1. Tarbiyasi og‘ir o‘smirlar, ularning xususiyatlari, xulq-atvoridagi
turli og‘ishlar.
11-16 yashar o‘g‘il bolalar va qiz bolalarni biz o‘smirlar deb ataymiz. Bu shaxsning bolalikdan yetuklik sari rivojlanish davridir. Bu davr xususiyatlari o‘smirlarning jismoniy rivojlanish xususiyatlariga bog‘liq bo‘ladi. Ammo bu jismoniy yetilishgina emas, balki shaxsning ma’naviy kamol topish davri hamdir.
Jismoniy rivojlanish jadal sur’atlarda o‘sish, vaznning ortishi, muskullar tizimi, miya va nerv sistemasining rivojlanishi bilan tavsiflanadi. Shu davrda ma’naviy o‘sish ham yuz beradi, o‘smirning e’tiqodlari shakllanadi va ular jamoatchilik fikri bilan doim ham muvofiq kelavermaydi. Bu davrda bola o‘zini shaxs sifatida anglay boshlaydi va ayni hol o‘z-o‘zini tarbiyalash jarayoniga olib keladi. Bu davrda o‘smirning xarakteri shakllana boshlaydi, u o‘zini atrofdagi tengdoshlari bilan taqqoslaydi.
Tarbiyasi og‘ir o‘smirlar - bu pedagogik jihatdan o‘z holiga tashlab qo‘yilgan bolalar. Ular jismonan sog‘lom, lekin ta’lim va tarbiya ko‘rmagan. Ular o‘qishda o‘z tengdoshlaridan oqsaydilar, chunki ularning xotirasi, zehni va tafakkuri rivojlanmagan. Ular mehnat qilishni yoqtirmaydilar, bir ish bilan surunkali shug‘ullana olmaydilar, faqat o‘zlariga qiziqarli bo‘lgan mashg‘ulot bilan shug‘ullanadilar. Tarbiyasi og‘ir o‘smirlar intizom va tartibni buzadilar, o‘qishni istamaydilar, o‘qituvchilari, tengdoshlari va ota-onasi bilan konfliktlashadilar. Ular ko‘pina uydan qochib ketadilar, giyohvandlik vositalari iste’mol qiladilar, qonunlarni buzadilar.
O’smirlik davrida bolaning o‘z tengdoshlari va kattalar bilan o‘zaro munosabatlari tizimlari shakllana boshlaydi. O’smir kattalar davrasiga qo‘shilishga, ularning suhbatlarida ishtirok etishga harakat qiladi. O’smirdan nimanidir yashirsalar, uning gapiga quloq solmasalar, bu unga og‘ir botadi. O’smirning shaxsiy va yoshga doir xususiyatlarini tushunmaslik tufayli yuzaga keluvchi konfliktli vaziyatlar bolaning kayfiyatini buzishi mumkin. Natijada u tarbiyasi og‘ir o‘quvchilar qatoriga tushib qoladi.
Hayot uchun xavfli bo‘lgan me’yordan og‘ishlar o‘z joniga suiqasd qilishga urinishga aylanadi. O’smirlar o‘z kelajagi haqida o‘ylamasdan o‘qishni tashlaydilar. Qochoqlar orasida o‘smirlar ko‘proq qayd etilgan. Asosiy sabab - oiladagi yomon muomala. Qochoq o‘smirlarning bir qismi erkinlikka, mustaqillikka intilish ta’sirida oilani tark etadi.
Psixologlar tomonidan tarbiyasi og‘ir bolalarning tiplari ishlab chiqilgan bo‘lib, ular kattalarning turli xil yondashuvini talab etadi. Masalan, bir bola mustaqil shaxs sifatida kamol topishi uchun unga ijtimoiy pedagogning aralashuvi talab etiladi; boshqa bir o‘smirni u liderga aylanishi uchun jamoatchilik ishiga jalb qilish yoki u o‘zini ijobiy tomondan namoyon etishi mumkin bo‘lgan boshqa xil faoliyatga jalb etish talab qilinadi. Odamovi o‘smirlarda muloqot madaniyatini shakllantirish zarur.
Ijtimoiy pedagog o‘z ishida tez toliqadigan, jizzaki, depressiyaga moyil, yomon kayfiyat ustunlik qiluvchi o‘smirlarga duch keladi. Ijtimoiy pedagog ishda tarbiyasi og‘ir bolalar va o‘smirlarning barcha xususiyatlarini e’tiborga olishi lozim.
Do'stlaringiz bilan baham: |