[
OKOZ:
1.03.00.00.00 Fuqarolik qonunchiligi / 03.11.00.00 Majburiyatlarning alohida turlari / 03.11.11.00 Tashish. Transport ekspeditsiyasi (shuningdek, 09.15.14.00, 09.15.16.00larga qarang);
2.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xo‘jalik faoliyati / 09.15.00.00 Transport / 09.15.01.00 Umumiy qoidalar]
[
TSZ:
1.Iqtisodiyot / Transport. Yo‘l xo‘jaligi. Harakat va parvozlar xavfsizligi]
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Toshkent shahar jamoat transporti tizimini yanada rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida
Toshkent shahar jamoat transporti tizimini kompleks rivojlantirish, yo‘lovchilarga sifatli va xavfsiz transport xizmatlarini ko‘rsatish, transport infratuzilmasini yaxshilash, harakat tarkibini barcha qulayliklarga ega bo‘lgan zamonaviy avtobuslar bilan yangilash, yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash hamda piyodalarga qulay harakatlanish muhitini yaratish maqsadida:
1. Toshkent shahar jamoat transporti tizimini rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilansin:
jamoat transporti tizimini uning barcha turlarini uzviy bog‘lagan holda kompleks rivojlantirish, aholining jamoat transportidan foydalanish darajasini kamida ikki barobarga oshirish;
jamoat transporti infratuzilmasini rivojlantirish, metropoliten tarmog‘ini kengaytirish, zamonaviy transport-o‘tish bog‘lamalarini hamda namunaviy loyihalar asosida avtobus bekatlarini tashkil etish, jamoat transporti harakatiga ustuvorlik berish uchun chorraha va ko‘chalarni qayta loyihalashtirish;
tashuvchilarni moliyalashtirish tizimi va tarif siyosatini takomillashtirish orqali soha korxonalarini moliyaviy sog‘lomlashtirish hamda xususiy sektor ulushini ikki barobarga oshirish;
velosiped va boshqa motorsiz transport turlarini rivojlantirish, jumladan, piyodalar va velotransport uchun qulay harakatlanish yo‘laklarini, velosipedlarni ijaraga berish va ular uchun maxsus turar joylarni tashkil etish;
raqamli texnologiyalar va innovatsion yondashuvlarni keng qo‘llagan holda transport vositalari harakatini boshqarishning intellektual (“aqlli chorraha”, “aqlli avtobus” va “aqlli bekat”) tizimlarini joriy etish hamda yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash;
jamoat transporti harakat tarkibini zamonaviy, ekologik toza avtobuslar, jumladan elektrobuslar bilan yangilash.
2. Transport vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Moliya vazirligi, Qurilish vazirligi va Toshkent shahar hokimligi tomonidan ishlab chiqilgan Toshkent shahar jamoat transporti tizimini 2025-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi va uni amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” 1 va 2-ilovalarga muvofiq ma’qullansin.
Quyidagilarni nazarda tutuvchi Toshkent shahar jamoat transporti tizimini 2025-yilgacha rivojlantirishning maqsadli ko‘rsatkichlari (indikatorlari) 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
yo‘lovchi tashishlar umumiy hajmida jamoat transportining ulushini hozirgi 21 foizdan 43 foizga oshirish;
jamoat transportida kunlik yo‘lovchi tashish hajmini kamida ikki barobarga oshirib, kuniga 2,7 million yo‘lovchiga yetkazish;
jamoat transportining harakatlanish o‘rtacha oraliq intervalini 2 barobarga kamaytirish;
jamoat transportining yangi tarmog‘i asosida 159 ta avtobus yo‘nalishlarini, jumladan 11 ta magistral, 14 ta halqa, 92 ta bog‘lovchi va 42 ta yetkazib beruvchi yo‘nalishlarni bosqichma-bosqich joriy etish;
1 063 ta avtobus, jumladan 673 ta elektrobus xarid qilish yo‘li bilan jamoat transporti harakat tarkibini yangilash;
bir transport turidan boshqa transport turiga qulay va tezkor o‘tish uchun 16 ta zamonaviy transport-o‘tish bog‘lamalarini tashkil etish;
namunaviy loyiha asosida 1160 ta avtobus bekatlarini rekonstruksiya qilish.
3. Transport vazirligi, Moliya vazirligi va Toshkent shahar hokimligining Toshkent shahrida 2023-yil 1-yanvardan boshlab jamoat transportining yangi tarmog‘i asosida tashkil etiladigan yo‘nalishlarda tashuvchilarni “bosib o‘tilgan yo‘l”, “yo‘lovchi oqimi” va “sifat” mezonlari bo‘yicha bajarilgan ishlar hajmidan kelib chiqqan holda moliyalashtirishning yangi tizimini (keyingi o‘rinlarda — yangi tizim) bosqichma-bosqich joriy etish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.
Belgilansinki, yangi tizim asosida:
tashuvchilarni moliyalashtirish manbalari etib jamoat transportida yo‘lovchi tashishdan olinadigan daromadlar va mahalliy budjet parametrlarida jamoat transporti uchun ko‘zda tutilgan barcha mablag‘lar hisoblanadi;
bajariladigan ishlar qiymati tashuvlar bilan bog‘liq bo‘lgan barcha sarf-xarajatlar hamda kamida 10 foiz rentabellik inobatga olingan holda hisob-kitob qilinadi;
yo‘lovchi tashishdan olinadigan daromadlar va mahalliy budjet parametrlarida jamoat transporti uchun ko‘zda tutilgan barcha mablag‘lar Transport vazirligining Toshkent shahar transport boshqarmasida jamlanadi hamda tashuvchilar bilan hisob-kitoblar amalga oshiriladi.
Transport vazirligi Moliya vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda Jamoat transporti tashuvchilarini bajarilgan ish hajmidan kelib chiqqan holda moliyalashtirish tartibini tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
4. Toshkent shahar hokimligi va Transport vazirligining Toshkent shahrida avtobus bekatlari namunaviy loyihasini yo‘lovchilar, shu jumladan, aholining imkoniyati cheklangan guruhlari uchun qulay shart-sharoitlar yaratilishini inobatga olgan holda ishlab chiqish hamda mazkur bekatlar joylashtiriladigan yer maydonlarini elektron onlayn auksion savdolari orqali tadbirkorlik subyektlariga ijara huquqi asosida vaqtinchalik foydalanishga berish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.
Belgilansinki:
tadbirkorlarga mazkur bekatlarda faqatgina reklama vositasi, bankomatlar va oziq-ovqat mahsulotlarini xarid qilishga mo‘ljallangan o‘ziga o‘zi xizmat ko‘rsatish (vending) avtomatlarini joylashtirishga ruxsat etiladi;
yangi va rekonstruksiya qilinadigan bekatlar joylashtiriladigan yer maydonlarida savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish obyektlarini joylashtirish taqiqlanadi, o‘ziga o‘zi xizmat ko‘rsatish (vending) avtomatlari bundan mustasno.
5. Toshkent shahar hokimligi:
Qurilish vazirligi bilan birgalikda ikki hafta muddatda Toshkent shahridagi avtobus bekatlarining namunaviy loyihalarini ishlab chiqsin;
ishlab chiqilgan namunaviy loyihalar asosida 280 ta avtobus bekatlari 2022-yil yakuniga qadar elektron onlayn auksion savdolariga joylashtirilishini ta’minlasin;
2022-yil 1-sentabrga qadar savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish obyektlari mavjud bo‘lgan amaldagi avtobus bekatlarida yo‘lovchilar, shu jumladan aholining imkoniyati cheklangan guruhlari uchun qulay va xavfsiz muhit yaratish choralarini ko‘rsin.
6. Yer usti jamoat transporti va metropoliten yo‘nalishlari kesishuvlarida hamda transport oqimi yuqori bo‘lgan joylarda transport-o‘tish bog‘lamalarini tashkil etish manzilli dasturi 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Belgilansinki:
transport-o‘tish bog‘lamalarini tashkil etish bilan bog‘liq sarf-xarajatlar Toshkent shahar mahalliy budjeti hisobidan amalga oshiriladi hamda qurilish ishlari yakunlanganidan so‘ng obyektlar o‘rnatilgan tartibda balans qiymatida “Toshshahartransxizmat” AJga uning ustav kapitalidagi davlat ulushini oshirish evaziga o‘tkaziladi;
Toshkent shahar hokimi transport-o‘tish bog‘lamalarini qurish ishlarini o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirishga hamda ularning imkoniyatlari va afzalliklari bo‘yicha aholini xabardor qilishga shaxsan mas’uldir.
7. Transport vazirligi, Moliya vazirligi, Toshkent shahar hokimligi va “O‘zavtosanoat” AJning 2022-yilda “Toshshahartransxizmat” AJ harakat tarkibini 190 ta katta sig‘imli “MAN” hamda 200 ta o‘rta sig‘imli “SAZ LE 60” rusumli avtobuslarni (keyingi o‘rinlarda — avtobuslar) mahalliy ishlab chiqaruvchilardan xarid qilish hisobiga yangilash to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.
8. Belgilansinki:
yangi avtobuslar “O‘zmilliybank” AJning 5 yil muddatga, 18 foizdan ko‘p bo‘lmagan foiz stavkasi asosida ajratiladigan kreditlari hisobidan xarid qilinadi;
“O‘zmilliybank” AJ kreditlarni xarid qilinadigan avtobuslar bo‘yicha shartnomalar qiymatining 80 foizi 2022-yil fevral oyida, qolgan 20 foizi xarid qilingan avtobuslar “Toshshahartransxizmat” AJ tomonidan qabul qilib olingan kundan boshlab o‘n ish kunidan kechiktirmasdan ajratadi;
kredit, unga hisoblangan foiz, vositachilik to‘lovlari, kreditga xizmat ko‘rsatish bilan bog‘liq boshqa xarajatlar kredit shartnomalari shartlariga asosan O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan qoplab beriladi;
xarid qilinadigan avtobuslar hamda Toshkent shahar hokimligining kafilligi “O‘zmilliybank” AJ bilan tuzilgan kredit shartnomalari shartlari bo‘yicha tomonlarning o‘zaro majburiyatlari bajarilishining ta’minoti hisoblanadi;
“Toshshahartransxizmat” AJ ustav kapitalidagi davlat ulushi avtobuslar xaridi bilan bog‘liq barcha xarajatlarni qoplashga O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan yo‘naltirilgan mablag‘lar miqdoriga mutanosib ravishda oshiriladi.
9. Avtobuslar xaridini amalga oshirish uchun jalb qilinadigan tijorat banki kreditlari bo‘yicha asosiy qarzni qaytarish, foizlar va vositachilik haqini to‘lashning umumiy prognoz jadvallari 5 va 6-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.
10. Belgilansinki, avtobuslarni xarid qilish uchun jalb etiladigan “O‘zmilliybank” AJ kreditlari bilan bog‘liq asosiy qarzni qaytarish, foizlar va vositachilik haqi bo‘yicha to‘lovlar:
2022-yilda Moliya vazirligi tomonidan O‘zbekiston Respublikasining respublika budjetidan;
2023-yildan boshlab har yilgi Toshkent shahar mahalliy budjeti parametrlarida nazarda tutiladigan mablag‘lar hisobidan amalga oshiriladi.
Moliya vazirligi Toshkent shahar hokimligi bilan birgalikda 2023-yildan boshlab Toshkent shahar mahalliy budjetini shakllantirishda zarur mablag‘larni nazarda tutsin.
11. Transport vazirligi “Toshshahartransxizmat” AJ bilan birgalikda avtobuslarni xarid qilishning texnik-iqtisodiy hisob-kitoblarini ishlab chiqsin va ikki oy muddatda tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
12. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi Transport vazirligi bilan birgalikda mazkur qarorning 3-ilovasiga muvofiq 2023 — 2025-yillarda xarid qilinadigan elektrobuslar uchun xalqaro moliya institutlarining grant va kreditlarini jalb etish choralarini ko‘rsin.
13. “O‘zavtosanoat” AJ xorijiy davlatlarning yetakchi ishlab chiqaruvchilari bilan muzokaralar o‘tkazib, respublikada elektrobuslar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha takliflarni uch oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
14. Yo‘lovchilar tashish uchun mo‘ljallangan, haydovchi bilan birgalikda sakkiz va sakkiztadan ortiq o‘rindiqlarga ega bo‘lgan, faqat elektr dvigatel orqali harakatga keltiriladigan avtotransport vositalarini 2026-yil 1-yanvarga qadar O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirishda utilizatsiya yig‘imining nol stavkasi qo‘llanilsin.
15. Transport vazirligi Toshkent davlat transport universiteti bilan birgalikda ilg‘or xorijiy ta’lim texnologiyalari asosida yetuk kadrlarni tayyorlash hamda ta’lim jarayonini innovatsion usul va vositalardan foydalangan holda rivojlantirish uchun universitetning transformatsiyasini xalqaro standartlarga mos ravishda amalga oshirishga qaratilgan Hukumat qarori loyihasini ikki oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
Bunda, rivojlangan xorijiy mamlakatlar oliy ta’lim muassasalari o‘quv rejalari va fan dasturlari transferini amalga oshirish, professor-o‘qituvchilarning sohaning yetakchi oliy ta’lim muassasalarida xorijiy stajirovkalarini tashkil etish hamda mutaxassislik modullariga yuqori malakali chet ellik olim va ekspertlarni keng jalb etish nazarda tutilsin.
16. Transport vazirligi, Moliya vazirligi huzuridagi Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi tomonidan Toshkent shahrining 10 ta markaziy ko‘chalarida avtomobillarning yo‘l bo‘yi pullik to‘xtash joylari davlat-xususiy sheriklik asosida tashkil etilayotganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
Vazirlar Mahkamasi ikki hafta muddatda avtomobillarning avtomatlashtirilgan yo‘l bo‘yi pullik to‘xtash joylarini tashkil etish va ulardan foydalanish tartibi to‘g‘risida qaror qabul qilsin.
17. Ichki ishlar vazirligi ikki hafta muddatda yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash, yo‘l-transport hodisalarini qisqartirish, haydovchilarni tayyorlash va qayta tayyorlash tizimini tubdan qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
18. Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi Transport vazirligi va Toshkent shahar hokimligi bilan birgalikda mazkur qarorning mazmun va mohiyati ommaviy axborot vositalari orqali keng yoritilishini ta’minlasin.
19. Transport vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
20. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari A.J. Ramatov, O‘zbekiston Respublikasi transport vaziri I.R. Maxkamov va Toshkent shahar hokimi J.A. Artikxodjayev zimmasiga yuklansin.
Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2022-yil 2-fevral,
PQ-111-son
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 2-fevraldagi PQ-111-son qaroriga
1-ILOVA
Toshkent shahar jamoat transporti tizimini 2025-yilgacha rivojlantirish
KONSEPSIYASI
1-bob Umumiy qoidalar
Toshkent shahar jamoat transporti tizimini 2025-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi (keyingi o‘rinlarda — Konsepsiya) poytaxt aholisi va mehmonlarining sifatli, ommabop va xavfsiz transport xizmatlariga o‘sib borayotgan ehtiyojlarini qondirish hamda yo‘lovchilarga qulay va xavfsiz harakatlanish muhitini yaratish uchun jamoat transport tizimini kompleks rivojlantirishning o‘rta muddatli maqsadlar, vazifalar va ustuvor yo‘nalishlarini belgilaydi.
2-bob. Toshkent shahar jamoat transport tizimining joriy holati va mavjud muammolar
1-§. Toshkent shahar jamoat transport tizimining joriy holati
Toshkent shahrida jamoat transportida yo‘lovchilarni tashish avtobus, metropoliten, yo‘nalishli va yo‘nalishsiz taksilarda amalga oshirilmoqda.
Shaharda mulkchilikning turli shakllaridagi 468 ta tashuvchi tomonidan yo‘lovchilarni tashish xizmatlari ko‘rsatilmoqda, shundan 13 ta (8 ta davlat ulushi bo‘lgan) korxona avtobus yo‘nalishlarida, 55 ta korxona yo‘nalishli taksi yo‘nalishlarida va 400 ta korxona yo‘nalishsiz taksilarda xizmat ko‘rsatilmoqda.
“Toshshahartransxizmat” aksiyadorlik jamiyati tizimidagi korxonalar tasarrufida 2022-yil 1-yanvar holatiga jami 1 168 ta shahar yo‘lovchi avtobusi mavjud bo‘lib, 30 foizi 10 yildan ortiq tasarruf etilmoqda. Avtobuslarning o‘rtacha tasarruf etish muddati 7,4 yilni tashkil etmoqda.
“Toshkent metropoliteni” davlat unitar korxonasi balansida 264 ta metro vagoni mavjud bo‘lib, ularning 60 foizi 30 yildan ortiq vaqt davomida tasarruf etilmoqda.
Jamoat transportining o‘zaro bog‘liqligini ta’minlash uchun xizmat qilayotgan 5 ta transport-o‘tish bog‘lamasi mavjud.
2 306 ta avtobus oraliq bekati mavjud bo‘lib, ulardan 1021 tasi belgilangan talablarga javob bermaydi.
Velosiped transporti foydalanuvchilari uchun 12 ta ko‘chada 100 km uzunlikdagi velosiped yo‘laklari mavjud.
Yo‘lovchilarga yo‘nalishsiz taksi xizmati 11 000 dan ortiq litsenziyaga ega yengil avtomobillarda ko‘rsatilib kelinmoqda.
2020-yil 2-yanvardan yo‘lkira haqi to‘lovining avtomatlashtirilgan tizimi joriy etilib, 60 foiz yo‘lovchilar ushbu tizimdan foydalanmoqda. Mazkur tizim doirasida 5, 10, 15, 20 va 30 kunlik hamda imtiyozli oylik tarif rejalari joriy etilgan.
Avtomatlashtirilgan dispetcherlik boshqaruvi (ASDUM) tizimi joriy etilib, ushbu tizim orqali avtobuslar harakatini onlayn, oraliq bekatlardagi to‘xtash vaqti, yo‘nalishdagi harakat tezligi, avtobuslar oraliq masofasini (intervalni) nazorat qilish imkoniyati mavjud.
Yo‘nalishlar va ularda harakatlanayotgan avtobuslar to‘g‘risida ma’lumot olish, manzilga yetib olishning optimal yo‘nalishini belgilash kabi qulayliklarga ega bo‘lgan “Toshkent transporti” mobil ilovasi ishga tushirilgan.
Toshkent metropolitenining umumiy uzunligi 59,5 kilometr va unda metro bekatlari soni 43 tadan iborat 4 ta yo‘nalish mavjud bo‘lib, bir kunda o‘rtacha 420 ming nafar yo‘lovchi tashilmoqda.
Toshkent shahrida yo‘lovchilar tashish korxonalari tomonidan cheklangan tariflar asosida aholiga xizmatlar ko‘rsatilishi munosabati bilan ko‘riladigan zararlar belgilangan tartibda mahalliy budjet mablag‘lari hisobidan har oyda qoplanib, yakuniy miqdori chorak yakunlari bo‘yicha hisoblanmoqda.
Shaharda 4 mingdan ortiq ko‘cha mavjud bo‘lib, ularning uzunligi 5 900 km, shundan avtomagistrallar — 462 km, asosiy ko‘chalar — 445 km, shoh ko‘chalar — 464 km, halqa ko‘chalar 1 481 km, ishlab chiqarish hududlaridagi ko‘chalar — 145 km va mahalliy ahamiyatdagi ko‘chalar — 2 896 kilometrni tashkil etmoqda.
Shaharda avtomobil transporti vositalari soni 638 840 tani tashkil etib, hududlardan kuniga o‘rtacha 150 mingdan ortiq avtotransport vositalari kirib-chiqmoqda.
550 ta svetofor va 40 mingta yo‘l belgilari mavjud bo‘lib, ular yordamida transport va piyodalar harakati tartibga solinadi. 115 ta svetofor yagona raqamlashtirilgan markaz tomonidan boshqarilmoqda.
2-§. Toshkent shahar jamoat transport tizimidagi muammolar
Toshkent shahar jamoat transport tizimida quyidagi muammolar mavjud:
mavjud yer usti jamoat transporti harakat tarkibining 30 foizi yoki 350 tasi eskirganligi yo‘lovchi tashish xizmatlariga bo‘lgan talabning to‘liq qondirilishiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda;
ko‘cha va chorrahalarda jamoat transporti harakatiga ustuvorlik berilmaganligi, harakat tarkibining yetishmovchiligi va uning texnik nosozliklar sabab turib qolishi natijasida yo‘lovchilarning avtobuslarni kutib turish vaqti 25 — 30 daqiqani tashkil etmoqda;
jamoat transporti turlari va yo‘nalishlarini bog‘lovchi transport-o‘tish bog‘lamalari yetarli darajada rivojlanmagan;
avtobus oraliq bekatlari infratuzilmasi xavfsizlik, qulaylik va shaharsozlik normalariga javob bermaydi;
avtomobil yo‘l bo‘yi to‘xtash joylarining hozirgi kundagi betartib holati tirbandliklarni yuzaga keltirib, jamoat transportining o‘rtacha harakatlanish tezligining pasayishiga olib kelmoqda;
yo‘nalishsiz taksi faoliyati qonunchilik bilan yetarli darajada tartibga solinmagan;
Toshkent metropoliteni harakat tarkibining eskirganligi natijasida turli xil texnologik holatlar sodir bo‘lishiga olib kelmoqda;
jamoat transportida yo‘lkira haqini belgilash bo‘yicha tarif siyosati takomillashtirilmagan va egiluvchan tariflar joriy etilmagan;
jamoat transporti korxonalari faoliyatini moliyalashtirish ishlari bugungi kun talablariga javob bermaydi;
yo‘l harakatini tashkil etish tizimining mukammal emasligi sababli yo‘llar va chorrahalarda transport oqimi to‘g‘ri taqsimlanmagan hamda tirbandliklar darajasi yuqori, yo‘l-transport hodisalari soni ortib bormoqda.
3-bob. Konsepsiyaning asosiy maqsadi va ustuvor yo‘nalishlari
Konsepsiyaning asosiy maqsadi aholining jamoat transportidan foydalanish darajasini kamida ikki barobarga oshirish, yo‘lovchilarga qulay va xavfsiz harakatlanish muhitini yaratish hamda transportning atrof-muhitga salbiy ta’sirini kamaytirish orqali shaharda ekologik holatni yaxshilashdan iborat.
Asosiy maqsadlarga erishishga qaratilgan ustuvor yo‘nalishlar:
jamoat transport tizimini uning barcha turlarini uzviy bog‘lagan holda kompleks rivojlantirish, yer usti jamoat transportining tubdan yangi yo‘nalishlar tarmog‘ini joriy etish;
jamoat transporti infratuzilmasini rivojlantirish, metropoliten tarmog‘ini kengaytirish, zamonaviy transport-o‘tish bog‘lamalarini hamda namunaviy loyihalar asosida avtobus oraliq bekatlarini tashkil etish, jamoat transporti harakatiga ustuvorlik berish uchun ko‘cha va chorrahalarni qayta loyihalashtirish;
tashuvchilarni moliyalashtirish tizimi va tarif siyosatini takomillashtirish orqali soha korxonalarini moliyaviy sog‘lomlashtirish hamda xususiy sektor ulushini ikki barobarga oshirish;
raqamli texnologiyalarni va innovatsion yondashuvlarni keng qo‘llagan holda transport vositalari harakatini boshqarishning intellektual (“aqlli chorraha”, “aqlli avtobus” va “aqlli bekat”) tizimlarini joriy etish hamda yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash;
velosiped va boshqa motorsiz transport turlarini rivojlantirish, jumladan, piyodalar va velotransport uchun qulay harakatlanish yo‘laklarini, velosipedlarni ijaraga berish va ular uchun maxsus turarjoylarni tashkil etish;
jamoat transporti harakat tarkibini zamonaviy, ekologik toza avtobuslar, jumladan elektrobuslar bilan yangilash.
Konsepsiyaning asosiy mohiyati Toshkent shahrida qulay, jozibador bo‘lgan jamoat transporti tizimini tashkil etish, bunda birinchi o‘rinda piyodalar, keyingi o‘rinda mos ravishda velotransport, shahar jamoat transporti va shaxsiy avtotransport uchun qulay infratuzilmani yaratishdan iborat.
4-bob. Transport tizimida mavjud muammolarni hal etish yo‘llari
1-§. Shahar yo‘lovchi transporti yo‘nalishlarining yangilangan tizimini yaratish
Jamoat transportida to‘rt turdagi yangi yo‘nalishlar (magistral, halqa, bog‘lovchi va yetkazib beruvchi) tarmog‘i bosqichma-bosqich joriy etiladi.