buxoro kashtalaridan farq qiladi: ularning guli yirik va uyg‘undir, ko‘pincha, «bosma» chok qo‘llanilgan. Samarqand kashtalarining asosiy motivi barglar bilan o‘ralgan doira – turunjdan iborat.
Samarqand kashtalarida mahobatlilik va ochiq ijod qilish sezilib turadi. Buni doira – turunjlarining aniq ritmi, qora – jimjimalarining aniq, erkin soyalari ta’minlaydi.
O‘rta Osiyoning qadimiy shaharlaridan biri Shahrisabz kashtalari ham diqqatga sazovordir.
Shahrisabz kashtalari shahar muhitining estetik didini aks ettirardi, chunki ular saroy ustaxonalarida ishlagan ustalar va rassomlarning ijodiy ishi mahsuli edi. Xalq bezagi an’analari shahar kashtachiligi uchun asos bo‘lgan. O‘rtada gul ko‘rinishidagi asosiy nishon, uning atrofida turli naqshlar naqshinkor gul shaklidagi bezaklarni tushirib, ishlov berish shahar kashtalarining asosiy xususiyati hisoblanadi.
Shahrisabz chevarlari kandaxayol chokidan ko‘proq foydalanishgan, shuningdek, ularda bosma, yo‘rma, iroqi choklari ham ishlatilgan. Gul novdalari va to‘pbarggullar Shahrisabz kashtachiligi bezagining asosini tashkil etadi.
Mahalliy kashta maktablari orasida Surxondaryo kashtachilik san’ati ham katta ahamiyatga ega. Surxondaryo kashtalari o‘troq va ko‘chmanchilik madaniyatining qorishuvini ifodalovchi ranglar jilosi, kompozitsion tuzilmasi, bezak lavhalari tuzilishida o‘z ifodasini topadi. Surxondaryo kashtachiligida XX asrning birinchi yarmida o‘simlik va geometrik bezaklardan keng foydalanilgan. Ilon izi chiziqlar, gullar tasviri, qo‘chqor shoxlari, to‘lqinsimon naqshlar shular jumlasidandir.
Farg‘ona kashtachiligi ham diqqatga sazovor kashtachilik markazlaridan biri hisoblanadi. Farg‘ona vodiysi kashtalari shoxsimon grafik gullar yoki konstentrik aylanalardan, doira turunjlardan iborat bo‘lgan va yaxshi yigirilgan ipak bilan «bosma» chokda tikilgan, shuningdek, kompozistiya fonida ko‘p bo‘sh joy qolishi bilan ajralib turadi. Farg‘ona kashtalari to‘q ko‘k yoki binafsharang shoyi va satinlarga tikilgan bo‘lib, gullar yuzaga erkin joylashgan va ular juda nafisligi bilan ajralib turadi. Farg‘ona kashtasi, asosan, qora fonga yorqin ipaklar bilan tikilgan, qizil, malina rang gulli oq-sariq butalarning galma-gal qaytarilishi natijasida rangdor ritm hosil qilinadi hamda Farg‘ona do‘ppilarini eslatadi.
Kashtachilk markazlaridan yana bir biri Toshkent kashtachiligi hisoblanadi.
Toshkent kashtachilik buyumlari ikki xil bo‘ladi: bu palak va gulko‘rpadir. Toshkent kashtachiligidagi gulko‘rpa va palaklarning kompozitsiyasi markazidagi yulduz yoki doira shakli va gulli shoxlardan iborat bo‘lib, fonining ko‘p yeri tikilmaydi, bo‘sh qoladi. Tikishda, asosan, “bosma” chok qo‘llaniladi. Toshkent palaklarining kompozistiyasi esa to‘q qizil rangli bir tekis tikilgan doiralardan iborat. Doiralarning soniga qarab, masalan: “olti oylik palak”, “o‘n ikki oylik palak” va hokazo deb yuritiladi.
Kashta tikish jarayonida gul, naqshlar chizish uchun chizg‘ichlar, yumshoq va qattiq qalamlar, daftar, albom, o‘chirg‘ich, millimetrlangan qog‘oz, nusxa ko‘chiradigan qog‘oz va shaffof qog‘ozlar kerak bo‘ladi.
Kashta tikish jarayonida asosiy hisoblangan chambarak gazlamaning tarang turishi uchun ishlatiladi. Chambarak, asosan, yog‘ochdan yasaladi, u doira, to‘g‘ri to‘rtburchak shaklida bo‘ladi. Chambaraklar ikkita gardishdan iborat bo‘lib, bir-birining ichiga tushib turadi. Agar kichik gardish katta gardish ichiga qiyin tushadigan bo‘lsa, katta gardishning ichki tomonini jilvir bilan tozalash kerak. Kichik turdagi kashtalarda doira shaklidagi chambaraklar ishlatiladi
Kashta tikiladigan gazlamani chambarakka tortishda uning kichik gardishi qo‘yilib, gazlama iplari to‘g‘rilanadi. Katta gardishni uning ustiga bosib, gazlama tarang tortib qo‘yiladi. Chambarak tortilayotgan yupqa gazlama yirtilmasligi, shuningdek, kashta tikiladigan gazlama ish paytida kir bo‘lmasligi uchun uning ustiga o‘rtasi chambarakning diametridan kichikroq bo’lgan boshqa gazlama qo‘yiladi. Chambaraklar stolga mahkamlab qo‘yish uchun vintli bo‘lishi ham mumkin. Kashtalarning ko‘p xillarida umuman chambarak ishlatilmaydi.
Kashta tikish uchun uzun ko‘zli kalta 1 va 2 tartibli ignalar tanlanadi. Ignaning ko‘zi katta bo‘lsa, bir necha qavat ipni o‘tkazish oson bo‘ladi. Bunday ignalar sanama va oddiy choklarni tikishda hamda ipni sanash va ajratib olish uchun qulay. Jun ipni ignaga o‘tkazish qiyin. Bu ipni o‘tkazish uchun ignalar komplektidagi ip o‘tkazgichdan foydalanish mumkin. Uni bir qatim ipak yoki ingichka g‘altak ip bilan o‘tkazsa ham bo‘ladi. Ipakni ikki qavat qilib, hosil bo‘lgan halqa ichiga jun ip kiritiladi, ipakning ikkala uchini igna ko‘zidan o‘tkazib, jun ip bilan birga tortib olinadi.
Zich va yupqa (markizet, shoyi, batist, shifon) gazlamaga kashta tikishda, ko‘zi kichik, ingichka igna kerak bo‘ladi. Chunki yo‘g‘on igna sanchilgan joylarda teshik qoladi. Katta ko‘zda esa, ingichka ipni yaxshi tutib bo‘lmaydi. Buyumlarni biriktirib ko‘klash uchun 1 va 3-raqamli ignalarni ishlatish qulayroq.
Kashtani chambaraksiz tikishda, bir necha qavat gazlamaga igna sanchishda, buyumlar chetini buklab tikishda angishvona kerak bo‘ladi. Ang – forscha “angusht”, ya’ni barmoq, vona – “bona” saqlovchi degan ma’noni bildiradi, boshqacha aytganda, qo‘lga igna kirib ketmasligi uchun barmoqqa taqiladigan metall g‘ilof. Angishvonaning usti va yoni ignani qadashda sirpanib ketmasligi uchun chuqurchalar qilinadi. Angishvona o‘ng qo‘lning o‘rta barmog‘iga taqiladi, uni barmoqning yo‘g‘onligiga qarab tanlanadi, lekin u barmoqni siqib yoki undan tushib qoladigan bo‘lmasligi kerak
Ishlash uchun uch xil qaychi ishlatiladi – uchi ingichka kichkina qaychi gazlamadagi ipni qirqish va tortib olib tashlash uchun; uchi qayrilgan o‘rtacha kattalikdagi qaychi kashta tikayotganda ip uchini qirqish uchun; katta qaychi gazlama va kalava iplarini qirqish uchun. Qaychilar yaxshi charxlangan, tig‘larining uchi to‘la yopiladigan bo‘lishi kerak
Qo‘lda tikiladigan kashtalarning ikkita turi mavjud:
- bezatiladigan matoning arqoq va tanda iplarini sanab kashta tikish;
- matoga gul tasviri konturi asosida erkin kashta tikish.
O‘zbek kashtachiligida ko’p qo’llaniladigan chok turlari bilan tanishib chiqamiz:
Do'stlaringiz bilan baham: |