3. So‘z tartibi. Gap tarkibidagi so‘zlarda maxsus grammatik ko‘rsatkichlar bo‘lganda, ularning o‘rnini almashtirish sintaktik holatni o‘zgartirmaydi. Qiyoslaylik: daraxtlarning tagida... nozikkina maysalar ko‘rinib qoladi. (O‘.U.). – Nozikkina maysalar daraxtlarning tagida ko‘rinib qoladi.
`So‘zlarda maxsus grammatik ko‘rsatkichlar bo‘lmaganda, ularning o‘rnini almashtirish sintaktik holatga ta’sir qiladi. Qiyoslang: yam-yashil dala (aniqlovchili birikma) – Dala yam-yashil (ega, kesimdan iborat yig‘iq gap).
4. Pauza(to`xtam). Pauza ham sintaktik vosita sifatida ahamiyatga ega. Pauzaning o‘zgarishi sintaktik holatning o‘zgarishiga sabab bo‘lishi mumkin. Masalan: Quloq solib o‘tirgan boladan so‘radi. Bunda boladan so‘zidan so‘ng pauza qilinsa, quloq solib o‘tirgan sifatdoshi boladan so‘ziga nisbatan sifatlovchi vazifasini bajaradi. Agar quloq solib o‘tirgan sifatdoshidan keyin pauza bo‘lsa, sifatdosh anglashgani holda ega vazifasini bajaradi.
So‘z birikmasi
Odatda, nutqda, gapda so‘zlar ma’lum qonun-qoidalar asosida o‘zaro ma’no va grammatik jihatdan bog‘langan bo‘ladi. Masalan, qiziqarli kitob, tog`ga chiqmoq, tez o‘qimoq. Bunday juftlik bir butunlik hosil qilib, yaxlit, lekin o‘z ichida qismlarga bo‘linadigan bir butun tushunchani bildiradi. Ikki yoki undan ortiq mustaqil so‘z va so‘z shakllarning nopredikativ tobe aloqasi asosida birikishidan hosil bo‘lgan bog‘lanma so‘z birikmasi deyiladi.
So‘z birikmasi mustaqil so‘zlarning bog‘lanishidan hosil bo‘ladi, yordamchi so‘zlar (ko‘makchilar) o‘z oldidagi mustaqil so‘z bilan birga birikmaning bir qismi, a’zosi sanaladi. Masalan, do‘stlik haqida suhbatlashmoq, qarsaklar bilan olqishlamoq kabi.
So‘z birikmasi tarkibidagi so‘zlardan biri hokim, ikkinchi tobe bo‘ladi. So‘z birikmasi boshqaruv, bitishuv, muvofiqlashuv usullari bilan hosil bo‘ladi.
So‘z birikmasi, birinchidan, frazeologik iboralardan farq qiladi. Frazeologik iboralar so‘z kabi til birligi bo‘lib, so‘z kabi tayyor holda qo‘llanib, bir butun holda lug‘aviy ma’no ifodalaydi va gapda bitta gap bo‘lagi vazifasini bajaradi. So‘z birikmasi tarkibidagi a’zolar boshqa-boshqa gap bo‘lagi vazifasini bajaradi.
So‘z birikmasini, ikkinchidan, gapdan farqlash lozim. So‘z birikmasi tushuncha ifodalab, nominativ (nomlash, atash) vazifasini bajaradi, shuning uchun intonatsion tugallikka ega bo‘lmaydi. Gap esa fikr bildirib, kommunikativ (aloqa qilish) va kognitiv (fikr almashish) vazifalarini bajaradi. So‘z birikmasi kamida ikki mustaqil so‘zdan tuzilsa, gap ba’zan bir so‘zdan ham tashkil topishi mumkin.
So‘z birikmasi, uchinchidan, o‘zaro teng bog‘langan so‘zlardan ham farq qiladi. Masalan: Maqsad va marom insonning eng buyuk quvvatidir. (Oz-oz o‘rganib dono bo‘lur). Bunda maqsad va maarom so‘zlari o‘zaro teng bog‘lanib, gapda uyushiq bo‘lak hosil qilib, so‘z birikmasi sanalmaydi.
So`z birikmasi, to`rtinchidan, fonetik taktdan (sintagmadan) farqlanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |