2.Yevropa mamlakatlarida aholini ijtimoiy himoya qilish. G‘arbiy Yevropaning deyarli barcha mamlakatlarida ijtimoiy xavf holati uchun ehtiyot shart ijtimoiy sug‘urtadan foydalaniladi va aholining iqtisodiy nochor qatlamlariga ijtimoiy yordam ko‘rsatiladi. Ammo bu mamlakatlarda ijtimoiy sug‘urta va ijtimoiy yordam tizimlari har xil xususiyatlarga ega. Umuman olganda bunday mamlakatlarni to‘rt guruhga ajratish mumkin:
1. Sug‘urta tamoyillari yetakchilik qiladigan, to‘lovlar va nafaqalarning miqdorlari individual sug‘urta badallari bilan bog‘langan mamlakatlar;
2. Sug‘urta tamoyillari ikkinchi darajali ahamiyatga ega bo‘lgan, nafaqalar va to‘lovlarning miqdorlari individual ehtiyojlarga ko‘proq muvofiq keladigan, moliyalashtirish esa asosan soliq fondlaridan amalga oshiriladigan mamlakatlar;
3. Dastlabki ikki siyosat o‘rtasida oraliq o‘rinni egallovchi mamlakatlar;
4. Aholini ijtimoiy himoya qilish tizimlari endigina shakllanayotgan mamlakatlar.
Yevropaning barcha mamlakatlarida ijtimoiy himoya ko‘p funksiyali xususiyatga ega. Odatda, u inson o‘z umri mobaynida duch kelishi mumkin bo‘lgan asosiy ijtimoiy risklarga muvofiq keluvchi 11 funksiyani bajaradi.
Kasallik riski: to‘lovlar mehnat qila olmaslik natijasida boy beriladigan daromadlarni to‘liq yoki qisman qoplashga muvofiq keladi; tibbiy xizmatlar haqi to‘liq yoki qisman qoplanadi.
Nogironlik riski: mehnat qobiliyatini to‘la yo‘qotgan shaxslarga pensiya va nafaqalar to‘lash; nogironlik bilan bog‘liq tibbiy xizmatlar ko‘rsatish; reabilitatsiya bo‘yicha xarajatlar.
Ishlab chiqarishda jarohatlanish va kasbiy kasallikka yo‘liqish riski: pensiya va nafaqalar, kompensatsiyalar to‘lash va to‘g‘ridan-to‘g‘ri to‘lovlarning boshqa shakllari; reabilitatsiya xarajatlari va ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatishning boshqa shakllari.
Boquvchisini yo‘qotish riski: tegishli pensiya va nafaqalar, o‘limidan keyingi nafaqa, dafn etish xizmatlari.
Ishsizlik riski: to‘liq yoki qisman ishsizlik bilan bog‘liq nafaqa; hokimiyat organlari tashkil etgan vaqtinchalik yoki epizodik mehnatga haq to‘lash.
Migratsiya riski: mehnat resurslarining bir joydan boshqa joyga ko‘chishi, ularni o‘qitish, malakasini o‘zgartirish bilan bog‘liq xarajatlar; sobiq ishsizlar yangi yashash joyiga ko‘chishi bilan bog‘liq nafaqalar.
Yashash joyini yo‘qotish riski: aholining ayrim toifalariga turar joy va kommunal xizmatlarga haq to‘lash uchun subsidiyalar.
Onalik riski: homiladorlik va tug‘ruq bo‘yicha nafaqalar to‘lash; ona va bolaga tibbiy xizmatlar ko‘rsatish hamda homilador va tuqqan ayollarni ta’minlashning boshqacha shakllari.
Oilaviy nafaqalar: qaramoqdagi bolalarga nafaqalar, oziq-ovqat mahsulotlari sifatidagi natural yordam, yo‘llanmalarga haq to‘lash, uyda yordam ko‘rsatish va h.k.
Boshqa turdagi ijtimoiy yordam: kambag‘allarga qo‘shimcha xizmatlar ko‘rsatish, voyaga yetmaganlarning huquqbuzarliklarini profilaktika qilish xarajatlari, harbiy harakatlar va tabiiy ofatlardan jabrlanganlarga nafaqalar va sh.k.
Turli mamlakatlarda nafaqalarga xarajatlar ham bir xil emas. Buni oilaga yordam ko‘rsatish misolida ko‘rib chiqamiz. Tug‘ilishning qisqarishi aksariyat mamlakatlarni tashvishga solmoqda. Shu tufayli ham ko‘pgina mamlakatlar oilaga yordam ko‘rsatish siyosatiga jiddiy o‘zgartirishlar kiritganlar. Masalan, Fransiyada 80-yillarning boshlarida ko‘p bolali oilalar foydasiga qonunlar qabul qilingan. Xususan, uch va undan ortiq bolali oilalar o‘rtacha ish haqining uchdan biri miqdorida nafaqa ola boshlaganlar.
Barcha mamlakatlarda bolalarga to‘lanadigan nafaqalarning miqdorlari har bir yangi bola tug‘ilishi bilan oshib boradi. Irlandiya, Niderlandiya, Portugaliya va Buyuk Britaniya bundan mustasno bo‘lib, bu yerda nafaqa miqdori ikkinchi va uchinchi bola tug‘ilganida o‘zgarmaydi. Belgiya, Germaniya, Italiya va Fransiyada nafaqalar miqdori ikkinchi boladan e’tiboran sezilarli darajada oshadi.
Yevropada to‘liq bo‘lmagan oilalar muammosi ham keskin bo‘lib turibdi. Deyarli barcha mamlakatlarda bunday oilalar uchun maxsus nafaqalar bor, lekin to‘lov shartlari bir xil emas. Masalan, Gresiyada faqat yolg‘iz ona nafaqa olishi mumkin. Ispaniya va Portugaliyada ayrim viloyatlardagina mahalliy hokimiyatlar bunday nafaqa to‘laydilar. Fransiyada nafaqa summasi bola 3 yoshga to‘lgunga qadar o‘rtacha ish haqi miqdorining 50% ni tashkil etadi. Boshqa mamlakatlarda bu summa ancha kam.
So‘nggi yillarda yuz bergan demografik o‘zgarishlar ko‘pgina mamlakatlarni keksa fuqarolarga yordam ko‘rsatish tizimini qayta ko‘rishga majbur qildi. Eng avvalo muammolar pensiya xizmatlari ko‘rsatish sohasida yuzaga keldi, chunki qarilik pensiyasi oluvchilar soni sezilarli darajada ko‘paydi. Ishsizlik darajasining balanddigi bu muammoni yanada kuchaytirdi. Ayni hol ko‘pgina mamlakatlarning hukumatlarini ishga layoqatli yoshlarga ish joylarini bo‘shatish uchun pensiyaga barvaqt chiqishni tashkillashtirish imkoniyatlarini izlashga majbur qildi. Masalan, Belgiyada 50 yoshdayoq pensiyaga chiqish mumkin. Agar ishdan bo‘shash firma ehtiyojlari bilan bog‘liq bo‘lsa, qariyalar ish haqining 80% miqdorida pensiya oladilar. To‘lov mablag‘larining asosiy qismi ishsizlik bo‘yicha sug‘urta hisobidan tushadi, lekin muayyan ulushni ish beruvchi ta’minlashi ham mumkin. Fransiyada keksa ishlovchilar ishdan bo‘shatilganida, agar ularning ish beruvchisi ularning o‘rniga 26 yoshga to‘lmagan ishsizlarni yollasa, oldingi ish haqining 70% miqdorida barvaqt pensiyaga chiqish nafaqasini olishlari mumkin. Bu nafaqa ishsizlik bo‘yicha sug‘urta jamg‘armasi va hukumat fondidan moliyalashtiriladi.
Shunga qaramay, so‘nggi yillarda amalga oshirilgan pensiya islohotlari ayrim mamlakatlarda pensiya yoshini asta-sekin oshirishni nazarda tutadi.