Li Yan-shou (taxm.595-678 yy.)15 –Tan sulolasi (618-907 yy.) davrida o‘tgan yirik tarixchi. U Shimoliy Xitoyda hukmronlik qilgan Vey (386-535 yy.), Si (550-577 yy.), Chjou (557-581 yy.) sulolasi hukmronligi, ya’ni 386-581yillardagi tarixini o‘z ichiga olgan 100 bobdan iborat “Bey shu” (“Shimoliy sulolalar tarixi”) nomli asari bilan mashhur.
Asarda O‘rta Osiyo, xususan Xorazm hamda Sharqiy Turkiston haqida qimmatli ma’lumotlar uchratamiz.
“Bey shu”ning matni 1958 yilda Shanxayda chop etilgan.
Vey Chjen (580-643 yy.)16 – tan sulolasi davrida o‘tgan tarixchi; imperator Chjen-Guan (627-650 yy.) davrida uning o‘g‘li va toju taxt vorisiga tarbiyachi bo‘lgan. Ana shu imperator davrida tarixchi olimlardan Yan-Shu-Gu hamda Kxun In-da bilan birgalikda Xitoyning Suy sulolasi davridagi ijtimoiy-siyosiy tarixini o‘z ichiga olgan “Suy shu” (“Suy xonodonining tarixi”) nomli 85 bobdan iborat asar yozib qoldirgan. Asarning 55 bobi 637 yilda yozib tamomlangan. Qolgan 30 bobiga esa yana 20 yil vaqt ketgan. Asar Xitoyning V-VI asrlardagi tarixini o‘z ichiga oladi.
“Suy shu” Xitoyda tarixchilar jamoasi tarafidan yozilgan birinchi tarixiy asar. Boshqa asarlardan forqli o‘laroq, unda imperatorlarning iqtisodiy siyosati, qo‘shinning tuzilishi, mamlakatning ahvoli, xalqning urf-odatlari haqida ma’lumotlar keltirilgan.
Asarda, uning 83-bobida, O‘rta Osiyo (Janubiy Qirg‘iziston, Pomir, Toshkent va b.) hamda Sharqiy Turkiston (Xarashar, Kucha, Koshg‘ar, Xo‘ton) haqida ham diqqatga sazovor ma’lumotlar uchratamiz.
Asar ko‘p jildli “Sulolalar tarixi” tarkibida uning 9-jildi bo‘lib, 1958 yilda Shanxayda bosilgan.
Mustaqillik davri tadqiqotchilari asarlarida Farg‘ona tarixiga, jumladan Xitoyning Farg‘ona bilan aloqalari tarixiga oid ma’lumotlar ilmiy muomalaga kiritilgan17. Farg‘ona bilan Xitoy munosabatlari asosan Sharqiy Turkiston orqali amalga oshirilgan. Aksariyat manbalarda Farg‘onaning Xitoy bilan munosabatlari tarixi dastlab Xitoy elchisi Chjan Szyanning Farg‘ona (Davon) davlatiga kelganligi va yurtiga qaytgach hoqoniga bergan ma’lumotlari bilan boshlanadi. Xan sulolasi qo‘shinlarining mil.avv. 104 va 102 yillardagi Farg‘onaga hujumlari, uning oqibatida Farg‘ona tulporlariga ega bo‘lganligi, ammo yurish xitoyliklar uchun mag‘lubiyat bilan tamomlanganligi e’tirof qilinadi. Xitoy sayyohi Chjan Szyan Farg‘ona Xan sulolasi yerlaridan o‘n ming li masofada g‘arbda joylashganligi, farg‘onaliklar avloddan-avlodga o‘troq hayot kechirib kelganligi, ular dehqonchilik bilan shug‘ullanib uzum yetishtirishi, Farg‘onada asl tulpor otlar ko‘p bo‘lishi, u yerda 70 dan ko‘p shaharlar mavjudligi haqida ma’lumot qoldirgan. Qadimgi Farg‘onaning Xitoy bilan munosabatlari tarixi, Xitoy hukmdorlarining Farg‘onaning “tulpor otlari”ga ehtiyoji sabab elchilik savdo karvonlarining Farg‘onaga jo‘natilishi bilan bog‘liq jarayonlar A.Abdurasul o‘g‘li asarida batafsil bayon qilingan.18
Farg‘ona aholisi qadimdan dehqonchilik bilan birga chorvachilik bilan ham shug‘ullangan, xo‘jalikning bu tarmoqlari juda rivojlangan bo‘lib, savdo aloqalarining taraqqiy qilishiga imkoniyat yaratib bergan. Shuning uchun Buyuk ipak yo‘li ustida joylashgan Farg‘ona o‘zining tovarlari bilan savdo aloqalarida faol ishtirok etgan bo‘lishi kerak. Bu savdo aloqalari ilk o‘rta asrlarda yanada taraqqiy qilgan deyishga asosimiz bor. Savdo yo‘llari orqali Farg‘ona va Sharqiy Turkiston aholisi yanada yaqinlashib, savdo-iqtisodiy va madaniy aloqalari jonlanib borgan.
Yuqorida eslatib o‘tganimizdek, A.Xo‘jaevning asarida xitoy manbalarida keltirilgan Farg‘ona to‘g‘risidagi qimmatli manbalar tahlil qilingan. Shular jumlasidan kam bo‘lsada Sharqiy Turkiston-Farg‘ona masalalariga ham o‘rin berilgan. 941-945 yillarda Tan sulolasi saroyida Lyu Xu rahbarligidagi tarixchilar guruhi ushbu sulola tarixiga bag‘ishlangan “Tangshu” (“Tang {sulolasi} tarixi”) deb nomlangan asarni yozishgan. 1044-1060 yillarda Ou Yangshyu va Sung Si “Tangshu”ning ayrim qismlarini qisqartirib, ayrim tuzatishlar va to‘ldirishlar hamda qo‘shimchalar kiritish bilan yangi “Shin Tangshu” (“Tang sulolasining yangi tarixi”) asarini yozishgan. Mazkur asarda turklar tarixi kengroq yoritilgan. Xususan, 750 yilda xitoyliklarning Toshkentga hujumi, mahalliy hukumdor (Djabshi)ning asirga olinib Xitoyga olib ketilganligi ta’kidlanadi. Bundan tashqari, 751 yilda Talas daryosi bo‘yida arablar bilan bo‘lgan jangda Tan qo‘shinlarining mag‘lubiyatga uchrashi xabar qilingan19. Tan sulolasining poytaxti Changan (hozirgi Shian, rus adabiyotida Sian’) bo‘lgan. Bu davrda Xitoy bilan Farg‘ona o‘rtasidagi qatnov yo‘li Sharqiy Turkistondagi Kumul, Urumchi, Ili vodiysi, hozirgi janubi-sharqiy Qozog‘iston orqali o‘tgan20. Tan sulolasi davrida Farg‘ona vodiysi Ningyuan (Olisdagi sokinlik) deb atalgan. Unda Farg‘ona hukmdori Norin daryosi shimolida joylashgan Shijyan shahrida turadi deyilgan. Shijyan shahri Xitoyda Tan sulolasi hukmronlik qilgan davridagi (618-907) Farg‘onaning markazi bo‘lgan. U Axsikentning xitoycha nomlanishidir. Farg‘ona tarixi bo‘yicha mutaxassis Anarboyevning tadqiqotlarida Axsikat Farg‘ona markazi sifatida e’tirof qilingan. “Shin Tangshu”da yozilishicha, Farg‘onada 6 ta yirik shahar, 100 ta kichik shaharlar mavjud, odamlar uzoq umr ko‘radi. Chjengguan davrida (627-649) G‘arbiy Turk hukmdori Chuaymuo-Xeduo Farg‘ona hukmdori Chibini o‘ldiradi va bu yerda xitoyliklarning hukmronlik yillari boshlanadi. Shu davrdan boshlab Farg‘ona Tan sulolasiga har yili sovg‘a yuborib turgan. Manbada Xo‘jand, Koson shaharlarining xitoycha nomlari keltirilgan.
Sayyoh Syuan Zang (629-645) Xitoydan Hindistonga borgan. U Xeshi yo‘lagi, Iverg‘ul (hozirgi Kumul, xitoycha Ivu, Xami) shahri, Turfon, Qorashar, Kuchar, Oqsu, muzrat dovoni, Issiqko‘l bo‘yi, Siye shahri, Toshkent, Samarqand, Buxoro, Afg‘onistonning shimoliy viloyati orqali Hindistongacha borgan. Vataniga qaytib “Datang Shyuyji” nomli asarini imperatorga taqdim qilgan. Asarda muallif “[Toshkent]dan janubi-sharq sari ming li (576 km)dan ziyodroq yurilsa, Payxan (Farg‘ona) davlatiga boriladi. Uning to‘rt tomoni tog‘ bilan o‘ralgan. Yerlari serhosil, dehqonchilik ishlari rivojlangan, gullar va mevalar ko‘p, [tabiiy sharoiti] qo‘y va ot boqishga qulay, shamol va sovuq bo‘lib turadi, odamlari qattiq irodali, [xalqining] tili atrofdagi davlatlardan farq qiladi...”21.
VIII asr o‘rtalarida koreyalik budda dini rohibi Xueychao qalamiga mansub “Vang’u Tyanchju-guo chjuan” nomli asarda uning Hindiston, Pokiston, Afg‘oniston, Sharqiy Turkistondagi Kuchar mamlakatlariga borib, o‘zi shohidi bo‘lgan voqealarni hikoya qilgan. Asarda Farg‘onaning (Baxena)ning sharqiy tomonida bir davlat bo‘lib, u Guduo-guo deb nomlanar ekan. Ushbu davlat hukmdori etnik jihatdan turklardan, mahalliy fuqarolar esa yarim g‘uz, yarim turk ekan. [Uning] zaminida tuya, eshak, qo‘y, ot, qora mol, xachir boqilar, uzum yetishtirilar, jundan to‘qilgan turli gilamlar ishlab chiqarilar ekan. Paxtadan to‘qilgan matodan va teridan kiyim tikib kiyishar ekan. Tili va so‘zlashish ohangi yarim to‘harcha, yarim turkcha, yarim mahalliy shevada ekan. Hukmdor va uning itoatidagi fuqarolar budda diniga e’tiqod qilishar ekan. Ularda budda ibodatxonalari bor ekan, odamlar oz bo‘lsa ham, ibodat qilishar ekan. Chet elliklar uni rasmiy davlat deb tanishsa ham, lekin uning zamini Xan mamlakatining bir katta viloyatiga teng ekan. Bu davlatdagi erkaklar soch-soqollarini oldirib, ayollari esa sochlarini o‘stirib yurishar ekan22. Bu davlat albatta Sharqiy Turkiston bo‘lishi kerak.
Sharqiy turkistonga nisbatan Xitoy Turkistoni atamasi ham ishlatilgan. V.V.Bartold asarlarida bu xususda ayrim fikrlar berib ketilgan23.
E.Rtvelad’zening ma’lumotlariga ko‘ra, Chjan Szyanning sayohatidan so‘ng Xitoyda “G‘arbiy o‘lka” atamasi ma’lum bo‘lgan. “G‘arbiy o‘lka” tushunchasi O‘rta Osiyo va Sharqiy Turkistonga nisbatan ishlatilgan. Sharqiy Turkiston deganda, hozirgi Shinjon Uyg‘ur Muxtor o‘lkasi tushunilgan. Xitoy bilan G‘arbiy Osiyo o‘rtasida noqulay geografik to‘siqlar mavjud. Bular: Takla-Makan dashti, Kun-Lun, Tyan-Shan va Pomir tog‘ tizmalaridir. Shuning uchun Xitoy mil avv. I ming yillikda avval Xo‘ton bilan, so‘ngra Oltoy bilan aloqa o‘rnatgan. Milodning I ming yilligida O‘rta Osiyoni Xitoy bilan bog‘laydigan bir necha yo‘llar paydo bo‘lgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, Xitoydan G‘arbiy o‘lkaga ikkita janubiy va shimoliy savdo yo‘li o‘tgan.
Janubiy yo‘l Chanandan boshlanib Lobnor ko‘lini chetlab Kun-Lun tizmalari shimolidan o‘tib, Yorkand va Kashg‘arga chiqqan, undan Voxanga o‘tib, u yerda yo‘l ikki tarmoqqa bo‘lingan:, biri Baqtriyaga, ikkinchisi janubga Hindistonga ketgan. Shimoliy yo‘l tog‘ tizmalari orqali o‘tib Koshg‘arga kelgan, so‘ng Lukovie gori orqali Davon (Farg‘ona) va Kanxaga, undan Orolbo‘yiga kelgan.
Farg‘onani Xitoy bilan bog‘laydigan karvon yo‘li Sharqiy Turkiston orqali o‘tganligini hisobga olsak, farg‘onaliklar bilan Sharqiy Turkiston aholisi qadimdan o‘zaro aloqada bo‘lgan deyishga asos sezamiz. Xitoy bilan Farg‘ona munosabatlari Buyuk ipak yo‘li bo‘ylab davom etgan ekan, demak ilk o‘rta asrlarda bu munosabatlar yanada taraqqiy qilgan bo‘lishi kerak, degan xulosaga kelish mumkin. Mazkur mavzu bilan shug‘ullangan E.Rtveladze Tan sulolasi bronza tangalarining O‘rta Osiyoga kirib kelishiga e’tibor qaratib, O‘rta Osiyoning tarixiy-madaniy viloyatlariga tanga pul tizimlarining ta’sirini e’tirof etgan. Masalan, Farg‘onada arxeologlar 1988 yilga qadar 42 dona u-shu tangalarini topishgan. Shimoliy Farg‘onada joylashgan Gavadagi Mugxona qazishmalarida 2 dona u-shu tangalari topilgan. Tangalar Shimoliy Farg‘onadagi Pop shahri yaqinida joylashgan Munchoqtepa qabristonidan xuddi shunday 2 dona tangalar topilgan. Bu kabi tangalar O‘zbekistonning boshqa hududlaridan ham topilgan edi24. Qadimgi Xitoy tangalari asosan O‘rta Osiyoning sharqiy qismiga, ya’ni Farg‘onaga to‘g‘ri keladi. Bu ma’lumotlar Buyuk ipak yo‘lining asosiy tarmog‘i Farg‘ona orqali o‘tganligiga ishora hisoblanadi. Qolaversa, tangalar dastlab qabrlardan topilgan bo‘lsa, keyinchalik Qadimgi Farg‘ona aholi yashaydigan joylardan ham topilganligiga asoslanib E.Rtveladze xitoy tangalari ilk bor pul muomalasida qatnashmagan, balki faqat zeb-ziynat tarzida ishlatilgan bo‘lishi mumkin deb hisoblaydi25. Tan sulolasi davriga kelib tangalar Xitoydan g‘arbga turli hududlarga tarqala boshlagan. Ilk o‘rta asrlarga taalluqli Xitoy tangalari Yettisuv, Farg‘ona, Choch, So‘g‘d, Shimoliy Tojikistondan topilgan. Bu tangalar 3 xil ko‘rinishga ega bo‘lib, ilk o‘rta asrlarda zarb qilingan. Demak, Xitoy tangalari savdoda pul muomala vositasi sifatida ishlatila boshlagan. Bundan tashqari O‘rta Osiyoning ayrim hududlarida xitoy tangalaridan namuna olib pul zarb qilingan deyish mumkin.
U-shu tangalarining topilishi Farg‘ona bilan Xitoy, jumladan Sharqiy Turkiston o‘rtasida savdo-sotiq aloqalari mavjud bo‘lganligidan, qolaversa bu savdo munosabatlarida Xitoy tangalari mol ayrboshlashda asosiy vosita bo‘lgan bo‘lishi mumkinligidan dalolat beradi.
Xitoydan tangalardan tashqari oynalar ham keltirilgan. Oynalar asosan Farg‘ona vodiysida (Munchoqtepa), Tyan-Shan, Oloy tog‘ tizmalari yaqinida va Toshkent vohasidan topilgan. Ular asosan mil.avv. I va milodiy III asrlarga to‘g‘ri keladi. Oynalar Yettisuv, Farg‘ona, Sug‘d, Shimoliy Baqtriyadan topilganligiga asosalanib, xitoy savdo manfaatlari faqat shu
O‘rta Osiyodan xitoy shoyi matosi namunalari ham topilgan. Shulardan biri Farg‘onadagi Munchoqtepadagi qabristonda mayitning yuziga qimmatbaho xitoy shoyisi yopilgan holatda topilgan. Bu topilma V-VIII asrlarga to‘g‘ri keladi. Janubiy Farg‘onaning Qorabuloq qabristonidan ham xitoy ipak matosi topilgan. O‘rta Osiyo iqlimi shoyi matolarning yaxshi saqlanib qolish xususiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatganligi tufayli kam topilgan deyish mumkin. (Rtveladza. 132 b.)
Nefrit toshi O‘rta Osiyoda ham, Xitoyda ham qimmatbaho sanalgan. Ammo na O‘rta Osiyoda va na Xitoyda nefrit konlari mavjud emas. Nefrit konlari markazi Xo‘ton hisoblangan. Nefrit toshi asosan zargarlik buyumlarida ishlatilgan. Xo‘ton nefritlari namunalari mil av. I mingyillik boshlari Farg‘onaning Chust qishlog‘idan (poselenie) topilgan. Bu topilma Farg‘ona bilan Sharqiy Turkiston o‘rtasidagi aloqalarning dalili sanaladi.
Yuqoridagilardan xulosa shulkim, qadimgi davrlarda Farg‘onaning o‘zida tanga zarb qilish yo‘lga qo‘yilmagan, ammo Xitoy tangalari bu yerda muomalada bo‘lgan. Ammo keyinchalik Farg‘onada mahalliy tangalar zarb qilina boshlangan.
Buyuk ipak yo‘li orqali nafaqat savdo-sotiq ishlari amalga oshirilgan, bu yo‘l dinlarning keng tarqalishiga ham xizmat qilgan.
Turk hoqonlari 555 yilda Sharqiy Turkistonning katta qismini, Yettisuv va O‘rta Osiyoning Sirdaryo va Orolbo‘yigacha bo‘lgan sharqiy hududlarini egallagan. Turk hoqonligi VI asrning 70 yillarida Manjuriyadan Bosporgacha, Shimoliy Yeniseydan Amudaryogacha hududlarni egallagan. Shunday qilib Turk hoqonlari Yevrosiyoda birinchi imperiyalariga asos solgan edilar.
Turk hoqonlari bosib olingan hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy tuzimiga o‘zgartirish kiritganligi to‘g‘risida ma’lumotga ega emasmiz. Aksincha Turk hoqonlari bosib olingan hududlardan soliq va o‘lponlarni yig‘ib olish bilan cheklangan.
Turk hoqonligi Sharqiy Turkiston, O‘rta Osiyo va Janubiy-Sharqiy Yevropaga siyosiy va madaniy ta’sir ko‘rsatgan. Hoqonlik ikkiga Sharqiy va G‘arbiy qismlarga bo‘linib ketgach, G‘arbiy Turk hoqonligi va uning aholisi o‘rxon yozuvlarida “O‘n o‘q budun”, “o‘n o‘q eli”, “o‘n o‘q davlati” yoki oddiy qilib “o‘n o‘q” deb atalgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, Sharqiy Turkistonda ma’lum ma’noda mustaqillikni saqlab qolishgan bo‘lsada, aslida Turk hoqonlarining syuzerenitetini tan olishgan26.
460-550 yillar Buyuk ipak yo‘lida ko‘plab Sharqiy Turkiston davlatlari eftalitlar, jujanlar, telelar raqobatda bo‘lgan (135 bet). Xo‘ton, Qorashar, (Gaochan) Turfon ishlariga eftalitlar o‘z ta’sirlariga olish uchun aralashib turgan. 560-570 yillarda jujanlar va eftalitlarning mag‘lubiyatidan so‘ng ularning o‘rnini turklar egallashgan. VI asrning oxirlariga kelib turklar Sharqiy Turkiston ustidan to‘liq hukmronlikni qo‘lga kiritdilar. Ammo Sharqiy Turkistonda tele qabilalaridan cho‘chib turishgan. Vaziyatni yumshatish Turklar bilan siyosiy aloqalarni mustahkamlash maqsadida qarama-qarshi tomonlar o‘rtasida nikoh shartnomalari tuzilgan. Masalan, Turfan hokimining katta xotini turk hoqonining qizi bo‘lgan, Turfan hokimi sho‘ining yon qo‘shnisi bo‘lgan uyg‘urlarga katta miqdorda o‘lpon to‘lab turgan. Uyg‘urlar Turfonda Buyuk ipak yo‘li bo‘ylab kelayotgan karvonlardan soliq yig‘ib olish huquqiga ega bo‘lgan. Turfanda maxsus uyg‘urlarning ishonchli vakili karvonlardan olinadigan soliqlarning doimiy va to‘g‘ri olinishini nazorat qilib turgan. VII asr boshlariga kelib, uyg‘urlar Sharqiy Turkiston shaharlari kabi Sharqiy Turk yabg‘u-hoqonlarining vassaliga aylanishgan. 136 b.
A.Steyn Sharqiy Turkistonni o‘rganish maqsadida ekspedisiyaga chiqadi. Buyuk Xitoy devori xarobalari (bashnya, kazarma) o‘rnida 2000 taga yaqin xitoy hujjatlarini topadi, bu hujjatlar II asrning o‘rtalariga taalluqli bo‘lgan. Shu hujjatlar bilan birga qadimgi sug‘d hujjatlarini ham qo‘lga kiritadi. Keyinchalik nemis olimi X.Reyxelt sug‘d hujjatlarining bir qismini o‘qishga muvaffaq bo‘lgan. Hujjatlar orasida sug‘diylarning Samarqanddagi qarindoshlariga yozgan maktublari ham bo‘lgan27. Biz A.Steyn ma’lumotlari orasida Sharqiy Turkiston bilan Farg‘ona munosabatlariga taalluqli materiallarni topmadiq. Ammo aminmizki, Sharqiy Turistondan va Xitoydan topilgan sug‘d hujjatlari bu o‘lkada sug‘dlar qatori farg‘onaliklar ham bo‘lgan va ular ikki o‘lka o‘rtasidagi savdo va madaniy aloqalarda muhim o‘rin tutgan.
XVIII – XIX asrning birinchi yarmida rus va yevropa olimlari O‘rta Osiyoni “Katta Buxoro”, undan sharqda joylashgan hududni “Kichik Buxoro” deb atashgan. Xitoy manbalarida, XVIII asr o‘rtalarida “Kichik Buxoro” Xitoyga qo‘shib olingach, Sinszyan (“Yangi chegara” yoki “Yangi hudud”) deb atala boshlagan. XVIII – XIX asrlarda Sharqda va Yevropada, Rossiyada ham bu viloyatlarni umumiy nom bilan Turkiston, ularni farqlash maqsadida “Buxoro Turkistoni” va “Xitoy Turkistoni” deb atash udum bo‘lgan28.
Sharqiy Turkiston bilimdoni V.V.Grigorev fikriga ko‘ra, O‘rta Osiyo bilan Sharqiy Turkistonning qadimgi aholisi kelib chiqishi bir bo‘lgan “odnorodnqm”, bo‘lib oriylar, ya’ni hindevropa tillar oilasiga mansub bo‘lib, maddiy va ma’naviy madaniyatda yuqori cho‘qqilarga erishgan29.
Mil.avv. I ming yillikda Sharqiy Turkistonning hindevropa tillar oilasiga mansub aholisi Hindiston va O‘rta Osiyodan kelgan (jumladan, sug‘dlar) aholi hisobiga ko‘paya boshlagan. Etnik birlik va qarindoshchilik O‘rta Osiyo, Shimoliy Hindiston va Sharqiy Turkistonning yagona yirik davlatlar, ya’ni Kushonlar imperiyasi, Eftalitlar davlati va Turk hoqonligi tarkibiga kiritilgach yanada ortadi30. Kushon imperiyasi davrida Sharqiy Turkistonning janubi-sharqiy qismiga hind tili va hind yozuv madaniyati (kxaroshtxi va braxma) kirib kela boshlaydi. O‘rta Osiyoliklarning ko‘plab kirib kelishi boshlangan. Kushon tangalari, xitoy yozuvi bitilgan tangalar ham Sharqiy Turkistonda keng tarqala boshlagan.
Sharqiy Turkistonga buddizim O‘rta Osiyo va Shimoliy Hindistondan kirib kelgan31. O‘rta Osiyodan Sharqiy Turkistonga, undan Xitoyga xristianlik va moniylik dinlari keng tarqalgan.32
Sharqiy Turkiston aholisidan biri bo‘lgan uyg‘urlar xo‘jaligiga nazar tashlasak, ular boy madaniyatga egaligiga guvoh bo‘lamiz. Uyg‘ur xalqi san’ati markazlaridan biri Yorkend bo‘lib, XIX asr o‘rtalarida unga tashrif buyurgan sayyohlarning ma’lumotlarga ko‘ra, Yorkend aholisi uyg‘ur-yorkendlar deb, shahar atroflaridagi qishloqlar aholisi “mo‘g‘ullar” deb atalgan. Shaharda uyg‘ur-yorkendlarga chetdan kelgan savdogarlar – “andijonliklar”, badaxshonliklar, baltistanlar, kashmirliklar qo‘shni yashashgan. XIX asrning 70-yillarida Yorkend shahrining o‘zida 50 ming aholi istiqomat qilgan, shundan 8 mingini “uzoq yoki doimiy yashaydigan chet elliklar” tashkil qilgan33.
Yorkend aholisining muhim xo‘jalik san’ati asarlaridan gilamchilikni e’tirof qilish mumkin. Yorkend gilamchiligi to‘g‘risida T.D.Forsit34, A.L.Kun35 ma’lumotlar qoldirgan.
Koshg‘ar aholisi uyg‘ur-qashg‘arlari orasida chet ellik savdogarlar ko‘p bo‘lgan. Ular “andijonliklar” (ya’ni farg‘onalik o‘zbeklar bo‘lib, ular savdo ishlari bilan doimiy va uzoq muddat yashaydiganlar) deb e’tirof qilishadi36.
VII asrda Koshg‘arga kelgan Syuan-szan esdaliklarida shahar matolari, kiygiz va gilamlari bilan mashhurligini qayd etgan. Koshg‘arliklarning bu mashhur tovarlari XIX-XX asrlarda bu yerga tashrif buyurgan chet elliklar tomonidan ham eslatilgan. Bu davrda Koshg‘ar matosi O‘rta Osiyoga sotiladigan jami matolarning 81% ni tashkil qilgan37. O‘rta Osiyoga nafaqat gilamlar, albatta joynamozlar ham chiqargan. (172 b)
Farg‘ona bilan Sharqiy Turkiston o‘rtasidagi ma’lumotlar L.N.Gumilevning “Qadimgi turklar”38 nomli asarida ham tilga olinadi. Asarda yozilishiga ko‘ra, “713 yilda Tibet qo‘shini Farg‘ona vodiysiga kirib keldi, arablar bilan ittifoq tuzib, birgalikda Farg‘onaga Aluda nomli o‘z valiysini ham qo‘ydi. Ammo 715 yilda Kucha valiysi mahalliy kuchlar va tevarak qabilalari ko‘ngillilariga tayanib Farg‘onaga bostirib kirdi. Aluda qochib qutildi, mahalliy bekning qonuniy hokimiyati tiklandi. Tibetliklar qaytib ketishga majbur bo‘lishdi, arab-xitoy chegarasi esa vaqtincha barqarorlashdi”. Ma’lumotlarga ko‘ra, Tibet o‘z sarhadlarini kengaytirib Sharqiy Turkistonga ham dahldor bo‘lib qolgan, hatto ular Farg‘onaga ham ta’sir doirasini yoyishni istardi. Ammo tarixiy jarayonlar natijasiz tugagan edi.
L.N.Gumilev voqealarni davom ettirib, Qutayba ibn Muslim Farg‘onani bosib olgach, Sharqiy Turkistonga yurishni rejalashtirgan. Bu davrda Farg‘ona vodiysisining sharqiy qismida Xitoyning G‘arbiy o‘lka valiyligi qarorgohi joylashganligi tufayli bu yerda arablar xitoyliklar bilan to‘qnash kelishi mumkin edi. L.N.Gumilevning fikriga ko‘ra, 715 yilda G‘arbiy o‘n o‘q turklaridan tashkil topgan imperiya Farg‘onadan tibetliklarni va arablarni quvib chiqargan. Bu o‘rinda arablarni quvib chiqargani haqiqatdan yiroq ko‘rinadi. Chunki Qutayba Qashg‘argacha bostirib borganligi tarixda qayd etilgan. Bizni qiziqtirgan holat, bu arablarning Farg‘ona orqali Sharqiy Turkistonga hujumi hisoblanadi. Chunki Sharq mamlakatlariga yo‘l asosan Sharqiy Turkiston orqali o‘tganligidir.
Ma’lumotlar VII-VIII asrlarda Farg‘ona alohida mulk sifatida mavjud emasligi, vohaning Sug‘d konfederaesiyasi tarkibiga kiritilganligidan xabar beradi39. Jumladan, ilk o‘rta asrlarga oid xitoy manbalari Farg‘ona (Da-van, Polona (mil.avv.V a.), Boxan (VI-VII aa.) yoki Nin’yuan (VII-VIII aa.))ni Sug‘d tarkibidagi mulk, deb qayd etilgan. Xususan “Bey shu”ning 435 yilga oid ma’lumotida Farg‘ona alohida mulk sifatida tilga olinmaydi. Fikrimizning dalili sifatida xitoyshunos E.Pulleyblenkning xitoy manbalarida Farg‘ona aholisining tili, antropologiyasi, urf-odati va e’tiqodi sug‘diylar bilan aynan bir xil deb bergan ta’rifiga e’tibor qilinsa, demak Farg‘ona Sug‘d konfederatsiyasi tarkibiga kiritilgan deb faraz qilish mumkin. A.N.Bernshtamning esa farg‘onaliklarning tili qo‘shni aholi tilidan farqlanishini ta’kidlashiga e’tibor berilsa, u holda Farg‘ona Sug‘d tarkibiga kirmagan deyishga asosimiz qolmaydi, balki bu holni vodiyda turkiy til yetakchi pog‘onada turganligiga ishora deb bilish mumkin. Demak, Farg‘ona Sug‘d konfederatsiyasi tarkibida ekan, u Sug‘dning Xitoy bilan savdo munosabatlarida faol qatnashgan bo‘lishi kerak, chunki Sug‘dni Xitoy bilan bog‘laydigan karvon yo‘li Farg‘ona - Sharqiy Turkiston orqali o‘tgan. Jumladan, Farg‘onada xaridorgir shishalar ishlab chiqarilgan va ular tashqi savdoda muhim o‘rin egallagan. Xususan, Farg‘onadan samoviy otlar qatori shisha buyumlar Xitoyga chiqarilgan, masalan, 675 yilda Farg‘onaning yashil shishasi Xitoyga yuborilgan40.
Farg‘ona o‘zining mahsulotlari bilan ichki va tashqi savdoda muhim o‘rin egallagan. Tashqi savdoda sug‘diylarning vodiyliklarga ta’siri sezilarli bo‘lgan. Fikrimizning dalili sifatida VII-VIII asrlarga qadar Farg‘onada muomalada bo‘lgan Sosoniy va Sug‘d dirhamlari ham tasdiqlaydi. Qolaversa, dastlab Farg‘ona mahsulotlari Sug‘d savdogarlari vositachiligida Sharqiy Turkiston va Xitoyga yetkazilgan41. IV-V asrdan esa davanliklarning o‘zlari savdo faoliyati bilan shug‘ullanib, foyda ustida raqobatlasha boshlaganlar42. Tijorat ishi Farg‘ona ahlining iqtisodiy ehtiyojiga aylanib borgan43.
Farg‘onaning go‘zal vohalaridan biri Quva sanaladi. O‘rta asr mualliflari asarlarida Quva shahri Farg‘ona bilan Qashg‘ar o‘rtasidagi savdo yo‘lida joylashgani va u Axsikat shahridan keyingi ikkinchi shahar deb ta’riflanadi. Quva shahri asrda uch qismdan – arki a’lo, shahriston va rabod qismlaridan iborat bo‘lgan. Rabodda bozor, saroylar, turli ustaxonalar, kommunal binolar bo‘lgan, Shahristonda esa jome masjid mavjud bo‘lgan. Arxeolog Ye.A.Davidovning fikriga ko‘ra X asrda Quvada zarbxona mavjud bo‘lgan. Zarbxonaning mavjudligi Quvaning iqtisodiy-siyosiy jihatdar muhim o‘rin tutganligidan dalolat beradi44.
Milodiy IV-VIIasrlarda Pop G‘ovasoy sug‘orma dehqonchilik tumanining markazi sifatida yanada roli oshadi. Arki a’lo (kreml) va ichki shahar (shahristonning) saqlanib qolgan qolgan qismlari mahalliy xalq orasida Balandtepa deb ataladi. Tashqi shahar (rabod) hududida esa faqat nekropol – shahar qabristoni saqlanib qolgan bo‘lib, uni Munchoqtepa deb ataydilar45.
V-VII asrlarga oid qabristondan Pop arxeologik qazishmalari chog‘ida kulolchilik ashyolari, ayollar taqinchoqlari - munchoqlar, bronzadan yasalgan bilauzuklar, sirg‘alar, uzuklar, surmatosh, surmadon, upa-eglik saqlaydigan qutichalar, taroqlar, xo‘jalik anjomlarii- naqshli yog‘och idishlar, pichoq dastalari, tarozi pallalari, jangovar qurollar - kamonlar, qurol-aslaha dastalari, o‘q-yoy bo‘laklari, musiqa asboblari va boshqa moddiy-madaniy ashyolar topilgan. Bundan tashqari ipak va paxtadan qilingan ust-bosh qoldiqlari topilgan. Shu kabi ipakdan qilingan material ko‘proq topilgan. Ipak matolarning rangi uch xil - to‘q yashil, to‘q qizil va to‘q jigarrang bo‘lgan. Bu yerdan to‘quv dastgohi qoldiqlari topilib, topilma bu yerda qadimdan to‘qimachilik ustaxonalari bo‘lganligidan dalolat beradi46.
Demak, to‘quv dastgohi qoldiqlarining topilishi o‘tmishda bu yerda markazlashtirilgan to‘qimachilik ustaxonalari bo‘lganligiga ishora. Topilgan topilmalar voha o‘zining matolari bilan mahalliy aholini hamda qo‘shni mamlakatlar aholisini ham ta’minlagan bo‘lishi ehtimolini ilgari suradi. Muallifning fikriga ko‘ra, “Go‘zal, nafis va bir-biridan chiroyli ashyoviy dalillar V-VII asrlarda shahar aholisining ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy hayoti yuksak darajada bo‘lganligidan darak berishi bilan birga, odam o‘lgandan keyin ham “narigi dunyoda” uning ruhi abadiy yashaydi, degan tushuncha hukm surganligini ham bildiradi”47.
Demak, O‘zbekiston Respublikasining Xitoy bilan siyosiy, iqtisodiy va madaniy sohadagi hamkorlik aloqalari mustaqillik yillarida jadal rivojlanish jarayoniga qadam qo‘ydi. O‘zbekiston Respublikasi bilan Xitoy davlati o‘rtasidagi munosabatlar o‘zining uzoq o‘tmish tarixiy ildizlariga ega. Ma’lumotlarga ko‘ra, miloddan avvalgi II asrda xitoy elchisi Chjan Szyanning O‘rta Osiyoga kelishi o‘zaro munosabatlarning, jumladan diplomatik aloqalarning yo‘lga qo‘yilishiga imkoniyat yaratib bergan edi. Xitoy birinchi bor O‘rta Osiyoda Davan (Farg‘ona) davlatlati bilan munosabatlarga kirishgani. Chjan Szyanning O‘rta Osiyoga kelgan yo‘llari bo‘ylab ikki davlat o‘rtasidagi aloqalar boshlanib ketgan va bu yo‘l keyinchalik Buyuk ipak yo‘li deb atala boshlagan. O‘rta Osiyo bilan Xitoy o‘rtasidagi munosabatlar qadimiy va o‘rta asrlarda ba’zan to‘xtab, ba’zan juda jadal rivojlanib borgan bo‘lib, bu ma’lumotlar tarixchilar tomonidan e’tirof qilingan. Jumladan, diplomatik aloqalar XV asrda Temuriy shahzodalar davrida ham davom etgan bo‘lib, ular manbalarda o‘z aksini topgan.
Shunday manbalar sirasidan Abdurazzoq Samarqandiyning “Matlai sa’dayn va majmai bahrayn” (“Ikki saodatli yulduzning chiqish va ikki dengizning qo‘shilish joyi”) asari o‘rin olgan. Abdurazzoq Samarqandiy 1437-1438 yili Hirotda temuriylar saroyiga xizmatga qabul qilingan. U uzoq yillar Hirotda Shohruh mirzo va temuriy shahzodalar saroyida davlat ishlarida qatnashib elchilik vazifalarini o‘tagan. Jumladan, u temuriylar saroyida diplomatik yozishmalar va elchilik aloqalariga doir ishlarni bajargan. Bu davrda temuriylar davlati bilan Kichik Osiyo, Misr, Hindiston, Xitoy mamlakatlari orasida diplomatik aloqalar yo‘lga qo‘yilgan. Elchilik aloqalarida Abdurazzoq Samarqandiyning o‘zi temuriylar davlati nomidan faol ishtirok etgan. Shohruh mirzo topshirig‘i bilan Abdurazzoq Samarqandiy 1442-1444 yillarda Janubiy Hindistondagi Kalkutta va Vijayanagar davlatlariga elchi bo‘lib borib kelgan. Shohruh mirzo uni keyinchalik Gilon viloyati, Astrobodga ham elchi qilib yuborgan. Abdurazzoq Samarqandiy “Matlai sa’dayn va majmai bahrayn” nomli asarini 1467/1468 – 1469/1470 yillar orasida yozib tamomlagan. Asar ikki jilddan iborat bo‘lib, unda 1301-1470 yillar voqealari bayon qilingan. Bundan tashqari asarda Temuriylarning Eron, Ozarbayjon, Hindiston, Xitoy va boshqa mamlakatlar bilan diplomatik tarixiga oid ma’lumotlar ham o‘z aksini topgan. Shular jumlasiga, Temuriylar davlatining chet davlatlar, xususan Xitoy bilan elchilik aloqalariga doir ma’lumotlarni alohida e’tirof etish mumkin.
Yuqorida eslatib o‘tilganidek, asar Temuriylar bilan Xitoy o‘rtasidagi elchilik aloqalari voqelarining bayoni bilan ham mashhurdir. “Matlai sa’dayn” asarida Shohrux mirzo saroyiga birinchi bor tashrif buyurgan xitoy elchilari xususida ma’lumot keltiriladi. Xitoy podshohining elchilari Shohrux mirzoning Seiston yurishidan qaytib kelganidan so‘ng 1409 yilda Hirotga tashrif buyurishgan. Ular Amir Temurning vafoti munosabati bilan Xitoy imperatorining ta’ziyanomasini yetkazib keltirgan edi. Shohrux mirzo ularni yaxshi kutib olib, mamlakatiga qaytib ketishlari uchun ijozat bergan.
1412 yil bahor faslida ikkinchi marta Xitoy imperatori Doy-Ming nomidan Shohrux saroyiga elchilar keladi. Xitoy elchisi kelishi sharofatiga Shohrux mirzo “Shahar va bozorlarga ziynat berilsin, har bir san’at egasi o‘z hunarini to‘la zohir qilib do‘konini bezatsin”, -degan humoyun farmon bergan.. Amirlar mehmonlarga peshvoz chiqib shahar tashqarisida ularni izzat-hurmat bilan kutib oladilar. Shohrux mirzoning farmoni bilan elchilarni kutib olish marosimini o‘tkazadigan bog‘ - Bog‘i Zog‘onni jannat bog‘idek bezatib, Bahrom savlat, sher haybat yasovullar uni qo‘riqlagan. Bog‘da Xitoy elchilarini yuqori saviyada kutib olib mehmon qildilar. Elchilar Xitoy imperatorining maktubini topshirdilar. Maktubda Xitoy podshohining avvalgi safar yuborgan xitoy elchilari saroyda yaxshi kutib olinganligi va unga javoban Xitoyga elchilik jo‘natganligidan o‘zining chuqur mamnuniyatini izhor qiladi. Maktubda Amir Temurning Xitoy imperatori Tayszu (1368-1398)ii bilan yaxshi munosabatda bo‘lganligi, ikki o‘rtadagi elchilik aloqalariga xayrixohlik qilganini bayon qilib, ikki mamlakat o‘rtasida elchilik aloqalari uzluksiz davom etishini, savdogarlar qatnovini jonlantirish lozimligini, tijoratchilar bemalol savdo qilishlari, hatto kasb-kor bilan shug‘ullanishlariga sharoit yaratib berish masalasiga alohida o‘rin berilgan. Shu xususda Xitoy imperatori nomasida “...Bundan keyin ham odamlarni yuboramiz, toki ular bordi-keldi qilsinlar va yo‘llar kesilib qolmasin; ular o‘z istaklaricha tijorat va kasb qilsinlar”.
Bu maktubga qo‘shib yana bir xatni yuborgan edilar, unda jo‘natilgan sovg‘a-tuhfalar mufassal tarzda bitilgan edi. Elchilar qo‘lida uchinchi xat ham bo‘lib, yo‘l xati qabilida bo‘lib, u elchilar uchun edi. Bu xat elchilik yorlig‘i bo‘lishi mumkin. Shuni ta’kidlab o‘tish lozimki, Xitoy imperatori nomidan kelgan maktublar doimo uch tilda yozilgan, ya’ni uch maktubning har biri fors xati bilan fors tilida yozilgan va xuddi o‘sha maktubda so‘z mazmuni mo‘g‘ul xati bilan turkiy tilda yozilgan, yana o‘sha maktubda o‘sha mazmunni xitoy xati bilan o‘z (xitoy) tilida yozilgan.
Shohrux mirzo elchilarni yaxshi mehmon qilib, izzat ikrom bilan yurtlariga qaytib ketishlariga ijozat bergan. Abdurazzoq Samarqandiy Xitoy hukmdorining elchiligiga javoban Shayx Muhammad Baxshiyni elchi qilib yuborganligi xususida bayon qiladi. Elchi Shohrux mirzoning Xitoy imperatoriga arab va fors tillarida yozilgan ikkita maktubini yetkazgan. Fors tilida bitilgan maktubda “shu narsa muqarrardirki; savdogarlarning tinch-omon borib kelishlari uchun bundan buyon yo‘llar ochiq bo‘lur, chunki bu ma’niy mamlakatlar obodonligi va bu dunyo ham oxiratda yaxshi nomga ega bo‘lish sababidir”- deyilganiii. Maktub mazmunidan ma’lumki, Shohrux mirzo Xitoy mamlakati bilan tinch-osoyishta, xavf-xatardan xoli savdo-sotiq aloqalarini o‘rnatish istagi borligini bildirgan. Vaholanki, do‘stona aloqalar mamlakatlar obodonligini yaxshilashga xizmat qiladigan asosiy omildir.
Abdurazzoq Samarqandiy asarda 1417 yil 18 aprelda Xitoy imperatori Doy-Ming nomidan Bi-Bochin, Tu-Bochin, Jit-Bochin va Tatq-Bochin boshchiligidagi elchilarning Hirotga kelaganliklari to‘g‘risida yozib qoldirgan. Ular uch yuz otliq bilan sovg‘a-salomlar, shunqorlar, atlas va kimxoblar, targ‘u, chinni asboblar va boshqalarni hadya qilib olib kelganlar. Bundan tashqari elchilar har bir shahzoda uchun alohida hadyalar keltirganlar. Elchilar Xitoy imperatorining maktubini ham keltirdilar. Maktubda: - “Har ikki tomondan ham g‘ayrilik va begonalik pardasi daf qilinmog‘i, muvofiqatchilik, birdamlik eshigi ochilmog‘i lozimdir, toki raiyatlar va savdogarlar o‘z istak-ixtiyorlari bilan borib-kelsinlar, yo‘llar bexavotir bo‘lsin” – deyilgan ediiv. Maktubning so‘zlaridan ma’lumki, unda Xitoy imperatorining ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stona aloqalardan mamnunlik, uni kelajakda davom ettirish uchun ikki mamlakat o‘rtasida xarazliklar va ixtiloflarga yo‘l qo‘ymaslik, yo‘llar bexavotir bo‘lishi, toki odamlar va savdogarlar bemalol xotirjam bordi-keldi qilishlariga xayrixohlik istagi bildirilgan edi. Bir oydan keyin 17 mayda elchilarga mamlakatiga qaytishga ijozat berilgan va elchilarga hamroh qilib Ardasher tavochini qo‘shib yuborgan.
Xitoyga ketgan Shohrux mirzoning elchisi Ardasher tavochi 1419 yil 21 sentyabrda yurtiga qaytib keladi. U bilan birga Xitoy elchilari - Pi-Mochin va Xon-Mochinlar ham kelishgan. Elchilar sovg‘a-salomlar va maktub keltirganlar. Maktubda Shohrux Sulton nomiga hamdu-sanolar bitilgan. Xitoy imperatorining minnatdorchiligi bildirilgan maktubda bundan avval saroy amiri Li-Doni bir guruh elchilar bilan Shohrux mamlakatiga yuborganini, elchilarni izzat-ikrom bilan kutib olib, ularga iltifot ko‘rsatilganligini bayon qilgan. Bundan tashqari Li-Do boshchiligidagi Xitoy elchilari mamlakatiga qaytayotganlarida ularga qo‘shib Shohrux mirzo Beg Buqo bilan birga bir gurux elchilarni jo‘natganligi ta’kidlanadi. Elchilar orqali Xitoy imperatoriga sher, chopqir otlar, qoplonlar va boshqa narsalarni hadya qilib yuborgan. Maktubda hozir Li-Do va Jonk-fularni bir guruh elchilar bilan birgalikda Shohrux saroyiga jo‘natayotganligini eslatadi. Elchilar orqali – yetti ta shunqor (shunqorlarni o‘zlari uchurganligi aytiladi), kimxob va boshqalardan iborat hadyalarni yuborganligini yozadi. Maktub so‘nggida - “Bundan buyon oramizda samimiy muhabbat ortib bormog‘i, elchilar va savdogarlar uzluksiz borib kelib turmog‘i, [aloqa] uzilib qolmasligi lozim, toki barcha kishilar davlatda amnu omonlik va farovonlikda yashasinlar;” - deb yozilgan.
Abdurazzoq Samarqandiyning ta’kidlashicha, Xitoydan keltirilgan xatlar doimo uch tilda bitilgan: forsiy, uyg‘ur xati bilan turk tilida va xitoy xatida bitilgan. Bundan tashqari yana bir xat bo‘lib, unda yuborilgan hadyalar nomma-nom yozilgan bo‘lgan. Lekin maktublardagi sanalar, ya’ni oy va yil tarixi elchi yuborayotgan podshoh hukmdorligi boshlangan sanadan yozilgan.
Muallif 1420 yil voqealari haqida yozar ekan, Shohrux mirzoning Shodixoja boshchiligidagi elchilarni Xitoyga shaylagan edi. Mirzo Boysung‘ur o‘z nomidan Sulton Ahmad bilan G‘iyosuddin Naqqoshniv elchilarga qo‘shib yuborgan edi. Temurshunos olim O.Bo‘rievning maxsus tadqiqotida G‘iyosuddin Naqqoshning Xitoyga safari batafsil yoritib berilgan. G‘iyosuddin Naqqoshga Hirotdan yo‘lga chiqqan kunidan boshlab to vataniga qaytib kelganigacha yo‘lda barcha ko‘rganlarini, shahar va viloyatlarni bir-biriga bog‘lagan karvon yo‘llari ahvoli, viloyat va imoratlarning sifati, shaharlarning qonun-qoidalari, podshohlarning kuch-qudrati va ularning davlatni boshqarish tizimi va olib borayotgan siyosati, ko‘rgan kechirgan ajoyibotlari va tahsinga sazovor narsalarning bari-barisini kunma-kun qog‘ozga tushirishni buyurgan edi.
Elchilar 1422 yili avgust oyida Hirotga qaytib keldilar va Xitoy podshohining sovg‘a-tortiqlarini Shohrux mirzoga topshirdilar. Va Xitoy mamlakati, aholining rasm-rusumlari haqida ma’lumotlarni so‘zlab berdilar. Mullif asarda Xoja G‘iyosuddinning yozganlarini to‘liq keltirib o‘tgan. Bundan tashqari asarda Mirzo Ulug‘bekning sal avval Sultonshoh va Muhammad Baxshiylarni bir guruh xitoyliklar bilan Xitoyga jo‘natganligi bayon qilingan. Asar davomida Xitoydan elchilar Hirotga Shohrux mirzo va Samarqandga Ulug‘bek mirzo saroylariga ham tashrif buyurib turganliklari bayon qilib borilgan. Hirot elchilari Samarqandda to‘xtab Mirzo Suyurg‘otmishning elchisi Arg‘udoq, amir Shohmalikning elchisi O‘rduvon va Badaxshon shohining elchisi Tojiddinlarning to‘planishini kutib turgan. Asar muallifi elchilar 1420 yil 25 fevralda Xitoy elchilari bilan birgalikda Samarqanddan jo‘nab Toshkent, Sayram, Isfara orqali Turfondan o‘tib Xitoy shahariga kirib borganliklarini batafsil bayon qilgan. Shu yili 27 avgustda Sukjo‘da bir guruh xitoyliklar elchilarga peshvoz chiqib, elchilar va ularning navkarlarining ro‘yxatlarini yozib oldilar. Ro‘yxat quyidagicha edi: amir Shodixoja va Ko‘kcha 200 nafar, Sulton Ahmad va G‘iyosuddin 150 nafar, Arg‘udoq 60 nafar, o‘rduvon 50 nafar, Tojuddin 50 nafar. Qarangki asarda Mirzo Ulug‘bekning navkarlari ilgariroq jo‘nab ketganligi, mirzo Ibrohimning elchilari hanuz yetib kelmaganligi bayon qilingan edi. 26 avgustda bu yerda elchilarga katta ehtirom ko‘rsatilib mehmon qilingan.
Bu shahardan podsho saroyi joylashgan Xonbaliqqacha to‘qson uch yom bo‘lgan. Har bir yom bir shaharga yoki bir katta qishloqqa barobar kelgan. Yomlarning orasida bir nechta qarag‘u va kay-d ay-fular bor. Qarag‘u – balandligi oltmish gaz keladigan bir uydan iborat. Bu uyda doimo o‘n kishi turadi. Kay-day-fu bir necha xonadondan iborat bo‘lib, ularni bir yerga muqim o‘tirg‘izib qo‘yganlar. Ularning vazifasini choparlikka qiyos qilish mumkin. Bir xabar kelsa, darhol biri ikkinchisiga yetkazishi kerak, va nihoyat xabar tezda poytaxtgacha yetib borishi kerak. Bir kay-day-fudan ikkinchi kay-day-fugacha o‘n marra bo‘lib, har o‘n olti marra bir shar’iy farsangdir. Qarag‘uda bo‘lgan o‘n kishi har o‘n kunda almashib, o‘rniga boshqa o‘n kishi keladi. Shunday qilib elchilar 1420 yilning 13 dekabrida Xonbaliqqa yetib keladilar. Abdurazzoq Samarqandiy “Matlai sa’dayn”da elchilar bo‘lgan Xitoy shaharlari, mustahkam qal’alar, shaharlar orasidagi masofa, shaharlarning go‘zal manzarasi, saroylar, bozorlar, do‘konlar, imoratlar, qavatli ko‘shklar, uylar, butxonalar, g‘isht yotqizilgan ko‘chalar va shu kabilar to‘g‘risida batafsil ma’lumot bergan. Bundan tashqari muallif Xitoy imperatori tomonidan o‘tkazilgan elchilarni qabul qilish marosimining tashkil qilinishi bilan bog‘liq jarayonlar, mehmondorchilik paytida ularga ko‘rsatilgan izzat-ikrom, elchilarga turli xil tortiqlarning in’om qilinishi, qimmatbaho sovg‘a-salomlarning hadya qilish jarayoni bilan bog‘liq holatlarni atroflicha e’tirof qilgan.
Shu xususda Xonbaliqda Xitoy imperatori saroyida elchilarni qabul qilish marosimiga to‘xtalib o‘tishni joiz topdik. Xitoy imperatori 1421 yil 6 martda elchilar uchun qabul marosimini tashkil qiladi. Marosimda elchilar keltirgan maktublar o‘qib eshittiriladi. Elchilarga quyidagi sovg‘alar in’om qilinadi. “Uch shunqorni mirzo Ulug‘bekning elchisi Sultonshohga, uchtasini mirzo Boysung‘urning elchisi Sulton Ahmadga va yana uchtasini hazrat hoqoni saidning elchisi Shodixojaga taqdim qildi va so‘ng shunqorlarni [saqlash uchun] o‘zining jonivordor-qushboqarlariga topshirdi”. Abdurazzoq Samarqandiy elchilarning Xitoyda bo‘lgan paytidagi imperator bir necha marta qabul marosimlarini tashkil qilganligini batafsil hikoya qilgan. Jumladan, 13 martda imperator Sultonshoh va Baxshiy Malikni taklif qilib, ularga in’om berganligini quyidagicha yozadi - “Sultonshohga sakkiz bolish kumush, o‘ttizta podshohlarga xos astarlik joma, yigirma to‘rt [bo‘lak] qalayi, lu, lank va shou, ikkita ot, - bittasi egar-jabduqlik, - yuz dona tiri nay cho‘pi, yigirma beshta qirrali xitoy kayburi, besh ming chou tortiq qildi.Baxshiy malikka ham shu qabilda [tortiq berdi-yu], ammo bir bolish kumush kamroq. Elchilarning xotinlari uchun berilgan tortiqda kumush yo‘q edi, ammo matolarning yarmini berdi”vi. 8 may kuni imperator elchilarga in’om ulashgan marosim quyidagicha hikoya qilingan: “Shodixojaga o‘n bolish kumush, o‘ttiz [jo‘ra] atlas, yetmish bo‘lak qalayi, tarqu, lu, so, k-n-kiy va besh ming chou; uning xotiniga chou va kumush bolish bermagan bo‘lsa ham, ammo qolgan matolarning uchdan birini berdi. //Sulton Ahmad, Ko‘kcha va Arg‘udoqlarning har biriga sakkiz bolishdan kumush, o‘n olti [jo‘ra]dan atlas, tarqu, lu, so va k-n-kiylardan ularning har biriga, xotinlarining hissasi bilan birgalikda, to‘qson to‘rt bo‘lak kiyimlikdan edi; yana ulardan har biriga ikki mingdan chou berildi. Shuningdek, Xoja G‘iyosiddin, O‘rduvon va Tojuddin Baxshiylarning har biriga yetti bolish kumush, o‘n olti [jo‘ra] atlas, tarqu, lu, so k-n-kiy va qalayilar hamda ikki mingdan chou ulashildi”.
Elchilar 1421 yil 2 iyul kuni Xonbaliqdan vatanlariga qaytish uchun yo‘lga chiqdilar va 1422 yilning 2 sentyabrida Hirottga kirib keldilar. Temuriylar davrida Xitoy bilan Temuriylar davlati o‘rtasidagi aloqalar shu darajada jadal rivojlanganki, vatanlariga qaytayotgan Shohruh mirzo elchilari Xitoyning Sukjo‘ shahrida mirzo Ibrohim Sultonning Sherozdan chiqib kelayotgan elchisi amir Hasan va mirzo Rustamning Isfahondan chiqib kelayotgan elchisi Pahlavon Jamollar bilan uchrashganlar.
Xo‘losa o‘rnida shuni ta’kidlash kerakki, Abdurazzoq Samarqandiyning “Matlai sa’dayn” asari Temur va Temuriylar davri voqealarini xronologik tartibda bayon qilganligi, manbaviy asosi mukammalligi, iqtisodiy, ijtimoiy, siyosiy muhitning mukammal yoritilganligi, elchilik aloqalarining batafsil bayon qilinishi, elchilarga yuklatilgan vazifa va mas’uliyatning muhimligi, daliliy ashyolarga boyligi bilan tadqiqotchilar uchun muhim manba hisoblanib kelinmoqda va asar o‘zining qimmatini saqlab qolmoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |