Mehnat muhofazasi - ish jarayonida inson xavfsizligi, salomatligi va ish qobiliyatini oshirishni ta’minlovchi qonunlar sistemasi hamda ularga muvofiq keladigan sosial-iqtisodiy, tashkiliy, texnikaviy, gigienik va davolash profilaktikasi tadbirlari hamda vositalari.
Mehnat muhofazasi bo`yicha korxonalar va muassasalardagi asosiy qonunchilik aktlari O`zbekiston Respublikasining Mehnat Kodeksi, Fuqarolik Kodeksi va Mehnatni muhofaza qilish to`g’risidagi qonunlari hisoblanadi.
O`zbekiston Ruspublikasining 1993-yil 6-maydan kuchga kiritilgan Mehnatni muhofaza qilish to`g’risidagi Qonuni ishchilar va ish beruvchilar o`rtasidagi mehnatni muhofaza qilishga oid munosabatlarni tartibga solishni huquqiy asoslarini belgilaydi.
O`zbekistonda birinchi marta ish beruvchilar bilan mehnat munosabatlariga kirishayotgan jismoniy shaxslar mehnatini muhofazasi muammolarini aniq echimiga bog’liq har xil savollar qonunchilik darajasida ko`rilmoqda. Bu qonunlar ish bajaruvchilarga ham ular bilan mehnat munosabatlarida bo`ladigan ishlovchilarga ham, hamda ta`lim muassasalarini, ishlab chiqarish amaliyotlarini o`tayotgan o`quvchi va talabalarga ham bir xilda ta`sirga egadir. Ish beruvchi ishlovchilarni mehnat muhofazasi talablari bilan tanishtirishi va har bir ish joyida mehnat muhofazasi talablariga mos keladigan sharoitni yaratishi, ish joylarini mehnat sharoiti bo`yicha attestatsiyadan o`tkazishga burchlidir.
Ish beruvchi ishlovchi bilan mehnat shartnomasini tuzishda ishchini o`z hisobidan tibbiy ko`rikdan o`tkazishi lozimligi qonunda belgilangan. Ish beruvchi ishchilarni faoliyati davomida ham quyidagi hollarda tibbiy ko`rikdan o`tkazish ishlarini tashkil etishi shart:
18 yoshga to`lmaganlarni;
60 yoshga to`lgan erkaklar, 55 yoshga to`lgan ayollarni;
nogironlarni;
mehnat sharoiti noqulay ishlarda, tungi ishlarda, shuningdek transport harakati bilan bog’liq ishlarda band bo`lganlarni;
oziq-ovqat sanoatida, savdo va bevosita aholiga xizmat ko`rsatish bilan bog’liq bo`lgan boshqa tarmoqlardagi ishlarda band bo`lganlarni;
umumta`lim maktablari, maktabgacha tarbiya va boshqa muassasalarning bolalarga ta`lim yoki tarbiya berish bilan mashg’ul bo`lgan pedagog va boshqa xodimlari.
Tibbiy ko`riklardan o`tishdan bo`yin tovlashga xodim haqli emas. Tibbiy komissiyalarning tekshiruvlar natijasida bergan tavsiyalarini bajarishdan bo`yin tovlagan xodimlarni ish beruvchi ishga qo`ymaslikka haqlidir.
Agar ishchining sog’ligi ish sharoitining salbiy ta`sirida yomonlashgan bo`lsa u navbatdan tashqari tibbiy ko`rikdan o`tkazishni talab qilishga haqli.
Tibbiy ko`riklardan o`tkazish qayd etilgan hollarda korxona (ish beruvchi) mablag’i hisobiga amalga oshiriladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |