Vatan - sajdagoh kabi muqaddasdir
Vatan aslida arabcha so‘z bo‘lib, ona yurt ma’nosini anglatadi. Vatan kishilarning
o‘zi yashab turgan, avlod va ajdodlari o‘sgan, millati shakllangan joy, ijtimoiy muhit,
mamlakatdir. Shu ma’noda olib qaraydigan bo‘lsak, O‘zbekiston – o‘zbek xalqining
vatani, muqaddas sajdagohdir.
Dunyo bo‘ldi chamanim manim,
O‘zbekiston vatanim manim.
Ona yurtimiz O‘zbekiston o‘zbek xalqining Alloh tomonidan tarixan ato etilgan
muqaddas Vatani ekanligi haqida: «Albatta-deb ta’kidlagan edi Prezidentimiz,-jahon
keng, dunyoda mamlakat ko‘p, lekin bu olamda betakror ona yurtimiz, O‘zbekistonimiz
yakkayu yagona. Bu go‘zal yurt, bu muqaddas zamin faqat bizga atalgan. Mana shu ulug‘
tuyg‘u har birimizning dilimizga jo bo‘lishi, hayotimizning mazmuniga aylanishini
istardim”1.
1 Karimov. I.A. Yuksak ma’naviyat-yengilmas kuch. 90-b.
2 A.Avloniy. Guliston yoki ahloq. 28-b.
Vatan – bu inson va uning avlod – ajdodlari kindik qoni to‘kilgan muqaddas
dargohdir. Vatan – ajdodlar maskani, el-yurt, halq voyaga yetgan, uning tili, tarixi,
madaniyati, urf-odatlari, qadriyatlari shakllanib, o‘sib kamol topib boradigan zamindir.
Vatan deganda, hamisha tug‘ilib o‘sgan, ko‘z ochib ko‘rgan, ta’lim-tarbiya olib
voyaga yetgan, necha-necha avlodu ajdodlarimiz yashab o‘tgan, ularning aql-idroki,
mehnati sarf qilingan yurt ko‘z oldimizga keladi.
Vatan ona kabi aziz va mukarramdir. Vatan insonga baxt-iqbol beradigan zamindir.
Abdulla Avloniy aytganidek: «Har bir kishining tug‘ilib o‘sgan shahar va mamlakatini
shul kishining vatani deyilur. Har kim tug‘ilgan, o‘sgan joyini jonidan ortiq suyar... Biz
turkistonliklar o‘z vatanimizni jonimizdan ortiq suyganimiz kabi, arablar arabistonlarini,
qumlik issiq cho‘llarini, eskimuslar shimol taraflar, eng sovuq qor va muzlik yerlarni
boshqa yerlardan ziyoda suyarlar. Agar suymasalar edi, havosi yaxshi turonlik oson
yerlarga o‘z vatanlarini tashlab hijrat qilurlar edi.”2
Vatan- ajdodlardan avlodlarga qoladigan eng buyuk, bebaho meros, eng aziz xotira.
Vatan ostonadan boshlanadi, deb bejiz aytilmaydi. Biroq kishi ulg‘aygani sayin
uning Vatan haqidagi tasavvuri ham kengaya boradi. Avvalo uy, so‘ngra mahalla, qishloq
yoki shahar hamda butun mamlakat Vatan ekani asta-sekin anglab olinadi.
Kurrai Zamin- yer sayyorasi butun jumlai jahonda yashayotgan olti milliarddan
ziyod xalqlar uchun Vatan hisoblansa, har bir halq uchun taqdiran va tarixan ato etilgan
xudud ona- Vatandir. Vatan bilan xalq yoki millat birga paydo bo‘ladi, birga yashaydi.
Ularni ajratilgan holda tasavvur etib bo‘lmaydi. Vatanimiz bor ekan- xalqimiz bor,
xalqimiz borki, vatanimiz bor.
Vatanni avaylab asrash, uning boyligini ezozlash har birimizning muqaddas
burchimiz bo‘lgani kabi kurrai Zamin-Yer sayyoramizni ham avaylab asrashga, uning
barcha boyligini: tabiati, o‘simlik va hayvonot dunyosi, musaffo osmonini va boshqalarni
kelgusi avlodlarga qoldirish unda yashayotgan har bir xalqning muqaddas burchi.
Vatan- bu halqning o‘tmishi, buguni va kelajagidir. Vatan-muqaddas qadriyat. U
insonning kindik qoni to‘kilgan joy, insonni ijtimoiy yetimlikdan asrovchi manzil,
ma’naviy kamolot va fuqarolik maydoni, hayot maktabi, farovonlik va baxt-saodat
o‘chog‘idir.
Inson uchun vatan yagonadir. Vatanning katta-kichigi ham, boy-kambag‘ali ham
bo‘lmaydi. Vatan tanlanmaydi. Vatan bizning molimiz emas. Shuning uchun ham u pulga
sotilmaydi va sotib olinmaydi. Vatan in’om etilmaydi, qarzga berilmaydi. Vatan har bir
fuqaro uchun muqaddas va betakrordir. Prezidentimiz Islom Karimov keltirgan iboradek,
«Vatan – sajdagoh kabi muqaddasdir”. Vatanni eng oliy ne’mat singari boshimiz uzra
baland ko‘tarib, har on va har soniyada uning tuprog‘ini ko‘zlarga surtib, unga ta’zim bajo
aylashimiz farzandlik burchimizdir. Muqaddas xadisi shariflarda «Vatanni sevmoq
iymondandir”, deyilgan. Ya’ni iymoni but, vijdoni pok har bir inson vatanni sevadi, uni
g‘animlar ko‘zidan asraydi, uning yashnashi va yashashi, hurligi uchun kurashadi.
Vatan mehrini, vatan sehrini, uning mo‘tabarligiyu ulug‘vorligini so‘z bilan ifodalash
qiyin.
Har bir barkamol inson vatan kamoloti va istiqboli, el-yurtining ozodligi va
mustaqilligi uchun hamma narsani, hatto shirin jonini ham ayamaydi. Bu haqda mavlono
Fuzuliyning, mening bitta hayotim bor, bordiyu mingta hayotga ega bo‘lgan taqdirimda
ham hammasini vatan uchun sarflagan bo‘lur edim, deb aytgan so‘zlari har birimiz uchun
bebaho o‘gitdir.
Sho‘rolar davrida milliy manfaat, vatanga, ona zaminga mehr-muhabbat degan his-
tuyg‘ular asta-sekin so‘na boshladi. “Vatan” tushunchasi mavhum bir umumiy holga kelib
qolgandi. Hamma narsa- “umumsovet” manfaatiga qaratilgandi. Har bir millat, xalq ming
yillardan beri yashab kelayotgan o‘z vatani uchun qayg‘urishga haqli emasdi.
Istibdod davridagi hukmron kommunistik mafkura bor kuchini kishilar ongidagi
Vatan tushunchasini buzib, soxta, mavhum Sovet vatani g‘oyasini singdirishga sarflagan.
“O‘zbekiston-Vatanim manim” deyish millatchilik sifatida baholanib, minglab
vatandoshlarimizni qatag‘on domiga tortib ketgan.
Oxir oqibat shunga yetdiki, sobiq Sovet davrida bu mamlakatda yashayotgan xalqlar,
shu jumladan o‘zbeklar ham o‘z vatanida bevatan bo‘lib yashashga majbur bo‘ldilar. Buni
O‘zbekiston halq shoiri Erkin Vohidov «Vatan umidi” she’rida shunday ifodalaydi.
Agarchi ismim Erkin,
Erki yo‘q, bandi kishan bo‘ldim.
Ko‘zim bog‘liq, dilim bog‘liq,
Tilim yo‘q, besuhan bo‘ldim…
Muazzam Sayhunu Jayhun-
Labida tashnalab qoldim,
Kiyintirdim jahonni,
Jismim uryon, bekafan bo‘ldim.
Chekubdur Boburu Furqat
Vatan hajrida afg‘onlar,
Men ersam, ne g‘urbatkim,
Vatanda bevatan bo‘ldim.
Olisda, oh diyorim deb
Sog‘ingan, ey vatandoshim,
Dema sen, o‘zni bebaxt,
Baxti yo‘q aslida man bo‘ldim...
Inson uchun na davlat va saltanat, na toju taxt, hech bir narsa Vatanga, el-yurt
mehriga teng kelolmaydi. Vatandan judolik- inson uchun katta baxtsizlikdir.
Inson istagan joyda bir parcha nonga qornini to‘yg‘izishi mumkin. Lekin Vatanning
o‘rnini hech narsa bosolmaydi. Vatanda yashash haqiqiy baxtdir.
Mustaqillik tufayli biz o‘zimizning haqiqiy vatanimizni topdik. Bu mustaqillikning
bizga bergan eng oliy ne’matidir. Vatani mustaqil halqning o‘zi ham mustaqil bo‘ladi.
Yurti ozod va erki o‘z qo‘lida bo‘ladi.
Tarix o‘zbek halqining hozirgi Siz kabi avlodi zimmasiga g‘oyat buyuk vazifani
yukladi. Bu vatanimiz kuch-qudratini mustahkamlash, uning dovrug‘ini olam uzra yoyish,
shuhratiga shuhrat qo‘shishdir. Bunda esa Vatan, Prezidentimiz aytganidek, Siz kabi
fidoyi vatanparvarlarga tayanadi. Har birimiz o‘zimizning yaratuvchanlik, bunyodkorlik
faoliyatimiz, halol mehnatimiz bilan o‘zimizdan keyingi avlodlarga ozod va obod Vatanni
qoldirishimiz kelgusi avlodlar, nasl-nasablarimiz oldidagi burchimizdir.
Do'stlaringiz bilan baham: |