Uchinchi yondashuvga muvofiq iqtisodiyotning siklik rivojlanishi ichki va tashqi omillar ta’sirida vujudga keladi deb hisoblanadi. Ularning fikricha, tashqi omillar iqtisodiy sikilni vujudga keltirishiga birlamchi turtki beradi. Ichki omillar esa bosqichlar bo‘yicha iqtisodiyotning tebranishlariga sabab bo‘ladi.
Ushbu yo‘nalishdagi hozirgi zamon nazariyasi Samuelson-Xiksning biznes sikl modeli bilan bog‘liq. Ushbu nazariyaga binoan milliy daromad yoki YaMMni iste’mol va kapital jamg‘arishning o‘zaro harakati iqtisodiy siklning vujudga kelishi sababidir.
Zamonaviy iqtisodiyot fanida 1380 dan ortiq sikllar turi ma’lum. Iqtisodiy sikllarning eng xarakterli xususiyati ularning ro‘y berish vaqtining davomiyligi, shuning uchun XIX asr boshlarida iqtisodiyotda har xil turdagi jismoniy kapitalning ishlash muddati bo‘yicha sikllarning tasnifi berilgan. Hozirgi vaqtda to‘rtta asosiy sikl turlari farqlanadi:
Kitchin sikli. (Jozef Kitchin (1926 y.) ) 2–4 yil davom etadi. Iste’mol tovarlari bozorida talab va taklif o‘rtasidagi nomutanosiblik natijasida korxonalarda aylanma mablag‘larning o‘zgarishi natijasida yuzaga kelgan qisqa muddatli iqtisodiy sikllar.
Jyuglar sikli. (Klement Jyuglar (1819-1905 yy.)) 7–10 yil davom etadi, «biznes-sikl», «sanoat sikli», «o‘rtacha sikl» kabi nomlar bilan ham ataladi. Korxonalarning investitsiyaviy talabining o‘zgarishi natijasida ishlab chiqarish omillarining uzoq muddatli jamg‘arilishi va mavjud bo‘lgan texnologik modelda katta o‘zgarishsiz sanoat korxonalarida eskirgan uskunalarni almashtirish natijasida yuzaga keladigan o‘rta muddatli iqtisodiy sikllar (biznes faollik sikllari) Narxlar, foiz stavkalari va Markaziy bankning zaxiralarini tadqiq etishga asoslangan. Birinchi sanoat sikli 1825 yili Angliyada metallurgiya va boshqa yetakchi tarmoqlarda mashinali ishlab chiqarish hukmron mavqeni egallagan davrda kuzatiladi. 1836 yildagi inqiroz dastlab Angliyada boshlanib, keyin AQSHga ham tarqaladi, 1847-1848 yillarda AQSH va qator Yevropa davlatlarida boshlangan inqiroz, tub mohiyatiga ko‘ra birinchi jahon sanoat inqirozi bo‘lgan. Agar XIX asrda sanoat sikli 10-12 yilni tashkil qilgan bo‘lsa, XX asrda uning davomiyligi 7-9 yil va undan ham kam davrgacha qisqargan. AQSH va Yevropaning rivojlangan davlatlari XX asrda 12 ta sanoat siklini boshdan kechirgan bo‘lib, ulardan yettitasi ikkinchi jahon urushidan keyin ro‘y bergan.
Do'stlaringiz bilan baham: |