Tashqi va ichki metall sachrashlari (выплеск металла) nuqtali va chokli payvandlash joylarida sirtlari ifloslangan detallarni payvandlashda, shuningdek, elektrodlar siqish kuchlarining pasayishi va sirtlarning bir-biriga notekis yotishi natijasida hosil bo’lishi mumkin. Sachrashlarning oldini olish uchun payvandlanadigan sirtlar iflosliklardan, korroziya mahsulotlaridan, shtamplash paytida qo’llaniladigan moylash materiallaridan tozalanishi lozim. Payvandlash jarayonida elektrodlarning siqish kuchlari doimiyligini ta’minlash lozim, bu esa pnevmotizimdagi umumiy bosimga bog’liq bo’ladi va texnologik jarayon hujjatlarida ko’rsatilgan chegaralarda bo’lishi lozim.
Kuyish (perejog) payvand nuqta zonasiga issiqlikni uzatish davomiyligi (UD) bilan bog’liq bo’ladi, chunki davomiylikning ortishi natijasida oksidlanish austenit zarralari chegaralarigacha rivojlanadi. Hosil bo’lgan oksid plyonka birikmaning plastiklik xususiyatlarini keskin pasaytiradi. Nuqsonning sababi – payvandlash tokining o’tish vaqti ortishi bilan payvandlash joyida ortiqcha issiqlikning to’planishidir.
Darzlar (трещины) – birikmaning ham statik, ham dinamik mustahkamligini pasaytiruvchi xavfli nuqson hisoblanadi. Darzlar payvand nuqtaning o’zida yoki chokoldi zonasida joylashishi mumkin. Ular juda qattiq payvandlash ma’romlarini qo’llash natijasida nuqtaning juda yuqori tezlikda sovishi, yetarli bo’lmagan siqish kuchi va uning o’z vaqtida qo’yilmasligi sabablari tufayli hosil bo’ladi.
4. Kontaktli payvand birikmalarning nuqsonlarini bartaraf qilish usullari
Sanab o’tilgan nuqsonlarning ko’pchiligi razm solish bilan aniqlanishi mumkin. Tashqi sachrash payvand nuqta atrofida o’tkir chiqiq-qoplamaning hosil bo’lishi bilan xarakterlanadi. Payvandlanuvchi sirtlarning nozich yotishi natijasida
payvandlanuvchi qirralar orasida hosil bo’luvchi ichki sachrashlar payvandlanadigan qirralar toreslari bo’ylab payvandlanuvchi sirtlar orasidan o’tuvchi yorug’lik bo’yicha aniqlanishi mumkin.
Chala payvand elektrodlar izlarining turi va shakli bo’yicha aniqlanadi. Bunda payvand nuqtaning izi yaqqol ko’zga tashlanmaydi, metall rangining o’zgarishi va o’yiqlar kuzatilmaydi. Chala payvand nisbatan aniqroq qilib, payvand birikmani tanlab buzish orqali aniqlanishi mumkin. To’liq chala payvand hosil bo’lganida payvand nuqtalar oson ajraladi, chunki metall eritilmagan bo’ladi. Qisman chala payvand hosil bo’lganida yupqa metalli detallardan birida yulib olish kuzatiladi, nisbatan kattaroq qalinliklarda esa yadro metali kesiladi. Yulib olishlar va kesilishlar o’lchamlari bo’yicha chala payvand miqdori haqida xulosa qilinadi.
Payvandlash joylaridagi teshiklar razm solish bilan osongina aniqlanadi. Chunki metallning qo’pol notekis o’yiqchalar yoki teshiklar ko’rinishidagi mahalliy yoki to’liq eritilganlik nuqsonlari yaxshi ko’rinadi. Kuyish, odatda, birikmaning tashqi ko’rinishiga asosan aniqlanadi. Bunda rangi o’zgargan zonaning kattaligi va elektrodlardan hosil bo’lgan chuqur o’yiqchalar o’lchamlariga qarab xulosa qilinadi.
Birikmani yanada aniqroq nazorat qilish texnologik namunalar orqali bajariladi. Buning uchun detallar markasi va qalinligidagi 3-5 juft po’lat plastinkalar komplektlari olinadi. Ular texnologlar bergan payvandlash ma’romi ko’rsatkichlari asosida biriktiriladi va keyin namunalar mexanik buzish usuli bilan tekshiriladi. Bu usul bilan eritish joyining shakli va o’lchamlari, darzlar, chala payvandlar va b. nuqsonlarning bor-yo’qligi aniqlanadi. Zarurat bo’lsa, payvand nuqtasining va chokoldi zonasining mikrostrukturasi o’rganiladi.
Yig’ish-payvandlash qatorlarida yig’ma birliklarni tayyorlashda payvandlash sifati yuzfoizlik razm solish bilan tekshiriladi. Nazorat qilish natijalari (nuqsonlar miqdori va xususiyatlari) maxsus nazorat kartasiga kiritiladi.
Odatda, kam uglerodli po’latlardan payvandlangan mahsulotlarda aniqlangan nuqsonlarni to’g’rilash mumkin. Masalan, sachrashlarni mexanik tozalash bilan, teshiklarni – tozalash va keyinchalik nuqtali payvandlash, gazli payvandlash yoki karbonat angidrid gazi muhitida yoyli payvandlash bilan, chala payvandlar esa – nuqsonli nuqtalar orasiga joylashtiriluvchi qo’shimcha nuqtalarni payvandlash bilan bartaraf qilinadi.
Payvand birikmalarning sifati payvandlash mashinalarining ishonchliligiga, ular tomonidan payvandlash ma’romi berilgan ko’rsatkichlarining to’liq ta’minlanishiga bog’liq bo’ladi. Mashinaning berilgan ko’rsatkichlarda ishlashini ta’minlash uchun tizimli nazorat, mexanizmlar va elektr qurilmalar qarovi (uxod) amalga oshirilishi lozim. Payvandlash ma’romi ko’rsatkichlarining nazorat qilinish davriyligi payvandlanadigan yig’ma birliklarning javobgarligiga, payvandlash jihozining tipi va ishlab chiqarishning tabiatiga bog’liq bo’ladi.
Mashina elektrodlarining holatiga alohida e’tibor qaratiladi. Ayniqsa, elektrodlar ishchi sirtlarining zaruriy shaklini saqlab turish va ulardan oksidlangan va ifloslangan qatlamni tozalab turish talab qilinadi. Elektrodlarni tozalash va qayta tiklash zarurati ishchi sirtning ifloslanishi va yeyilishi darajasiga ko’ra razm solish bilan aniqlanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |