5-rasm. Konveksion quritish jarayoni sxemasi: 1 – qizdirilgan havoni uzatish; 2 – qattiq plyonka; 3 – bo’yoq qatlami; 4 – eritkichlar bug’lari; 5 – bo’yalayotgan mahsulot
Konveksion quritishni tezlashtirish maqsadida quritish kamerasining ichida havoni aralashtirish uchun kuchli ventilyatsion qurilmalar qo’llaniladi. Konveksion quritish qurilmasida 110-130 haroratli havoda sun’iy emal qatlamini quritish vaqti 30-60 daqiqani tashkil qiladi.
Kuzovsozlikda uzluksiz ishlaydigan konveksion quritish qurilmalari keng qo’llaniladi, ular barqaror harorat maromi va zarur quritish sifatini ta’minlovchi katta o’tkazuvchanlik bilan xarakterlanadi. Kabinalar yoki kuzovlar osma konveyer yordamida quritish kamerasi kanali bo’ylab, qiya yo’nalishda ko’tariladilar yoki tushadilar. Kameraning o’rta qismi sex polidan ko’tarilgan bo’ladi va buning natijasida uning ishchi qismida issiqlik saqlanadi. Kamera harorat maromining o’zgarishi mahsulotning asta-sekin qizib (6-rasm), 10-15 daqiqa mobaynida maksimal haroratgacha qizishini ta’minlaydi (140-150 ). Kamera oxirida harorat asta-sekin pasayadi. Dastlab issiqlik mahsulotni qizdirishga va eritkichlarning tezda bug’lanishiga sarf bo’ladi. Kameraning ushbu uchastkasida bo’yalayotgan sirtga nisbatan havoning jadal harakatlanishi va uning quritish jarayonini sekinlashtirishdan saqlanish va eritkich bug’larining portlashga moyil konsentratsiyalarini bartaraf qilish uchun uni uzoqlashtirish ta’minlanadi. Qizdirilgan mahsulotdagi eritkichlar bug’larining asosiy qismi bug’langanida, uning sirtida oksidlanish, kondensatsiya va polimerlashish jarayonlari sodir bo’ladi va qattiq plyonkaning hosil bo’lishi bilan tugallanadi. Bu bosqichda katta miqdordagi issiqlik va sof havo talab qilinmaydi.
Konveksion quritish qurilmalarida issiqlik manbai sifatida bug’, issiq
6-rasm. Uzluksiz ishlaydigan konveksion kamera harorat maromining o’zgarishi suv, yonuvchi gazlar yoki elektr energiyasi qo’llaniladi.
Termoradiatsion quritishda lakbo’yoq materialiga issiqlik uzatish, asosan, kuzovning metall sirti orqali amalga oshiriladi, bunda kuzov infraqizil nurlarning yutilishi hisobiga qizdiriladi. Termoradiatsion qizdirish (7-rasm) quritishning boshqa usullariga qaraganda bir qator afzalliklarga ega, xususan, infraqizil nurlanish quritishning dastlabki bosqichida o’zining o’tuvchanlik xususiyati yordamida bo’yoq plyonkasi orqali o’tadi, metall sirtga yutiladi va uni tezda qizdiradi. Bu holda metall sirtidagi bo’yoqning dastlab pastki qatlamlari qurishni boshlaydi. Eritkichlar bug’lari bo’yoqning yuqorigi qatlamlari orqali qarshiliksiz o’tadi, chunki ular hali qattiqlashishga ulgurmagan bo’ladi va buning natijasida, konveksion quritishdan farqli o’laroq, shishlar hosil bo’lishining oldi olinadi. Bunda quritish vaqti konveksion quritishdagiga nisbatan bir necha marta qisqaradi.
Termoradiatsion quritishda infraqizil nurlanish manbalari sifatida ko’zguli cho’g’lanish lampalari va termonurlantirgichlar qo’llaniladi. 250 va
500 Vt quvvatga ega ko’zguli quritish lampalari oddiy elektr lampalarga nisbatan 15-25 % ko’proq issiqlik energiyasini nurlantiradi. Lampa kolbasi ichki sirtining bir qismi reflektor vazifasini o’taydi. U yuqori aks qaytarish xususiyatiga ega bo’lgan moddaning yupqa qatlami bilan qoplangan bo’ladi.
7-rasm. Termoradiatsion quritish jarayonining sxemasi: 1 – issiqlikni uzatish; 2 – qattiq plyonka; 3 – bo’yoq qatlami; 4 – eritkich bug’larining chiqib ketishi; 5 – bo’yalayotgan mahsulot
Lekin lampalar yordamida quritish quyidagi kamchiliklar sababli keng qo’llanilmaydi:
quritishning kichik jadalligi va yuqori elektr energiya sarfi;
lampalarning mo’rtligi va ish muddatining qisqaligi;
mahsulotning notekis qizdirilishi natijasida plyonkada mahalliy kuyishlarning paydo bo’lishi.
Termoradiatsion quritish qurilmalarining asosiy elementlari sifatida infraqizil nurlanish manbalari – termonurlantirgichlar xizmat qiladi. Ularda nixrom simi metall naycha ichiga joylanadi va issiqbardosh, issiqlik o’tkazuvchan, toko’tkazmas materialning puxtalab presslangan qatlami bilan himoyalanadi. Termonurlantirgichlar juda keng qo’llaniladi, ular yordamida quyidagilar ta’minlanadi:
quritish vaqti qisqaradi (konveksion usulga nisbatan 4-10 marta va lampali quritish qurilmalariga nisbatan 3-4 marta);
qizdirishning issiq inersiyasi bartaraf qilinadi;
energiyaning solishtirma sarfi qisqaradi;
quritish kameralarining konstruksiyalari soddalashadi va ularga xizmat ko’rsatish osonlashadi;
ishlab chiqarish maydonlari qisqaradi;
barcha tok o’tkazuvchi qismlar ishonchli izolyatsiyalanganligi sababli nurlantirgichning ish muddati ortadi va xavfsiz ishlashi ta’minlanadi;
elektr energiyasi bilan bir qatorda, boshqa energiya manbalaridan ham foydalanishga imkon beradi (masalan, yoqilg’i gazlarni yoqishdan ajralgan issiqlikni).
Shu bilan birga termoradiatsion usul, uni qo’llash sohalarini cheklovchi kamchiliklarga ham ega:
murakkab konfiguratsiyali mahsulotlarni quritishda bo’yalgan sirtlarning alohida uchastkalari termonurlantirgichdan turlicha masofada bo’lgani uchun, undan uzoq uchastkalar qurimasligi va yaqin uchastkalar ortiqcha qurishi mumkin;
tarkibida oppoq pigmentlari bo’lgan ochiq rangli emallarni quritishning iloji yo’qligi, chunki ushbu pigmentlar sarg’ayishga moyil bo’ladi.
Shuningdek, kombinatsiyalashgan termoradiatsion-konveksion qurilmalar qo’llaniladi. Bunda boshlang’ich bosqichda termoradiatsion usul bilan kuzov jadal qizdiriladi va lakbo’yoq qoplamasi qatlamining pastki qismi quritiladi, jarayon esa mahsulotni tezda quritishga imkon beruvchi konveksion qizdirish bilan tugallanadi.
Lakbo’yoq materiallarini quritishda texnika xavfsizligining asosiy talabi bo’lib, quritish kameralarida yong’in xavfsizligi me’yorlari bo’yicha eritkichlar bug’larining joiz konsentratsiyasini ta’minlash xizmat qiladi va buning uchun kuchli ventilyatsion qurilmalar ishlatiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |