16.3. Pul-kredit siyosatinining tamoyillari va vositalari
Pul-kredit siyosati deganda to‘la bandlik sharoitida jami mahsulotni ishlab chiqarishda inflyatsiyaning ta’sirini kamaytirish yoki bartaraf qilish maqsadida muomaladagi pul miqdorini o‘zgartirish tushuniladi. Pul siyosatida pul massasi miqdori, foiz darajasi va kreditlar boshqariladi. Foiz darajasi ustidan nazorat foizning hisob stavkasi darajasini aniqlash orqali amalga oshiriladi. Foizning hisob stavkasi – bu markaziy bank tomonidan tijorat banklarga qisqa muddatga beriladigan kreditlarning foiz me’yori. Bu siyosat markaziy bank tomonidan olib boriladi.
Hozirda barcha mamlakatlarda pul miqdorini tartibga solishda ochiq bozorda operatsiyalar (inglizcha – “Open market operations”), ya’ni davlat qimmatli qog‘ozlarni taklif qilish usulidan foydalaniladi. Ushbu operatsiyalarni asosan markaziy bank amalga oshiradi. Bunda Markaziy bank xazina qimmatli qog‘ozlarni sotish yoki xarid qilish yo‘li bilan pul taklifiga ta’sir etadi, ya’ni pul bozoridagi talab va taklif muvozanatini ta’minlaydi.
Pul bozorida muomalada pul miqdori ortiqchaligi sharoitida Markaziy bank ortiqcha pul massasini bartaraf etishga harakat qiladi. Buning uchun u qimmatli qog‘ozlarni aholi va banklarga sotadi. Davlat qimmatli qog‘ozlarining taklifi oshib borgan sari ularning bozor narxi pasayadi, o‘z navbatida unga bo‘lgan talabni oshiradi. Banklar va aholi qimmatli qog‘ozlarni ko‘proq xarid qila boshlaydilar, pirovard natijada banklarning rezervlari qisqaradi. O‘z navbatida bu hol pul taklifining bank multilikatoriga teng nisbatda qisqarishiga olib keladi.
Endi pul bozorida pul miqdori kamayib ketgan holatni ko‘rib chiqamiz. Bu holatda Markaziy bank pul taklifini ko‘paytirishga qaratilgan tadbirlarni amalga oshiradi. Banklar va aholidan qimmatli qog‘ozlarni sotib ola boshlaydi, bunda davlat ularga bo‘lgan talabni oshiradi. Natijada qimmatli qog‘ozlarning bozor narxi ko‘tariladi va avtomatik ravishda unga bo‘lgan foiz miqdori pasayadi. Bu esa aholi va banklarning ularni ko‘proq sotishga harakat qilishiga olib keladi. Bu esa bank rezervlari va pul taklifining ortishiga olib keladi.
Ochiq bozordagi operatsiyalar iqtisodiyoti rivojlangan mamlakatlar (AQSH, Angliya, Germaniya, Kanada va boshqalar)da XX asrning 40-yillarida davlat obligatsiyalari bozorining nihoyatda kengayishi va ularning markaziy banklar tomonidan faol sotib olinishi orqali pul-kredit siyosatining asosiy dastagiga aylangan bo‘lib, ushbu amaliyot bugungi kunda, iqtisodiyoti rivojlanayotgan mamlakatlar markaziy banklari tomonidan ham pul mablag‘lariga bo‘lgan taklifni nazorat qilish hamda tartibga solib turishda eng muhim dastakka aylandi.
Pul–kredit (monetar) siyosatini amalga oshirishning yana bir vositasi, bu hisob–kitob stavkasi siyosatidir. Hisob–kitob stavkasini Markaziy bank belgilaydi. Agarda ushbu stavka past bo‘lsa unda tijorat banklari ko‘proq kredit olishga harakat qiladilar. Buning natijasida banklarning ortiqcha bank rezervlari ortib boradi va muomaladagi pul massasi miqdori oshadi. Agar hisob stavkasi miqdori yuqori bo‘lsa unda banklar kamroq kredit olishga, olganlarini esa qaytarib berishga harakat qiladilar. Pirovard natijada esa ortiqcha bank rezervlari kamayadi, buning natijasida esa muomaladagi pul miqdori kamayadi.
Amaliyotda davlatlar hisob stavkasi siyosatini ochiq bozordagi operatsiyalar siyosati bilan muvofiqlashtirilgan holda olib borishga harakat qiladilar.
Pul kredit siyosatining vositalaridan yana biri – bu majburiy bank rezervlarining me’yorini o‘zgartirish siyosatidir. Majburiy zaxira (rezerv) talablari (inglizcha – “Reserve requirements”) – pul-kredit siyosatining an’anaviy vositalaridan biri hisoblanib, AQSH Federal Zaxira Tizimi (Federal Reserve System) tomonidan mamlakat bank tizimining likvidliligiga ta’sir etish maqsadida 1863 yilda ishlab chiqilgan,25 Bugungi kunda, dunyoning ko‘plab rivojlangan va rivojlanayotgan davlatlari (AQSH, Shveytsariya, Xitoy, Rossiya, Hindiston, Braziliya va boshqalar)da majburiy zaxira talablari qo‘llanib kelinmoqda. Majburiy bank rezervlarining me’yorini (MBRM) Markaziy bank belgilaydi. Agar markaziy bank MBRM kamaytirsa, ortiqcha bank rezervlari ortadi, bu esa pul taklifining oshishiga olib keladi. Masalan, ushbu norma 20% bo‘lsa, unda bankka qo‘yilgan 200 ming so‘mdan 40 ming so‘m majburiy bank me’yorini tashkil etadi. Bunda bank faqat 160 ming so‘mni qarzga berish mumkin bo‘ladi. Endi faraz qilamizki, norma 10% ga tushirildi, unda bank 180 ming so‘mni qarzga berish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
MBRMni oshirish yordamida davlat pul taklifini kamaytiradi, zero bu banklarning ortiqcha bank rezervlarini kamaytirishiga olib keladi.
Pul – kredit (monetar) siyosatini o‘tkazishda bu vosita kuchli, ammo shu bilan birga qo‘pol hisoblanadi, chunki u butun bank tizimining asoslariga ta’sir etadi. Banklarning majburiy rezervlarini o‘zgartirish banklarning depozit (pul omonatlari) va kredit miqdorida katta o‘zgarishga olib keladi. Shuning uchun majburiy bank rezervlarining me’yorini o‘zgartirish siyosati mamlakatlarda o‘ta zarur bo‘lganda qo‘llaniladi.
Davlat tomonidan amalga oshiralidigan kredit – pul (monetar) siyosati YaMM, bandlik va narxlar darajasiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi. Faraz qilamizki, iqtisodiyotda ishlab chiqarish kamaymoqda va ishsizlar soni ortib bormoqda. Bunday sharoitda davlat markaziy bank orqali pul taklifini yuqorida ko‘rib chiqqan vositalar yordamida tartibga solishga harakat qiladi. Buning natijasida pul taklifi oshadi, foiz stavkasi esa pasayadi. Bu esa investitsiyalarga bo‘lgan talabni oshiradi va o‘z navbatida YaMM miqdori ko‘payishiga olib keladi. Bu bilan davlat ma’lum davrda o‘z maqsadiga erishadi, ishlab chiqarishning kamayishi to‘xtaydi, ishsizlar soni kamayadi, aholining daromadlari oshadi.
Monetar siyosatining oqibatlari to‘g‘risida gapirganda qisqa muddatli va uzoq muddatli davrlardagi oqibatlarni farqlash zarur.
Agar qisqa muddatli davrda davlat pul taklifini oshirish va buning natijasida YaMM miqdorining o‘sishini rag‘banlantirgan bo‘lsa, bu bilan ma’lum samaradorlikka erishadi, biroq, uzoq muddatli davrda esa bu choralarni samaradorligi pasayadi.
Shuni ham ta’kidlash joizki, monetar siyosat asosida pul nazariyasi yotadi. Ko‘p yillardan beri ushbu nazariyaga ikki xil yondashuv mavjud. Birinchi yondashuv takomillashtirilgan keynscha nazariya va ikkinchi yondashuv esa zamonaviy pul miqdori nazariyasi (monetarizm). Ushbu ikkala nazariya tarafdorlari pul taklifining nominal yalpi milliy mahsulotga (YaMM) ta’sirini inkor etmaydilar, ammo bu ta’sirning ahamiyatiga har xil baho beradilar.
Keynschilar fikricha monetar siyosat asosiga foiz stavkasi darajasi, monetaristlar fikricha esa – pul taklifining darajasi asos qilib olinishi zarur.
Keynschilar bozor iqtisodyotini tartibga solishda davlat aralashuvi shart deb biladilar, chunki mavjud bozor mexanizmi o‘zini – o‘zi tartibga sola olmaydi deb hisoblaydilar. Monetaristlar esa, bozor iqtisodyoti o‘zining mexanizmi bilan o‘zini - o‘zi tartibga soladi, shuning uchun davlatning aralashuvini ortiqcha deb hisoblaydilar.
Keynschilar pul taklifining YaMM ta’sirini quyidagi ketma – ketlikda amalga oshadi deb hisoblaydilar: pul taklifining o‘zgarishi foiz stavkasini o‘zgartirishga, foiz stavkasi esa o‘z navbatida investitsiyalarga bo‘lgan talabning o‘zgarishi orqali YaMMga ta’sir etadi.
Monetaristlar esa bu borada shunday deydilar: pul miqdorining o‘zgarishi bilan YAMM ning o‘zgarishi o‘rtasida yaqinroq aloqa mavjud, ya’ni pul miqdorining o‘zgarishi bevosita YaMM ni o‘zgarishga olib keladi.
Keynschilarning asosiy tenlamasi quyidagicha:
YaMM=C+I+G+MN
Bu erda: C-aholi iste’moli xarajatlari, I - investitsiya, G -davlatning tovar va xizmatlarni sotib olishga xarajatlari, MN -sof eksport.
Monetaristlar M x V= P x Q tenglamaga asoslanadilar. Agar P x Q bo‘lsa, unda tenglamani quyidagicha yozish mumkun bo‘ladi.
bu yrda:
M- pul taklifi;
V- pulning aylanish tezligi yoki oboroti soni;
P- tovar va xizmatlarning o‘rtacha narxi;
Q- sotilgan tovarlarning soni.
Bunda monetaristlar V barqaror deb hisoblaydilar, keynschilar esa u barqaror emas deydilar.
Hozirda mavjud bo‘lgan, monetaristik siyosatining modellari bu ikki yondashuvning sintez qilingan variantidir. Ya’ni, bu yondashuvlarning ijobiy taraflarini qo‘shib o‘zida aks ettirgan monetaristik siyosatning variantlaridir.
Do'stlaringiz bilan baham: |