Magistral yo‘nalishlar — shaharning chekka hududlarini markaz bilan bog‘lovchi va yo‘lovchilar manzillariga tez vaqt oralig‘ida yetib olishlarini ta’minlovchi yo‘nalishlar. Bunday yo‘nalishlar yo‘lovchilar oqimi katta bo‘lgan yo‘nalishlarda tashkil etilib, ularda yo‘lovchilar amaldagi avtobus yo‘nalishlariga nisbatan 10 — 15 daqiqa tezroq vaqtda manzillariga yetib olishlari mumkin.
Magistral yo‘nalishlar tashkil etilishi bilan Toshkent shahrining barcha tumanlari poytaxt markazi bilan 11 ta asosiy yo‘nalish yordamida uzviy ravishda bog‘lanadi. Magistral yo‘nalishlar uchun harakat tarkibining yuqori tezlikda harakatlanishini ta’minlash uchun alohida yo‘laklar tashkil etilishi lozim.
Halqa yo‘nalishlar — harakati halqa yo‘li bo‘ylab tashkil etilgan yo‘nalish bo‘lib, yo‘lovchilarga halqa yo‘nalishi bo‘yicha joylashgan hudud va bekatlargacha yetib olish imkoniyatini beradi.
Halqa yo‘nalishlar tashkil etilishi bilan Toshkent halqa yo‘llarini va tumanlarini 14 ta avtobus yo‘nalishi orqali uzviy bog‘lash rejalashtirilgan. Halqa yo‘nalishlar uchun harakat tarkibining yuqori tezlikda harakatlanishini ta’minlash uchun alohida yo‘laklar tashkil etilishi mumkin.
Bog‘lovchi yo‘nalishlar — magistral yo‘nalishlar va metro bekatlarini, tumanda joylashgan turarjoy mavzelari, ijtimoiy obyektlar, aeroport, temir yo‘l va avtovokzallar, bozorlarni bir-biri bilan uzviy bog‘laydigan yo‘nalishlar. Bunday yo‘nalishlar 92 ta yo‘nalishdan iborat bo‘ladi.
Etkazib beruvchi yo‘nalishlar — yordamchi yo‘nalish sifatida, aholini boshqa avtobus yo‘nalishlariga, metro bekatlariga, transport-o‘tish bog‘lamalariga va ijtimoiy obyektlarga qisqa vaqtda yetkazib boradi. Bunday yo‘nalishlar 42 ta yo‘nalishdan iborat bo‘ladi.
Yangi yo‘nalishlar tarmog‘ining joriy etilishi jamoat transporti turlarini o‘zaro bog‘lash orqali tashuvlar samaradorligini oshirish, yo‘lovchilarning manzillariga qulay va tez yetib borishi natijasida shaxsiy transport vositasiga nisbatan jamoat transportidan foydalanish darajasi oshiriladi.
2-§. Jamoat transporti harakat tarkibini zamonaviy transport turlari bilan yangilash
Jamoat transporti harakat tarkibini yangilashda xarid qilinadigan avtobuslarning siqilgan tabiiy gaz va/yoki elektr quvvatida ishlaydigan dvigatellar bilan jihozlanganligi, nogironligi bo‘lgan shaxslarni tashishga mo‘ljallanganligi, konditsioner, avtobus salonida bekatlarni va yo‘nalishlarni ko‘rsatib turuvchi yozma hamda ovozli e’lon qilib boradigan elektron tablolar, xavfsizlikni ta’minlash maqsadida videokuzatuv kameralari, yo‘lkira haqini avtomatlashtirilgan to‘lov tizimi yordamida to‘lash uchun validatorlar va boshqa qulayliklar bilan jihozlanganligi inobatga olinishi lozim.
Mazkur talablar asosida “Toshshahartransxizmat” aksiyadorlik jamiyati korxonalari harakat tarkibini 2022 — 2025-yillarda 1 063 ta, shu jumladan, 673 ta elektr quvvatida ishlaydigan avtobuslarni xarid qilish yo‘li bilan yangilash dasturi amalga oshiriladi.
Jamoat transporti harakat tarkibini yangilash dasturlarini moliyalashtirish davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi zarur.
3-§. Toshkent shahrida transport-o‘tish bog‘lamalarini tashkil etish
Toshkent shahrida 16 ta qulay va zamonaviy transport-o‘tish bog‘lamalari yer usti jamoat transporti va metropoliten yo‘nalishlari kesishuvchi, viloyatlardan keladigan transportlar va shahar markazi bilan bog‘lovchi, aholi zich joylashgan yashash massivlari va aholi gavjum nuqtalarda tashkil etiladi.
Transport-o‘tish bog‘lamalarida barcha toifadagi yo‘lovchilar uchun teng sharoitlar yaratiladi, yo‘lovchilar xavfsizligini ta’minlash choralarini ko‘rish, tabaqalashtirilgan tariflar hamda yo‘lovchi va haydovchilar uchun dam olish maskanlarini nazarda tutiladi.
Transport-o‘tish bog‘lamalari quyidagi asosiy talablarga muvofiq tashkil etiladi:
yo‘lovchilar o‘rtacha 10 daqiqa ichida bir transport turidan ikkinchi transport turi yoki boshqa transport yo‘nalishiga qulay o‘tish imkoniyati;
shaharning istalgan hududiga yangi avtobus yo‘nalishlari tarmog‘i joriy etilishi hisobiga kafolatlangan vaqt oralig‘ida yetib olish;
transport-o‘tish bog‘lamalarida avtoturargohlarni yaratish.
4-§. Toshkent shahrida namunaviy loyiha asosida avtobus oraliq bekatlarini rekonstruksiya qilish
Toshkent shahri transport infratuzilmasini takomillashtirish va tubdan yaxshilash, shuningdek, jamoat transporti jozibadorligini oshirish, shahar aholisi va mehmonlarga qulayliklar yaratish maqsadida namunaviy loyiha asosida avtobus oraliq bekatlari rekonstruksiya qilinadi.
Mazkur bekatlar hududida aholining imkoniyati cheklangan guruhlarining to‘siqsiz harakatlanish muhiti, avtomobil yo‘li qatnovi qismi bilan chegarasida “taktil” plitalar o‘rnatish yo‘li bilan ularning xavfsizligi ta’minlanadi, zamonaviy dizayndagi va qulay bo‘lgan o‘rindiqlar o‘rnatiladi, aholining internet tarmog‘idan (Wi-Fi) foydalanish, bekatlarda elektron tablo o‘rnatish orqali avtobuslar qatnov jadvali va kelish vaqtini kuzatib borish, mobil qurilmalarni quvvatlash uchun manbalardan foydalanish imkoniyati yaratiladi.
Bunday bekatlarda faqatgina reklama mahsulotlari, bankomatlar va oziq-ovqat mahsulotlarini xarid qilishga mo‘ljallangan o‘ziga-o‘zi xizmat ko‘rsatish (vending) avtomatlari joylashtiriladi.
5-§. Toshkent shahrida avtomobillarning yo‘l bo‘yi pullik to‘xtash joylari tizimini tashkil etish
Toshkent shahridagi tirbandliklarni, markaziy ko‘chalarda transport oqimini kamaytirish, jamoat transportining o‘rtacha harakatlanish tezligini oshirish, avtomobillarning yo‘l bo‘yida betartib to‘xtashini tartibga solish, aholining jamoat transportidan foydalanishini rag‘batlantirish maqsadida Toshkent shahrida yagona avtomobil yo‘l bo‘yi pullik to‘xtash joylari tizimi tashkil etiladi.
Birinchi bosqichda 10 ta ko‘chada, kelgusida talabdan kelib chiqib boshqa ko‘chalarda ham avtomobillarning avtomatlashtirilgan yo‘l bo‘yi pullik to‘xtash joylari tizimi davlat-xususiy sheriklik tamoyillari asosida tashkil etiladi.
Tizimni joriy etish jarayonida yo‘l bo‘yi pullik to‘xtash joylariga yondosh hududdagi piyoda yo‘laklarini ta’mirlash va velosiped yo‘laklari tashkil etish ishlari amalga oshiriladi.
6-§. Toshkent shahrida velosiped transportini rivojlantirish
Velosiped transportini rivojlantirish, undan ommaviy foydalanishni rag‘batlantirish maqsadida quyidagi tadbirlar amalga oshiriladi:
velosiped transportini rivojlantirishni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash;
shaharsozlik siyosatining zarur elementi sifatida velosipedlar infratuzilmasini rivojlantirish, bunda 2025-yilgacha 250 km velosiped yo‘laklarini va unga tegishli infratuzilmani barpo etish;
shaharda velosipeddan ommaviy foydalanishni yo‘lga qo‘yish uchun “veloshering” tizimini joriy etish;
ijtimoiy soha obyektlari, savdo-xizmat ko‘rsatish majmualari, dam olish maskanlari, ma’muriy binolar va transport-o‘tish bog‘lamalari hududlarida velosipedlarning saqlash joylari barpo etiladi.
7-§. Yo‘nalishsiz taksi faoliyatini tartibga solish va yanada takomillashtirish
Yo‘nalishsiz taksi faoliyatini rivojlantirish, yo‘lovchilarga sifatli, qulay va xavfsiz transport xizmati ko‘rsatish, mazkur xizmat turini raqamlashtirish hamda ilg‘or xorijiy tajriba va axborot texnologiyalarini joriy qilish maqsadida yo‘nalishsiz taksi xizmatida quyidagi tadbirlar amalga oshiriladi:
harakat tarkibiga qo‘yiladigan talablarni belgilovchi yagona davlat standartlarini ishlab chiqish va ekologik toza “yashil transport” turlariga o‘tkazish darajasini bosqichma-bosqich oshirish;
faoliyatni tartibga soluvchi normativ-huquqiy bazani takomillashtirish;
haydovchilar to‘g‘risidagi barcha ma’lumotlarni o‘zida jamlagan elektron axborot bazani shakllantirish va uni amaldagi ID-kartalar tizimi bilan integratsiyalash;
yo‘nalishsiz taksilarning harakatini masofadan onlayn kuzatish va nazorat qilish tizimini joriy qilish;
ruxsat beruvchi litsenziya varaqalarining amal qilish hududini belgilash;
imkoniyati cheklangan fuqarolarga maxsus moslamali (pandus) taksi xizmatini yo‘lga qo‘yish;
aholi gavjum joylarda, vokzal va aeroportlarga tutash hududlarda alohida yo‘nalishsiz taksi to‘xtash joylarini tashkil qilish;
yo‘nalishsiz taksilar faoliyatiga xizmatlar turini (“Standart”, “Biznes”, “Ekonom”, “Komfort”) joriy qilish.
8-§. Toshkent shahar jamoat transporti tizimida raqamli texnologiyalarni joriy etish
Toshkent shahar jamoat transport tizimida raqamlashtirish darajasini oshirish bo‘yicha quyidagi tadbirlar amalga oshiriladi:
jamoat transporti sohasiga oid barcha ma’lumotlarni bir butun axborot resurslari sifatida Big Data texnologiyasi asosida shakllantirish va Machine Learning (sun’iy intellekt) algoritmlarini qo‘llash orqali ulardagi jarayonlar kechishini prognoz qiluvchi va maqbullashtiruvchi axborot tizimini yaratish;
“Toshkent transporti” mobil ilovasi negizida ma’lumotlarni qayta ishlash orqali yo‘lovchilarga dasturiy ta’minot va ma’lumotlardan foydalanishlari mumkin bo‘lgan mobil qurilmalarini boshqarish MaaS (Mobility as a Service — mobillik servis sifatida) platformasini yaratish;
raqamlashtirish va sun’iy intellekt texnologiyalarini qo‘llagan holda “Aqlli avtobus” (SmartBUS), “Aqlli bekat” (SmartBUS Stop) hamda “Aqlli chorrahalar” (Smart Crossroads) tizimini joriy etish;
avtobuslardagi GPS-trekerlar, chorrahalar va bekatlarda o‘rnatilgan turli xil sensorlar, kuzatuv kameralari, Wi-Fi tarmog‘i va boshqa IoT qurilmalaridan onlayn tarzda ma’lumotlarni yig‘ish, tahlil qilish, xavfsizlikni ta’minlash va jarayonlarni optimallashtirish tizimini joriy etish;
yo‘lovchi tashish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi davlat tomonidan moliyalashtiriladigan korxonalar moliyaviy-xo‘jalik faoliyatiga ERP (Enterprise Resource Planning — Korxona resurslarni rejalashtirish) tizimini joriy etish va avtomatlashtirilgan dispetcherlik boshqaruvi (ASDUM) tizimi bilan integratsiya qilish orqali korxona faoliyatini takomillashtirish;
jamoat transporti infratuzilmasi obyektlari nomlarini ID-tasniflagan holda ularning ID-reyestrini yuritish;
jamoat transportida mavjud elektron to‘lov tizimlari, elektron hamyonlar, virtual kartalar hamda mobil operatorlarning tizimlari orqali to‘lovlarni amalga oshirish mexanizmini ishlab chiqish va takomillashtirish.
9-§. Toshkent metropolitenining jozibadorligini oshirish
Quyidagilar Toshkent metropoliteni faoliyatini yanada takomillashtirishning eng muhim vazifalari va yo‘nalishlari hisoblanadi:
metropoliten tarmog‘ini kengaytirish;
yo‘lovchilar tashishni tashkil etishning samaradorligini oshirish, harakat tarkibini yangilash va modernizatsiya qilish;
metropoliten yo‘nalishlarining shahar yer usti jamoat transporti yo‘nalishlari bilan o‘zaro bog‘liqligini ta’minlash;
metropoliten boshqaruv tizimiga poyezdlar harakatining muntazamligini, belgilangan jadval va oraliqlarga qat’iy rioya etilishini, texnologik jarayonlar avtomatlashtirilishini ta’minlovchi zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish;
metropoliten ishchi-xodimlarining malakasini oshirish, yangi ish o‘rinlarini yaratish.
10-§. Jamoat transportida tarif siyosatini takomillashtirish
Jamoat transporti yo‘nalishlarining yangi tarmog‘i joriy qilinishi munosabati bilan tariflarning ham yangi tabaqalashtirilgan turlari joriy etiladi.
Tabaqalashtirilgan tariflar yo‘nalish turi, metropolitenda qatnov masofasi va transport turidan kelib chiqqan holda shakllantiriladi (magistral va halqa yo‘nalishlari tarifi, bog‘lovchi yo‘nalish tarifi, yetkazib beruvchi yo‘nalish tarifi, masofaga bog‘langan metro tarifi, bir transportdan ikkinchi transportga o‘tish tarifi).
Yo‘lkira haqi to‘lanishi ustidan zamonaviy nazorat tizimini yaratish uchun:
maxsus kiyim, bodi kamera va planshetlarga ega yo‘nalish nazoratchisi lavozimini joriy etiladi va ularga yo‘lkira haqini to‘lamagan yo‘lovchilarga o‘rnatilgan tartibda jarima qo‘llash huquqi beriladi;
yo‘nalish nazoratchilari foydalanadigan dasturlar Ichki ishlar vazirligining tegishli dasturlariga integratsiya qilinadi va normativ-huquqiy hujjatlariga zarur o‘zgartirishlar kiritiladi.
11-§. Jamoat transporti korxonalari faoliyatini moliyalashtirish tizimini takomillashtirish
Jamoat transporti tashuvchilarini ularga biriktirilgan yo‘nalishlarda haqiqiy bajarilgan ish hajmlari (bosilgan masofa va tashilgan yo‘lovchilar soni) hamda sifat ko‘rsatkichlarini inobatga olgan holda moliyalashtirishning yangi tizimi (Pool system) joriy etiladi.
Moliyalashtirishning yangi tizimi (Pool system) manbai etib yo‘lovchi tashishdan olingan daromadlar, mahalliy budjet parametrlarida cheklangan tariflar asosida yo‘lovchilar tashishdan ko‘riladigan zararlarini qoplash hamda shahar yo‘lovchi transportida bepul yurish huquqiga ega bo‘lgan yo‘lovchilarni tashish uchun ajratiladigan mablag‘lar hisoblanadi.
Yo‘lovchi tashishdan olinadigan daromadlar va mahalliy budjet parametrlarida jamoat transporti uchun ko‘zda tutilgan barcha mablag‘lar Transport vazirligining Toshkent shahar transport boshqarmasida jamlanadi hamda tashuvchilar bilan hisob-kitoblar amalga oshiriladi.
Moliyalashtirishning yangi tizimida har bir yo‘nalishning shartnomaviy qiymati hisob-kitoblar asosida aniqlanib, xizmat ko‘rsatishning sifat ko‘rsatkichlari belgilanadi.
Ushbu tizimda har bir yo‘nalish elektron tender savdolari orqali savdoga chiqarilib, eng yaxshi taklif bergan tashuvchi bilan transport sohasini boshqarishga vakolatli bo‘lgan davlat organi o‘rtasida shartnoma tuziladi. Shartnoma talablari bajarilganda vakolatli organ tomonidan tashuvchilar faoliyati har oy yakuni bilan moliyalashtirilib boriladi.
12-§. Toshkent shahrida transport oqimini boshqarish va chorrahalarni loyihalash
Toshkent shahrida transport oqimini boshqarish va chorrahalarni loyihalash ishlarini takomillashtirishning asosiy yo‘nalishlari:
yirik shaharlarda transport oqimini boshqarish bo‘yicha xorijiy tajribani o‘rganib borish;
shahar ko‘chalaridagi transport oqimlari monitoring-tahlilini olib borish;
jamoat transport tizimini matematik modellashtirish yo‘li bilan transport xizmatlariga bo‘lgan talabni o‘rganib borish;
shahar ko‘chalarida transport tirbandliklarini kamaytirish maqsadida mavjud svetofor obyektlarining bir-biri bilan bog‘liq holda ishlash tizimini bosqichma-bosqich joriy etish;
500 ta chorrahaga transport harakatini boshqarishning intellektual tizimlarini — “aqlli svetoforlar” (Smart traffic lights) va “aqlli chorrahalar”ni (Smart Crossroads) joriy qilish;
chorrahalar geometrik parametrlarini o‘zgartirish yo‘li bilan ularning o‘tkazuvchanlik qobiliyatini oshirib borish;
jamoat transporti harakat tarkibining shahar ko‘chalarida to‘siqlarsiz harakatlanishini ta’minlash uchun alohida yo‘laklar tashkil etish;
uch tasmagacha bo‘lgan avtomobil yo‘llarida shahar yo‘lovchilar transporti uchun avtobus oraliq bekatlarini loyihalashda avtobuslarning bunday bekatga kirish va to‘xtash qismini (karman) majburiy etib belgilash.
5-bob. Konsepsiyani amalga oshirish va undan kutilayotgan natijalar
Konsepsiyaning amalga oshirilishi natijasida 2025-yilda:
yo‘nalishdagi avtobuslarning o‘rtacha tasarruf tezligini 17 foizga oshirish;
avtobus qatnovlari muntazamligini 95 foizga yetkazish;
yo‘nalish harakat intervalini 35 foizgacha qisqartirish;
shahar hududini jamoat transporti bilan to‘liq qamrab olish;
aholining jamoat transportidan foydalanish darajasini 43 foizga yetkazish (kunlik yo‘lovchi tashish hajmi o‘rtacha 2,7 mln. yo‘lovchiga yetkazish);
jamoat transporti qulay va ekologik toza harakat tarkibi bilan yangilash yo‘li bilan atrof-muhitga salbiy ta’sirini 35 foizga kamaytirish;
shahar markazida harakatlanayotgan yengil avtomobillar soni 20 foizgacha qisqartirilishi;
velosiped transporti infratuzilmasining keng rivojlanishi;
transport korxonalari faoliyatini raqamlashtirish hisobiga ishlab chiqarish samaradorligi 30 — 35 foizga o‘sishi, ma’muriy va operatsion xarajatlar o‘rtacha 20 — 22 foizga kamayishi;
yo‘lkira haqi to‘lanishida naqd pul aylanmasidan voz kechish;
transport korxonalari daromadlari yig‘ilishining shaffofligini ta’minlash;
chorrahalarda transport vositalarining o‘tkazuvchanligi 15 foizga oshirilishi.
6-bob. Konsepsiyani amalga oshirish mexanizmlari
Konsepsiyani amalga oshirish bo‘yicha tasdiqlangan “Yo‘l xarita”da belgilangan chora-tadbirlar mas’ul vazirlik va idoralar tomonidan sifatli, to‘liq va o‘z vaqtida amalga oshirilishi natijasida Toshkent shahar jamoat transporti tizimini 2025-yilgacha rivojlantirishning maqsadli ko‘rsatkichlari (indikatorlari)ning bajarilishi ta’minlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 2-fevraldagi PQ-111-son qaroriga
2-ILOVA
Toshkent shahar jamoat transporti tizimini 2025-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini amalga oshirish bo‘yicha
“YO‘L XARITASI”