1.Kurs ishi yozishning maqsad va vazifalari
«Makroiqtisodiyot» fanidan kurs ishini yozishdan maqsad talabalarda mustaqil ilmiy izlanish ko’nikmalarini shakllantirishdan iborat.
Bu maqsadga erishish quyidagi vazifalarni amalga oshirish orqali ta’minlanadi:
- talabalarning ma’ruza va seminar mashg’ulotlari va mustaqil ta’lim mobaynida olgan nazariy bilimlarini ma’lum bir mavzu yoki muammo bo’yicha chuqurlashtirish;
- o’quv va ilmiy adabiyotlardan mustaqil o’rganish, axborot to’plash tajribasini hosil qilish;
- iqtisodiy tahlil, jumladan, qiyosiy tahlil qilish, iqtisodiy jarayonlarni baholash hamda ilmiy xulosalar chiqarish ko’nikmalarini shakllantirish.
2. Ishning mavzusini tanlash
“Makroiqtisodiyot” fani bo’yicha kurs ishi mavzusi ushbu ko’rsatmada tavsiya sifatida keltirilgan mavzular ro’yxatidan tanlab olinishi mumkin. Shuningdek, kafedra bilan kelishilgan holda, mazkur ro’yxatga kiritilmagan boshqa bir dolzarb mavzu ham kurs ishi uchun talaba tomonidan tanlanishi mumkin.
Kurs ishi mavzusini tanlashda, talabaning qiziqishi sohasi, tanlangan mavzuning dolzarbliligi, ilmiy va statistik axborot bazasining mavjudliligi, mavzuning aynan “Makroiqtisodiyot” fani predmeti doirasida bo’lishiga e’tibor qaratiladi.
3. Kurs ishida amalga oshirilishi kerak bo’lgan ishlar
Talaba kurs ishni bajarish jarayonida quyidagilarni bajarishi lozim:
ishning mavzusini kafedraning talablaridan kelib chiqqan holda tanlash;
mavzuga oid o’quv va ilmiy adabiyotlarni va statistik axborotlarni jamlashi;
ilmiy rahbari bilan kelishilgan holda tuzilgan kurs ishi rejasi asosida berilgan topshiriqlarni o’z vaqtida bajarishi;
o’rnatilgan tartib bo’yicha kurs ishning hisobotini o’z vaqtida kafedraga taqdim etishi kerak.
4. Adabiyotlarni o’rganish va asosiy ma’lumotlarni yig’ish
Adabiyotlarni o’rganishdan oldin yana bir bor mavzuni to’g’ri tanlanganligiga ishonch hosil qilish lozim. Talaba adabiyotlarni kurs ishi mavzusi bo’yicha, unga mos tarzda tanlashi kerak. Ilmiy rahbarning vazifasi talaba tanlagan manbalarni qayta ko’rib asosiylarini qoldirishdir.
Manbalarni to’plashda talaba uning chop etilgan yiliga ham alohida e’tibor berishi lozim. Eski manbalardan olingan ma’lumotlar bugungi kundagi dolzarb hisoblangan muammolarni yechishda unchalik ahamiyatli bo’lmay qoladi.
Talaba bir nechta manbalarni qiyosiy tahlil qilgan holda o’ziga eng ma’qul deb topgan ma’lumotlarni olgandagina olib borgan tadqiqoti samarali bo’ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |