2.3 MONETARISTLAR KONTSEPTSIYASI Milton Fridmen boshchiligida monetaristlar “tabiiy” ishsizlik va shunga ko’ra, ishsizlikning “tabiiy darajasi” kontseptsiyasini oldinga surdilar. Ushbu “tabiiy daraja” ishchi kuchi bozorining shart-sharoitlari bilan qat’iy belgilanadi va davlat siyosatining choratadbirlari orqali o’zgartirila olmaydi.
Monetaristlar “tabiiy” ishsizlikka friktsion ishsizlik deb nomlanadigan ishsizlikni kiritadilar. Ushbu ishsizlikning mohiyati shundan iboratki, ishlab chiqarish va ishchi kuchi bozori ishlab turishi jarayonida vaqti-vaqti bilan qandaydir kelishmovchiliklar, tushunmovchiliklar, yanglishishlar, xilma-xil vaziyatlar ro’y beradi va xodimlarni qiyin ahvolga soladi, natijada vaqtinchalik qiyinchiliklar yuzaga keladi. Bular mazkur korxonada ushbu konkret shart-sharoitlarda mehnat faoliyatini davom ettirishning iloji yo’qligi bilan bog’liq bo’ladi. Bunday tabiiy vaziyatlar xodimlarning ishdan bo’shashiga olib keladi va tabiiy ishsizlikning yuzaga kelishiga sabab bo’ladi.
Friktsion ishsizlik o’z tarkibiga muvofiq biror sababga ko’ra, masalan, maosh yoki nufuzi yuqoriroq, mehnat sharoiti qulayroq bo’lgan ishni izlab, ish o’rnini almashtiradigan yoki turar joyni almashtirish zarurligi tufayli bir mintaqadan boshqasiga migratsiya qiladigan va hokazo xodimlarni qamraydi.
Monetaristlarning kontseptsiyasiga ko’ra, friktsion ishsizlik ishchi kuchining ko’chishi (va shu tufayli uning ish bilan bandlik sohasidan vaqtinchalikka bo’shashi) dinamik tarzda rivojlanayotgan bozor iqtisodiyotida mehnat resurslarining qayta taqsimlanishidan iborat tabiiy, me’yoriy jarayonni aks ettiradi. U vaqtinchalik tusga ega bo’ladi va na iqtisodiyotga, na “tabiiy” ishsizlarning o’zlariga sezilarli zarar etkazmaydi.
Monetaristlarning o’ylashlaricha, tabiiy ishsizlikni tartibga solish mexanizmi quyidagidan iborat bo’ladi. Ishsizlikning tabiiy darajasini aniq ifodalangan mezoni bo’ladi: bu mezon shunday darajadirki, u narxlar oshishini keltirib chiqarmaydi. Basharti, ishsizlik o’zining tabiiy me’yoridan pastroq bo’lib chiqsa, bozor mexanizmi ishga tushadi va ishsizlik darajasini bozor muvozanati holatiga qaytarib keltirib qo’yadi.
Monetaristlarning kontseptsiyasida gap ishsizlik darajasining o’z varianti to’g’risida emas, balki mazkur kontseptsiyaning nuqtai nazaridan tabiiy hisoblanadigan ish bilan bandlik darajasi to’g’risida boradi. Ishsizlikning tabiiy darajadan pastga tushib ketishi monetaristlarni xavotirga solishining sababi shundaki, bunday hodisa ish bilan bandlik darajasining tegishli tarzda oshishini anglatadi. Bu esa, monetaristlarning sxemasi bo’yicha, narxlarning oshib ketishini keltirib chiqaradi, inflyatsiyani avj oldiradi. Ish bilan bandlikning oshishini so’ndirish uchun bozor mexanizmidan foydalaniladi.
Monetaristlarning “tabiiy ishsizlik” kontseptsiyasi ish bilan bandlikni cheklashni, shunga ko’ra ancha yuqori darajadagi ishsizlikning mavjud bo’lishi va surunkali ravishda saqlanishini mehnat sohasidagi bozor muvozanatining zaruriy sharti deb biladi.
Monetaristlarning talqinidagi tabiiy ishsizlik – ishsizlikning kelib chiqishi motivlari bo’yicha ko’ngilli turidir. Ishsizlik muammosining ushbu kam ahamiyatli tomoniga asosiy e’tiborni qaratib, monetaristlar boshqarilishi doimiy ravishda davlatning aralashishini talab qiladigan chinakam ishsizlikni “e’tibordan tashqariga” chiqarib qo’yadilar.
Ishsizlikning sabablari haqida gapirganda ishsizlikning “majburiyligi” va “muqarrarligi” tushunchalarini aniqlashtirib olish kerak.
“Majburiy ishsizlik” tushunchasini misol asosida ko’rib chiqamiz. Xodim kattaroq ish haqi to’lanadigan va yaxshiroq ish sharoiti yaratib beriladigan nufuzliroq ish topish niyatida ekanligi yoki boshqa mintaqadagi yangi turar joyga ko’chayotganligi yoxud, nihoyat, rahbarlik qiluvchi personaldan noroziligi oqibatida korxonadan bo’shab ketadi. Bunday hollarda yuzaga kelgan ishsizlikni nima deb bilish kerak – majburiy yoki ixtiyoriy degan savol tug’iladi.
Xodimning o’zi xususidagi nuqtai nazardan, uning ijtimoiy maqomi va haqiqiy ahvoli nuqtai nazaridan bunday ishsizlik majburiy ishsizlikdir. Chunki yuqorida aytib o’tilgan motivlarning har biri bo’yicha u ishdan bo’shashga, mazkur korxonadagi ishidan ayrilishga va, shunga ko’ra, u yoki bu davr mobaynida ish haqisiz qolishga, keyin ko’ngildagidek ish qidirishga, ya’ni yana mehnat bozoriga chiqishga majbur bo’ladi.
Huquqiy nuqtai nazardan bunday ishsizlik majburiy bo’lmaydi. Chunki har safar xodim shaxsiy motivlari bo’yicha o’z tashabbusiga ko’ra, yoki, qabul qilingan ta’rifdagidek, “o’z xohishiga ko’ra” ixtiyoriy ravishda ishdan bo’shaydi. G’arb mamlakatlarida mavjud bo’lgan iqtisodiy adabiyotlarda ham, rasmiy statistikada ham, ijtimoiy sug’urta to’g’risidagi qonunlarda ham – ish bilan bandlikning shu tarzda mavjud bo’lmagan haqiqiy ishsizlikka bilvosita munosabatda bo’lgan ixtiyoriy ishsizlik deb ta’riflanadi.
Majburiy ishizlik shunday vaziyat bilan belgilangan bo’ladiki, bunda xodim ishdan bo’shamaydi, balki o’ziga bog’liq bo’lmagan iqtisodiy sabablarga ko’ra ishdan bo’shatiladi. Bunday sabablar sirasiga ishlab chiqarishning pasayishlarini va shu pasayishlar bilan bir yo’la ro’y beradigan yalpi tarzda ishchilarning ishdan bo’shatilishlarini; korxonalarning tubdan rekonstruktsiya qilinishini; eng yangi texnika va texnologik jarayonlar joriy etilishi va shuning oqibatida ishchi kuchiga bo’lgan talab qisqarishini, kasblarning qadrsizlanishini, korxona ishlab chiqaradigan tovarlarning raqobatbardoshligi pasayishini va buning natijasida ishlab chiqarish sarf-xarajatlari kamaytirilishi zarurligini, bu sarf-xarajatlar avvalo ishchi kuchiga qilinadigan sarflar kamaytirilishi va ish bilan bandlar soni qisqartirilishi hisobiga kamaytirilishi zarurligini kiritish kerak. Ushbu vaziyatlarning barchasida xodimlarning ishdan bo’shatilishi majburiy tusga ega bo’ladi, shu tufayli yuzaga keladigan ishsizlik esa iqtisodiy jihatdan majburiy va ko’pincha uzoq davom etadigan bo’ladi, xodimlar va ularning oila a’zolari uchun og’ir ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlarni keltirib chiqaradi.
Majburiy ishsizlik yollanma mehnat bilan shug’ullanadigan shaxslarning o’zlariga bog’liq bo’lmaydigan, ularni ish bilan bandlik sohasidan surib chiqaradigan, ushbu xodimlarni o’z xohish-irodalariga qaramay, mehnat qilish imkoniyatidan mahrum qiladigan iqtisodiy sabablar tufayli ish yo’qotishlaridir. Ushbu tushuncha ishsizlikning majburiy tusdaligini tasdiqlaydi.
Ixtiyoriy ishsizlik bilan majburiy ishsizlik o’rtasidagi farq rasm orqali yaqqol ko’rsatib berilishi mumkin (3-chizma).
Ish bilan bandlar miqdori L jami ishchi kuchi (iqtisodiy faol aholi)dan – Lf dan osha olmaydi, shuning uchun vaqti kelib mehnat taklifi mutlaqo moslasha olmaydigan bo’lib qoladi. WE – ish haqining muvozanatli darajasi, bunda ish bilan bandlar soni - LE. LE LF bo’lagi ishchi kuchining ishlamaydigan qismini yaqqol ko’rsatib beradi, chunki ishchi kuchining mazkur qismi WE dan yuqoriroq darajada ish haqi to’lansagina ishlashga rozi bo’ladi. Ana shuning o’zi ko’ngilli ishsizlik bo’ladi.
W
E F L
3-chizma. Ixtiyoriy ishsizlik bilan majburiy ishsizlik o’rtasidagi farq Ushbu fikr-mulohaza klassik yondashuvga to’g’ri kelishi ayon. Klassik yondashuv qator taxminlarga yo’l qo’yilishini nazarda tutadi. Real voqelikni tahlil qilganda esa klassik yondashuvning doirasini kengaytirish kerak bo’ladi. Aslida mehnat bozorida ish haqi moslashuvchan bo’lmaydi: muvozanat darajasidan yuqori bo’lganida u aslo ushbu darajaga qaytishga intilmaydi.
Majburiy ishsizlikning asosida yotadigan ish haqi moslashuvchan emasligi yoki qattiqligini xorijlik tadqiqotchilar turlicha izohlaydilar. Ish haqlari darajasining shakllanishi jarayoniga bozordan tashqari omillar, shu jumladan, ma’muriy omillar sezilarli ta’sir ko’rsatadi, deb taxmin qilinadi. Jamoaviy shartnomalar ishga yollovchilarning ish haqini tezlik bilan pasaytirishiga imkon bermaydi; Ammo ish haqi pasaytirilsa ham, sekinlik bilan “istar-istamas”dek pasayib borishi mumkin. Qonunda belgilangan ish haqi minimumi oshirilishi yoki firmalar tomonidan samarali ish haqi siyosati olib borilishi ham o’z rolini o’ynashi mumkin. Xorijlik tadqiqotchilar firmaning bozori muvozanat holatidan chiqqanida ish haqi stavkalarini oshirishni qo’llagandan ko’ra ish o’rni da’vogariga qo’yiladigan minimal talablar darajasini kamaytirish maqsadga muvofiq deb hisoblaydilar. Natijada ayrim mehnat bozorlarida ish haqiga o’zgartirishlar kiritish sekinlik bilan kechadi. To’g’ri, uzoq davom etadigan davrda ish haqi, odatda, har qalay o’zgartiriladi hamda talab va taklifni muvozanatlashtiradi.
Ishsizlikning keynscha talqini ishsizlikning makroiqtisodiy jihatlariga urg’u beradi. Keyns ish haqining moslashuvchan emasligini majburiy ishsizlik paydo bo’lishining sababi sifatida shunchaki ta’kidlab qo’ymagan, u majburiy ishsizlik paydo bo’lishini makroiqtisodiy muvozanatning buzilishi bilan jumladan, iqtisodiyotdagi talabning past darajada agregatsiyalanishi bilan bog’lab izohlar edi.
“Ishsizlikning majburiyligi” tushunchasi bilan bir qatorda “ishsizlikning muqarrarligi” tushunchasi ham mavjud. Ushbu tushunchalar o’zaro zich bog’langan, lekin shu bilan birga, ular o’rtasida printsipial tusdagi farq ham bor. Bu farq faqat shakl jihatidan emas, balki mazmun jihatidan ham mavjud. “Muqarrarlik” – ishsizlikning qanday vaziyatlarda va qanday konkret shakllarda namoyon bo’lishidan qat’i nazar, ishsizlik tabiatining, paydo bo’lishi va rivojlanishining bosh sabablarini ochib beradigan asosiy tushunchadir. Ishsizlikning muqarrarligi boshlang’ich kategoriyadir, ishsizlik bilan bog’liq bo’lgan barcha boshqa kategoriyalar (majburiy, ko’ngilli, friktsion, tarkibiy, texnologik, uzoq davom etadigan, qisqa muddatli ishsizlik va hokazolar) kelib chiqadigan hosila kategoriyalardir. Erkin tadbirkorlik iqtisodiy tizimi sharoitida ishsizlik tufayli yuzaga keladigan mazkur kategoriyalarning o’zaro munosabati ana shundaydir.
“Muqarrar ishsizlik” tushunchasi keynschilar, yangi keynschilar, monetaristlar va hokazolar bo’lsin, amalda barcha maktablar va yo’nalishlarga mansub G’arb iqtisodchilarining asarlarida u yoki bu shaklda mavjud bo’lib kelmoqda. “Ekonomiks” bo’yicha darsliklar va o’quv kurslari bundan mustasnodir, desak bo’lar. Lekin G’arb nazariyotchilaridan Keynsning fikricha, ishsizlik davlat ish bilan to’liq bandlikni ko’zlaydigan inflyatsiya siyosatini amalga oshirib borishi sababli muqarrar ravishda yuzaga keladi. Ushbu siyosatdan voz kyechish ishsizlikning muqarrarligini deyarli o’z-o’zidan yo’qqa chiqaradi. Monetaristlar tabiiy ishsizlikni muqarrar deb biladilar, chunki me’yoriy ishlab turadigan mehnat bozori sharoitida ishchi kuchining tabiiy ko’chib yurishlari muqarrar tarzda ro’y beradi. [5, 163-bet].
Ishsizlikning muqarrarligi G’arb iqtisodchilarining kontseptsiyalarida batamom sub’yektiv omillarning amal qilishi bilan bog’lab tushuntiriladi. Davlatning ijtimoiyiqtisodiy siyosati va mehnat sohasidagi bozor munosabatlarining asosiy komponentlari bo’lmish yollanma xodimlar va korxona egalarining iqtisodiy xatti-harakatlari ana shunday omillar sirasiga kiradi.
Sub’yektiv omillarning ishsizlik muqarrarligidagi roli va ahamiyatini inkor qilmagan holda uni tadqiq etish ishsizlikni nafaqat muqarrar tusga, balki surunkali tusga ham ega bo’lgan, jamiyatning iqtisodiy va ijtimoiy hayotidan yo’qotilishiga yo’l bermaydigan hodisaga aylantiruvchi chuqur ob’yektiv sabablarni aniqlashni taqozo etadi.
Bozor iqtisodiyotida mavjud bo’ladigan ishlab chiqarish vositalariga egalik munosabatlari ana shunday ob’yektiv sabablardir. Bozor iqtisodiyotidagi ushbu munosabatlarning mohiyati xodimlarni ishlab chiqarish vositalariga egalikdan uzoqlashtirishdan iborat bo’ladi. Ishlab chiqarish vositalariga egalikdan uzoqlashtirish jarayoni shu bilan birga insonning ishchi kuchi tovarga, mehnat bozoridagi oldi-sotdi ob’yektiga, insonning o’zi esa ishga yollanuvchi va ishdan bo’shatiluvchi shaxsga aylantirilishi jarayoni hamdir. Bu esa uni (yollanuvchi xodimni) shunday sharoitga keltirib qo’yadiki, bunda u har qanday paytda ishidan mahrum bo’lishi, ish bilan bandlikdan “ozod etilgan” bo’lib, ishsizlar qatoriga o’tib qolishi mumkin bo’ladi.
Ishsizlik yollanma mehnat tizimining funktsiyasidir. O’zi mehnat qilayotgan korxonadagi ishlab chiqarish vositalariga egalik qilmaydigan va o’z mehnati mahsulotlarining egasi bo’lmaydigan yollanma xodimnigina ishdan bo’shatish, ishsizga aylantirish mumkin.
Xalqaro Mehnat Tashkilotining (XMT) ish bilan bandlik va ishsizlikka oid nuqtai nazari 1991 yilda qabul qilingan “Ish bilan bandlikka ko’maklashish va ishsizlikdan himoyalash” to’g’risidagi konventsiyada ifodalangan6. Ushbu konventsiya to’liq, unumli va erkin tanlangan ish bilan bandlikka barcha tegishli vositalar orqali, shu jumladan, ijtimoiy ta’minot orqali ko’maklashib borish milliy ish bilan bandlikning ustuvor vazifasi bo’lishi kerakligini belgilagan. Bunday vositalar, aholini Ish bilan bandlikka ko’maklashish markazi tomonidan olib boriladigan xizmatlari, kasb tayyorgarligi va kasbga yo’naltirish bo’yicha amalga oshiriladigan tadbirlarda o’z ifodasini topishi lozim. Iqtisodiy inqiroz davrida ular sirasiga ishchi kuchidan keng foydalanishga yo’naltirilgan tashabbuslarni rag’batlantiruvchi chora-tadbirlarni ham kiritish kerak bo’ladi. Kasbiy harakatchanlikni ta’minlash, ishsizlarni himoyalash va ularga to’g’ri keladigan ish berish chora-tadbirlariga alohida e’tibor qaratiladi.