Ma`ruza. Globallashuv jarayonining mohiyati va asosiy yo‘nalishlari
Reja
1. Jahon xo‘jaligining globallashuvi yo‘nalishlari
2. Globallashuv jarayonining salbiy tomonlari
3. Iqtisodiyot globallashuvining makro va mikro darajalari. Global muammolar.
1. Jahon xo‘jaligining globallashuvi yo‘nalishlari
Iqtisodiy hayotning baynalminallashuvi bilan bir qatorda globallashuvi jarayoni ham muhim o‘rin tutadi. Bu har ikkala tushuncha o‘zaro bog‘liq bo‘lib, ular jahon xo‘jaligi sub’ektlarining umumiy maqsadlarga erishish yo‘lidagi xatti-harakatlarining birlashuvi jarayonini aks ettiradi. Shuningdek, bu tushunchalar bir-biridan farqlanadi. Birinchidan, ular bir xilda bo‘lmagan xo‘jalik birlashmalari miqyoslarini ifodalaydilar. Oldingi o‘rinda ko‘rsatilganidek, baynalminallashuv jahon xo‘jaligining bir necha sub’ektlari o‘rtasidagi o‘zaro aloqalar o‘rnatilishi va rivojlanishining dastlabki bosqichi hisoblanadi. Globallashuv (lotincha globus – yer kurrasi) jahon xo‘jaligining butun makonini qamrab oluvchi iqtisodiy munosabatlar tizimining tashkil topishi va rivojlanishini anglatadi. Bugungi kunda globallashuv jarayoni ahamiyatining tobora oshib borishi iqtisodiy adabiyotlarda uning rivojlanish yo‘nalishlari va ziddiyatlari kabi masalalarning ham ko‘rib chiqilishini taqozo etmoqda1.
Globallashuv uzoq vaqt davomida tarkib topuvchi hamda butun borliqni qamrab oluvchi bashariyat miqyosidagi iqtisodiy tizimni namoyon etadi. Hozirda u jahon xo‘jaligining umum-jahon tavsifiga ega hamda yaxlit holda butun insoniyatga taalluqli bo‘lgan ma’lum bir unsurlarni o‘z ichiga olishi mumkin. Shunga ko‘ra, hozirgi vaqtda jahon xo‘jaligining globallashuv yo‘lidagi rivojlanishining dastlabki qadamlari, yo‘nalishlari amalga oshmoqda. Globallashuvning yo‘nalishlari makroiqtisodiyotga nisbatan sifat jihatidan yangi bo‘lgan iqtisodiy munosabatlar
turining tarkib topishiga olib keladi. Globallashuv jarayonining quyidagi yo‘nalishlarini ajratib ko‘rsatish mumkin.
Birinchi yo‘nalish – mulkchilik munosabatlarining globallashuvi. Hozirda mulkiy o‘zlashtirishning mamlakatlar hududidan chetga chiquvchi, ko‘plab davlatlarning ishtiroki asosida ro‘y beruvchi ko‘rinishlari amal qilmoqda. Bularga transmilliy korporatsiyalar (TMK), shuningdek TMKning xalqaro birlashmalarini misol keltirish mumkin.
Yevropa ittifoqi tajribasi shuni ko‘rsatadiki, mintaqaviy integratsiyalashuv milliy tuzilmalardan yuqori turuvchi organlarni tarkib toptirishi mumkin. Bu organlar YeIga a’zo davlatlarning mulkchilik munosabatlarini ham ma’lum darajada tartibga soladi.
Ikkinchi yo‘nalish – kooperatsiya va mehnat taqsimotining nisbatan yuqori darajasiga o‘tish. Yuqori darajada rivojlangan mamlakatlar hozirgi zamon murakkab mehnat kooperatsiyasiga xos bo‘lgan xo‘jalik o‘zaro aloqalarining juda katta tarmog‘iga kirishib ketganlar. Eng mukammal texnika vositalarini yaratishda turli mamlakatlardan yetkazib beriluvchi ko‘plab butlovchi qismlardan foydalaniladi. Masalan, AQSh «Boing» samolyotini ishlab chiqarishda butlovchi qism va detallarni mingga yaqin xorijiy firmalardan oladi.
Uchinchi yo‘nalish – xo‘jalikni tashkil etishning butunlay yangi shakllarining paydo bo‘lishi va rivojlanishi. Jahonda xo‘jalik aloqalarini tashkil etish shakllarining tubdan o‘zgarishi ko‘p jihatdan axborot tarqatishning globallashuvi bilan bog‘liq. Jumladan, yangi asrimizning dastlabki davri uchun quyidagi jarayonlar xos: a) butunjahonni to‘liq kompyuterlashtirishni taqozo etuvchi global axborot tizimlari (Internet) yanada rivojlanadi; b) sun’iy yo‘ldoshlar
imkoniyatlaridan foydalanishning yangi tizimi uyali telefon aloqasidan yo‘ldoshlar orqali ta’minlanuvchi global aloqaga o‘tish imkonini beradi; v) insoniyat ochiq axborotlari rivojlangan jamiyat tomon intiladi; g) Internet orqali savdo tizimi keng rivojlanadi.
To‘rtinchi yo‘nalish – xalqaro iqtisodiy tashkilotlarning tartibga soluvchi roli rivojlanadi. Jahon xo‘jaligi sub’ektlarining o‘zaro aloqasi hamda o‘zaro bog‘liqligining kengayishi va kuchayishi global muammolarni hal etishda tobora ko‘proq davlatlarning ishtirok etishini taqozo etadi. Bunga jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozidan chiqish va uning salbiy ta’sirini yumshatish maqsadida 20 ta rivojlangan mamlakatlar ishtirokida o‘tkazilgan Sammitlarni misol qilib keltirish mumkin.
Globallashuv jarayonining ijobiy tomonlari quyidagilardan iboratdir:
• globallashuv natijasida xalqaro mehnat taqsimoti va ixtisoslashish chuqurlashib boradi. Bunda mablag` va resurslar samarali sarflanadi;
• globallashuv jarayonining asosiy ustunliklaridan yana biri xarajatlarning qisqarishi, narxlarning pasayishi va barqaror o`sishni ta‘minlab berishi;
• globallashuvning ijobiy jihatlaridan yana biri erkin savdodan keladigan yutuq barcha mamlakatlarni qanoatlantiradi;
• globallashuv raqobatning kuchayishini yangi texnologiyalarni yaratilishini, shuningdek mamlakatlar o`rtasida keng tarqalishini ta‘minlashi;
• xorijiy davlatlarnnig ilg`or ilmiy-texnik, texnologik yangiliklarini amaliyotga tatbiq etish natijasida iqtisodiy qulaylikka erishilishi;
• globallashuv jarayonida xalqaro raqobat kuchayib, milliy bozordagi ichki raqobatchilarga tashqi bozordagi kuchli raqiblar ham qo`shiladi va natijada narxlarni pasaytirish va tanlash imkoniyatini beradi;
• globallashuv ilg`or texnologiyalarning tarqalishi va global miqyosdagi ishlab chiqarishning ratsion almashuvi natijasida mehnat unumdorligi oshishiga olib keladi. Bunda jahon miqyosidagi innovatsiyallarni amaliyotga uzluksiz tatbiq etishi mumkin bo`ladi;
• globallashuv moliyaviy resurslarning asosiy qismi aylanishini ta‘minlashga keng imkon yaratadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |