Xalqaro valyuta tizimi (XVT) o‘z taraqqiyotida uch bosqichni bosib o‘tgan:
-birinchi bosqich, XVTning vujudga kelishi, XIX asrdan to ikkinchi jahon urushigacha;
-ikkinchi bosqich, XX asrning 30-yillari oxiridan to 70 yillargacha (ushbu bosqichning mazmunini 1944 yilda bo‘lib o‘tgan Bretton-Vud konferensiyasi belgilab bergan)
-uchinchi bosqich, XX asrning 70-yillaridan hozirgacha davom etmoqda (1976 yil Yamaykada shakllangan).
Xalqaro valyuta tizimi XIX-asr oxirida oltin andoza asosida yuzaga kelgan bo‘lib, bunda ayrim mamlakatlarning milliy valyutasi boshqa mamlakat valyutasi bozorida oltinga erkin almashtirilgan. Bu valyuta tizimi XX asr boshlaridagi buyuk depressiya davrida barbod bo‘ldi. 1944 - yil AQSHda Bretton-Vuds konferensiyasida rasmiylashtirilgan valyuta kursining oltin andozasi saqlanib qolgan. Lekin bunda AQSH dollari oltin va valyuta almashuvining bosh vositasi qilib belgilandi. Bu ikkala vositada ham valyuta kursi huquqiy tomondan oltinning jahon bozoridagi narxiga ko‘ra belgilab qo‘yish asosida amalga oshirildi. Ushbu konferensiyada “Xalqaro valyuta fondi” tashkil etildi.
1971 yilga kelib AQSH hukumati dollarni oltinning rasmiy narxi bo‘yicha almashtirib olishdan bosh tortdi, chunki bu davrga kelib jahondagi pul zaxirasining o‘sishi qazib olinayotgan oltin miqdoriga bog‘liq bo‘lmay qoldi, shuningdek oltin zaxiralarining o‘sishi xalqaro savdo va moliya miqyoslarining o‘sishidan orqada qola boshladi. Bu orada chet mamlakatlarga chiqib ketgan AQSHning dollari miqdori ko‘payib, savdo balansida kamomad oshib ketgan.
Hozirda amal qilib turgan valyuta tizimi 1976 yilda XVF tomonidan joriy etilgan. Davlatlar o‘rtasida valyuta munosabatlari milliy pul birligining o‘zgarib turuvchi “suzuvchi” kursi asosida harakat qilishini belgilangan.
Chet el valyutasi - xorijiy davlatlarning banknotalari, shuningdek turli xil valyuta birliklarida ko‘rsatilgan turli xil to‘lov vositalari - veksellar, cheklar va boshqalar.
Kollektiv valyuta - bu ma’lum bir davlatlar doirasidagi hisob-kitoblar uchun ishlatiladigan (masalan, yevro, rubl, dollar) sun’iy ravishda yaratilgan xalqaro valyuta.
Barcha valyutalar uch guruhga ya’ni erkin, qisman va konvertatsiya qilinmaydigan valyutaga bo‘linadi. Valyuta konvertatsiyasi iqtisodiyotning jahon iqtisodiyotiga qo‘shilishi uchun muhim ko‘rsatkichdir. Konvertatsiya deganda bozorda haqiqiy valyuta kursi bo‘yicha milliy valyutalarni xorijiy valyutalarga almashtirishning kafolatlangan imkoniyati tushuniladi. Cheklovlari darajasi yoki ularning to‘liq yo‘qligi valyutalarning konvertatsiyalanish xususiyatini baholashda belgilovchi tamoyil hisoblanadi.
Erkin konvertatsiya qilinadigan valyuta - har qanday operatsiyalar bo‘yicha ham rezidentlar, ham norezidentlar uchun valyuta operatsiyalar bo‘yicha qonuniy cheklovlar mavjud emasligini anglatadi.
Qisman konvertatsiya qilinadigan valyuta, ushbu valyuta turi, operatsiyalarning ayrim turlari yoki valyuta operatsiyalarning turli subyektlari uchun miqdoriy cheklovlar yoki valyuta ayirboshlash uchun maxsus ruxsat berish tartibi bor bo‘lgan mamlakatlarda mavjud bo‘ladi.
Konvertatsiya qilinmaydigan valyuta - bu qonunchilikda deyarli barcha turdagi operatsiyalar bo‘yicha cheklovlar nazarda tutilgan mamlakat valyutasi.
Xalqaro valyuta operatsiyalarda milliy valyutani ishlatishda valyuta devalvatsiyasi va revalvatsiya kabi tushunchalar qo‘llaniladi:
- valyuta devalvatsiyasi milliy valyutaning arzonlashishi ya’ni chet el valyutasi birligining milliy valyuta birliklarida o‘sishi. Shunga ko‘ra, har qanday chet el valyutasining (dollar) bir birligini sotib olish uchun ko‘proq milliy valyutaning (so‘mning) birligi kerak bo‘ladi;
- revalvatsiya milliy valyuta narxining oshishi yoki milliy pul birliklarida chet el valyutasi narxining pasayishi, ya’ni har qanday chet el valyutasini sotib olish uchun milliy valyutani ancha kam sarflash kerak bo‘ladi. O‘zbekistonda faqat respublikaning Markaziy banki rasmiy ravishda milliy valyuta narxining ko‘tarilgani (revalvatsiya) yoki pasayganligi (devalvatsiyasi) to‘g‘risida e’lon qilishi mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |