13.2 Iqtisodiyotini davlat tomonidan tartibga solishning klassik, monetaristik, keynscha nazariyalari Klassik maktab namoyondasi A. Smit milliy iqtisodiyotni asosiy tartibga soluvchi mexanizm bozor hisoblanadi, shu bois, davlat iqtisodiyotini tartibga solishga aralashmasligi zarur deb hisoblagan.
XIX asr oxiri va XX asr boshlarida ro‘y bergan sanoat to‘ntarishi natijasida ishlab chiqarish kuchlarining jadal rivojlanishi ro‘y berdi. Bozor monopoliyasining vujudga kelishi sababli bozor mexanizmi resurslardan samarali foydalanishni taminlab bera olmaslik holati vujudga keldi. U bozorni tartibga soluvchi mexanizmini izdan chiqardi va 1929 yilda boshlangan jahon iqtisodiy inqirozida namoyon bo‘ldi. Ushbu davrda G‘arb mamlakatlarida sanoat ishlab chiqarish hajmi 46 foiz, tashqi savdo oboroti esa 67 foizga kamaydi. Ish bilan bandlarning har to‘rtinchisi ishsizga aylandi. Aholining real daromadlari o‘rtacha 58 foizga kamaydi. AQSHning o‘zida 109 mingta firma sindi. Bunday sharoitda iqtisodiy inqirozlarning oldini oladigan, uning oqibatlarini yumshatadigan, milliy iqtisodiyotni tartibga soluvchi yangi mxanizmlarni topish zarur edi.
Ana shunday mexanizmni Angliyalik iqtisodchi olim J.M.Keyns o‘zining “Ish bilan bandlik, foiz va pulning umumiy nazariyasi” (1936 y) deb nomlangan asarida bayon etdi. U iqtisodiyot o‘zi tannazul holatidan chiqib keta olmasligini, buning uchun davlat aralashuvi hayotiy zaruryat ekanligini asoslab berdi. J.A.Keyns davlat o‘zining iqtisodiy siyosati vositasida jami talab va jami taklifni bir-biriga muvofiqlashtirishi, iqtisodiyotni tanazzul holatidan chiqarishi, keyinchalik barqarorligini ta’minlashi zarur deb hisoblagan. Bunga erishishi uchun esa davlat fiskal (xazinaviy) va kredit yordamida tartibga solish vositalaridan foydalanib, jamiyatning yalpi talabini rag‘batlantirish va aholining ish bilan bandligini ta’minlashi zarur degan g‘oyani ilgari surgan.
Nazariy jihatdan J.Keynsning qarashlari iqtisodiyot nazariyasida yangi “makroiqtisodiyot” bo‘limiga asos soldi. Amaliy jihatdan esa ikkinchi jahon urushidan so‘ng J.Keynsning g‘oyalari barcha rivojlangan mamlakatlarning iqtisodiy siyosatiga asos qilib olindi. Bu esa o‘zining ijobiy samarasini berdi.
XX asrning 70-yillarida jahon xo‘jalik tizimida yuz bergan larzalar davlatning iqtisodiyotni tartibga solishdagi roli, uning tabiati xususida yangi bahs va munozaralarga sabab bo‘ldi.
“Monetarizm”, “ratsional kutish” va “taklif nazariyasi” tarafdorlari tomonidan yangi amaliy yo‘riqlar ishlab chiqildi.
Monetarizm – asoschisi AQSHlik iqtisodchi M.Fridman hisoblanadi. Uning fikricha, davlatning iqtisodiyotga eng kam darajada aralashuvi pul muommalasi doirasida ro‘y berishi kerak. Monetarizmning inflyatsiyani jilovlashga qaratilgan tavsiyalari quyidagilardan iborat: pul taklifi va kredit berishni qattiq cheklash; pul emissiyasini ishlab chiqarishning o‘sishiga mos ko‘paytirish; davlatning axolida turli to‘lovlarni kamaytirish hisobiga ijtimoiy dasturlarni qisqartirish.
“Ratsional kutish nazariyasi” tarafdorlari davlat bozor holatida kutilayotgan inqirozli holatlarni oldindan tahlil qilishi va uning oqibatlarini yumshatish bo‘yicha chora tadbirlar belgilashi zarur deb hisoblaydilar.
“Taklif nazariyasi” tarafdorlari esa davlatning iqtisodiyotni tartibga solish siyosatiga ustuvorlik tovarlar taklifini yalpi talabga moslashtirishga berilishi lozim deb hisoblaydilar.
Ushbu uchta nazariya tarafdorlari makroiqtisodiy darajada davlat fiskal –byudjet va pul siyosati bilan iqtisodiyotga aralashishi kerak emas, balki bozorning normal harakat qilishi uchun moliyaviy sharoit yaratishi darkor, degan fikrni ilgari surdilar. Ushbu g‘oyalar XX asrning 80-yillarida AQSH va G‘arbiy Yevropa mamlakatlarining iqtisodiy rivojlanishiga asos bo‘ldi (AQSH va “reygenomika”, Buyuk Britaniyada “tetchirizm”).
XX asrning ikkinchi yarmida bozor iqtisodiyotining rivojlanishi davlat fa’oliyati chegaralarining kengayishi va uning iqtisodiy sohada tutgan o‘rnining kuchayib borishi bilan xarakterlanadi. Lekin shu bilan birga faqat bozor mexanizmi sharoitida ishlab chiqarish yuqori samaradorlikka erishishi mumkinligi hamma iqtisodchilar tomonidan e’tirof etiladi.
Bozor iqtisodiyoti sharoitida davlatning maqsadi bozor mexanizmiga aralashish emas, balki uning normal harakat qilishi uchun sharoit yaratishdan iborat. Binobarin hozirgi sharoitda bozor iqtisodiyoti ikki vosita – bozor mexanizmi davlat tomonidan tartibga solinadi. Ularning o‘rtasida mamlakatning iqtisodiy, siyosiy, ijtimoiy, milliy xususiyatlarini inobatga oluvchi ma’lum nisbat yotadi. Ushbu tezis barcha iqtisodchi olimlar tomonidan e’tirof etiladi. Biroq davlatning iqtisodiyotni tartibga solish chegaralari va shakllari xususida haligacha munozaralar olib boriladi. Xususan, P Samuelson davlat tomonidan turar joy va oziq-ovqat mahsulotlari bilan kambag‘allarga yordam berish kambag‘allik darajasini pasaytirish vositasi deb hisoblasa, M.Fridman esa aksincha kambag‘allarga qo‘shimcha daromad olish imkonini ta’minlansa, ular davlat aralashuvisiz o‘z muammolarini hal eta oladilar, deb hisoblaydi. P.Samuelson sog‘liqni saqlash va talim sohalarida talab va taklif qonuni harakat qilmasligi kerak, ularni butunlay yoki qisman ijtimoiy ne’mat sifatida davlat tomonidan ta’minlanishi lozim deb hisoblasa, M.Fridman esa talab va taklifni eng kuchli va katta naf keltiradigan vosita deb biladi. Shu bois davlat biznesga tegmasdan, unga aralashmasdan tinch qo‘yish uning rivojlanishiga shart sharoit yaratib berishi lozim, deb hisoblaydi.