1-ma’ruza.
Mavzu: Gidrotexnika inshootlari qurilishning qisqacha tarixi va suv xo‘jaligida gidrotexnika inshootlarining roli.
Reja:
Gidrotexnika inshootlari qurilishning qisqacha tarixi.
Suv xo‘jaligi va uning tarmoqlari.
Yer yuzining dehqonchilik uchun yaroqli kattagina qismida, shu jumladan Markaziy Osiyoda ham nam tanqisligi mavjud va shu boisdan inson qadim zamonlardan boshlab, tabiiy omillar nomutanosibligini tuzatish hamda yerlarni suv bilan ta’minlanishini oshirish uchun juda ko‘p kuch va mehnat sarf qilib kelgan.
Yuqorida qayd etib o‘tilganidek, Markaziy Osiyoning geografik joylashgan o‘rni, uning arid iqlimi, ya’ni havoning o‘ta quruqligi, yozning issiq va yog‘insiz bo‘lishi, qishning nam va sovuq kelishi, ya’ni iqlimning keskin kontinental ekanligi va o‘simliklar vegetatsiyasi davrida atmosfera yog‘inlari yetarli bo‘lmasligi bu yerda sun’iy sug‘orish bilangina madaniy dehqonchilik olib borishni taqozo etgan.
Mamlakatimizda sug‘orma dehqonchilik tarixi juda uzoq o‘tmishga borib taqaladi va u qariyb 10 ming yillik tarixga ega. Sug‘orish va u bilan bog‘liq kanallar, inshootlar qurilish ishlari Amudaryo, Sirdaryo va Zarafshon daryolari vodiysida olib borilgan. Olingan tarixiy ma’lumotlar va arxeologik qazishmalar natijalariga ko‘ra, Markaziy Osiyoda sug‘orish ishlari bilan eramizdan avvalgi IX-VII asrlarda ham shug‘ullanishgan. qadimgi Baqtriya, Sug‘diyona, Xorazm davlatlari, Farg‘ona vodiysida sug‘orish ishlari olib borilganligi, sug‘orish tarmoqlari, suv to‘plash inshootlari qurilganligi bunga misol bo‘la oladi.
Birgina Zarafshon daryosida bundan 2,5 ming yil avval qo‘l kuchi bilan bunyod etilgan va hozirgacha saqlanib qolgan Darg‘om kanalini olib qaraydigan bo‘lsak, ajdodlarimizning qanchalik zukko mirob hamda ularning yer past-balandligi, nishabligini katta aniqlikda hisoblay olgan fozil insonlar bo‘lganligi ishonch hosil qilamiz.
Bundan tashqari, Zarafshon daryosidan suv oluvchi qadimiy va hozirgi paytda ham saqlanib qolgan Narpay, Mirzaariq, Shohrud, Vobkent, Pirmast, Sultonobod va boshqa ko‘pgina kanallarni ham sanab o‘tish mumkin.
Qadimiy davlatlar poytaxtlari Zarafshon daryosidan suv oladigan kanallar bo‘yida barpo etilgan edi. Darg‘om kanali Samarqand (Marokand) ni suv bilan ta’minlagan bo‘lsa, Shohrud kanali Buxoro shahri ichidan o‘tar edi.
Olib borilgan arxeologik tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, Amudaryoning quyi qismida irrigatsiya tarmoqlarini eng rivojlangan davri eramizdan avvalgi VI asrdan to eramizning III asrlarigacha bo‘lgan vaqtga to‘g‘ri keladi.
Saqlanib qolgan tarixiy hujjatlarga ko‘ra, Xorazm sug‘oriladigan eng qadimiy va o‘z davridagi murakkab gidrotexnik inshootlar tizimiga ega bo‘lgan hudud hisoblanadi. Fikrimizning dalili sifatida Amudaryodan Xorazmning o‘ng qirg‘oq yerlarini Sultoniztog‘ balandligigacha bo‘lgan joylarni sug‘orish uchun eramizgacha bo‘lgan birinchi ming yillikning o‘rtalarida qurilgan Gauxvar (Gavhar) kanalini keltirish mumkin.
Eramizning I asrlarida Sultoniztog‘ yon bag‘irlarini sug‘orish uchun Tuproqqal’a kanalidan suv oluvchi kattagina tarmoq qurib bitkaziladi, G‘aznaobod-Chermen-Yab kanalidan sug‘oriladigan yerlar ko‘lami kengayadi, III-asrda g‘arbiy qiyot kanali qurib bitkaziladi, IV asrda Guldursin va Berkut qal’a kanallari atrofida vohalarda sug‘orma dehqonchilik ishlari yo‘lga qo‘yiladi. IX asrda Gurganj (ko‘hna Urganch), g‘aznaobod (Madra) kanali quyi qismida dehqonchilik tiklanadi, Amudaryoning quyi deltasi rayonlarini irrigatsiya o‘zlashtirishi boshlanadi. Shu davrda Shovot (Shoxobod) va Buve kanallari qurilgan, X asrda Amudaryoning chap qirg‘og‘ida Xiva kanalidan ikkita tarmoq kanallari bunyod etilgan.
XII-XIII asrlarga kelib Xorazmda irrigatsiya ishlarining biroz jonlanganligini guvohi bo‘lamiz: G‘aznaobod (g‘azavot) kanali Chermen – Yab arig‘i orqali Shohsanamgacha, Girya kanali Qavatqal’a rayonigacha yetkaziladi.
Qadimiy kanallardan hozirgi paytda Markaziy Osiyoda eng yirik kanal hisoblangan Toshsaqa kanalining tarmoqlari bo‘lgan va Shovot, Polvon va g‘azovot kanallarini ayni kunlarda ham faoliyat ko‘rsatayotganligini aytib o‘tish mumkin.
Toshkent vohasidagi sug‘orish tizimlari asosan Chirchiq va Angren daryolarida qurilgan. Grek tarixchilarining ta’kidlashicha, Toshkent atrofidagi yirik kanallar eramizdan avvalgi III-II asrlarda ham mavjud bo‘lgan.
Arab geograflari tomonidan Shosh mamlakati (Toshkent vohasi) tarixi batafsil yozib qoldirilgan, jumladan 50 ta aholi punkti haqida ma’lumot berishgan. Ularning ayrimlari hozirgi davrga qadar saqlanib kelmoqda, masalan, Biskent (Pskent), Ferekent (Parkent), Zerekent (Zarkent) shular jumlasidandir. Shahar va qishloqlarda, qadimiy Toshkentda aholi zich joylashgan bo‘lib, ularni katta-katta bog‘ va uzumzorlar o‘rab olgan edi.
Madaniy Shosh vohasi shimoli-g‘arbdan ko‘chmanchi qabilalar hujumidan qadimiy Bo‘zsuv arig‘i va salobatli devor bilan himoyalangan edi, mazkur ariq shu kunga qadar saqlanib qolgan. Qadimiy kanallar masalan, Zax, Salor kanallari islom dini kirib kelgunga qadar bo‘lgan nomlar bilan atalib kelinadi. Sirdaryo daryosining o‘rta oqimida ikkala qirg‘oq bo‘ylab yirik sug‘orish kanallari, shahar va qishloqlar izlari qolgan bo‘lib, bundan 700...800 yil avval bu yerlarda yirik kanallar bilan sug‘orilgan voha gullab yashnagan. Aris daryosining Sirdaryoga qo‘yilish joyida esa qachonlardir yirik savdo markazi bo‘lgan O‘tror shahri xarobalari yastanib yotibdi.
Farg‘ona vodiysida dehqonchilik qilish madaniyati asosan Chotqol va Farg‘ona tog‘ tizmalaridan oqib tushadigan va Norin, qoradaryo daryolariga qo‘yiladigan kichik-kichik daryolar bo‘ylarida rivojlanib kelgan. Tog‘ daryolarining suvlari eramizgacha bo‘lgan X asrlarda yerlarni sug‘orish uchun to‘liq foydalanilgan. Daryolar bo‘ylarida yirik qishloq va shaharlar, masalan, Kosonsoyda Kosonsoy va Axsikent, Marg‘ilonsoyda Marg‘ilon, Isfarasoyda Isfara, Xo‘jabaqirgansoyda Xo‘jand, Oqbura daryosida O‘sh kabi shaharlar bunyodga kelgan.
Keyinroq barpo etilgan davrga So‘x daryo bo‘yida yuzaga kelgan qo‘qon (200 yil avval), Namangansoyda esa Namangan (350 yil avval) shaharlarini aytib o‘tish mumkin.
Taniqli sharqshunos V.V.Bartoldning fikriga ko‘ra, Farg‘ona vodiysidagi sug‘orish kanallari Xorazm vohasidagi, Zarafshon, Chirchiq, Angrendagi inshootlarga nisbatan ancha keyinroq, ya’ni XVI-XVII asrlarda paydo bo‘lgan. Bu davrlarda, Xitoy bilan o‘zaro savdo-sotiq ishlari juda rivojlangan edi va ayni shu paytlarda irrigatsiya qurilishida ham katta yutuqlarga erishilgan. Uning yozishicha, tarixda birinchi marta ana shu davrda qoradaryo va Norin daryolaridan kanal qazib chiqarilgan, avvallari esa, hatto Somoniylar davrida ham ushbu joylar Sirdaryoning Shimoliy va janubiy irmoqlaridan chiqarilgan kanallardan sug‘orilgan, qo‘qon xonlari davrida o‘tkazilgan kanallardan sug‘orilgan maydonlar o‘z o‘lchamiga ko‘ra, Turkiston tarixida beqiyos o‘rin tutadi.
