20. DAROMADLARNING TAQSIMLANISHI, TENGSIZLIK VA KAMBAG‘ALLIK
20.1. Aholi daromadlari va ularning shakllanish manbalari.
Davlatning ijtimoiy faoliyatida aholi daromadlarini shakllantirish siyosati muhim o‘rin egallaydi. Zero real daromadlar aholi turmush darajasini belgilaydi.
Daromad- shaxsiy iste’mol maqsadlari uchun tovar va xizmatlarni sotib olishga mo‘ljallangan ma’lum vaqt oralig‘ida olingan pul mablag‘lari summasidir. Ish haqi, renta, foyda, foiz, divident, ijtimoiy to‘lovlar (nafaqa, ishsizlik nafaqasi va h.k.) daromadlarning turlari hisoblanadi. Daromadlarning shakllanish manbalari quyidagilar:
Mehnat evaziga olingan daromad: yollanib mehnat qiluvchining ish xaqi, tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi shaxsning foydasi.
Mulkdan olinadigan daromad: a) foiz-pul egasining o‘z pulini qarzga berganligi uchun oladigan haqi;. b) renta ko‘chmas mulk egalarining o‘z mulkini ijaraga berish hisobiga olgan ijara haqi; d) divident-aksiya egasining olgan daromadi.
Ijtimoiy to‘lovlar: qarilik bo‘yicha nafaqa, nogironlik yoki boquvchisiz qolganlar oladigan nafaqalar, bir yo‘la yordam pullari va h.k.
Demak mamlakatda daromadlarning shakllanish manbalari quyidagilardan iborat: a) aholining mehnat faoliyati; b) aholining mulki; d) asosan davlat tomonidan beriladigan ijtimoiy to‘lovlar.
Daromadlarning ushbu manbalarini aholining turli ijtimoiy qatlamlariga ahamiyati turilichadir: bir xil aholi qatlamlariga, masalan yollanib ishlaydiganlarga ish xaqi, boshqalarga esa mulkdan oladigan daromad asosiy hisoblanadi.
Iqtisodiyot rivojining muayyan holatida insonlar hayotiy ehtyojlarining ularning naqadar qondirilishi turmush darajasini bildiradi. Turmush darajasi daromad darajasiga bog‘liq. Daromadlarning darajasiga baho berish uchun nominal va real daromadlar ko‘rsatkichlaridan foydalaniladi.
Nominal daromad - aholi tomonidan ma’lum vaqt oralig‘ida daromadlarning pul ko‘rinishidagi miqdori. Real daromad esa narx darajasini hisobga olib, aholi ixtiyorida bo‘lgan daromadga sotib olish mumkin bo‘lgan tovar va xizmatlar miqdori. Real daromadni miqdoriga quyidagi omillar ta’sir etadi:
- subyektlarni qo‘liga tekkan pul daromadining miqdori, bu berilishi zarur bo‘lgan pul daromadidan majburiy pul to‘lovlari chegirib olinganidan so‘ng qolgan daromad. Ushbu daromad tovar va xizmatlarni xarid qilishga mo‘ljallangan. Qanchalik bu daromad miqdori katta bo‘lsa shunchalik unga mos tovar va xizmatlar sotib olinadi va aksincha.
-pulsiz va imtiyozli xizmatlar miqdori qanchalik ko‘p bo‘lsa, shunchalik real daromad darajasi yuqori bo‘ladi va aksincha.
-narxlar darajasi qanchalik yuqori bo‘lsa, real daromad kam bo‘ladi va aksincha.
-soliq stavkalari qanchalik past bo‘lsa real daromad yuqori bo‘ladi va aksincha.
Do'stlaringiz bilan baham: |