Yig’ish-payvandlash texnologik jarayonini tuzish talablari
Yig’ish-payvandlash texnologik jarayonini tuzishda quyidagi talablar asosiy hisoblanadi:
tayyorlanayotgan yig’ma birliklarning yig’ish aniqligi;
yig’ishning eng kam davomiyligini ta’minlash;
mehnat sharoitini maksimal yengillashtirish va ishning xavfsizligini ta’minlash.
Asosiy detaliga bir yoki bir nechta boshqa detallar payvandlanadigan, mayda va nomurakkab yig’ma birliklarni tayyorlash texnologik jarayonida, odatda, maxsus yoki universal qurilmali statsionar payvandlash mashinalaridan foydalanish ko’zda tutiladi. Bu holda, payvandlash, odatda, detallarni ularda oldindan shtamplangan chuqurchalar, chiqiqlar, teshiklar va boshqalarga qayd qilish bilan bajariladi. Operatsiyalararo tashish aravachalar yoki yopiq konturli osma konveyerlar orqali bajariladi.
O’rta o’lchamli yig’ma birliklarni tayyorlash texnologik jarayoni o’z ichiga dastlab, ularning tarkibiga kiruvchi mayda yig’ma birliklarni yig’ish ketmaketligini, so’ngra ularni osma payvandlash mashinalarida konduktorlarda va ko’p nuqtali payvandlash mashinalarida ketma-ket operatsiyalararo yig’ishni o’z ichiga oladi. Mayda va o’rta yig’ma birliklarni tayyorlashning eng zamonaviy texnologik jarayonlari zagotovkalarni uzatish va yig’ilgan mahsulotlarni yechib olishni avtomatlashtiruvchi robotlashgan texnologik komplekslarni qo’llash bilan amalga oshiriladi.
Yirik yig’ma birliklarni, shuningdek, kuzovlarni yig’ish-payvandlash uchun, texnologik jarayonni quyidagicha tuzish xarakterlidir: alohida yig’ma birliklarni yig’ish-payvandlash; yirik yig’ma birliklarni kuzovga yig’ish.
Yirik yig’ma birliklarni yig’ish-payvandlash texnologik jarayoni ikki usulda tuzilishi mumkin:
yig’ish-payvandlash moslamasi (konduktori) ga yig’ma birlikga kiruvchi barcha detallarni birdaniga yuklash va ularni navbat bilan yig’ish, so’ngra yakuniy operatsiya – yaxlit konstruksiyani payvandlash bilan;
yaxlit yig’ma birlikni birdaniga payvandlashning qiyinligi yoki ilojsizligi sharoitlarida konstruksiyani asta-sekin to’ldirib borish bilan.
Birinchi usul bo’yicha, odatda, kuzovlar asoslari va abtobuslar kuzovlarining karkaslarini yig’ish-payvandlash bajariladi.
Ikkinchi usul bo’yicha avtomobillar kuzovlari, eshiklari va yon devorlari (боковина) ni yig’ish-payvandlash texnologik jarayonlari tuziladi.
Kuzovlarni yig’ish-payvandlash texnologik jarayoni darhol bikr konstruksiyani hosil qilish yoki dastlab yarimbikr konstruksiyani hosil qilish va keyinchalik uni bikr holatgacha yetkazishni ko’zda tutib tuziladi. Zamonaviy avtomobil korxonalarida, yirik seriyali va yalpi ishlab chiqarishda kuzovlarni yig’ish-payvandlash texnologik jarayoni dastlab yarimbikr konstruksiyani hosil qilishga mo’ljallab tashkil qilinadi. Uni hosil qilish uchun yig’ma birliklar ma’lum hajmda prixvatka qilinadi. Yig’ish, odatda, konduktorga yig’ilgan asos (pol) ni yotqizish bilan boshlanadi va so’ngra boshqa yig’ma birliklar ham yig’iladi. Yig’ish shunday tarzda o’tkaziladiki, bunda baza o’lchamini belgilab beruvchi birikma oxirida payvandlanadi. Bu ish oldingi operatsiyalarda yo’l qo’yilgan kamchiliklarni ushbu birikmada to’g’rilab yuborish uchun qilinadi. Oxirgi birikmalar, odatda, mingashtirib bajariladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |