Mutaxassislar respublikamizning noyob va qudratli yonilg‘i resursi- neft zahiralarining aniq iqtisodiy hisob-kitoblarini chiqarishdi:
-respublika hududining salkam 60 foizi mavjud neft konlarini qazib olish uchun istiqbolli hududlar sanaladi;
-neft resurslari umumiy imkoniyati 4 milliard tonnadan ortiq;
-neft resurslari qiymati (gaz resurslari bilan birga) 1 trillion AQSH dollaridan ziyod;
-neftning 90-91 foizi jahon bozorida eng arzon uslub – favvora usulida qazib chiqariladi.
Mustaqillik yillarida O‘zbekiston neft gaz tarmog‘i ildam rivojlandi. Hozirgi kunda respublika hududida ikkita neftni qayta ishlaydigan (Farg‘ona va Buxoro), ikkita gazni qayta ishlaydigan (Sho‘rtan va Muborak) zavodlari va Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasi ishlab turibdi. Ushbu korxonalarda muhim mahsulot turlari – benzin, aviakerosin, aviabenzin, dizel yonilg‘isi, neft moylarining xilma-xil turlari, suyultirilgan gaz, polietilen granullari va boshqa mahsulotlarni olish o‘zlashtirildi.
Buxoro neftni qayta ishlash zavodi (1997 y.) va Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasi(2002 y.) ishga tushirilgandan keyin esa respublikaning neft va gazni qayta ishlash mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojni to‘la ta’minlabgina qolmay, ularni eksport qilishni ancha kengaytirish imkoniga ham ega bo‘lindi.
Мustaqillikning dastlabki yillaridayoq neft-gaz sanoatini rivojlantirishning uch strategik yo‘nalishini aniq–ravshan aniqlandi. Birinchisi, mamlakatni o‘zimizda qazib olinayotgan xom ashyo bilan ta’minlash, ya’ni neft va gaz qazib olishni ko‘paytirish. Ikkinchisi, sohada ilg‘or texnologiyalarni joriy etib, neft va gazni mukammal qayta ishlashdir. Aytish mumkinki, bugungi kunda bu vazifalarning yechimi ro‘yobga chiqib, o‘zining samaralarini bermoqda. Navbatdagi vazifa esa neft va gaz sanoati xom ashyo bazasini mustahkamlash, yangi neft va gaz konlarini ochishdir.
Hozirgi kunda respublikamizda yiliga 58-59 milliard kubometrdan ziyod tabiiy gaz va 7,3-7,5 million tonna atrofida suyuq uglevodorodlar qazib olinmoqda. Sohaning rivojlanishi va uning eksport salohiyatini kuchaytirish uchun neft va gaz qazib olishni ko‘paytirish zarur. Bunday maqsadga erishish uchun yangi konlarni qidirish va o‘zlashtirish orqali erishish mumkin. Masalan, mamlakatimiz hududida uglevodorodli xomashyoning 190 ta koni ochilgan bo‘lib, uning 90 tasi ishlatish jarayonida, 67 tasi o‘zlashtirish uchun tayyorlab qo‘yilgan, qolgan 33 ta konda esa geologik-qidirish ishlari olib borilmoqda. Yangi konlarni qidirish va o‘zlashtirish ishlarida chet el mablag‘laridan foydalanish katta ahamiyatga moliqdir. Respublikamiz yirik chet el kompaniyalari bilan hamkorlik qilishda ijobiy tajribaga ega. Rossiyaning mashhur “Lukoyl”va “Gazprom” kompaniyalari O‘zbekistonda yirik va uzoq muddatga mo‘ljalangan investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun ikki milliard AQSH dollaridan ko‘proq mablag‘ ajratishdi.
Do'stlaringiz bilan baham: |