Biroq, Markaziy Osiyoda tez-tez bo‘lib turgan qirg‘inbarot urushlar, nizomlar va kelishmovchiliklar sug‘orish tizimlari va shahar, qishloqlarni vayronaga aylantirgan. Birgina necha asrlarga iz qoldirgan XIII asrdagi Chingizxon boshchiligidagi mo‘g‘ul bosqinchilari yurishlarini esga olish kifoya. Ularning istilosi tufayli yuzlab shahar va qishloqlar vayron qilindi, irrigatsiya inshootlari, shu jumladan Amudaryodagi to‘g‘on buzib tashlandi, natijada Xorazmshohlar davlati poytaxti bo‘lgan Gurganj shahri suv ostida qolib ketdi.
Olib borilgan arxeologik qazishmalar natijasida Sirdaryo va Samarqand viloyatlarida suv omborlari barpo qilish maqsadida toshdan qurilgan bir nechta to‘g‘onlar topildi. Mazkur to‘g‘onlar ishlash tamoyiliga ko‘ra, hozirgi qurilayotgan gidrotexnik inshootlardan farq qilmagani holda, bundan ming yillar ilgari shunday takomillashgan inshootlarning qurilishi o‘sha davrlarda ham ajdodlarimiz bu sohada anchagina malakaga ega bo‘lgan mutaxassislar bo‘lganidan dalolat beradi.
Nurota tog‘ tizimlarining Forish va qo‘shni tuman hududidagi soylarda suv omborlari bunyod etish maqsadida qurilgan bir necha katta va kichik to‘g‘onlarni uchratish mumkin. Forish tumanidagi X asrda Osmon soyida qurilgan Xon to‘g‘oni, Kattaqo‘rg‘on tumanida XII asrda qurilgan g‘isht to‘g‘on va Nurotaning sharq tomonidagi Axchop soyida qurilgan Abdullaxon to‘g‘onlari bunga misol bo‘la oladi.
Xon to‘g‘oni ikki tomoni qattiq tog‘ jinslaridan iborat bo‘lgan osmon soyining tor yerida barpo etilgan bo‘lib, uning uzunligi 50 m, balandligi esa 15,2 m ni tashkil etgan. To‘g‘on qurilishida qattiq tog‘ jinslari (toshlar) ishlatilgan, ular ganch yordamida birlashtirilgan. Suv omboridagi suv sathi uzunligi 700 m, to‘g‘on oldidagi kengligi 50 m, suv dami yetib borgan yerdagi kengligi 200 m ga teng bo‘lib, hajmi 1,5 mln. m3 ni tashkil qilgan. Bu esa o‘sha davrda o‘zlashtirishga ehtiyoj tug‘ilgan Kaltepa cho‘llaridagi 2...3 ming ga yerni sug‘orish imkonini bergan. Toshqin vaqtida to‘plangan suvlarni suv omboridan chiqarib yuborish va undan ekinlarni sug‘orish uchun to‘g‘onning o‘ng tomonidan, qirg‘oqqa yaqin qilib ravoq shaklida kengligi 50 sm va balandligi 7 m bo‘lgan quvur o‘rnatilgan. To‘g‘on hozirgi vaqtgacha saqlanib qolgan, biroq suv ombori asrlar davomida Osmon soyidan oqib kelgan tosh va loyqa hisobiga o‘z hajmini yo‘qotgan.
Abdullaxon to‘g‘oni XVI asrda qurib bitkazilgan bo‘lib, o‘zining tuzilishi va konstruksiyasi jihatdan juda hayratlanarlidir. To‘g‘onning balandligi 15 m, ustki qismining uzunligi 73 m, eni 4,5 m,tag qismining uzunligi 73 m va eni 15 m ni tashkil etadi. To‘g‘on oldidagi suv chuqurligi 15 m bo‘lganida suvning dami 1250 m masofagacha suv omborida to‘plangan suv 2,5...3,0 ming ga yerni sug‘orish imkonini bergan.
Abdullaxon to‘g‘oni inshootlar majmuasidan iborat bo‘lib, uni tug‘onning o‘zi, ortiqcha suvlarni chiqarib yuborgich (tashlama) va sug‘orish ehtiyojlari uchun suv berish quvuri tashkil etgan. Mazkur to‘g‘on ham hozirgi paytgacha saqlanib qolgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |